6 ming innovatsion g‘oya muallifi bir davrada
“O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuyida “InnoWeek.Uz—2019” innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tdi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur haftalik ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, qator xalqaro tashkilotlar vakillari so‘zga chiqdi.
Haftalikning birinchi kuni xalqaro innovatsion-investitsion forum doirasida “Global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston Respublikasi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga doir takliflarni ko‘rib chiqish”, “Qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan innovatsion yechimlar”, “Sun’iy intellekt: O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirish va rivojlanish istiqbollari”, “Neft va gaz sohasidagi innovatsion faoliyat” kabi mavzularda davra suhbatlari, seminarlar tashkil etildi. Qolaversa, 2018-2019-yillarda xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan yoshlarni hamda “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni va “Yosh innovatorlar” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimlari ham o‘tkazildi.
Haftalikning ikkinchi kuni ham qiziqarli tadbirlarga boy bo‘ldi. Innovatsion rivojlanish vazirligi va Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi tomonidan tashkil etilgan “Innovatsiyalar va texnologiyalar transferida intellektual mulkning ahamiyati” mavzusidagi mintaqaviy seminarda intellektual mulkning ahamiyatini inobatga olgan holda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarning rivojlanishi muhokama etilib, intellektual mulk siyosatini yurgizish, bu sohadagi ilmiy-texnik tadqiqotlar va boshqaruv masalalari bo‘yicha tajriba almashildi. Xalqaro interaktiv yarmarka va uning doirasidagi tadbirlar ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.
Haftalikning so‘nggi kuni robototexnika musobaqasi g‘oliblari e’lon qilinib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Aytish kerakki, o‘tgan yilgi haftalikda 20 davlatdan 5 mingga yaqin vakil qatnashgan bo‘lsa, bu yil 30 dan ortiq mamlakatdan 6 mingga yaqin innovatsion g‘oya muallifi va tadqiqotchilar ishtirok etdi. Bu esa mamlakatimizda innovatsion g‘oyalarga e’tibor kuchayib, ilm-fan va texnika olamiga yangidan yangi ilg‘or tashabbuslar kirib kelayotganidan dalolatdir.
Sohiba MULLAYEVA