“Сколково”: innovatsion hamkorlikning yangi bosqichi
Intellektual iqtisodiyot bu — insoniyat imkoniyatlarini rivojlantirish, kengaytirish, shu bilan bir qatorda texnogen o‘zgarishlarning atrof-muhitga salbiy ta’siriga barham berishga qaratilgan iqtisodiyotdir. Bugungi kunda insoniyat oldiga qo‘yilgan eng katta vazifalardan biri iste’molchilar jamiyatidan, transmilliy korporatsiyalarning manfaatlariga asoslangan iqtisodiyotdan chekinib, umumbashariy farovonlikka erishishga qaratilgan barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlar yaratishdir.
Shu yilning 21-oktabr kuni “Сколково” texnoparkida bo‘lib o‘tgan VIII Xalqaro “Ochiq innovatsiyalar” forumining bosh mavzusi — “Raqamli millat. Intellektual iqtisodiyotga o‘tish” ham aynan jamiyatda moddiy boyliklarni ishlab chiqarishni oqilona tarzda qisqartirish, tabiiy boyliklarni isrof qilishni to‘xtatishga qaratilgan bo‘lib, butun dunyoda kambag‘allar va boylar o‘rtasida tobora ortib borayotgan tafovutni qisqartirish uchun intellektual iqtisodiyotga o‘tish muammolarini ko‘tardi. Forumda turli davlatlarning texnologik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi biznes vakillari, olimlar, yetakchi ekspertlar, hukumat va korporatsiyalar vakillari ishtirok etdi. Raqamli texnologiyalarni hayotimizning barcha jabhasiga joriy etish va ularning hayotimizga ta’siri haqida muzokaralar olib borildi, yaqin kelajagimizni o‘zgartirib yuboradigan innovatsiyalar namoyish etildi. Shuningdek, aholining raqamli texnologiyalar bo‘yicha savodxonligini oshirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama etildi. Intellektual iqtisodiyotning rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lmish innovatsion rivojlanishning markazida inson va uning tafakkuri turishi alohida ta’kidlandi.
Mazkur forumda Rossiya, O‘zbekiston va Belarus bosh vazirlarining ishtirok etishi xalqaro anjumanning nufuzini belgilab berish bilan birga, ushbu davlatlar hukumatlarining innovatsion rivojlanish, raqamlashtirish sohalarida jahonning peshqadam mamlakatlari qatoriga kirishga diqqat qaratganidan dalolat beradi.
Mamlakatimiz bosh vaziri Abdulla Aripov “Ochiq innovatsiyalar — 2019” forumidagi chiqishida O‘zbekistonning raqamlashtirishga o‘tishidagi muammolar va erishilgan natijalar haqida gapirarkan, 2020-yilda yurtimizning aksar ijtimoiy obyektlari, jumladan, maktablar, maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalari optik tolali internet bilan ta’minlanishini qayd etdi. Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotning mehnat bozoriga katta ta’sir ko‘rsatishi, intellektual mehnatga talab yanada ortishini ta’kidladi. Demak, mamlakatimiz aholisining 60 foizini tashkil etuvchi yoshlarning salohiyatini oshirish, innovatsion tafakkurini rivojlantirish eng dolzarb vazifalardandir.
Bugungi kunda mana shu vazifani hal etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat ilmiy-texnik loyihalarini moliyalashtirishning yangilangan grant tizimini yuritish, startap ekotizimini rivojlantirish, yosh olimlarning xorijda malakasini oshirish, iqtidorli yoshlarni xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish, olimlarimizning xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan muloqotini ta’minlash kabi keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi iqtisodiyotning barcha sohalariga innovatsiyalarni joriy etuvchi davlat organi hamda iqtisodiyotni raqamlashtirish jarayonining ishtirokchisi sifatida davlatimiz Bosh vaziri ishtirok etgan Xalqaro forum natijalaridan kelib chiqqan holda “Сколково” innovatsion texnoparkining tajribasini O‘zbekistonda joriy etish yo‘lida amaliy ishlarni boshladi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiyaning Moskva shahriga safari “Сколково” jamg‘armasi raisi Arkadiy Dvorkovich bilan uchrashuvdan boshlandi. Muzokaralar natijasida jamg‘arma mutaxassislarini respublikamizda startap-loyihalar ekspertizasini o‘tkazish jarayoniga jalb qilish, “Cколково” innovatsion markazida o‘qitish uchun mutaxassislar va startap kompaniyalar vakillarni yuborish, Toshkent shahrida “Startup tour Сколково” xalqaro tadbirini tashkil etishga kelishildi.
“Сколково” jamg‘armasi raisi A.Dvorkovich bilan o‘zaro ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu bitim doirasida “Сколково” texnoparkining rezidentlari — “ЯКласс”, “Кодвардс” kompaniyalarining ta’limga oid loyihalarini yurtimiz umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarida tajriba sifatida qo‘llash yoshlarning ilm-fanga qiziqishini oshirishiga xizmat qilishi kutilmoqda. “ЯКласс” loyihasida har bir o‘quvchiga individual topshiriqlar beruvchi onlayn ta’lim platformasidan foydalaniladi va bolaning bilimi elektron testlar orqali baholanadi, imkoniyatlari o‘rganiladi. O‘quvchilarning iqtidori ochilishiga imkon yaratiladi. “Кодвардс” o‘quv dasturi orqali esa o‘yin tarzida har qanday dasturlash tili uchun universal ko‘nikmalar shakllantiriladi, bolalar dasturlash asoslari bilan tanishtiriladi.
Shuningdek, Rossiyada suvni tozalash va qayta ishlash uchun zamonaviy uskunalar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan “Helyx Water” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda oqava suvlarni tozalash tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona ochish va loyihani kelgusida Yashnobod innovatsion texnoparkida amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Hozirgi vaqtda ushbu kompaniyaning tozalash tizimlari neft, oziq-ovqat va kimyo sanoati, tibbiyot, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish va kommunal xizmatlarda yetakchi kompaniyalar tomonidan qo‘llanyapti.
Startaplar — kelajak iqtisodiyotining asosi. Xuddi sportda bo‘lajak chempionlarni tayyorlash uchun har bir maktabda sport to‘garaklari ochilishi, sport maktablari faoliyat yuritishi, sog‘lom turmush tarzi targ‘ib qilinishi zarur bo‘lganidek, startapchilarni yetishtirish, ularni o‘qitish, malakasini oshirish, yoshlarda texnologik tadbirkorlik, innovatsion tafakkurni rivojlantirishni tizimli ravishda olib borish muhimdir. Startaplarni nafaqat Kremniy vodiysida yoki “Cколково”da, balki yurtimizda tashkil etish, bilimni imkoniyatlarga, moddiy boylikka aylantirish uchun sharoit yaratish mumkinligini yoshlarning ongiga singdirish zarur.
Yurtimiz startap ekotizimini rivojlantirish maqsadida O‘zbekistondagi startap kompaniyalarining “Сколково” innovatsiya markazidagi “Softlending” trening dasturida bepul ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi. Natijada 2020-yilning birinchi choragida O‘zbekistondagi 25 ta startap kompaniyasi uchun maqsadli o‘quv-trening kurslarini tashkil etishga kelishildi. Bundan tashqari, 2020-yilning birinchi choragida Rossiya—O‘zbekiston qo‘shma startap loyihalari tanlovini tashkil qilishga kelishildi. Tanlov natijasida bir maqsadga yo‘naltirilgan qo‘shma startap loyihalari tanlab olinadi hamda hamkorlikda moliyalashtiriladi.
O‘z navbatida, delegatsiya a’zolari Сколково fan va texnologiyalar instituti (SkolTex) faoliyati bilan tanishib, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va SkolTex instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdi. Endi o‘zbekistonlik bitiruvchilar tanlov asosida SkolTexning magis-tratura dasturlarida ishtirok etadi, professor-o‘qituvchilar esa tajriba oshirishi uchun qisqa muddatli o‘quv kurslariga yuboriladi. Shuningdek, Rossiya Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlariga yiliga 100 nafar yosh ilmiy xodimni qisqa muddatli stajirovkaga yuborish ham rejalashtirildi.
Ilm-fan rivojlanishi uchun ilmiy-amaliy konferensiyalar, simpoziumlarning o‘tkazilishi muhim. Aynan shunday tadbirlarda sohaga doir muammolar muhokama qilinadi, fan yo‘nalishidagi so‘nggi tadqiqotlar taqdim etiladi, ilm ahli o‘zaro fikr almashadi. Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasining Rossiya Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti va Biokimyogarlar jamiyati rahbariyati bilan uchrashuvi natijasida Nobel mukofoti laureatlari ishtirokida Rossiyada an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan Xalqaro simpoziumning 2020-yil sentabrida Toshkentda o‘tkazilishi safarning yana bir katta yutuqlaridan bo‘ldi. Oqsillar va peptidlar biokimyosi sohasidagi ushbu xalqaro simpozium Toshkentda 1978-yili o‘tkazilgan. Unda 5 nafar Nobel mukofoti laureati va dunyoning qator yetuk olimlari ishtirok etgan. Shunday nufuzli anjumanning poytaxtimizda tashkil etilishi sohaning rivojiga xizmat qiladi. Jahon ilmiy hamjamiyatining yurtimiz ilm-fani vakillari va ularning tadqiqotlariga qiziqishini uyg‘otadi.
Rossiyaning “Сколково” innovatsion markazi bilan hamkorlik yoshlarning ilmiy-texnik ijodkorligini rivojlantirish, malakalarini oshirishga, jahonda bo‘layotgan yangiliklar bilan hamnafas bo‘lishlariga xizmat qiladi. Millatlararo, davlatlararo hamkorlik, xususan, ilm-fan sohasidagi aloqalarning barqarorligi, davomiyligi va rang-barangligi O‘zbekistonning innovatsion rivojlanish yo‘li kengayishiga, yurtimiz farovonligi, iqtisodiyotimiz o‘sishiga xizmat qiladi.
Nazokat ABDUQUNDUZOVA, Innovatsion rivojlanish vazirining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi