Suv yuzasidagi mo‘jiza
1887–1941-yillarda yashagan rus shoiri Igor Severyanin she’rlarining birida “Bizning Viktoriya Regiya bilan uchrashuvimiz kamdan kam hollardagina bo‘lardi” — deb yozadi. Muallif bu satrlarni Viktoriya ismli go‘zal bir qizga bag‘ishlaganiga ko‘pchilik shubha ham qilmaydi. Ammo shoirni ilhomlantirgan, aslida, qiz emas, balki viktoriya regiya nomi bilan ataluvchi katta kuvacha shaklidagi suv o‘simligi edi.
Janubiy Amerika va Amazonka daryosi havzalarida o‘suvchi suv liliyasiga bunday g‘aroyib nom 1837-yili o‘sha paytda taxtga o‘tirgan yosh ingliz qirolichasi Viktoriya sharafiga qo‘yilgan. Ammo ba’zan kishilar uni ikkinchi nomi bilan — Amazonka Viktoriyasi deb ham atashadi.
Bu g‘aroyib gul yilda bir marta, faqat tunda gullaydi. Tongda esa gulbarglarini suv ostiga yashiradi. Gullari atigi uch kungina ochiladi va rangini sekin-asta oqdan pushti yoki siyohrangga o‘zgartiradi. U ochilgan vaqtda 60 tagacha bo‘ylama gulbarglar paydo bo‘lib, shu vaqtda gulning diametri 30 sm.gacha boradi. Gullari ochilgan vaqtda o‘zidan nihoyatda yoqimli ifor taratadi. Biroq ular uch kun o‘tmay suv ostiga g‘oyib bo‘ladi va kelasi yilgacha suv yuzasiga chiqmaydi. Shu bois, uning gullashini ko‘rish hammaga ham nasib etavermaydi. Ammo viktoriya regiyaning oq, katta hajmdagi likopchasi doim suv yuzasida suzib yuradi.
Amazonka viktoriyasi nafaqat g‘aroyib o‘simlik, balki dunyodagi eng katta kuvacha hamdir. U hatto, “Yerdagi gullaydigan eng katta o‘simlik” sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Gap shundaki, gulning kuvacha shaklidagi likopchasi 50 kilogrammgacha yukni ko‘tara oladi va ko‘pincha insonlar uchun suv transporti vazifasini bajaradi. Barchani hayratga soladigan katta kuvachalar ilk bor 1832-yilda nemis tabiatshunosi Eduard Pelling e’tiborini tortgan. O‘shanda olim bu g‘aroyib gul likopchalarini Tefe daryosi yaqinida ko‘rgan. Bugun esa o‘simlik diyorida yashovchi mahalliy aholi kengligi 2 metrgacha boradigan gul likopchasi ichiga tushib, undan daryoning narigi sohiliga o‘tib olishda bir o‘rinli qayiq sifatida keng foydalanadi.
Gulning ichiga diqqat bilan qaralsa, uning markazidan yo‘g‘on va ingichka tomirlar ildiz otganini ko‘rish mumkin. Ularning barchasi bir bandga birikkan. O‘ziga xos to‘r bilan qoplangan bu tomirlar daryoda uzayib, sayozlikda qisqaradi. Ana shu tomirlar hisobiga gul nihoyatda mustahkamdir.
Suv yuzasida suzib yuruvchi kuvachalar o‘txo‘r baliqlardan ishonchli himoyalangan. Likopchani eslatuvchi qirrali barglarining tashqi qismi mustahkam va uchli tikanlar bilan qoplangan. Kuvacha ichiga kirib qolgan ortiqcha suv gulning yon tomonlaridagi katta teshiklar orqali oqib ketadi. G‘aroyib ko‘rinishi tufayli mahalliy aholi gulni “aponoy”, ya’ni “qushlar uchun tova” deb ham ataydi. Suvdagi bu “hurliqo” 5 yilgacha yashashi mumkin.
Viktoriya regiyaning yana bir g‘aroyib jihati bor. Gul suv ostiga yashiringach, mevaga aylanadi. Undan urug‘lar yetiladi. Kishilar gul urug‘larini olib quritadi va qovurib iste’mol qiladi. Yegulik ta’mi makkajo‘xorini yodga soladi. Shu bois ba’zan viktoriya regiya “suv makkajo‘xorisi” deb ham ataladi. Gulning nafaqat urug‘i, balki ildizidan ham keng foydalaniladi. Quritib, unga aylantirilgan ildizdan turli pishiriqlar tayyorlash mumkin.
Qirolicha regiya tabiatan anchayin injiq bo‘lib, har qanday havo haroratiga ham moslashavermaydi. Uni ayniqsa uy sharoitida o‘stirish juda murakkab. Gap shundaki, ushbu maftunkor gulning o‘sishi uchun botqoqlik, qishda esa isitilgan suv zarur. Shunga qaramay, gigant likopchali gulni ilk bor Jozef Pakston ismli inson o‘stirishga va uning betakror gullashini ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan.
Ushbu gulni ko‘rish ishtiyoqidagi insonlar har doim ham Janubiy Amerika va Amazonka daryosi havzalariga bora olmaydi. Shu bois, bugun Amazonka viktoriyasi qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, dunyoning turli burchaklaridagi botanika bog‘larida sun’iy sharoitda o‘stirilmoqda. Bundan 150 yil muqaddam peterburglik bir olim shimoliy hududdagi
oranjereyalardan birida ushbu “hurliqo”ni nafaqat o‘stirish, balki gullashiga muvaffaq bo‘lgan edi. O‘tgan asr boshlarida esa Moskvada Viktoriya gulini ochiq havoda o‘stirishga erishildi. O‘shanda u issiqlik trubasi o‘tkazilgan hovuzga solinib, tunda hovuz usti oynali qoplama bilan yopilgan. Shundagina viktoriya regiya mutaxassislar kutganidek gullagan. Hozir ushbu gigant kuvachani istalgan iqlim sharoitida o‘stirish mumkin. Ammo u har doim va har joyda ham gullayvermaydi.
Amazonka viktoriyasining betakror go‘zalligidan ilhomlangan muhandislar 1851-yili Londondagi Gayda-parkdagi Billur saroy qurilishida viktoriya regiya gul barglari obrazidan foydalanishgan.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.