Dan Shextman: Chet elliklar tabiiy boyliklaringiz uchun investitsiya kiritadi, odamlaringizning bilim va salohiyati uchun emas
Texnion-Isroil texnologiya instituti “Materialshunoslik va muhandislik” kafedrasi professori Dan Shextmanning yurtimizga tashrifi to‘g‘risida gazetamizning oldingi sonlarida xabar bergan edik. Dan Shextman kvazikristallarni kashf etgani uchun 2011-yili kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan. Har yili o‘ttizdan ortiq mamlakatda bo‘lib, yuzga yaqin ma’ruza o‘qiydigan, yosh olimlar bilan muloqotni sevuvchi olimning bolalik xotiralari, yoshlarni ilmga qiziqtirishning o‘ziga xos metodlari va yurtimiz haqidagi taassurotlari bilan qiziqdik.
— Janob Dan Shextman, avvalo, O‘zbekistonga xush kelibsiz! Bolalik — inson umrining eng go‘zal va unutilmas davri hisoblanadi. Keling, suhbatimizni shu mavzudan boshlasak. Bolaligingiz haqida so‘zlab bersangiz...
— Ikkinchi jahon urushi davrida Isroilda tug‘ilganman. Oilamiz to‘rt kishidan iborat edi: ota-onam, ukam va men. Maktabda namunali o‘qiganman, lekin tengdoshlarim orasida eng zo‘ri edim, deyolmayman. Bilasizmi, bolaligimning eng yorqin xotiralari bobom bilan bog‘liq. U olim bo‘lmagan, lekin menga olimlik va hayot haqida ko‘p kitob o‘qib bergan. U bilan uzoq suhbat qurardik. Bir so‘z bilan aytsam, bobom menga dunyoga tanqidiy nazar bilan qarashni o‘rgatgan. Boshlang‘ich maktabni tugatgach, Isroilda o‘rtacha maqomga ega maktabning yuqori sinfida ta’lim oldim. Maktabni tugatgach, harbiy xizmatni o‘tadim. Shundan so‘ng Texnion-Isroil texnologiya institutining mexanik muhandislik yo‘nalishiga o‘qishga kirdim va hozirga qadar shu dargohda faoliyat yurityapman. Mexanik muhandis bo‘lish — bolalikdagi orzum edi. Chunki yoshligimda bobomning tavsiyasi bilan juda ko‘p kitob o‘qiganman. Shulardan biri — “Orol sinoati” degan asardan qattiq ta’sirlanganman. Bu kitob orolda qolgan beshovlon haqida edi. Asar bosh qahramoni juda ko‘p ishlarga qodir sehrgarnamo kishi qiyofasida gavdalantirilgandi. Kasbi mexanik muhandislik bo‘lib, turli og‘ir vaziyatlardan ustamonlik bilan chiqib ketar, odamlarning og‘irini yengil qilardi. Mutolaadan so‘ng shu qahramon kabi aqlli, uddaburon va odamlarga foydasi tegadigan inson bo‘lish fikri menga tinchlik bermagan. Hayotdagi maqsadlarimni aniq belgilab olishimga ham shu kitob turtki bo‘lgan. Institutni tugatgach, ikki yilgacha ish topolmadim. Orada oila qurdim, ta’limni magistratura yo‘nalishida davom ettira boshladim. Buni qarangki, bir kuni menga katta maoshli ish taklif qilishdi. Tasavvur qiling, o‘shanda bir korxonaning katta muhandisi bo‘lib ish boshlaganimda hozir katta-katta korporatsiyalarni boshqarishim, balki yirik tadbirkorga aylanishim mumkin edi. Ammo men bu imkoniyatni rad etdim. Chunki bu paytda ilmiy izlanish olib borishni, o‘qishni davom ettirishni tanlab bo‘lgandim.
— Oilangizdagi tarbiya xususida gapirsangiz. Ota-onangizning qaysi hayotiy tamoyillari, tarbiya borasidagi tutumlari sizni shunday muvaffaqiyatga yetaklagan, deb o‘ylaysiz?
— Eng avvalo, bir-biriga mehrli insonlar oilasida tug‘ilib, kamolga yetganimning o‘zi ilk yutug‘imdir. Ota-onam arzimas yutug‘imni ham yuqori baholashar, tez-tez bag‘irlariga bosib, erkalashardi. Shu tariqa menda o‘zimga ishonch tuyg‘usini uyg‘otishgan, deb o‘ylayman. Yana bir muhim jihat: kasb tanlash borasida ular meni juda erkin qo‘yishgan. Ota-onam meni biror kasb yoki sohaga yo‘naltirmagan, falon sohani egallashing shart, deb majburlamagan. Otamning menga “O‘zing istagan qaysi sohani tanlama, biz har bir qaroringni qo‘llab-quvvatlaymiz” degan gaplari hech qachon xotiramdan o‘chmasa kerak. To‘g‘ri, o‘sha paytda qiziqqan sohamni tanlasammi-yo‘qmi degan ikkilanishlar meni rosa qiynagan. To‘g‘risi, ota-onamdan turtki bo‘lishini juda istaganman. Shundan kelib chiqib, ba’zan ota-ona kerakli o‘rinlarda bolaga yo‘nalish ham berib turishi kerakmikan, deb o‘ylab qolaman. Lekin ular meni biror sohaga majburan yo‘naltirishganida, ehtimol, bunday yutuqlarga erisholmasdim...
— Bilamiz, sportchilar biror natijaga erishish uchun muntazam, kuniga sakkiz soatdan ko‘p shug‘ullanishi shart. Ayting-chi, siz ilmiy ish ustida izlanishga kuniga necha soat ajratgansiz?
— Olimlar uchun vaqtning chegarasi yo‘q. Olim oddiy ishchi tartibida ishga borib-kelsa, demak, u haqiqiy ilm egasi emas. Ba’zan yarim tungacha ishlagan paytlarim bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘im ham ilm bilan shug‘ullangani uchun bir-birimizni to‘g‘ri tushunganmiz, qo‘llab-quvvatlaganmiz. Ayrim paytlari kechki ovqatga kelmasam, u mendan arazlamas edi. Rafiqam to‘rt nafar farzandni dunyoga keltirdi, men ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarim bilan ko‘p muloqot qilolmagan paytlarim tarbiyani o‘z bo‘yniga oldi. Hozir farzandlarimiz o‘z sohasining kerakli mutaxassislari bo‘lib yetishishdi. Biz esa turmush o‘rtog‘im bilan kasbiy o‘sish borasida muvozanatni ushlashga harakat qilardik: avval men, keyin u PhD va doktorlik dissertatsiyalarini yoqladik. Xullas, ilmiy tadqiqotga kirishar ekanmiz, hamma narsani unutib, kerak bo‘lsa, voz kechib, shu olamga sho‘ng‘isak, ana shunda kutilgan natijaga erishamiz.
— Ilm olamiga kirib kelgan har bir yosh tadqiqotchi mavzu tanlash masalasida qiynaladi. Mavzu tanlashda yosh izlanuvchilar nimalarga e’tibor qaratishi kerak, deb o‘ylaysiz?
— Eng avvalo, tadqiqotchi qo‘l urishni istagan ilmiy izlanishim odamlarga qanday naf keltiradi, degan savolga javob topishi kerak. Aniq yoki tabiiy fanlar bo‘yicha tadqiqot olib borishni maqsad qilgan yoshlarga, avvalo, biologiya fanini qunt bilan o‘qishni maslahat bergan bo‘lardim. Negaki, u juda mukammal va savollarining oxiri yo‘q fan. Biologiya bizga kasalliklar haqida bilimga ega bo‘lish, tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash, hayotini yaxshilashda katta yordam beradi.
— Ilm — ummon kabi chek-chegarasiz. Uni egallashga bizni qiziqishlarimiz yetaklaydi. Tanqidiy va noodatiy fikrlashni qanday shakllantirish mumkin?
— Olim har bir hodisaga tanqidiy nazar bilan qarashi kerak. Shuni bilingki, tanqidiy fikrlash erkin fikrlashdan boshlanadi. Erkin fikrlash nima degani? Bu biror fikrni bildirish chog‘ida hech narsadan cho‘chimaslikdir. Hech qanday taqiq va jazolarsiz o‘z so‘zingni ayta olish noodatiy fikrlashga yo‘l ochadi. Bu yana nimaga bog‘liq? Sizu biz yashayotgan jamiyatga, unda demokratik tamoyillarga qay darajada amal qilinishiga bog‘liq. Kreativlik fikrlar xilma-xilligi asosida shakllanadi. Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlarda bu borada biz o‘rnak olishimiz mumkin bo‘lgan tamoyillar shakllangan: ularda fuqarolar turlicha o‘ylaydi va buni jamiyatga yetkaza oladi.
— Kitoblar sodiq va haqiqiy do‘stlarimizdir. Ta’kidlaganingizdek, kasb tanlashingizda ham aynan kitob to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan. Ilm olamida yuqori cho‘qqini zabt etgan inson sifatida yoshlarga qaysi kitoblarni o‘qishni tavsiya etasiz?
— Kitob yoshga qarab tanlanadi. Inson necha yoshda bo‘lishidan qat’i nazar, fikrini charxlab turish uchun ham mutolaadan to‘xtamasligi kerak. Yoshlar uchun birinchi navbatda, Jyul Vern asarlarini o‘qishni tavsiya qilaman. U klassik adabiyot bo‘lsa-da, ajoyib. Bolalarda tanqidiy fikrlashni shakllantirishga yordam beradi. Qolaversa, Charlz Dikkensning asarlari ham betakror. Ular ham farzandlarimizning qalbini ochadi. Bo‘lajak olim uchun fantastik kitoblarni mutolaa qilish ham muhim deb hisoblayman. Yetuk olimlar hayoti haqidagi asarlar esa yosh tadqiqotchilarga motivatsiya vazifasini o‘taydi, nazarimda. Chunki o‘zidan oldingi ilm ahlining erishgan yutuqlari, qilgan kashfiyotlaridan boxabar bo‘lgan bola ertaga shu ishlar o‘zining ham qo‘lidan kelishiga ishona boshlaydi. Va nihoyat, ingliz tilidagi adabiyotlarni o‘qishni tavsiya etaman. Sababi, faqatgina olim emas, balki dunyoga chiqishni istagan barcha soha vakillari ham ingliz tilini mukammal o‘rganishi juda muhim, deb hisoblayman.
— Ijtimoiy tarmoqlardan qay darajada foydalanasiz? Kuniga qancha vaqtingizni internetga sarflaysiz?
— Dunyo olimlari bilan muloqot qilishda elektron pochta xizmatidan foydalanaman. Bu men uchun juda qulay. Kun davomida internetdagi yangiliklarni o‘qish uchun bir necha bor qo‘l telefonimni tekshirib turaman. Afsuski, bugungi avlod internetga mukkasidan ketgan. Dunyoning qaysi burchagiga bormay, bu holatni ko‘rib, xavotirga tushaman. O‘n ikki nafar nevaram bor. Ularni ham internet o‘z domiga tortib ketishidan tashvishlanaman. Ularga ko‘proq kitob o‘qish kerakligini uqtiraman.
— Ma’lumotlarga qaraganda, Nobel mukofoti sovrindorlarining ko‘pi Yaponiya va Isroil fuqarolari ekan. Shu fikrga qanday qaraysiz?
— Gapingiz to‘g‘ri. Bizning mamlakatdan juda ko‘p nobelchilar yetishib chiqqan. Agar G‘arbga nazar tashlasak, bu borada AQSh yetakchilik qiladi. Yana, Angliya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya kabi davlatlarda ham bu mukofot sovrindorlari talaygina. Nega aynan bu mamlakatlar yetakchi? Birinchi sabab ilmga juda katta mablag‘ yo‘naltirilganidir. Bu borada yuqorida sanab o‘tilgan davlatlar qatoriga Isroilni ham bemalol kirita olaman. Ikkinchi sabab esa inson kapitalini rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu mamlakatlarda inson kapitalini boyitish maktabgacha ta’lim muassasalariga qaratilgan e’tibordan boshlanadi. Bizning mamlakatda ilmga yo‘naltirish aynan bog‘chadan boshlanadi.
— Yurtimizga tashrif doirasida oliy ta’lim muassasalari qatori Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar faoliyati, o‘quvchilari bilan ham tanishdingiz. Nima deb o‘ylaysiz, bizning o‘quvchilar orasidan ham kelgusida Nobel mukofoti sovrindorlari yetishib chiqarmikan?
— Shuni bilishingizni istardimki, Nobel mukofotigacha yosh tadqiqotchilaringiz dunyoga chiqishi, o‘z yo‘nalishida jahonning kamida o‘nlab mukofotlarini qo‘lga kiritishi, butun umr izlanishi va insoniyatga foyda keltiradigan kashfiyotni qilishi kerak. O‘zimdan misol qilib gapirsam, kvazikristallarni kashf etganimdan o‘ttiz yil o‘tgachgina bu mukofotga loyiq ko‘rildim. Shu o‘ttiz yil davomida G‘arbning turli sovrinlarini qo‘lga kiritdim. Aytmoqchimanki, Nobel — eng so‘nggi e’tirof. Ungacha ancha ter to‘kish shart. Yosh avlodga shuni tushuntirishimiz kerak. Isroilning 9 million aholisi bor. Sizniki esa 30 milliondan oshiq. Bizda shu to‘qqiz millionning atigi 2 foizigina qobiliyatli deb tarbiyalanadi. Bizda maxsus maktablar yo‘q. Oddiy maktablar ichida maxsus sinflar bor, xolos. O‘quvchilar haftada kamida bir marotaba tadqiqot markazlariga borib, o‘zlari qiziqqan biror tajriba ustida ishlashadi. Bog‘cha yoshidan to universitetdagi tahsilgacha bolalarga shu kabi imkoniyatlar yaratib beriladi. Bundan tashqari, ilmiy ish ustida izlanayotgan o‘quvchi yoki talaba bormi, uning xorijlik olimlar bilan muloqot qilishini ham ta’minlab beramiz. Shu tariqa bizda ilm rivojlanadi, taraqqiy etadi. Yurtingizda maxsus maktablarning mavjudligi juda katta yutuq, aslida.
— O‘zbekiston haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
— Bu yurtingizga ilk tashrifim. Sayohat davomida O‘zbekiston tarixi, madaniyati va odamlarini o‘rgandim. Qayerga bormay, o‘zbeklar mehmondo‘stligi, xushmuomalaligi bilan menda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, o‘zbek taomlari menga juda ma’qul bo‘ldi. Suhbat yakunida shuni aytmoqchimanki, O‘zbekistonda ilm qilish uchun ham, fan taraqqiyotiga ulkan mablag‘ ajratish uchun ham imkoniyatlar, tabiiy resurslar yetarli. Fikrimcha, jahon tajribasidan andoza olish, rivojlangan mamlakat olimlari bilan muloqot qilish uchun eng birinchi qadam ingliz tilini o‘rganishdir. Masalan, mening ona tilim ingliz tili emas, shu jumladan, sizniki ham. Lekin biz muloqot qilyapmiz, tajriba almashyapmiz. Shu sababli dunyo ilm sahniga yo‘l ingliz tili orqali ochiladi. Shuni unutmangki, chet elliklar tabiiy boyliklaringiz uchun investitsiya kiritadi, odamlaringizning bilim va salohiyati uchun emas. Unga o‘zingiz pul tikishingiz zarur va shart!
Sohiba MULLAYEVA suhbatlashdi.