Ilm-fanimiz oyog‘idagi tushov
bu ko‘rinmas, ammo o‘ta qudratli zanjirdan qanday qutulish mumkin?
So‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalar qatori ilm-fanda ham o‘zgarishlar, yangilanishlar kuzatilmoqda. Aslida ilm-fan, texnologik yangiliklar turli sohalar ravnaqiga katta kuch berishi va bu orqali davlat va jamiyat rivojlanishi kerak. Dunyo tajribasida ilmiy sohaga kompleks yondashiladi.
Jahon qishloq xo‘jaligida yo‘lga qo‘yilgan klasterlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Xususan, yurtimiz qishloq xo‘jaligida ham klaster tizimi amaliyotga keng tatbiq etila boshladi. Mazkur tajribadan o‘tgan tizimni mamlakatimiz iqtisodiyotidagi barcha ishlab chiqarish sohalariga, shu jumladan, ilm-fan sohasiga ham tatbiq etish zarur. Ilmiy ishlanma hamda kashfiyotlarni amaliyotga joriy qilish, ularning bozor talabiga mosligi va xaridorgirligini oshirishga xizmat qiladigan tizim yaratish lozim.
Avvalo, barcha fan sohalaridagi innovatsiyalar, tadrijiy rivojlanish izchil o‘rganilishi, ular bo‘yicha keng miqyosli ilmiy ishlar olib borilishi kerak. Ilmiy ishlar yuzasidan aniq amaliy ahamiyatga ega tavsiyalar ishlab chiqish, fanlararo integratsiyani kuchaytirish va tarixchi olimlarning barcha sohalardagi olimlar bilan keng muloqot olib borishi uchun sharoit yaratish, ya’ni fanlararo klasterlar tuzish talab etiladi.
Tariximizdan bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Misol uchun, Ma’mun akademiyasi fanlararo muloqot tizimida faoliyat yuritgan. Akademiyaning ish tizimini chuqur o‘rganish va undan amaliyotda foydalanish ilmiy ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Tarixchi olimlarimiz tomonidan nafaqat fan tarixi, balki davlat qurilishi, iqtisodiyot va soliq ishlari, ijtimoiy siyosat, me’morchilik, ma’naviy-ma’rifiy sohalar va boshqalar tarixi ham chuqur tadqiq etilishi davrning muhim talabiga aylandi.
Yurtimizda olib borilayotgan siyosiy islohotlar boshqaruv tuzilmalarining bir-birini tiyib turishi va hech birida kuch to‘planmasligiga qaratilgan. Bu tartib-tamoyil fan sohasida ham qo‘llanilsa, kutilgan samarani berishi tabiiy. Natijada fan taqdirini bir hovuch odamlar hal qilmaydi, barcha iqtidorli kishilar uchun birdek imkoniyat yaratiladi.
Tan olish kerakki, yurtimizda yangi ilmiy kashfiyotlarni ishlab chiqarishga joriy qilish va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlari, talab va taklif yaxshi o‘rganilmaydi. Sobiq Ittifoq davrida ana shu asriy tajribalar yo‘q qilindi. Mustabid tuzumdan meros iqtisodiy qarashlar formati ham fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, xalqimiz orasida ilmiy darajasi bo‘lmasa ham texnologiyalarni yaxshi biladigan, ratsionalizatorlik salohiyatiga ega yoshlar va bilimdon kishilar ko‘p. Ular o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish orqali eng sara ishlanmalarni amaliyotga joriy etish kerak. Aslida bugun xalqimiz ongida ilmiy salohiyatni oshirishga moyillik oshmoqda. Yoshlarimiz jahon olimpiadalarida g‘olib bo‘lmoqda. Bu ularning ijodiy salohiyatini yuksaltiradi va keyinchalik katta yangiliklarni yaratishlariga zamin hozirlaydi. Shuningdek, nomdor stipendiyalar sohiblari, olimpiada g‘oliblari oldiga ham muayyan talablar qo‘yilishi va ular ilmiy ishlarga yo‘naltirilishi lozim.
Afsuski, qotib qolgan qarashlarga asoslangan ilmiy-tadqiqot tizimining zanjirlari hali uzilgani, ilm-fan to‘la ma’noda ozodlikka etisholgani yo‘q. O‘zbekistonda Oliy attestatsiya komissiyasi sobiq ittifoq davridan qolgan eski qoliplar asosida faoliyat yuritayotgani fan taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotganga o‘xshaydi.
Shu o‘rinda bu tuzilma faoliyatiga doir ayrim savollar tug‘iladi. Nima uchun aynan ixtisoslashgan kengashlarda bir-birini qo‘llab turadigan odamlar to‘planib olgan? Mahalliychilik, tanish-bilishchilik bu sohaga yot-begona bo‘lishi kerak emasmi?
OAK ekspertlari ham go‘yo maxsus tanlanganga o‘xshaydi. Aslida ular xolis va iqtidorli olimlardan bo‘lishi lozim. Masalan, tarix fani bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kengash ekspertlari orasida Kamoliddin Shamsiddin, Ashraf Ahmedov, Ablat Xo‘jayev, Rustam Sulaymonov, Sherzod Abdullayev kabi iqtidorli olimlar doimo bo‘lishi kerak. Ular kelajakda akademiklikka loyiq olimlardir. Shu bilan birga akademiklarning saylanishidagi og‘ir talablar ham olib tashlanishi lozim. Afsuski, yurtimizda qanchadan qancha iqtidorli olimlarning kamdan kam shogirdi ilmiy ish yoqlagan. Yuqorida tilga olingan olimlarning ham shogirdlari ko‘p emas.
Bizda yozilgan kitob va ilmiy maqolalar ko‘pincha taqrizdan o‘tkazilmaydi va tekshirilmaydi. Plagiatorlik ilmning kushandasiga aylanib, palak yozmoqda. Bir davrga taalluqli materiallardan turli mavzularni yoritishda foydalanilmoqda. Oqibatda ilmiy-amaliy ahamiyati past ilmiy ishlar, falsafa doktori va fan doktori darajasiga noloyiq insonlar ilm sahnasiga kelib qolmoqda.
Yosh iqtidorlilarning fan maydonini tashlab ketish holati ham kuzatilmoqda. Bugungi avlod ongida “Qaysi ilmiy rahbar kengash a’zosi va so‘zi o‘tadigan bo‘lsa, shuning shogirdi ilmiy ishini muvaffaqiyatli yoqlaydi”, degan tushuncha shakllandi. Yoshlar orasida “ilmiy rahbar tanlash 50 foiz muvaffaqiyatdir” degan qoida ustuvor bo‘lib qoldi. Bu an’analar ta’sirida dissertantlar tomonidan uncha dolzarb bo‘lmagan mavzular tanlanadi. Bugungi kunda biror amal kursisini egallash uchungina ilmiy daraja olganlar ham talaygina. Hozir ixtisoslashgan kengashlarda katta kuch bo‘lib xizmat qiladigan, uni zimdan boshqaradigan, toshi tarozi bosadigan” professorlarni ilmiy rahbar sifatida tanlash urfga aylandi. Aslida bu an’ana sovet davridan beri davom etib kelmoqda. Guruhbozlik, tanish-bilishchilik, faqat muayyan guruhlarning manfaatlari ilgari surilishi tufayli mamlakatda fan rivojlanishi sust kechmoqda. Ilmiy daraja olishga salohiyati noloyiqlar ham dissertatsiya yoqlamoqdalar. Bir davrga va bir-biriga o‘ta yaqin mavzular tanlanmoqda va tezlik bilan yoqlanmoqda.
Shu kungacha ko‘plab yengil-yelpi mavzularda grantlar olindi va ularning amaliy natijalari ham tabiiyki kam bo‘ldi. Endi amaliyot bilan bog‘lanmagan va taraqqiyotga hissa qo‘shmaydigan loyihalarning bahridan o‘tish kerak.
Bugungi korrupsion tizim davr talabiga javob bera olmaydi. Davr bilan hamnafas, kerak bo‘lsa, bir necha qadam oldinda bo‘lmagan fanning davlat va jamiyatga qanday foydasi tegishi mumkin?
Bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun oliy ta’lim muassasalarida ishlayotgan nomutaxassis xodimlarga ham bir martalik himoyaga ruxsat berish yoki kamida 4-5 nafar fan doktori bo‘lgan taqdirda Ixtisoslashgan kengashlar ochish masalasi ham ko‘rib chiqilishi zarur. Muammolarning xususiyatidan kelib chiqib, fanlar kesimida olimlar bilan muloqot qilish va ilmiy ish himoyasini birgalikda tashkil etish mumkin. Masalan, xorijdagi OTMlarning har birida ko‘p tarmoqli kengashlar ishlab turibdi.
Turli oliy o‘quv yurtlarida faoliyat yuritayotgan olimlar asosan o‘zlari ishlayotgan OTMdagi mutaxassisliklar tarixi bo‘yicha ilmiy izlanish olib borsa va o‘sha oliy ta’lim muassasasining mutaxassis olimlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, Ixtisoslashgan kengashlarga a’zo bo‘lsa, kelajakda ijobiy natijalar kutilishi mumkin.
Aslida bugun amaliy ahamiyatga molik va yangiliklarga boy mavzular tanlanishi, umuman har bir sohada yangi-yangi qirralar ochilishi lozim.
Fan-texnikaning oyog‘iga tushov bo‘lib turgan bu ko‘rinmas, ammo o‘ta qudratli zanjirdan qanday qutulish mumkin?
Himoya qilish usullari, kengashlar tarkibi, ularga muqobil kengashlar yaratish, ilmiy ishlarning sifatini ko‘tarish, himoyadan keyin ham 10 yil davomida olimning o‘z pozitsiyasini saqlab qolishi, ilmiy yangiliklarni xalqqa yetkazishi, amaliyotga joriy etishi kabi ko‘plab qoidalar qaytadan ishlab chiqilishi zarur.
Himoyadan keyin e’lon qilingan ishlarda dissertantning o‘z-o‘zining plagiatiga aylanib qolmasligi, ko‘chirmachilik darajasini o‘rganish uchun kuchli dasturlar ishlab chiqilishi lozim.
Bugun jahonda tezlik bilan raqamli va aqlli yondashuvlar hamma sohalar qatori gumanitar fanlar tizimiga ham kirib bormoqda. Ilmiy tadqiqotlar raqobati kundan kun kuchayib, keng maydonlarni egallamoqda. Bu sharoitda hozirgi tizim bilan katta natijalarga erishish qiyin masaladir. Ilm sohasida katta o‘zgarishlar, islohotlar yo‘li bilangina fan oldidagi g‘ovlar olib tashlanishi mumkin. Zero, fanning maqsadi turli sohalarga oid aniq muammolar yechimini topish, ularni amaliyotga joriy etish, menejment va marketingni shakllantirish va ularni rivojlantirish orqali davlat va jamiyat ravnaqi uchun xizmat qilishdan iborat bo‘lmog‘i kerak.
Shohistaxon O‘LJAYEVA,
tarix fanlari doktori