Fuqarolikning yuz yili
Ikkinchi maqola
Nega “fuqaro” o‘rnida “yurtdosh” yoki “vatandosh”ni qo‘llab bo‘lmaydi?
“Fuqaro” o‘rnida “turg‘un” taklif etilgan maqola “Ma’rifat” gazetasi (4-dekabr) va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingandan so‘ng izohlarda turli mulohazalar bildirildi. Ularning hammasi haqida to‘xtalib o‘tirmayman, avvalo, ko‘pchilik ma’qul ko‘rgan “yurtdosh” xususida ikki og‘iz so‘z. Aslida, birinchi maqolada ham “yurtdosh” haqida aytilgan. Men bu so‘z haqida ham ko‘p o‘ylaganman, ammo...
“Yurtdosh” bizda “vatandosh”ning ma’nodoshi, rus tilidagi “земляк”, “соотечественник” kabi so‘zlarga to‘g‘ri keladi. Aytaylik, biz “yurtdosh”ni ruscha “гражданин”, inglizcha “citizen”, fransuzcha “citoyen” atamalariga muqobil sifatida qabul qildik. U holda “yurtdosh”ga yana bir ma’no yuklanadi va endi u rus tilidagi “гражданин”, “соотечественник”, “земляк” ma’nolarini ham bildiraveradi. Chunki uning boshqa ma’nolarini hech kim ongimizdan o‘chirib tashlolmaydi (rus tili ko‘pchilikka tushunarli bo‘lgani bois qiyoslash uchun rus tilini olamiz).
Ammo ruscha “гражданин” faqat bir ma’noda qo‘llanadi, u “соотечественник”, “земляк”, hatto “горожанин” ma’nosini ham bildirmaydi. Inglizcha “citizen”, fransuzcha “citoyen” ham shunday.
Tasavvur qiling, “yurtdosh” “fuqaro” o‘rnida qabul qilindi, endi shu so‘z bilan Rossiya hukumatining xorijdagi rossiyaliklar to‘g‘risidagi qonunidan bir jumlani o‘zbek tiliga tarjima qilib ko‘ramiz: “Соотечественниками за рубежом (далее — соотечественники) являются граждане Российской Федерации, постоянно проживающие за пределами территории Российской Федерации”. — “Xorijdagi vatandoshlar (yurtdoshlar, hamyurtlar — “соотечественники”) deb Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqarida doimiy yashovchi Rossiya Federatsiyasi YURTDOSHLARIGA (“граждане”) nisbatan aytiladi”.
Mayli, mazkur o‘rinda “соотечественник” so‘zini “hamyurt”, “vatandosh” deb, faqat “гражданин”ni “yurtdosh” deb o‘giraylik. Lekin bu kabi matnlardagi “-dosh”lar shu qadar charchatadiki, tarjimani qo‘yib, asliyat matnini o‘qishga majbur bo‘lasiz. Bir necha sahifadan iborat mazkur Rossiya hukumati qonuni esa boshdan-oyoq shunday jumlalardan iborat. Bu kabi misollarni faqat rus tili emas, ingliz, fransuz va boshqa istalgan tildan keltirish mumkin.
Endi o‘zbekcha bir misol: “O‘zbekiston FUQAROLARI xorijdagi vatandoshlarini qutladi” — “O‘zbekiston YURTDOSHLARI xorijdagi vatandoshlarini qutladi”. Boshqalarni bilmadim-u, lekin bu qabildagi jumlani o‘qiganda mening boshim aylanganday bo‘ladi. Chunki qarshingizda, ruscha ta’bir bilan aytganda, “три в одном” bo‘lib, uch xil ma’noga ega so‘z turibdi. Tabiiyki, birinchi o‘qishda miyangizda “yurtdosh”ning siz o‘rgangan asil ma’nosi uchqun beradi, unga yuklatilgan ikkinchi ma’noni esa kontekstdan bilib olasiz. “Yurtdosh”ni faqat “grajdan” ma’nosida qo‘llaylik, boshqa o‘rinlarda “hamyurt”, “vatandosh” kabi so‘zlarni ishlataylik, deb odamlardan talab qilib bo‘lmaydi. Aslida, “fuqaro”ning birdan bir yutug‘i ham shunda, hozirgi tilimizda u birgina “гражданин” ma’nosida qo‘llanadi.
Erkin so‘zlashuvda biz shunday gapiramiz: “Bugun men yurtdoshimni ko‘rib qoldim”. Mabodo “yurtdosh” “fuqaro” o‘rnida qabul qilinsa ham, shunday gapirishda davom etaveramiz. Faraz qiling: “Bugun men yurtdoshimni ko‘rib qoldim, lekin unda O‘zbekiston YURTDOSHLIGI (fuqaroligi) yo‘q ekan”.
Oqibatda bu ham to‘liq ishlamaydigan o‘zbek-lotin yozuvimiz ahvoliga tushib qolmasmikan, deb o‘ylayman: qo‘llagimiz keladi, lekin noqulay.
Mazkur fikrlarni “vatandosh”ga ham tatbiq etish mumkin. “Yurtdosh” va “vatandosh” ma’nodosh bo‘lsa-da, “yurtdosh” ko‘proq ruscha “земляк” ma’nosida ishlatiladi. Aytaylik, “yurtdosh” deb qishloqdosh, viloyatdoshga nisbatan ham aytish mumkin, ammo xorijdagi yurtdoshlarga nisbatan ko‘proq “vatandosh” deymiz. Sovet davrida ham chet eldagi yurtdoshlar uchun “Vatandosh” radiosi faoliyat ko‘rsatgan. Chet eldagi vatandoshlarni birlashtiruvchi ko‘plab “vatandosh” jamiyatlari mavjud. Aytmoqchimanki, “vatandosh” so‘zi ruscha “соотечественник” ma’nosida tilimizda mustahkam o‘rin olgan.
Mening fikrimcha, “vatandosh” so‘zini “fuqaro” o‘rnida shuning uchun ham qabul qilib bo‘lmaydiki, biz globallashuv zamonida yashayapmiz, bu degani “vatandosh” so‘ziga ehtiyojimiz yanada kuchayadi. Istaymizmi-yo‘qmi, Vatandan tashqaridagi vatandoshlarimiz soni ko‘payib boraveradi. Bu bir bizga tegishli emas, global hodisa. Ertaga bizda ham, boya keltirilgan Rossiya qonuni singari, xorijdagi vatandoshlar to‘g‘risidagi ko‘plab qonuniy hujjatlar qabul qilinishi tabiiy.
“Turk va ozarboyjon qardoshlarimiz ishlatyapti-ku?” — degan savol tug‘ilishi mumkin. Turklar qariyb yuz yil oldin, hali bu atamalarning “suyagi qotmay turib”, qo‘llashni boshlagan. Uzoq yillar davomida bu atamalar bir o‘zanga tushib olgan. Ozarboyjonlar esa, tillari turkchaga yaqinligi bois, ularga ergashmoqda xolos. Endi yuqorida keltirilgan ruscha qonunning turkcha tarjimasiga e’tibor bering:
“Соотечественниками за рубежом (далее — соотечественники) являются граждане Российской Федерации, постоянно проживающие за пределами территории Российской Федерации”. Turkchasi: “Yurtdışındaki yurttaşlar (bundan sonra yurttaşlar), Rusya Federasyonu toprakları dışında kalıcı olarak ikamet eden Rusya Federasyonu vatandaşlarıdır”. Agar biz ham turklarga ergashib “fuqaro” o‘rnida “vatandosh”ni qabul qilsak, bu so‘zning o‘z ma’nosini imkon qadar cheklashimiz, chalg‘imaslik uchun o‘rniga boshqa so‘zlardan foydalanishimizga to‘g‘ri keladi.
Ijtimoiy tarmoqda (Facebook) “Fuqaro” o‘rniga “turg‘un” taklif etilgan maqola tagida qoldirilgan izohlardan birida “atama so‘zma-so‘z tarjima bo‘lishi shart emas”, degan fikr bildirildi. To‘g‘ri, ammo duch kelgan jimjimador so‘zni uning o‘rniga qo‘ya olmaymiz. So‘z bugun paydo bo‘lgan hodisa emas, lug‘atimizda o‘n, yigirma ming yillik tarixga ega so‘zlar bor. Bir tildagi atamaning boshqa tildagi muqobilini topish — xuddi bir daraxtga boshqa bir novdani payvand qilishdek gap. Daraxtlar bir turga mansub bo‘lmasa, novda ko‘karmaydi. Avvalgi maqolada biz “citizen”, “гражданин” kabi atamalar ham aslida bir ildizdan, ya’ni, qadimgi yunonlarning shahar-davlatlarida (politis) va Rim Respublikasida (civitas) mavjud bo‘lgan atamadan o‘sib chiqqanligi xususida to‘xtaldik.
“Devonu lug‘otit-turk”da “turug‘” so‘zi “tog‘dagi qal’a, turarjoy” deb izohlanadi. “Turug‘” “shahar” ma’nosini bermasa-da, bizda ko‘chmanchining ziddi sifatida “turg‘un”, “o‘troq” so‘zlari ishlatilgan. Shu nuqtayi nazardan, “turg‘un” so‘zi inglizcha “citizen”ning, etimologiyasiga ko‘ra, to‘laqonli muqobili bo‘la oladi.
Hozir “turg‘un” so‘zi “falon mahalla turg‘uni”, “falon qishloq yoki shahar turg‘uni” qabilida “yashovchi”, “istiqomat qiluvchi” ma’nosida ba’zi nashrlar tomonidan ishlatilmoqda. “Mahalla turg‘uni” deganda shu mahallaga tegishli, degan ma’no ham anglashiladi. Ammo bu so‘z “yurtdosh”, “vatandosh” kabi tilimizda faol emas va shu bois “turg‘un” so‘zini “fuqaro” o‘rnida qabul qilish “vatandosh”, “yurtdosh” singari chalkashliklarga olib kelmaydi.
Izohlarda “turg‘un” so‘zi “harakatsizlik”, “turg‘unlik” kabi salbiy ma’nolar bildiradi, “bolasi turmaganlar farzandiga shunday ism qo‘yadi” kabi fikrlar bildirildi. Shaxsan men farzandga Turg‘un deb ism qo‘yilishini ijobiy, “yashab ketsin” ma’nosida deb o‘ylayman. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “turg‘un” so‘ziga 3 ta izoh berilgan: “1. Biror joyda doimiy yashovchi, o‘rnashib qolgan, muqim (ot); 2. O‘zgarmas bo‘lgan, doimiy, barqaror (sifat); 3. To‘xtab, turib qolgan, harakat qilmaydigan, harakatsiz, oqmas (sifat)” (II tom, 230-bet). Birinchi ma’nosi: “biror joyda doimiy yashovchi”, xo‘sh, buning nimasi yomon, aynan shu narsa “citizen”ning ma’nosiga to‘g‘ri kelmaydimi? “Barqaror”, “doimiy” esa millat uchun ham, shaxs uchun ham muhim sifatlar hisoblanadi. Faqat uchinchisi haqida, ehtimol, salbiy deyish mumkindir. Biz esa “turg‘un”ning salbiy emas, ijobiy ma’nolarini ko‘zda tutmoqdamiz.
“Turg‘un” arabcha “sobit” so‘ziga ham ma’nodoshdir. Ishonamanki, “sobit” deyilsa, ko‘pchilikka yoqib tushishi mumkin. Hazrat Navoiy “Saddi Iskandariy”ning Ollohga “Hamd” bobida shunday yozadi:
“Yana birda sabt aylading sobitot,
Anga sayr, ammo bularg‘a sabot”.
(Ma’nosi: “Yana bir (osmon gumbazi) da turg‘un yulduzlarni joylashtirding, osmon gumbazi aylansa-da, turg‘un yulduzlar qo‘zg‘almay turishadi”).
Yana bir izohni qanday bo‘lsa, shundayligicha keltiraman: “Turg‘un ma’nosi shaxs qadrini primitivlashtiradi, unda Vatan, millat, pozitsiya o‘rni yo‘q! Turg‘un ruschada постоялес bo‘ladi”.
Birinchidan, “turg‘un” “постоялес” degan ma’noni bildirmaydi. Ikkinchidan, “гражданин” yoki “citizen”da “vatan, millat, pozitsiya o‘rni” bormi?
Shuningdek, izohlarda arabcha chiroyli so‘zlar taklif etildi. Atamashunoslikni attorning do‘koniga tenglashtirmaslik kerak. Ya’ni, atamashunoslik mezonlari faqat jarangli-jarangsiz, chiroyli-xunuk, so‘zning tashqi ko‘rinishi, suvrati bo‘lmasligi kerak. Hazrat Navoiy ma’no ahli ma’noga boqar, suvrat ahli suvratga boqar, deydi. Chiroyli so‘zlarning ortidan quvib Qoshg‘ariy bobomiz “Devonu lug‘otit-turk”da darj etgan so‘zlarning yarmini yo‘q qildik. “Devon”da ko‘plab she’rlarda keltirilgan “tavar” so‘zi xunukmidi? Uning o‘rniga arabcha: “mol”, “jihoz” kabi so‘zlarni qo‘llashni afzal ko‘rdik. “Devonu lug‘otit-turk”da keltirilgan, Navoiy ham ishlatgan “kirpich” so‘zi xunukmidi? Uning o‘rniga forscha “xisht”ni “g‘isht” qilib oldik. Mana, “Devonu lug‘otit-turk”da “oto‘k” so‘zi qanday izohlangan: “andavaga o‘xshash temir (asbob) bo‘lib, uni qizdiradilar va kiyimning chok hamda baxyalarini va tuklarini bostirib silliqlaydilar” (DLT. I tom, 99-bet. O‘zSSR FA nashriyoti, 1960). Biz esa bugun uning o‘rniga forscha “dazmol” (“darzmol”) so‘zini ishlatamiz, “утюг” esa rus tiliga o‘tib ketgan. Aytmoqchimanki, bu illat bugun ham davom etmoqda. Yaqindagina, sof turkcha, tarixiy nom bo‘lgan “To‘ytepa”ni xunuk deb topib, “Nurafshon”ga almashtirdik. Bosh stadionimizga “Bunyodkor” deb nom berdik. Bu nomlarda “milliy g‘urur”, “vatan”, “pozitsiya o‘rni” qanchalik aks etgan, bilmadim.
Avvalgi maqolada biz “turg‘un” so‘zi ham ot, ham sifat o‘rnida kelishi va ot shakli sifat shakliga xalaqit bermasligi haqida to‘xtalgan edik. Masalan, “turg‘un suv” iborasidagi “turg‘un” — sifat va “qanday?” so‘rog‘iga javob bo‘ladi. “O‘zbekiston turg‘uni” iborasidagi “turg‘un” — ot va “kim?” so‘rog‘iga javob bo‘ladi. Shu kabi “turg‘unlik yillari” iborasida “turg‘unlik” — sifat (“qanday yillar?”). Agar “turg‘un” “fuqaro” o‘rnida qabul qilinsa, tabiiy ravishda “fuqarolik” o‘rnida “turg‘unlik” qo‘llanila boshlaydi. Ammo “O‘zbekiston turg‘unligi” (“grajdanstvo”, “citizenship”) iborasidagi “turg‘unlik” — ot so‘z turkumiga mansub bo‘ladi va “nima?” so‘rog‘iga javob bo‘ladi. “O‘zbekiston turg‘unligi” deganda bu iboraga yangi — “fuqarolik” (“гражданство”, “citizenship”) ma’nosi yuklanadi. Yangi ma’nosiga ko‘nikilgach, uning boshqa ma’nolari ikkinchi planga tushib ketadi. Masalan, “daraxt ko‘kardi” va “etim ko‘kardi” iboralaridagi “ko‘kardi” fe’li ikki xil ma’noda va ularni hech qachon bir-biri bilan chalkashtirmaymiz. Shu kabi “turg‘unlik”ning ham ikki ma’nosi keyinchalik bir-biriga xalaqit bermaydigan holatga keladi.
Yuqorida ko‘rdikki, “turg‘un”ning ma’nosi “barqarorlik”, “doimiylik”, “sobitlik”, “sobitqadamlik”, “turib beruvchi”, bu sifatlarni men uning lug‘aviy ma’nosidan kelib chiqib aytayapman, axir bular millatimiz uchun bugun eng zarur sifatlar emasmi? Qolaversa, bu so‘z sof turkona, aniq, keskir va lo‘nda. “Fuqaro” esa albatta o‘zgartirilishi, o‘zgartirilganda ham sof turkcha so‘zga almashtirilishi kerak. Zero bu milliy o‘zligimizni bir qarich bo‘lsada o‘stirish bilan birga qashshoqlik kabi xunuk holatimizni rad etish yo‘lidagi bir qadam bo‘ladi.
Abduvohid HAYIT