Vijdoniston grajdani
Insonning qadri uni sevuvchi, unga ixlos qo‘ygan odamlarning qanchaligi bilan belgilansa kerak. Oramizda shunday zotlar borki, ular butun umrini Millat va Vatan uchun baxshida etishadi. Ammo buni iddao qilmaydi. Ulug‘ xizmatlarini shunchaki kundalik vazifa deb bajaradilar. Ular dunyodan o‘tganda millatning bir kemtigi paydo bo‘lganini anglaymiz, qilgan xizmatlarining naqadar ulkan ekanini sezib qolamiz. Shunday insonlardan biri o‘zbek adabiyoti va jurnalistikasining fidoyisi Mahmud Sa’diy shu yilning 23-noyabr kuni yorug‘ olamni tark etdi. Uning ortidan o‘zi bilgan-bilmagan, tanigan-tanimagan minglab shogirdlar qoldi. Ustozning mehnatlari o‘zbek xalqining ma’naviy hayotida qanchalik chuqur o‘rin tutganini u yetishtirgan shogirdlarning jamiyatimizning turli jabhalarida amalga oshirayotgan ishlarida ham ko‘rish mumkin. So‘nggi yillarda Mahmud Sa’diy “Ma’rifat” gazetasining “Adabiyot, san’at, madaniyat, kasaba uyushmalari yangiliklari” bo‘limi muharriri vazifasida faoliyat yuritdi. Necha-necha yosh ijodkorlarni tetapoya qildirgan “Ma’rifat” mahorat maktabi”ga asos soldi. Bugun Ustozning tarbiyasini olgan jurnalistlar, adiblar va pedagoglar o‘z ijodi va mehnati bilan uning nomiga rahmatlar yog‘dirmoqda. Buyuk olim va jurnalist, ustoz Mahmud Sa’diy yodi va saboqlari ko‘nglimizning eng chuqur yeridan joy olajak!
Isajon SULTON, yozuvchi:
— Hazrati inson Haq rahmatiga qovushdi. Kichik ko‘ngil, lekin ulug‘ inson edi. Har doim hamma haqida haq so‘zni aytardi, biroq u kishining fazilatlari haqida so‘z ayta oladigan kishi kam. Uni men “nayman og‘am” deb ardoqlardim. O‘zi ko‘rmagan minglab shogirdlari bor edi. Katta olim edi, ammo olimlik guvohnomasi yo‘q edi. Adib-munaqqid edi, biroq kamtarlik bilan “GAZETCHIman”, derdi. Bag‘ri osmondan, marhamati yer yuzidan keng ustoz edi.
Nargis QOSIMOVA, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, jurnalist:
— Mahmud Sa’diy domla ko‘plab jurnalistlarning ustozi, qalami o‘tkir, tili achchiq bo‘lsa-da, barchaning mehri va hurmatiga sazovor INSON edi. Mening ilmiy ishimni oxirigacha olib borishga sababchi bo‘lgan, uni tahrir qilib, dissertatsiya himoyasida meni himoya qilgan yagona odam Mahmud aka edi. Hamma viloyatliklarni “jontoq” deb atashlarining o‘zida qancha mehr bor edi.
Aziza BOYMURODOVA, o‘qituvchi:
— Mahmud Sa’diy domlaning kamtarinligi, olijanobligi, haqiqatparvarligi, ta’lim-tarbiya uchun nihoyatda jon kuydirib so‘z yuritishini “Ma’rifat” gazetasida berilgan suhbatlari, maqolalari orqali ko‘pchilik yaxshi biladi. Tahririyatga borganimda suhbatlarini olganman. Mehr, odamiylik, oriyat to‘g‘risida to‘lqinlanib gapirganlari yodimda. Bunday insonlar hech qachon o‘lmaydilar, yuraklarda yashaydilar.
Husan MAQSUD, Oliy adabiyot kursi magistranti:
— Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida mumtoz adabiyot, matnshunoslik va manbashunoslik masalalariga bag‘ishlangan bir jurnal tashkil qilinadigan bo‘ldi. Rektor tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur jurnalning nomi va ruknlaridan nizomlarini tayyorlashgacha Mahmud Sa’diy va u kishining shogirdi Karomat Mullaxo‘jayeva jonbozlik ko‘rsatdi. Shu jarayonlarga baxtli tasodif tufayli men ham qo‘shilib qoldim. Hafta-o‘n kunda universitetda jurnal masalasida yozdi-chizdi qilamiz, rektor xonasida kichikroq majlis qilib olamiz.
Domlaning ikki yil filologiya fakulteti bakalavrlariga “matn tahriri” fanidan ma’ruzalariga kirganman. Birda o‘zlari “Kir” deb qoladi, birda o‘zim “Darsingizga kiray”, deb sumkasini qo‘ltiqlab izidan ergashaman. Hamma guruhga o‘tgan birinchi darsi bir mavzu bilan boshlanadi: “Muharrir vijdoni”. Odatda ilk dars fanning predmeti, maqsad-vazifalari, o‘rganish obyekti degan narsalar bilan boshlanardi. Lekin Sa’diy domla darslikdagi qoliplardan voz kechib, asosiy muddaodan boshlardi: domla uchun fanning (aslida hayot(i)ning) predmeti, maqsad-vazifasi, obyekti vijdon edi. Oliy adabiyot kursining 1-kursida ekanimizda ham darsni aynan “Vijdon” mavzusidan boshlagan.
O‘zi bir umr vijdonga suyanib, unga “orqa” qilib yashadi. Domla bir umr buyruq berib, xodimlarni ishlatadigan rutbada emas, buyruq olib, nafi tegadigan qora xizmatni qilib o‘tdi. Boshqa hamkasblari xafa bo‘lmaydi, degan umid bilan aytamanki, gazeta-yu jurnallarni turtib, uyg‘otib, yetaklab, tortib yurardi. Qalami bor katta-yu kichik borki, ularni topib bir mavzu berib maqola undirardi. Har yozib kelganingizda batafsil gaplashadi, fikrlarini aytadi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.
Universitet jurnalida ishlaganimizda, Sa’diy domla, adashmasam, bir yilcha bir tiyin maosh olmay ishladi, hatto darslarining ish haqini ham 4-5 oylab kech olganiga guvohman. Ha, Sa’diy domla ish boshlashidan oldin qancha oylik bor, vaqtida beradimi, plastikmi-naqdmi, mukofot, yordam puli bormi, deb o‘tirmasdi. Ishni boshlab, birovga ozor bermay ishlab yurardi...
Xudo Sa’diy domlani umrining oxirigacha oyoqda tik tutib, o‘zi sevgan kasbi orqasidan yelib-yugurtirdi. Bir umr vijdonli bo‘lishga shogirdlarini ham o‘rgatdi. O‘zi jurnalist bo‘lmasa-da, turli sohalarda ilm qilib yurgan yuzlab yosh olimlarni (hozir ular katta olim, professor darajasiga yetishgan) maqola yozishga o‘rgatgan. Hatto bir nufuzli universitet rektorining “Mahmud aka bizni odam qilgan, maqola yozishni o‘rgatgan ustozim bo‘ladi, otamdek qadrdon odam” deganiga guvohman. Sa’diy domla o‘zi istagan bir mamlakatning yakka-yu yagona grajdani (domla “fuqaro” so‘zini yomon ko‘rardi) edi:
VIJDONISTON GRAJDANI.
Dilrabo KELDIYOR qizi:
— Mahmud Sa’diy bilan 2009-yilda u kishi “Filologiya masalalari” jurnalida ishlagan kezlari tanishganman. Biror joyda noyob kitoblar sotilsa, menga ham qo‘ng‘iroq qilib aytardi. Doim bo‘lmasa ham o‘sha kitoblardan xarid qilgani ustoz bilan borganman. Ko‘pincha Karomat opa Mullaxo‘jayeva ham hamroh bo‘lgan. Bir kuni qo‘ng‘iroq qilib, “Ispan Dilraboga bir topshiriq bor, ertaga kelasizmi, darslarimda sizni ko‘rmayapman”, dedi (doktoranturada bizga “Tahrir san’ati”dan saboq berardi). Ertasiga bordim. Qachondir ispanchadan rus tiliga o‘girilgan bir hikoyani o‘qiganlarini va o‘sha hikoyani topib tarjima qilib kelishni topshirdilar. Na muallifi ma’lum va na hikoya nomi! Qayerdan topaman, boshim qotgan. Ispan tili kafedrasidan Alvaro Markos ismli mutaxassis orqali topib tarjima qilganman. “Bu dunyoda sendan qoladigani — tarjima, ispan adabiyoti — ochilmagan qo‘riq. Birorta tarjimon yo‘q, Shavkat Rahmon ham o‘tib ketdi. Tarjima bilan shug‘ullan”, deb aytardilar. Mahmud Sa’diy da’vatlari bilan ispanchadan uch-to‘rtta kichik tarjimalar qildim. Ammo ular ustida Ustoz bilan ishlash imkonim bo‘lmadi. “Ispan Dilrabo”ni “Dangasa Dilrabo”ga o‘zgartirib qo‘yish kerak”, deb qo‘yardi. USTOZ deganda, eng avvalo, Mahmud Sa’diy ko‘z oldimga keladi.
Charos YOQUBOVA:
— Oxirgi bir yil u kishi bilan birga ishladim. Mahmud Sa’diy domla tosh solgandek og‘ir qora rangli sumkasini ko‘targancha ishga kelardi. Shamollab, qattiq yo‘tal tutib qolgan vaqtlarda ham “Talabalarga bugun darsim bor edi, o‘tib oldim”, deb tahririyatga kirib kelardi. “Ustoz, nima zaril, damingizni oling, davolaning”, derdim. Qayda, gazetaga materiallarni “zapas” qilib qo‘ymaguncha davolanishga ketmasdi... Ustoz keksa edi, charchagandi, o‘tgan yili juda ko‘p ishladi. Ham universitetda, ham gazetada, qolaversa, shogirdlarining ilmiy ishlarini ham ko‘rib berardi. Ustozga ixlosim baland edi, shu kunlarda ko‘rib kelsam, deb yurgandim. Sharta borib ko‘rmaganimga afsuslanyapman, juda ham... Hatto so‘nggi yo‘lga ketishda ham ustoz saboq berib ketdi. Endi ko‘rgim kelgan insonlar oldiga borishni ortga surmayman. “Sen menga o‘xshaysan”, derdi ustoz. Ustoz taqdirimizni o‘xshatar edi, sohasi bo‘yicha bosib o‘tgan yo‘lini aytib charchamasdi, men ham qayta-qayta eshitaverardim, hozir yana eshitgim kelyapti. Ammo fe’limiz ham o‘xshab ketardi, bolafe’lligimiz. Ba’zida so‘z ustida tortishib qolardik. “Sen mening do‘stimsan, urishib qolsak, sendan xafa bo‘laman”, der edi yosh boladek.
Ustoz qattiqqo‘l edi.
Ustoz bolafe’l edi.
Ustoz sohasining eng yaxshisi edi.
Ustoz avtobus, metroda yurardi.
Ustoz buyuk jurnalist va
ODDIY INSON edi...
Suhrob ZIYO:
— Sa’diy domla ijodkor qanday yashashini, qanday kurashishini isbotlagan shaxs edi. Na mansab, na shon-shuhratga intildi. “Qullik psixologiyasi” haqida yozishni taqiqlashgani uchun dissertatsiyani ham tashlab ketganini aytgandi. Ko‘nglidagi haqiqatdan boshqasini tilga olmagan, u haqiqat boshiga balo bo‘lsa ham, prinsipidan og‘ishmaydigan SHAXSlarning, ehtimol, ijod ahli orasidagi oxirgisi edi. Shunday, hammasi shunday. Vazir bilan sudlashganda ham matbuot uchun shu kurash kerakligini bilgani uchun o‘zini chetga olmadi. Bu jurnalistikamizning yangi davri uchun ilk qadam edi. Bu “mana, men boshladim”, degani edi. “Yaxshilik jazosiz qolmaydi” degani bir umrning o‘ziga xos iqrori bo‘lsa kerak. Qancha-qancha “jontoq”-u “jonqovul”lar hammasi shu insonning soyasida ijod va hayotdan dars olgan. Adabiyotning qora mehnatiga o‘zini bag‘ishlagan ustoz haqida men eshitgan eng mos ta’rif — “tahrir san’atining so‘nggi mogikani”. So‘z xor bo‘layotgan, iflos tillarda toptalayotgan, nechovlon ijodkorman deb rahbarlarga yaloqxo‘rlik uchun adabiyotni qurbon qilayotgan, mashinalar minib, uylar olayotgan shunday zamonda yana bitta ustunning qulashi qanchalik og‘irligini anglayapmizmi? “So‘nggi mogikan” ham ketgani, ahvolimizni taftish qiladigan, yoshlarni tergab yo‘lga soladigan USTOZ endi yo‘qligini tasavvur qilolmayapman. Qaysidir rahbarning adabiyot, jurnalistika, umuman, ziyolilar davrasi bilan tanish-tanishmasligi MAHMUD SA’DIYni bilish-bilmasligiga bog‘liq. Chunki u uzo-oqdan ko‘rinmaydi. U adabiy jarayonning ortida turadi. Kimning qanday yozgani, qanday xato qilgani, so‘zi va o‘zi birligi, qachondan boshlab yo‘ldan og‘a boshlaganini Sa’diy domla bilardi. O‘shalarga o‘xshab qolmaslikni uqtirardi.
Ammo adabiyot haqida gap ketganda o‘ziga dushmanlik qilgan odamning ham yaxshi asari bo‘lsa, albatta, e’tirof etardi: “bor gapni aytish kerak”. Bu bugungi adabiyotning, jurnalistikaning konsepsiyasi: BOR GAPNI AYTISH KERAK! O‘zingning boshingga balo bo‘lsa ham, hamma yomon ko‘rsa ham, bor gapni aytish kerak... Endi bor gapni kim aytadi? Kim Sa’diy bo‘ladi? Ustoz tarbiyalagan yuzlab, minglab shogirdlar zimmasida ana shu mas’uliyat — haqiqatni aytish mas’uliyati turibdi. Bu mas’uliyatni bajarish hammamizga nasib etsin!