Gustav Eyfel va Eyfel minorasi
Bundan roppa-rosa 130 yil muqaddam — 1889-yilning mart oyida Parijda jahonga mashhur Eyfel minorasi ochilib, uning eng yuqori qismiga fransuz bayrog‘i o‘rnatildi. O‘z davrida barchani hayratga solgan ulkan minora bir asrdan ortiq vaqt o‘tsa hamki, o‘z qiymati-yu go‘zalligini yo‘qotmadi. Aksincha, yillar davomida sayqallanib, Fransiyaning bebaho ramziga aylandi. Bugun Eyfel minorasi haqida bilmaydigan kishini topish qiyin. Ammo uning me’mori, XIX asrning tengsiz texnik inshooti asoschisi, oddiy metall uyumlaridan beqiyos san’at asari yarata olgan iste’dodli muhandis-quruvchi Aleksandr Gustav Eyfel nomi hammaga ham ma’lum emas.
Har yili Parijdagi betakror Eyfel minorasini tomosha qilgani boradigan 7 million sayyoh ulkan inshootning go‘zalligidan shu qadar hayratga tushsa-da, uning me’mori kimligi ko‘pchiligining xayoliga ham kelmaydi. Ziyrak sayyohlar esa minora uning me’mori nomi bilan atalishini darhol fahmlaydi. Chindan ham Eyfel minorasi uning bunyodkori Gustav Eyfel sharafiga shunday nomlangan. Bugun me’morning nomi u yaratgan minorachalik mashhur bo‘lmasa-da, o‘z davrida metall qurilmalarni loyihalash bo‘yicha mutaxassis Gustav Eyfelning loyihalari asosida dunyoning turli burchaklarida qad rostlagan 200 ta inshoot hamon insonlarga xizmat qilmoqda.
Gustav Eyfel 1832-yil 15-dekabrda Fransiyaning Dijon shahrida dunyoga keldi. U Katrin-Melani va Aleksandr Eyfellarning birinchi farzandi edi. Gustavning otasi Parijga XIX asr boshlarida ko‘chib kelgan germaniyalik muhojir Jan-Rene Byonikxauzen naslidan bo‘lib, ularga qo‘yilgan Eyfel familiyasi ham nemischa Ayfel — Germaniyadagi tog‘ nomidan olingan. Oila a’zolarining bari shu familiyada bo‘lishiga qaramay, Gustav Byonikxauzen familiyasi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va 1880-yilga qadar uni rasman o‘zgartirmagan.
Avvallari davlat ishida faoliyat yuritgan Aleksandr Eyfel o‘g‘li Gustav tug‘ilgach, ayoliga uning ota-onasidan meros qolgan firmani boshqarishda yordamlasha boshladi. Ota-onasi ko‘proq pul topish ilinjida kun bo‘yi firma ishlari bilan bandligi bois, Gustav asosiy vaqtini buvisi bilan o‘tkazdi.
Bo‘lajak muhandis oilasi yaratib bergan sharoit tufayli eng yaxshi ta’lim dargohlarida tahsil oldi. Dijondagi Qirollik litseyini tamomlagach, mamlakatdagi texnikа universitetlarшdan biriga o‘qishga kirishga tayyorlanish uchun ta’limni Sen-Barb kollejida davom ettirdi. Gustavning qiziqishlarini aniqlab, ularni ma’lum sohaga yo‘naltirishda amakisi Jan-Batist Mollerat muhim rol o‘ynadi. Dijon yaqinida joylashgan yirik kimyo zavodi rahbari, sirka olish usuli muallifi, kimyogar Jan-Batist jiyaniga kimyo va tog‘ ishlarini miridan-sirigacha o‘rgatdi. Natijada uning politexnika maktabida o‘qishga ishtiyoqi ortdi, biroq o‘qituvchilari uning imtihondan olgan natijalari yetarli emasligi, amaliy sohalar bo‘yicha san’at va manifaktura markaziy maktabida o‘qishi kerakligini aytdi. Gustav shunday qildi ham. Ammo ikkinchi kursda o‘z mutaxassisligini o‘zgartirishga qaror qildi va 1855-yili universitetning muhandislik yo‘nalishini tamomladi.
Aslida muhandislik qobiliyati Gustavning qonida bo‘lgan. Germaniyadan ko‘chib kelgan ajdodlari bir vaqtlar fransiyalik muhandislar qatori Parij qiyofasini o‘zgartirishga hissa qo‘shgan. Gustav muhandislik faoliyatini Fransiyada temiryo‘l ko‘priklari qurishdan boshladi. Diplomni qo‘lga olgach, ko‘priklar qurish bilan shug‘ullanadigan “Sharl Nevo” firmasiga ishga qabul qilindi va 1855-yili Gustav boshchiligida balandligi 122 metr, uzunligi yarim kilometr bo‘lgan, mamlakatdagi eng baland ko‘prik bunyod etildi. Birinchi muhandislik ishidan so‘ng Gustav mashhur Muhandislar jamiyatiga qabul qilindi va keyinroq unga o‘zi boshchilik qildi.
Eyfel talabalik yillaridayoq po‘lat inshootlar qurishga urinishlari bilan boshqalardan ajralib turardi. 1858-yili o‘zining birinchi mustaqil loyihasi — Bordo shahridagi temiryo‘l ko‘prigi qurilishiga boshchilik qilganida bor-yo‘g‘i 26 yoshda edi. Bu loyiha uning keyingi muhandislik faoliyatidagi muvaffaqiyatlariga yo‘l ochib berdi. Hatto yosh muhandis o‘sha yili o‘zi ishlaydigan “Sharl Nevo” qurilish kompaniyasi sherigiga aylandi. Shaxsiy hayotda ham unga omad kulib boqdi.
Yigitcha o‘zini xomashyo bilan ta’minlovchi hamkorining qizi — 17 yoshli Mari Godelga uylandi. Ular 5 nafar farzandli bo‘lishdi. Ammo baxtiyor damlar uzoqqa cho‘zilmadi. Turmushlaridan 15 yil o‘tib, ayol zotiljamdan vafot etdi, Gustav esa boshqa oila qurmadi.
U chindan iqtidorli muhandis edi. Uni taniganlar hech qachon biror ishni qo‘l uchida qilmaganini aytishadi. O‘z ishlarida ancha mustahkam va tejamkor texnologiyalardan foydalanar, yupqa va ingichka cho‘yan detallarni esa faqat zarur bo‘lgandagina ishlatardi.
Kompaniya sherigiga aylanganidan ikki yil o‘tib, Gustav moliyaviy tortishuvlar sabab u yerdan ketdi va Parij yaqinidagi Levallua-Perre shaharchasida o‘zining xususiy metall konstruksiya zavodiga asos soldi.
Gustav kompaniyasi qisqa fursatda mashhurlikka erishib, dunyoning turli burchaklarida quriladigan inshootlar loyihalarini yaratish takliflarini ola boshladi. Gustav boshchiligidagi kompaniya 1870— 1873-yillarda Misr, Chili, Vengriya va Portugaliyada arxitektura obyektlarini qurdi. 1875-yili muhandis Lui-Sharl Buaro bilan birgalikda Parijdagi shisha gumbaz bilan qoplangan “Bon Marsh” ko‘p tarmoqli do‘konini bunyod etdi. Metall qismlar bilan bezatilgan ushbu bino o‘sha davrda me’morchilikning yangi davrini boshlab berdi. Gustavning Nissa shahrida qurgan rasadxona gumbazi loyihasi nihoyatda noodatiyligi bilan ajralib turadi. 100 ming kilogramm og‘irlikdagi gumbazni birgina inson kuchi bilan harakatlantirish mumkinligi kishi hayratini yanada oshiradi.
Nissadagi hashamatli “Hotel Negresco” mehmonxonasining pushtirang gumbazi me’mori ham Eyfel Gustav hisoblanadi. 121 nomer, 24 ta koshonadan iborat ushbu mehmonxonada Iv Montan, Alber Kamyu, Katrin Denev, Jina Lollobrijida, Marlen Ditrix, Maykl Jekson, Pablo Pikasso, Ernest Xeminguey, Jan Kokto, Frenk Sinatra, Sharl Aznavur kabi mashhurlar mehmon bo‘lgan.
Eyfel faoliyati davomida 200 ta inshoot — ko‘prik, vokzal, bank, maktablar qurilishiga boshchilik qildi. Iqtidorli muhandis hatto Amerika ramziga aylangan Ozodlik haykalini loyihalashtirishda ham ishtirok etdi. Ammo bularning hech biri muallifga uning eng durdona asari — Eyfel minorasi kabi mashhurlik olib kelmadi.
Fransuz hukumati Fransuz revolyutsiyasining 100 yilligi munosabati bilan 1889-yili xalqaro ko‘rgazma tashkil etishga qaror qildi va bir necha yil oldin bunga tayyorgarlikni boshlab yubordi. Shu kuni dunyoni hayratga solishni niyat qilgan shahar ma’muriyati Parijning eng mashhur muhandisi Gustav Eyfeldan bu borada taklif berishini so‘radi. Shunda muhandis ularga stoli ustida turgan 300 metrli temir minora loyihasini ko‘rsatdi. Bu loyiha barchaga ma’qul keldi va 1884-yili Gustav uni qurish uchun patent oldi. Inshoot qurilishi 1887-yilda boshlanib, 1889-yili yakunlandi. Qisqa fursatda qad rostlagan balandligi 324, og‘irligi 10 100 tonnalik minora ko‘rgazma chog‘ida tantanali ochildi. Shu kuni Eyfel Gustav minora tepasiga fransuz bayrog‘ini o‘rnatdi va uni oddiygina “300 metrli minora” deb atadi.
Mashhur Eyfel minorasini ko‘tarishda o‘sha davrning eng ilg‘or qurilish texnologiyalaridan foydalanilgan. Asosi betondan, ustki qismi esa metaldan qurilgan. Minora balandligi 57, 115 va 276 metrli uchta platformadan iborat. Birinchi va ikkinchi platformada restoranlar, tomosha maydonlari bo‘lib, uchinchi platformada esa Eyfel Gustavning xonasi, astronomik va meteorologik laboratoriyalar joylashgan. Muhandisning Eyfel minorasi uchun tanlagan shakli ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgandi, ammo hamisha u o‘zining g‘aroyibligi bilan dunyo diqqat markazida bo‘ldi. Bugun ulkan minoraga olib chiquvchi ikkita lift mavjud. Bordi-yu liftlar buzilib qolsa, minora tepasiga 1792 ta zina orqali chiqishga to‘g‘ri keladi.
Kelishuvga ko‘ra, xalqaro ko‘rgazma vaqtida kirish darvozasi vazifasini bajaruvchi Eyfel minorasi oradan 20 yil o‘tgach, buzib tashlanishi rejalashtirilgan edi. Bunga fransuz hukumati ham qarshi emasdi. Mamlakat ko‘rkiga aylangan inshootni saqlab qolish bo‘yicha hech kim hukumatga ariza bilan murojaat qilmadi. Aksincha, jamiyatning ziyoli qatlami — yozuvchilar, shoir va rassomlarning aksariyati ushbu “temir xonim” Parij me’morchiligini buzib turibdi, deb hisoblardi. Hatto minora qurilishi boshlangan ilk yillarda 300 kishi shahar meriga maktub yo‘llab, minorani “siyohdog‘”ga qiyoslagan va uning buzib tashlanishini so‘ragan. Ammo oradan yillar o‘tib, o‘sha arznomachilarning ko‘pchiligi, xususan, Gi de Mopassan Eyfel minorasida tushlik qilgan. Uning o‘zi bu holatni nokamtarlik bilan “Bu yer “siyohdog‘” ko‘rinmaydigan yagona joy”, deb izohlagandi.
Minorani yo‘qotish harakatlari avj olgan bir paytda parijliklar Jan Kokto ta’biri bilan aytganda, “po‘lat hurliqo”ni ko‘rishga odatlanib qoldi. Bastakor Sharl Guno esa minoradagi muhandislik laboratoriyasida o‘zining “Bulutlardagi konsert” musiqasini yaratdi. Buning uchun u o‘z royalini yuqoriga maxsus olib chiqqani gazetalarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Eyfel minorani tanitish uchun reklama zarurligini doim to‘g‘ri qabul qilardi. Ammo minora o‘sha kezlari ko‘proq yomon hodisalar bilan nom chiqardi. Nima uchundir ko‘pchilik aynan shu minorada o‘z joniga qasd qilishni “xush ko‘rardi”. Bu holatga chek qo‘yish uchun keyinchalik minora atrofiga mustahkam panjaralar o‘rnatildi va bugun insonlar bu yerga faqat betakror inshootning go‘zalligidan bahra olish ishtiyoqida tashrif buyuradi.
Har ne bo‘lganda ham minorani yo‘q qilish tarafdorlari o‘z niyatlariga yeta olmadi. Binoning eng yuqori qismiga o‘rnatilgan radioantennalar sabab minorani buzish rejasi yo‘qqa chiqdi. Va Fransiya ramziga aylangan Eyfel minorasi ochilganidan so‘ng salkam 40 yil davomida o‘sha davrdagi eng katta binolar — Xeops piramidalari, Kelns va Ulms butxonalaridan ikki barobar balandroq dunyodagi eng ulkan inshoot bo‘lib turdi.
1890-yili Panama kanali uchun kemalarni bir joydan ikkinchi joyga o‘tkazishga xizmat qiluvchi gidrotexnik inshoot — shlyuz loyihasini yaratgan Gustav
bu borada yuzaga kelgan turli mojarolardan so‘ng biznesdan ketdi va aerodinamika sohasida tadqiqot ishlari bilan shug‘ullana boshladi. U aerodinamikaga oid bir nechta kitob yozib, og‘ir havoda uchuvchi apparatlar nazariyasini ishlab chiqdi. Bu borada yetarli tajribaga ega bo‘lgan Eyfel ko‘plab komissiyalarga ekspert sifatida taklif etildi. Keyinroq Parij metrosi qurilishida qatnashdi.
Gustav umrining so‘nggi yillarida jamoatchilikka deyarli ko‘rinmadi. 1923-yil 28-dekabrda farzandlari hamda nabiralari qurshovida olamdan o‘tdi.
Muhandislik sohasida katta yutuqlarga erishgan Gustav Eyfel 30 yil davomida tinimsiz mehnat qildi va o‘zidan biri boshqasini takrorlamaydigan g‘aroyib inshootlar qoldirdi. Jahon durdonasiga aylangan Eyfel minorasi esa o‘z sohibi — iqtidorli muhandis-quruvchi Gustav Eyfel nomini abadiylikka muhrladi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.