2019-yilning eng qiziqarli ilmiy kashfiyotlari
O‘tib borayotgan yil barcha sohalarda unumli bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, ilm-fan fidoyilari insoniyatga nafi tegadigan yangidan yangi ixtirolar yaratishdan sira to‘xtamadi. Olimlarning bir-biridan farq qiladigan g‘aroyib tadqiqotlarini dunyoning yuzlab jurnallari muntazam yoritib bordi. Mashhur “Forbes Life” jurnali esa 2019-yilning turli sohalarda yaratilgan e’tiborga arzigulik ilmiy yangilik va tadqiqotlarini to‘plab, ulardan eng saralarini e’lon qildi.
Mini miya
Miya doim inson organizmidagi eng jumboqli a’zolardan biri bo‘lgan.
Yaponiyalik olimlar neyronli faollik belgisini namoyon etuvchi miyani probirkada o‘stirishga muvaffaq bo‘ldi. Aslida mini miyani yaratishga ilm kishilari avval ham ko‘p bor urinib ko‘rgan. Ammo uni funksional neyronli tarmoqlar bilan o‘stirishga ilk bor erishildi. Bu insoniyat tarixidagi katta yutuq bo‘lib, endilikda miyaning jonli prototipi bilan istalgancha tadqiqotlar olib borish hamda odam ongining bizga noma’lum sirlarini ochish mumkin.
To‘g‘ri ovqatlanish
To‘g‘ri ovqatlanish borasida tinimsiz izlanish olib boradigan bir guruh olimlar 11 yillik kuzatuvlaridan so‘ng inson uglevodlarni qancha kam iste’mol qilsa, unda turli sabablar, xususan, saraton, infarkt va insultdan vafot etish xavfi shuncha yuqori bo‘ladi, degan xulosaga keldi. Salkam 25 ming kishi qamrab olingan tadqiqot natijalari yilning eng mashhur yangiligi bo‘ldi. Boisi u keto diyeta (yog‘ va oqsilga boy, kam uglevodli parhez) muxlislarining bu boradagi haqiqatlarini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi.
Jarayonda keto diyeta tarafdorlari 1,5 barobar ko‘proq uglevod va shuncha marta kam yog‘ iste’mol qiladiganlar bilan solishtirilganda, ularda o‘lim xavfi 40 foiz yuqoriroq ekani ma’lum bo‘ldi. Shu bois tadqiqot mualliflari insonlarga keto va boshqa parhezlarni qo‘llashda ehtiyotkor bo‘lishni maslahat bermoqda.
Yana o‘sha qahva!
Jurnal mualliflari qahva mavzusini alohida berishga qaror qildi. Chunki bu ichimlik doim olimlar diqqat markazida va u borasida hamon aniq xulosaga kelinmagan. Bir qarasangiz, qahva “insoniyat dushmani”ga chiqariladi, yana bir qarasangiz, nomi “oqlanib”, foydali ichimliklar qatoriga qo‘shiladi. Ammo 2019-yil ilm-fanida qahvani qoralashdan ko‘ra, unga yonbosish ko‘proq kuzatildi.
5164 nafari “tun insonlari”dan olingan ma’lumotlarni tahlil qilgan olimlar kechqurun qahva ichishning uyqu davomiyligi va sifatiga aloqasi yo‘qligini aniqladi. Hatto uyqu oldidan ichilgan bir finjon qahva boshqa zararli ichimliklardan ko‘ra foydaliroq hisoblanadi. Asosiysi, kofein miqdorining sutkalik me’yorini oshirib yubormaslik lozim.
Mikrobiomlar
Ichaklardagi mikroorganizmlar tahlili nafaqat 2019, balki so‘nggi o‘n yillikdagi eng qaynoq mavzulardan biri sanaladi. Shu bois uni bir chetda qoldirishning iloji yo‘q.
2019-yilning may oyida “Nature” jurnalida inson mikrobiomasini o‘rganish loyihasi ma’lumotlarini umumlashtiruvchi uchta ilmiy ish chop etildi. Maqolalar orasida eng qiziqarlisi Maykl Snayder boshchiligidagi Stenford universiteti olimlarining tadqiqoti bo‘ldi. Ular ichaklar va burun-halqumdagi mikrobiomalar tarkibi virusli kasalliklar vaqtida insonning insulinga ta’sirchanligi bilan bog‘liq holda o‘zgarishini aniqladi. Bu bakteriyalar hatto qandli diabetning ikki turini rivojlantirishi mumkin ekan.
Boshqa tadqiqotchi olimlar esa mikrobiomlar orqali erta tug‘uruq hamda ichaklar yallig‘lanishi kasalliklarining kuchayish xavfini oldindan aniqlash mumkinligini ma’lum qildi.
Uyqusizlik muammosi
Doimiy tungi bedorlikdan aziyat chekadiganlar uchun yaxshi yangilik: bu yil “Nature” jurnalida bir guruh olimlarning “uyqusizlik genlari”ni topgani haqida ajoyib maqola chop etildi. Unda mutaxassislar uyqu bilan bog‘liq muammolarni qo‘zg‘atuvchi 47 ta genetik namunani topishga muvaffaq bo‘lgani yozildi.
Tadqiqotda 85 mingdan ortiq kishining genetik profillari tahlil qilindi. Natijalar topilgan genlarning 26 tasi uyqu sifatiga, 10 tasi uning davomiyligiga ta’sir qilishini ko‘rsatdi. Olimlarning aytishicha, bedorlik genlari bevosita “xursandlik gormoni” bilan bog‘liq. Ya’ni uyqu bilan bog‘liq muammolar ko‘pincha ruhiy buzilishlar tufayli yuzaga keladi. Xo‘sh, uyqusizlik genlari bo‘lgan insonlar nima qilishi kerak? Afsuski, hozircha genli terapiya mavjud emas, ammo doimiy bedor insonlarga 2019-yilda o‘tkazilgan yana bir tadqiqot yordam berishi mumkin. Tadqiqotchi olimlar aniqlagan 19 ta yangi “uyqu osti fazasi” orqali har bir kishi uyqusi aynan qayerda joylashganini aniqlay oladi. Bunday aniqlik, o‘z navbatida, uyqu buzilishlarini samarali davolashda qo‘l keladi.
Tushkunlik
2019-yildagi qiziqarli kashfiyotlardan yana biri ko‘pchilikni bezovta qiladigan tushkunlik bilan bog‘liq. Xitoylik olimlar o‘tkazgan tahlil natijalariga ko‘ra, yallig‘lanishga qarshi dori vositalari depressiyani davolashda an’anaviy antidepressantlardan-da samaraliroq ta’sirga ega ekan. Tadqiqotchilar depressiyaga qarshi preparatlar qatoriga parasetamol, ibuprofen dori vositalari, omega-3 tarkibli qo‘shimchalar hamda minosiklin guruhiga kiruvchi antibiotiklarni kiritdi. Ammo olimlar bu borada shifokorlar bilan maslahatlashishni unutmaslikni ta’kidladi.
Saturn halqasi
Paleontologlarning doimiy muhokamasida bo‘lgan Saturn halqalarining yoshi bilan bog‘liq muammolar 2019-yilda o‘z yechimini topgan ko‘rinadi. “Kassini” apparati olgan ma’lumotlarni tahlil qilgan astronomlar Saturn halqalarining yoshi va og‘irligi bilan bog‘liq yangi ma’lumotlarni olishga erishdi. Unda ushbu halqalar avval taxmin qilinganidan ancha yoshroq ekani ma’lum bo‘ldi. “Science” jurnalida chop etilgan maqolada halqalarning yoshi 10–100 million yilga teng bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
3D-printerda bosilgan kristall
Qurilish materiallari ishlab chiqarishdagi asosiy talablardan biri yengil, metall va po‘lat qorishmalaridan qolishmaydigan materiallar yaratish hisoblanadi. Britaniyalik olimlar bu borada yangilik qilishga erishdi. Ular metallurgiyada keng foydalaniladigan, tuzilishi jihatidan kristall panjaralar qotishmasiga o‘xshash, mustahkam po‘lat va plastik metamateriallarni 3D-printerda bosib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu materialni kristall panjaralarga o‘xshatishga urinish uning mustahkamligini bir necha barobar oshirdi.
Olimlar kelgusida ushbu texnologiya yordamida yanada mustahkam, yengil va elastik qurilish materiallari yaratish va ulardan har qanday yirik inshootlarni qurishda foydalanish mumkinligiga ishonch bildirmoqda.
Akulalar hujumiga qarshi
Avstraliyadagi Flinders universiteti olimlari g‘avvoslar kiyadigan gidrokostyumlar uchun akulalar hujumiga bardoshli mustahkam mato yaratdi. U odamlarni akula tishidan himoyalab, og‘ir jarohat olishga yo‘l qo‘ymaydi, hatto qonni to‘xtatishga yordam beradi.
Tadqiqotchilar gidrokostyum uchun molekulyar massadan iborat polietilen tola asosida ikki turdagi mato ishlab chiqdi. Uncha qalin bo‘lmagan matolar 10 karra mustahkam bo‘lib, tolalari yemirilishga chidamli hamda ultrabinafsha nurini o‘tkazmaydi. Bu turdagi tola teshilish, kesilish va yemirilishlarga bardoshli bo‘lgani bois, qo‘lqop, temir qalpoq, himoya nimchasi kabi turli ko‘rinishdagi himoya liboslarini ishlab chiqarishda keng foydalaniladi.
Olimlar “SharkStop” va “ActionTX” deb nomlangan yangi matolarni real sharoitda sinovdan o‘tkazdi. Ularning ustki qismiga yupqa po‘lat karkas qoplanib, ichiga akulalarning tishlash kuchini o‘lchovchi datchiklar o‘rnatildi va zanjirga bog‘lab, oq akulalar suzadigan dengizga tashlandi. Tajribada uzunligi 3-4 metrga boradigan 10 ga yaqin akula ishtirok etdi.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.