Mang‘itlar tarixi: Edige o‘zbekdan Abdulla Oripovgacha
Men — Asanov Eldor. Anchagina yashab, anchagina tajriba orttirdim desam, ustozlar “yo‘q, hali yoshsan” deyishadi. Mayli, ustozlarning gapi gap, yosh bo‘laqolay. Hali katta ishlar qilmagan yosh mutaxassisman.
Lekin bir savdoyim bor — tillar. Bugungi tillar, o‘tmish tillari. Tillar tarixi. Markaziy Osiyo xalqlarining tarixi, madaniyati, etnografiyasiga ham juda qiziqaman.
Bu mavzular bo‘yicha uzoq yillar ko‘p o‘qib-o‘rganib, aytadiganlarim to‘planib qolgan. Bir yildan sal oshdi — “Telegram” messenjerida “Asanov formati” nomli kanal ochib, o‘sha yerda tarix haqida, etnografiya haqida, tillar haqida yozib turibman. O‘ziga yarasha auditoriyam bor.
“Ma’rifat” gazetasi menga yangi auditoriyaga, xayoliy qog‘ozdan gazeta qog‘oziga ko‘chishni taklif qildi.
Mana shu taklifga muvofiq gazetada “So‘z tarixi — o‘z tariximiz” rukni ostida maqolalar berib borishga qaror qildim. O‘zbek tilining o‘tmishi, bugungi ahvoli, so‘zlar tarixi, o‘zbek urug‘lari, uzoq-yaqin o‘tmishdagi xalqlar, davlatlar, tillar, madaniyatlar. Bu mavzular sizga qiziqmi? Unda ruknni kuzatib boring. Gazetada qanday mavzularda maqola ko‘rishni xohlaysiz? O‘zingizni qiziqtirgan savollarni info@marifat.uz manziliga jo‘nating. Javob berishga harakat qilaman.
O‘zbek qabilalaridan biri — mang‘itlar oxirgi salkam ikki yuz yil Buxoroda hukmronlik qilgan. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, bu qabila O‘zbekiston tarixida alohida ahamiyatga ega. Birinchi maqolada shu qabila haqida hikoya qilmoqchiman.
Shajaralar mang‘itlarni mo‘g‘ullarning afsonaviy bo‘rchigin urug‘iga, ya’ni bevosita Chingizxonga bog‘laydi. Rostdan ham, ko‘pgina tarixiy solnomalar mang‘itlar dastlab bugungi Mo‘g‘uliston hududida yashab, XIII asr boshlarida Chingizxon yurishlari chog‘ida Dashti Qipchoqqa kelganini yozadi. Mang‘itlarning kelib chiqishi borasida har xil fikr bor: Bartold ular boshidan turkiy tilda gapirgan desa, Grumm-Grjimaylo mo‘g‘ul tilli hisoblagan.
Nima bo‘lganda ham, mang‘itlar XIII asrda Dashti Qipchoqning markaziy qismiga kelib o‘rnashadi. Dashti Qipchoq Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘jiga ulus qilib berilgan bo‘lib, bu yerda tashkil topgan davlat Jo‘ji ulusi yoki Oltin O‘rda deb ataladi.
Oltin O‘rdaning mang‘itlar yashaydigan qismi Mang‘it ulusi deb atalardi. Mang‘itlardan chiqqan tumanboshi Edige o‘zbek 1392-yili mang‘itlar ulusbiyi (rahbari) deb tan olinadi. Bir necha yildan so‘ng u Saroyga bo‘ysunmay qo‘yib, mustaqil siyosat yuritadi (masalan, Amir Temur bilan ittifoq tuzadi va birga janglarda qatnashadi). Shu tariqa mang‘it ulusida No‘g‘ay o‘rdasi nomini olgan mustaqil davlat paydo bo‘ladi.
Mang‘it o‘rdasi bugungi ko‘pgina turkiy xalqlarga boshlanma bergan: no‘g‘aylar, qoraqalpoqlar va o‘zbek mang‘itlari shu o‘rdadan tarqalgan.
XV asrda mang‘itlar Shayboniyxon bilan birga Movarounnahrga kirib keladi. Mang‘itlarning kichikroq qismi XVI asr boshida aka-uka shayboniylar Elbars va Beybars qo‘shini tarkibida Xorazmda ham o‘rnashadi. Shu tariqa, mang‘itlar ikki o‘zbek davlati — Buxoro va Xiva tashkil topishida qatnashadi.
Mang‘itlarga Qarshi vohasi ulus qilib beriladi. Ko‘plab mang‘itlar vohada o‘rnashadi. Bir-ikki asrdan so‘ng ular Qarshi shahrining asosiy aholisiga aylanadi.
Qarshidan turib mang‘itlar Buxorodagi siyosiy o‘yinlarda qatnashishga harakat qiladi, lekin iyerarxiyada qatag‘on, olchin, nayman kabi urug‘lardan pastroqda turadi. XVIII asr boshida vaziyat o‘zgaradi. Mang‘itlar oqsoqoli Xudoyorbiy 1712-yili Buxoro amiri Abulfayzxonning otalig‘i — bosh vaziri etib tayinlanadi. Undan so‘ng bu lavozimni o‘g‘li Muhammad Hakimbiy egallaydi.
Eron hukmdori Nodirshoh Buxoroga bostirib kelganida Muhammad Hakimbiy vositachi sifatida u bilan muzokaralar olib boradi va sulh tuzishga erishadi. Turkmanlarning afshor qabilasidan bo‘lgan Nodirshoh Buxoroda o‘z qabilasi vakillaridan garnizon qoldirib, Buxoroni tark etishga rozi bo‘ladi. Buxoro Nodirshohga bo‘ysunib, unga o‘lpon to‘lab borishini nazorat qilish Muhammad Hakimbiyga topshiriladi. Amalda Muhammad Hakimbiy Buxoro hukmdoriga aylanadi, lekin Ashtarxoniy Abulfayzxon taxtni saqlab qoladi.
Oradan bir yil ham o‘tmay, 1747-yili Nodirshoh vafot etadi. Nodirshoh nazoratidan ozod bo‘lgan Hakimbiy Buxoroda hokimiyatni to‘laligacha egallashga kirishadi. Lekin bu ishni uning o‘g‘li Muhammad Rahimbiy amalga oshiradi: u 1747-yili Abulfayzxonni o‘ldiradi. Yana to‘qqiz yil — 1756-yilgacha Rahimbiy Buxoroni soxta Ashtarxoniy xonlar nomidan boshqaradi. 1756-yili so‘nggi Ashtarxoniy o‘ldirilib, Muhammad Rahimbiy taxtga chiqadi va xon unvonini oladi.
Muhammad Rahimbiy bor-yo‘g‘i ikki yil taxtda o‘tirib, 1758-yili vafot etadi. Undan so‘ng hukmronlik qilgan mang‘it xonlari tarixini birma-bir hikoya qilish imkonimiz yo‘q. Shuni aytamizki, hukmron sulolaga va qabilaga aylangan mang‘itlar eng yaxshi yerlarni, eng yaxshi byurokratik pozitsiyalarni egallab, 1920-yilgacha mavqeyini ushlab turdi. 1920-yilda SSSRdan mag‘lub bo‘lgan oxirgi mang‘it hukmdori Buxoroni tark etdi. Lekin mang‘itlarning aksariyati o‘z yurtini tashlab ketmadi. Ular davlat ishidagi va harbiy sohadagi nufuzini yo‘qotib, oddiy sovet fuqarolariga — ishchi va dehqonlarga aylandi.
Mang‘itlar o‘zbeklarning eng katta urug‘i hisoblanadi. 1924-yil statistikasiga ko‘ra, O‘zbekistonda 130 ming mang‘it yashagan. Eng yirik guruhlar Buxoro shahrida, G‘ijduvon vohasida, Zarafshon bo‘ylarida, Xorazmda aniqlangan. Shuningdek, Turkmanistonning Chorjo‘y tumanida ham 11 ming mang‘it qayd qilingan. 100 yil ichida o‘zbeklarning umumiy soni o‘rtacha 7 barobar o‘sganini hisobga olsak, bugun mang‘itlarning umumiy soni 1 million atrofida. Shu tariqa, ularni eng katta urug‘lardan biri deb hisoblasak bo‘ladi.
Endi mang‘itlar istiqomat qiladigan joylarni ko‘rib chiqaylik. Kichkina qishloqlarni nomidan topsa bo‘ladi — mang‘itlar yashaydigan qishloqlar odatda Mang‘it deb ataladi. Masalan, Farg‘onaning Buvayda tumanida Mang‘it, G‘ijduvonda Mang‘iton qishlog‘i bor. Qizig‘i, Urgutda bir qishloq bor, xalq uni Magnitobod deydi. Buni qarangki, qishloq nomi mang‘itlar bilan bog‘liqligi unutilib ketib, odamlar “mang‘it”ni “magnit”ga aylantirgan.
Shaharlarga kelsak. O‘zbekistonda mang‘itlar ko‘pchilikni tashkil etadigan ikkita shahar bor: Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumani markazi Mang‘it va Qashqadaryo markazi Qarshi. Qarshi aholi soni bo‘yicha Buxoro amoratining ikkinchi shahri edi (ko‘pchilik o‘ylagandek Samarqand emas). Qarshi aholisi amir oilasi bilan qarindoshligidan faxrlanardi. Umuman, Qarshidan Buxoroga, Buxorodan Qarshiga ko‘chib o‘tish, qiz olib-berish keng tarqalgan amaliyot edi.
Qarshi shahri aholisini o‘rgangan olimlar — Vyatkin va Suxareva mang‘itlar tarkibiga boshqa urug‘lar va boshqa xalqlar vakillari ham qo‘shilib ketganini, mang‘it bo‘lish obro‘li bo‘lgani bois hamma bu qabilaga qo‘shilishga uringanini taxmin qiladi. Shuningdek, shaharda qo‘ng‘irotlar, qavchinlar va qarluqlar qayd qilingan.
Qarshi vohasida ham mang‘itlar ko‘p. Etnograf Iso Jabborovning “Mang‘itlar” nomli kitobi bor. Bu kitobda u Qarshi tumanining “Mang‘it” kolxozida istiqomat qiluvchi aholi haqida yozadi. Darvoqe, eng yirik zamonaviy o‘zbek shoirlaridan biri Abdulla Oripov ham mang‘itlardan edi.
Yana bir qiziq fakt. Abdulla Oripovning qishlog‘i qanday nomlanganiga e’tibor bering: Neko‘z. Neko‘z yoki nukus deb nomlangan qabila bor. O‘zbeklarda nukuslar mang‘itlar tarkibida, qoraqalpoqlarda esa kenagaslar tarkibida. Ha, adashmadingiz, Qoraqalpog‘iston markazi Nukus ham shu qabila nomiga atalgan.
Mang‘itlar o‘zbek tilining turli shevalarida gapiradi: Qarshi shahrida va G‘ijduvonda — qarluqcha, Qarshi atrofida, Qoraqalpog‘istonda, Samarqand va Jizzaxda — qipchoqcha; Xorazmda o‘g‘uzcha, Buxoroda esa tojikcha gapiradigan mang‘itlar ham bor. Ularning shevasiga bir nechta tadqiqotlar bag‘ishlangan. Samarqandlik tilshunos Xudoyberdi Doniyorovning G‘ijduvon mang‘itlariga bag‘ishlangan tadqiqotlarini esga olishimiz mumkin, masalan.
100 yilgina muqaddam mang‘itlardan bo‘lish juda katta obro‘ sanalgan. Tarixning o‘zgaruvchanligini qarangki, bu qabila mansubiyati hech qanday obro‘-e’tibor bilan bog‘lanmaydi, yosh avlod esa hatto qabila nomini unutvoryapti. Lekin Turkiyada va Amerikada yashayotgan bir katta oila — Amir Olimxonning farzandlari, nevara va chevaralari hali-hanuz mang‘it degan nomni yodda tutadi. Ular bugun o‘zbekcha, forscha, turkcha, inglizcha gapiradi, o‘zlari yashayotgan jamiyatlarga qo‘shilib, etnik o‘zligi ham o‘zgarib boryapti, lekin kelib chiqishi mang‘itligini, bobolari bir paytlar Buxoroni boshqarganini g‘urur va nostalgiya bilan eslaydi. Lekin bu endi alohida hikoya.
Eldor ASANOV