O‘zbek jurnalistikasi tarixida ilk marotaba 10 jildlik to‘plam nashr etildi
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida jurnalistika sohasiga oid 10 jildlik qo‘llanmaning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Milliy universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori v.b. Dilshod Saidjonov tadbirni ochib berar ekan, qo‘llanma majmuasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yetuk, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega sifatli kadrlar tayyorlash, jamiyatda so‘z erkinligi, OAVning o‘rni va rolini yanada oshirishga qaratilgan islohotlar samarasi ekani haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beruvchi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari faoliyatida ushbu qo‘llanmaning ahamiyati nechog‘lik muhim ekanligi haqida so‘z bordi.
— Barcha sohada amaliyot bilan nazariya yonma-yon yuradi. Ba’zan unisi o‘tib ketadi, ba’zan bunisi. O‘zbek jurnalistikasida nazariya ancha orqada qolib ketgan edi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Xurshid Do‘stmuhammad. — Qo‘llanmaning har bir jildi “Jurnalistika nazariyasi, tarixi va taraqqiyoti”, “Jurnalistika huquqi va etikasi”, “Medialingvistika va tahrir”, “Media-marketing va menejment”, “Bosma ommaviy axborot vositalarida janrlar va mahorat masalalari”, “Audiovizual jurnalistika”, “Onlayn jurnalistika va mediada yangi trendlar”, “Zamonaviy media muhitda PR-xizmatlar”, “Ixtisoslashgan jurnalistika”, “Jurnalistika sotsiologiyasi va psixologiyasi” nomlari ostida 1000 nusxada nashrdan chiqarildi. Bu to‘plamning chop etilishi ushbu muvozanatni tenglashtirish uchun xizmat qiladi.
Ushbu qo‘llanma ochiqlik siyosatining yanada rivoj topishi hamda uning asosiy ishtirokchilari sanalmish jurnalist va blogerlarning nazariy bilimlarini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
Charos YOQUBOVA