“Xamsa” asarining taqdimoti o‘tkazildi
Chilonzor tumanidagi 200-maktabda Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiyni anglash — o‘zlikni anglash” nomli tadbir, shuningdek “Xamsa” asarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktori Ravshan Ulug‘ov, nashriyot bosh muharriri Habib Abdiyev, professor Uzoq Jo‘raqulov, shoir Bobur Bobomurod hamda taniqli xonandalar ishtirok etishdi.
— Bugungacha nashriyotimiz tomonidan Mir Alisher Navoiyning 10 tomlik, 20 tomlik kitoblari nashr etildi. Bugungi taqdimotimizda “Xamsa”dagi har bir doston alohida 5 kitobdan iborat holda yangi dizaynda, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida chop etildi, – deydi nashriyotning bosh muharriri Habib Abdiyev. — O‘quvchilarni mumtoz adabiyotimizning shoh asarlari bilan yaqindan tanishtirish, maqsadida kitob taqdimotini maktabda o‘tkazishga qaror qildik.
O‘quvchilar o‘zi o‘qilgan g‘azal va ruboiylar, Navoiy hayotiga oid sahna ko‘rinishlari, professor va ijodkorlar tomonidan buyuk bobokalonimiz hayoti va asarlari haqidagi fikrlar o‘quvchilar bilimini yanada boyitdi.
— Biz yaqinda maktab darsligimizda Farhod va Shirin dostonini o‘qidik. Menga juda ham yoqdi. Tushunmagan joylarimizni o‘qituvchimiz tushuntirib berdi. Kitobimizda “Xamsa”dan parchalar keltirilgan. Uni to‘liq o‘qib chiqishni niyat qilgandim. Bugungi tadbirda nashriyot tomonidan maktabimizga kitoblar berilgani, ayniqsa, ular ichida “Xamsa”ning besh dostoni ham borigidan juda xursand bo‘ldim. Endi, albatta, ularni o‘qib chiqaman, – deydi shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi Mohira Sevindekova.
Tadbir yakunda maktab kutubxonasiga nashriyot tomonidan yuzdan ortiq kitoblar sovg‘a qilindi.
Charos YOQUBOVA