Sayyoramizdagi yagona o‘lmas mavjudot
Tirilish va o‘lish barcha tirik organizmlarga xos. Ammo zoologlar tasodifan Yer yuzida hech qachon o‘lmaydigan va doim qayta tug‘iladigan jonzot borligini aniqladi. U “Turitopsis Nutrikula” nomli meduza bo‘lib, hozir mazkur tur sayyoramizdagi yagona o‘lmas jonzot sanaladi.
Meduza insonlar uchun mutlaqo begona jonzot emas. Ularning noodatiy, hatto biroz qo‘rqinchli ko‘rinishi film va multfilmlar orqali ko‘pchilikka tanish. Ammo mazkur dengiz jonzotlarining fiziologik tuzilishi va yashash tarzi biz tasavvur qilgandan-da g‘aroyibroq.
Meduzalar faqat sho‘r suvda yashaydigan jonzotlar bo‘lib, ularni sayyoramizdagi deyarli barcha okean va dengizlarda uchratish mumkin. Turlarining orasida sovuqni xush ko‘radiganlari ham, issiqsevarlari ham bo‘lgani bois ayrimlari suv yuzasida yashasa, boshqalari okean tubidan qo‘nim topadi. Ammo qayerda bo‘lmasin, faqat yakka holda yashaydi. Boisi, meduzalar yolg‘izlikni xush ko‘radi va bir-biri bilan ham munosabatga kirishmaydi. Faqat ko‘payish vaqtidagina ularni yonma-yon uchratish mumkin.
Meduzalar Yer yuzida dinozavrlar davridan buyon mavjud, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo ularning bugungi zamonaviy nomi XVIII asr o‘rtalarida Karl Linney tomonidan berilgan. Suv jonzotlarining g‘aroyib vakili bo‘lgan meduzalarning tashqi ko‘rinishini qadimgi yunonlarning afsonalarida tasvirlangan ayol yuzli, sochlari o‘rnida ilonlar o‘sib chiqqan qahramon Meduza Gorogonaning boshiga o‘xshatgan Karl ularni shunday atashni ma’qul topgan.
Meduzalar tanasining 98 foizi suvdan iborat. Och rangli shaffof ko‘rinishga ega bu jonzot bir qarashda jelesimon qo‘ng‘iroqcha, soyabon yoki diskni yodga soladi. Skeletsiz, yumshoq, suyuqlikdan iborat, och rangdagi meduza tanasi chindan jeleni eslatadi. Bu uning inglizcha “jeleli baliq” nomida ham aks etadi. Aksariyat meduzalarning tanasi shaffof yoki och sarg‘ish, moviy, qaymoqrang bo‘ladi. Hamma gap ularning hujayralari rangsiz ekanida. Ammo meduzalarning hammasi ham ko‘rinmas emas. Ular orasida qizil, sariq, pushti kabi yorqin ranglardagi nihoyatda chiroyli turlari ham bor. Ayrimlarining tanasida mayda xol-xol yoki taram-taram chiziqlar aks etgan.
Meduzalar turlariga ko‘ra, bir necha oydan bir necha yilgacha yashaydi. Jonzot organizmining to‘qimalari atigi ikkita — tashqi (ektoderm) va ichki (entoderm) qatlamdan iborat. Ularda mavjud hujayralarning bari turli vazifalarni bajarishga moslashgan. Masalan, sezgi hujayralarining asosiy qismi joylashgan ektoderm hujayralari tanani qoplash va harakatlantirish vazifasini bajarsa, entoderm hujayralari hazm qilish fermentlarini ishlab chiqarish orqali ovqatni hazm qilishga javob beradi.
Meduza tanasining ichki qismida yurak va oshqozon joylashgan. Tashqi qismi silliq va qavariq bo‘lib, pastki tomonining ko‘rinishi qopni yodga soladi. Meduzaning og‘zi tanasining pastki qismida joylashgan. Ayrim meduzalarda u naycha, boshqalarida esa kalta to‘qmoqqa o‘xshash bo‘ladi. Ushbu dengiz jonzoti butun hayoti davomida o‘sadi. Shunga ko‘ra, tanasining hajmi turiga bog‘liq holda bir necha millimetrdan 2-3 metrgacha boradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, meduzalarda na miya, na sezgi a’zolari bor. Ulardagi yorug‘likka ta’sirchan hujayralar guruhi yorug‘likni qorong‘ilikdan ajratuvchi ko‘z vazifasini bajaradi. Biroq ular obyektlarni ko‘rolmaydi. Meduzalarning ayrim turlari qorong‘ida o‘zidan yorug‘lik tarqatadi. Bu jarayonda chuqurlikda yashovchi meduzalar qizil rangda porlasa, suv yuzasini makon qilganlari moviy tusga kiradi.
Barcha okean va dengizlarda keng tarqalgan meduzalar asosan sho‘r suvda yashagani bois ularni ba’zan berk ko‘rfazlar, bir vaqtlar dengizdan ajralib chiqqan marjon orollardagi sho‘r ko‘llarda uchratish mumkin. Mazkur jonzot turlari orasida faqatgina kraspedakusta nomli kichkinagina meduza chuchuk suvda yashay oladi va London botanika jamiyati uni tasodifan sun’iy suv havzasidan topib olgan. Aniqlanishicha, meduza basseynga Amazonkadan keltirilgan suv o‘tlari orasida kelib qolgan.
Meduzalar suv oqimi bo‘ylab harakatlanuvchi jonzotlar sanaladi. Ular suvda mushaklarining qisqarishi hisobiga suzadi. Doim turli yo‘nalishda suzsa-da, hamisha og‘ziga qarama-qarshi tomon harakatlanadi. Harakat yo‘nalishi va turgandagi holatini muvozanat a’zolari yordamida aniqlaydi. Bunda unga mo‘ylovsimon qo‘llari ham yordam beradi. Ular meduza tanasining chetlarida joylashgan bo‘lib, ko‘rinishi meduza turiga bog‘liq. Ayrim turlarida u kalta va qalin, boshqa turlarda esa uzun va ingichka bo‘ladi. Qo‘llarining soni o‘zgaruvchan — to‘rttadan bir necha yuztagacha yetishi mumkin. Ular zaharli hujayralardan iborat va bevosita ov uchun mo‘ljallangan. Meduzalar ana shu zaharli qo‘llari bilan biror jonzotni chaqsa, uni o‘ldirishi turgan gap. Hatto meduzalar o‘lganidan keyin ham yarim oygacha chaqish xususiyatini yo‘qotmaydi. Ushbu jonzotning ayrim turlari inson uchun ham juda
xavfli. Masalan, “Dengiz arisi” nomi bilan ataluvchi meduza dunyo okeanlaridagi eng zaharli jonzot bo‘lib, olimlarning aytishicha, uning zahri bir necha daqiqa ichida 60 kishini zaharlash uchun yetarli.
Meduzalar sayyoramizdagi eng ko‘p sonli yirtqichlar bo‘lib, asosan dengiz jonzotlari, xususan, mayda qisqichbaqa, baliq ikrasi bilan oziqlanadi. Yirik meduzalar turli hajmdagi baliqlarni ovlaydi. Ov payti ular hech narsani ko‘rmaydi va sezmaydi, faqat mo‘ylovsimon zaharli qo‘llari yordamidagina o‘ljasini tutadi. Yemish qo‘llariga tegishi bilan unga zahrini yuborib, o‘ljasini falaj holatga keltiradi, so‘ng uni yeydi. Ba’zan o‘ljaning o‘zi meduzaning qo‘llariga yopishib yoki chuvalashib qolishi mumkin. Meduza qo‘llarida sanchiladigan yoki qichitqi hujayralar mavjud bo‘lib, ular o‘z sohibi uchun kuchli qurol vazifasini o‘taydi. Mazkur hujayralarning nomi ham, vazifasi ham turlicha. Masalan, penetrantlar — uchi o‘tkir ip ko‘rinishidagi hujayralar qurbon tanasiga sanchilib, unga falajlovchi modda yuboradi. Glyutinant hujayralari qo‘llar orqali o‘ljaga yopishtiriladi va meduza uni osongina o‘ziga tortib oladi. Volvent hujayralari esa uzun yopishqoq iplar bo‘lib, meduza ular yordamida o‘ljasini shunchaki, chuvalashtirib oladi. Dengiz jonzoti o‘z qurbonini tanovul qilib bo‘lganidan so‘ng hazm qilinmagan ovqat qoldiqlari og‘zi orqali chiqib ketadi.
Eng g‘aroyib jihati, meduzalar qayta tiklanuvchi jonzotlardir. Ular tanasining uzilib ketgan qismlarini qayta tiklash xususiyatiga ega. Jarohatlari o‘rni darhol bitib, uzilgan a’zolari qayta o‘sib chiqaveradi. Ularning barcha hujayralari almashuvchan bo‘lgani bois hatto qismlarga bo‘linib ketganda ham qayta tiklanadi va ulardan ikkita tur hosil bo‘ladi. Qizig‘i, katta meduzadan katta, lichinkadan esa lichinka paydo bo‘ladi. Chunki meduzalar qayta “tug‘ilayotgan” vaqtda ham avvalgi yoshini unutmaydi.
Sayyoramizda meduzalarning 200 dan ortiq turi bor va ularning hammasi bir-biridan farq qiluvchi alohida olam. Ular orasida ssifomeduza deb ataluvchi tur ancha murakkab tuzilishga ega. Hajmi jihatidan nisbatan yirikroq bo‘lib, bu turga kiruvchi sianeya jahondagi eng katta medusa hisoblanadi. Uzunligi 37 metrga boradigan ushbu meduza sayyoramizdagi eng uzun jonzot hamdir. Tanasi yirik bo‘lgani bois, ovqatni ham ko‘p yeydi. Hayoti davomida 15 ming baliqni paqqos tushiradi. Yirtqich bo‘lishiga qaramay, suv tubidagi o‘lik organizmlar bilan ham oziqlanadi. Tabiatan asab va mushak tizimi, sanchish va sezgi hujayralari, og‘iz bo‘shlig‘i ancha yaxshi rivojlangan. O‘rtacha bir yil yashaydi.
Meduzalar orasida eng tezkori kubomeduza bo‘lib, u daqiqasiga 6 metrgacha suzish bilan birga, o‘z harakat yo‘nalishini osonlik bilan o‘zgartira oladi. Ammo u inson uchun juda xavfli. Uning chaqishi ko‘pincha o‘lim bilan tugaydi.
Dunyodagi eng zaharli medusa “Dengiz arisi” deb nomlanadi. Avstraliya qirg‘oqlari atrofida yashovchi mazkur tur o‘z qurbonini bir necha daqiqadayoq halok etadi. Tanasi shaffof bo‘lgani bois, suvda deyarli ko‘zga tashlanmaydi, shuning uchun unga osongina tegib ketish va tayyor o‘ljaga aylanish mumkin. Tanasining hajmi kattagina bo‘lib, basketbol to‘piga teng. Shunchaki suzgan vaqtida ham qo‘llarining uzunligi 15 sm.gacha qisqaradi va deyarli ko‘rinmay qoladi. Ammo o‘ljasini ovlayotganida qo‘llari 3 metrgacha uzayadi. Asosan qisqichbaqa va mayda baliqlar bilan oziqlanadi. O‘zi esa zaharga ta’sirchan bo‘lmagan dengiz toshbaqalariga o‘lja bo‘ladi.
Meduzalarning yana bir g‘aroyib turi stavromeduzalardir. Ular boshqa turlardan farqli tarzda suvda suzmaydi, aniqrog‘i, umuman harakatlanmaydi. Doim bir yerda harakatsiz turaveradi. Tashqi ko‘rinishi yumaloq shaklli jomga o‘xshaydi. Tanasining qoq markazida og‘zi, atrofida esa uzun qo‘llari joylashgan. Har bir qo‘lining uch qismida kalta paypaslagichlari bor. Hayotining asosiy qismini bir yerda turish bilan o‘tkazadi va faqat zarur bo‘lgandagina harakatlanishi mumkin. Shunda ham suv tubida qo‘llariga tayangan holda turadi va juda sekin, bir sutkada bir necha qadamgina suzadi.
Meduzalar orasida eng e’tiborlisi “Turritopsis nutricula” turi bo‘lib, u oldinroq ta’kidlanganidek, inson zoti aniqlagan yagona o‘lmas mavjudot sanaladi. Ko‘rinishi jihatidan boshqa meduzalarga o‘xshaydigan mazkur tur biologik jihatdan sira o‘lmaydi va har safar qayta tug‘ilaveradi. U voyaga yetgach, dengiz tubiga tushadi-da, lichinkaga aylanadi va qaytadan yangi meduza holida paydo bo‘ladi. Bu jarayon bir bor emas, doimiy tarzda takrorlanadi. Shu tariqa, uni biror yirtqich yeb yubormaguniga qadar yashashda davom etadi.
So‘nggi vaqtlarda insonlar orasida meduzalarga qiziquvchilar soni ortib, uni akvariumda saqlash urfga kirmoqda. Aytishlaricha, sokin harakatlanuvchi ushbu fantastik jonzotlar asablarni tinchlantirib, kishiga xotirjamlik berar ekan. Biroq uning jozibasiga mahliyo bo‘lib, zahriga duch kelib qolish hech gapmas. Axir, ming qilsa ham meduzalar suv dunyosining
zaharli va yirtqich jonzotlari sanaladi. Buning ustiga, ular iflos suvga o‘ta ta’sirchan va tuzsizlikka chidolmagani tufayli, uy sharoitidagi akvariumda tutib turish oson emas. Shu bois ushbu g‘aroyib jonzotlarni yirik jamoat akvariumlarida tomosha qilish va o‘sha yerning o‘zida ularning takrorlanmas ko‘rinishidan hayratlanish bilan kifoyalangan ma’qul.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.