Sibir atirguli
Qadim o‘tgan zamonlarda uzoq o‘lkalarda Izabel ismli malika yashagan ekan. Uning pushti rangli atirgullari bo‘lib, malika ularni hammadan, hatto o‘zidan-da ortiq sevarkan. Qiz voyaga yetgach, uning qalbini bir shahzoda zabt etadi. Shahzoda Izabel bilan oila qurib, uni o‘z o‘lkasiga olib ketadi. Vaqt o‘tib malika o‘z sevimli gulini qo‘msay boshlaydi. Biroq shahzodaning vatani qorli o‘lkalar bo‘lgani bois, Izabel u yerda atirgullarni o‘stira olmasdi.
Atirgullarni qattiq sog‘ingan malika tushkunlikdan betoblanib qoladi. Shunda shahzoda uning ko‘nglini olish uchun Izabelning vatanidan sevimli gullari urug‘ini keltiradi. Malika ularni ekish uchun sovuq va qorong‘u o‘lkadagi qish chekinib, uning o‘rniga bahor kelishini uzoq kutadi. Nihoyat, qorli o‘lkaga bahor nafasi keladi. Izabel darhol bir chetga yashirgan gul urug‘larini yerga qadab, ularning unishini kuta boshlaydi. Oradan ikki hafta o‘tgach, gul unib chiqadi va shimolliklar hech qachon ko‘rmagan nihoyatda chiroyli, to‘q sariq rangdagi gul g‘unchalari ochiladi. Bir onda o‘lkaga atirgullarning betakror ifori taraladi. Odamlarning aytishicha, o‘shanda sovuq o‘lkaga sibir atirguli bilan birga issiqlik, yorug‘lik kirib kelgan ekan.
Sibir atirgulining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bu rivoyatni aksariyat kishilar shunchaki afsona deb qabul qiladi. Hatto hozir ham sovuq va qorong‘u Sibir o‘lkasida shunday chiroyli gul o‘sishi mumkinligiga ko‘pchilik ishonmaydi. Ammo bu maftunkor diyorda nafaqat atirgul, balki boshqa ko‘plab gullarni uchratish mumkin.
Sibir atirguli namlikni, to‘g‘rirog‘i, suvda cho‘milib yurishni yoqtirgani bois, uni ilmiy tilda cho‘miluvchi gul deb ham atashadi. U har yerda ochilib yotadigan gullardan emas. Asosan, daryo bo‘ylari, sersuv o‘tloqlar, maysazorlar, tepaliklar, hatto o‘rmonlarda o‘suvchi sariq o‘simlik Rossiya yoki Sibirning markaziy qismida yashovchi aholiga ko‘proq tanish. Bu gul kelib chiqishiga ko‘ra turli o‘lkalarda turlicha nomlanadi. Yevropaliklarning afsonalarida aytilishicha, u ayiqtovon o‘simligi oilasiga mansub bo‘lib, uni o‘rmon trollari juda yoqtirgan va hatto nemis tilida “trollar guli” deb nomlashgan.
Ayiqtovon o‘simligi G‘arbiy Yevropa, Rossiya, Xitoy, Yaponiyada keng tarqalgan bo‘lib, tabiatda uning 20 ga yaqin turi uchraydi. Gullarning har bir turi o‘ziga xos barglari, hurpaygan tupi, yumaloq gullari hamda yorqin ranglari bilan bir-biridan farq qiladi. Ular orasida eng g‘aroyibi bo‘lgan Sibir atirguli asli Sibir o‘rmonlarida o‘ssa-da, to‘q sariq rangi sabab xalq tilida issiq, olov nomlari bilan ham ataladi. Sariq rangli atirgullar bilan qoplangan maysazorlar nihoyatda maftunkor va bayramona ko‘rinishi bilan kishilarni hayratga solmay qolmaydi.
Bugun yovvoyi tabiat bag‘ridan yo‘qolib borayotgan Sibir atirguli allaqachon “Qizil kitob”ga kiritilgan. Ammo ushbu gulning bog‘da o‘sadigan turlarining son-sanog‘i yo‘q. Uni dekorativ gul sifatida Yevropa bog‘larida o‘stirish XVIII asrlardayoq boshlangan. O‘shanda gulni parvarishlash bilan shaxsan botanik Karl Linneyning o‘zi shug‘ullangan. Olim Sibirdan ushbu gulning Osiyo navini olib kelgan. Undan tashqari, atirgulning yevropa, xitoy, oltoy va boshqa navlari ham bor. O‘simlikning dekorativ turi nafaqat sariq yoki zangori, balki moviy va binafsha ranglarda bo‘ladi.
Sibir atirgulining kengligi 8 sm.gacha boradi. To‘q yashil rangdagi o‘simlikning gullari butasiga nomutanosib tarzda yorqin ranglarda bo‘ladi. Bog‘larda ushbu gulning ko‘proq gibrid turlarini uchratish mumkin. Uni parvarishlash murakkab emas. Biroq asosiy qoida — gulga doimiy namlik kerakligini unutmaslik lozim. Chunki quruq yerda u ko‘karmaydi va tezda nobud bo‘ladi. Tuproqning kislotalilik darajasi ham mo‘tadil bo‘lishi zarur. Shunday bo‘lsa-da, bu turdagi atirgul o‘zida namlikni yaxshi saqlagani bois uni muntazam sug‘orishga ehtiyoj bo‘lmaydi. Barglarini faqat kuzda kesish talab etiladi.
Sibir atirguli asalga boy gul bo‘lgani bois, hashoratlarni doim o‘ziga jalb etadi. Ammo uning gulbarglari sovuq harorat va kasalliklarga juda chidamlidir. Hozir bog‘ va dalahovlilarni Sibir atirguli bilan bezatish anchayin ommalashgan.
Sibir atirguli xalq tabobatida ham dorivor o‘simlik sifatida qadrlanadi.
Uning shifobaxsh xususiyati ko‘plab kasalliklar qarshi kurashishga yordam beradi. Gulning ayniqsa yevropa turi shifobaxsh bo‘lib, u shishlarni davolashda samarali ta’sirga ega. Gullari, ildizi va bargidan tayyorlangan damlamalar esa yallig‘lanishga qarshi vosita sifatida qo‘llaniladi. Faqat ildizidan tayyorlangan tindirma qichimada davo bo‘lsa, barglarining qaynatmasi oshqozon-ichak yo‘llari kasalligida shifo bo‘ladi. O‘simlikning barg va gullari qo‘shib tayyorlangan qaynatmani jigarni himoyalovchi mustahkam vosita sifatida qo‘llash mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, qachonlardir eng sovuq o‘lkalardan birida ochilib, insonlarga zavq ulasholgan Sibir atirguli bugun ham o‘z go‘zalligi-yu, betakror ifori bilan dunyoning barcha burchaklaridagi insonlarni hayratga solishda davom etmoqda. Zero, olovrang gullar yilning har qanday faslida ham qalblarga iliqlik baxsh eta olishi bilan qadrlidir.
Iroda TOSHMATOVA tayyorladi.