Orolni qutqarish loyihasi — xalqaro tanlov g‘olibi
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabasi Mirzobek Malikov Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tgan “Doha Oasis for Innovation” xalqaro forumi doirasida o‘tkazilgan yosh ixtirochilarning individual tanlovida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Kashfiyot, innovatsiya va ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha yoshlarning ijodiy izlanishini rag‘batlantirish, qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan forumda talaba “Orol dengizini qayta tiklashda foydalanish uchun mo‘ljallangan uchuvchisiz samolyotning (UAV) monitoring tizimi” ixtirosi bilan ishtirok etdi. Mazkur loyihaning maqsadi Orol dengizi hududida olib borilayotgan o‘rmonlashtirish ishlarini yengillashtirish, tabiatni asrashga hissa qo‘shishdir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir ishga daxldorlik, faol fuqarolik pozitsiyasi bilan qaraydigan Mirzobek Orol dengizining suvsiz hududida 500 ming gektar o‘rmonzor barpo etish ishlari boshlanganida bu xayrli ishga qanday hissa qo‘shish haqida o‘ylagan edi. “Bosgan izing niyatingga loyiqdir mudom” deganidek, uning ezgu niyati tez orada yangi innovatsiya ishlab chiqishga turtki bo‘ldi. Hatto shu yil yozda Markaziy osiyolik talabalar uchun mo‘ljallangan “GKS (Global Korea Scholarship) 2019 for Central Asian Undergraduate Students” grantini qo‘lga kiritib, besh hafta davomida Janubiy Koreyadagi Kyongvun universitetida loyihaning amaliy jihatlari ustida ishladi. Loyiha “Doha Oasis for Innovation” xalqaro forumi tashkilotchilarini ham befarq qoldirmadi. Forumda qatnashish istagini bildirgan qariyb 6200 nafar ishtirokchi orasidan saralab olingan 42 loyiha ichida Mirzobek Malikovning Orol dengizi hududida monitoring ishlarini olib borish bo‘yicha ishlab chiqqan innovatsion loyihasi ham bor edi.
— Orol dengizining qurishi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik fojialardan biridir, — deydi Mirzobek Malikov o‘z ishlanmasi ahamiyatini izohlar ekan. — Respublikamizda so‘nggi 60 yil davomida deyarli yo‘qolish bo‘sag‘asiga kelib, bor-yo‘g‘i 30 foiz atrofida akvatoriyasi qolgan Orol dengizining mavjud holatini saqlab qolish va imkon qadar oldingi holatiga qaytarish bo‘yicha katta amaliy ishlar boshlab yuborilgani quvonarli. Ayniqsa, qum va tuz sahrolariga aylangan hududlardagi o‘rmonlashtirish ishlari o‘ta muhim tadbir hisoblanadi. Orol va Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni o‘rganish, suv mavjud hududdagi suvosti va suvusti muammolariga yechim topish, o‘rmonlashtirilayotgan hududlarda o‘simlik dunyosining normal o‘sishini nazorat etish, bioxilma-xillikni ta’minlash va kerak paytida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish, tashkil etilayotgan o‘rmonzorlarda hayvonot va nabotot olamini himoya qilish, yo‘qolib borayotgan hayvonlar turini aniqlash va ro‘yxatga olish, cho‘llanish va boshqa muammolar hisobini to‘g‘ri olib borish muhim. Bunday vazifalarni bajarishda dronlardan foydalanish katta imkoniyatlar yaratadi. Chunki bu kabi katta hududni inson borib, ko‘rib monitoring olib borishi qiyin va murakkab ishdir. Sababi, Orol hududi yozda jazirama issiq, qishda qahraton sovuq. Tez-tez ko‘tariladigan kuchli shamol tufayli tuz va qum ko‘chib turadi. Men taklif etayotgan loyihaga ko‘ra, dronlar vositasida Orol dengizi va chegara hududining 2 va 3 o‘lchamli xaritalari tuziladi, unda saksovullarning o‘sishi, jonzotlarning harakatlanishi, ularning soni kabilar osonlik bilan aniqlanadi. Dronlar markaz bilan bog‘lovchi, uni boshqaruvchi to‘lqinlar yo‘qolgan taqdirda ham suratga olish ishlarini yakunlab, o‘zi uchirilgan hududga qaytishga dasturlashtirilgan bo‘ladi. Bundan tashqari, olis va noqulayroq hududlarda yashayotgan aholiga o‘z vaqtida dori-darmon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda ham dronlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Sababi uchuvchisiz samolyotlar 20 kg.gacha yukni ko‘tara oladi.
Aynan shu jihatlarni inobatga olgan holda, mazkur ishlanma biznes maqsadini ko‘zlagan boshqa loyihalarni yutib chiqdi.
— Forum doirasida turli mamlakat yoshlari o‘zaro jamoaviy guruhlarga bo‘lingan holda 48 soat ichida 6 ta ixtiro qilish qobiliyatini namoyish etgan, — deydi Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti matbuot kotibi Barno To‘xtanazarova. — Bunda ham Mirzobekning intilishlari alohida e’tirof etilgan. Musulmon dunyosining 32 davlatidan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 42 nafar yosh ixtirochilar uchun 22 yo‘nalish bo‘yicha individual va jamoaviy musobaqalar bo‘lib o‘tgan “Doha Oasis for Innovation” xalqaro forumi o‘zaro fikr va tajriba almashish maktabi bo‘ldi.
Sanobar JUMANOVA,
“Ma’rifat” muxbiri