O‘zbekiston nega tarixini qayta ko‘rib chiqishi lozim?
Yaqinda Oksfordda bo‘lib o‘tgan seminarda siyosiy tarixchi Sergey Medvedev “xotira urushlari” haqida ma’ruza o‘qidi. Bu ma’ruza tezislari ayrim rus saytlarida “России предстоит осознать ужасы своей истории” (“Rossiya tarixining dahshatlarini anglashi lozim”) nomi ostida e’lon qilindi. Shu ma’ruzani o‘qib, o‘zbek tarixchiligidagi muammolar haqida o‘ylab qoldim.
Tarix — faqat tarix darsi degani emas
Tarix deganda odamlar ko‘proq maktabda, qisman universitetda o‘tiladigan “rasmiy”, “milliy” tarixni tushunadi. Aslida tarix — anchayin keng, biroz mavhum tushuncha; uning har xil ko‘rinishlari bor.
Avvalo, har bir insonning individual tarixi bor: qachon, qayerdan, kimdan kelib chiqqan, bugun kim? Har bir davlatda “rasmiy” tarix kodifikatsiya qilinadiki, u barcha individual tarixlarni birlashtirishga, bitta jamoa uchun umumiy bo‘lgan tarixni ko‘rsatib berishga da’vogarlik qiladi.
Bu nima uchun kerak?
Jamiyatni jipslashtirish uchun. Bitta davlatda yashayotgan hamma og‘a-ini ekanini, umumiy tarixga ega ekanini ko‘rsatish uchun.
Qolaversa, tarix orqali bugungi g‘oyalar yoshlarga singdiriladi. O‘tmish ham bugungidek bo‘lgani, olis tarixdagi bobolar ham bugungidek fikrlagani qistirib o‘tiladi. “Pushkin tirik bo‘lganida, u albatta Putinni qo‘llab-quvvatlardi” qabilidagi g‘oya yetkaziladi.
Bu yaxshimi, yomonmi?
Bir qarashda yaxshiday. Lekin, Soljenitsin aytganiday, “uslublar qabihligi natijalar qabihligida meva beradi”. “Milliy” tarixga qator e’tirozlar tug‘iladi:
— millatni birlashtirish uchun doim ham haqiqat yozilyaptimi? Yoki faktlar soxtalashtirilyaptimi, o‘tmish qahramonlashtirilyapti?
— soxtalashtirilgan o‘tmish asosiga milliy birdamlikni qurishning axloqiy javobgarligi qanday bo‘ladi?
— soxtaliklar, berkitilgan faktlar chiqib kelsa, “birlashtirilgan” millat yana sochilib ketmaydi? Odamlarda “yolg‘onga ishongan ekanmiz” degan hafsalasizlik vujudga kelmaydimi?
— o‘tmish asosiga bugun qurilsa, odamlar bugungi kun tashvishlaridan uzoqlashib ketmaydimi? “Bugun” “kecha”dan muhimroq-ku.
Masalaning yana bir jihati bor. Bir davlatning “milliy” tarixi boshqa davlatning “milliy” tarixiga mos kelmasligi mumkin. Kesishuv nuqtalarida “xotira urushlari” yuzaga keladi.
“Xotira urushlari” nima?
Uzoq o‘tmishdagi voqealar tufayli bugungi siyosatda yuzaga kelayotgan diplomatik mojarolar, davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar “xotira urushlari” deb ataladi.
Ayniqsa, yangi tarix voqealari bugungi kunga kuchli ta’sir o‘tkazadi. Negaki, u voqealarni ko‘rgan odamlar hali ham tirik, yoki ularning avlodlari eski xotiralarni saqlab kelmoqda. Shu bois yaqin o‘tmish haqida gap ketganda, qizg‘in bahslar avj oladi. Bugungi odam bobosi qandaydir yolg‘on mafkuraga ishonib yashaganini qabul qilolmaydi, albatta bobosini oqlashga harakat qiladi. Qolaversa, bugungi millatlar va davlatlar oxirgi 200–300 yil ichida shakllangan. Shu vaqt oralig‘idagi biror voqeaga yopishib olib, butun boshli millatlar va davlatlarning mavjudligini, legitimligini shubha ostiga olish mumkin. Shu-ning uchun yaqin o‘tmish haqida gap ketganda har qanday davlat siyosiy kontekst ko‘radi. To‘g‘ri-da, kimdir “100 yil oldin noto‘g‘ri bir qaror bilan davlating chegaralari belgilab berilgan ekan, sen legitim davlat emassan, seni tarqatib yuborish kerak”, desa, bu kimga yoqadi?
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng “milliy” tarixlar qayta ko‘rib chiqilgan edi. Bu borada Germaniya misoli diqqatga sazovor: nemislarni ommaviy ravishda kinoteatrlarga majburiy olib borib, fashistlarning jinoyatlari haqidagi filmlarni qo‘yib berishgan. So‘ng ularni qotilliklar ro‘y bergan lagerlarga olib borishgan. Shu tariqa nemislarning yangi avlodi kollektiv aybdorlik hissi bilan o‘sib-ulg‘aydi. Hatto bugun ham ular Ikkinchi jahon urushida sodir etgan jinoyatlari uchun aybdorlik his qilib yashaydi, uni yuvishga harakat qiladi. Germaniya Yaqin Sharqdan milliondan ortiq qochqin qabul qilishiga sabab ham shu: bir paytlar axloqsizligi, vahshiyligi bois insoniyatni halokat yoqasiga olib kelib qo‘ygan millat bugun axloqiy davlat qurishga intilmoqda.
Germaniya xolokostdagi, Ikkinchi jahon urushidagi aybini e’tirof etib, qayta tiklandi, yangi millat qurdi, nemislarning psixologik holatini yaxshiladi. Bu yo‘ldan boshqa postimperial millatlar borishga urinmoqda:
amerikaliklar qora tanlilar oldidagi aybini yuvish bilan ovora, Angliya, Fransiya, Italiya, Ispaniya kolonial jinoyatlarini o‘rganmoqda.
Lekin Sharqda vaziyat boshqacharoq. Turkiya genotsid masalasi tufayli Armaniston bilan kelisholmayapti va Yevropa Ittifoqiga qo‘shila olmayapti; Rossiya Ikkinchi jahon urushidagi ahamiyati atrofiga yangi o‘zligini qurib, bu urushga munosabatga qarab do‘st-dushmanni ajratmoqchi: Ikkinchi jahon urushini Germaniya boshlaganini, SSSR buyuk g‘alaba qozonganini e’tirof etsang, do‘stsan, Ikkinchi jahon urushi boshlanishida SSSRning ham qo‘li borligini aytsang, Stalin jinoyatlarini eslasang, dushmansan. Hatto rivojlangan Yaponiya ham 40-yillarda Xitoyda uyushtirgan qirg‘inlarini tan olmaydi.
Ayni paytda G‘arbda ham vaziyat o‘zgarmoqda: multikulturalizm siyosati omadsizlikka yuz tutdi, muhojirlar mahalliy xalqlarga qo‘shilib keta olmadi, musulmon diasporasi bilan ixtilof avj olsa olyaptiki, tinmayapti. Buning natijasida Yevropada va AQShda konservatorlar bosh ko‘tarmoqda. Ular yana tarixni qayta ko‘rib chiqishga, unutilgan “qahramon”larni tiklashga urinmoqda. Ispaniyada shu yillarda fashist diktatori Franko tarafdorlari ko‘payib qolganini, Fransiyada Marin le Pen boshchiligida o‘ng millatchilar katta kuchga aylanganini, Skandinaviyada yana millatchilik bosh ko‘targanini, AQShda konservatorlar nomzodi Tramp hokimiyat tepasiga kelganini aytib o‘tish mumkin.
Dunyo mana shunday “xotira urushlari” girdobida qolgan bir paytda O‘zbekistonda nima bo‘lyapti?
O‘zbek tarixi qachon yozilgan?
Sovet davrida. Aynan sovet davrida bugungi O‘zbekiston chegaralari chizib berildi, yangi o‘zbek sotsialistik millatining “milliy” tarixi kodifikatsiya qilindi. Bu tarixning asosiy paradigmalari:
— o‘zbeklar — mahalliy eroniy qabilalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ridan avlodlari, ular bu yerda 3 ming yildan beri yashaydi, ular mintaqadagi eng qadimgi davlatlar bunyodkoridir;
— ko‘chmanchi o‘zbeklar bugungi o‘zbeklarga deyarli hech qanday ta’sir o‘tkazmagan, o‘z nomini bergan xolos;
— o‘zbek xalqi buyuk o‘troq madaniyat yaratgan, yovuz kelgindilar hamisha ularning rivojlangan yerlarini bosib olishga uringan; o‘zbek xalqi hayoti ozodlik yo‘lidagi tinimsiz urush va qo‘zg‘olonlarda o‘tgan;
— xonlar, sultonlar, aristokratlar hamisha oddiy xalqni ezib kelgan; o‘zbeklar nafaqat chet ellik bosqinchilarga, balki mahalliy ekspluatatorlarga qarshi ham sinfiy kurash olib borgan;
— vaziyat ayniqsa xonliklar davrida yomon bo‘lgan (ular SSSRning jonli, to‘g‘ridan to‘g‘ri dushmani bo‘lgani uchun ayniqsa o‘ta qora bo‘yoqlarda ko‘rsatilgan);
— faqat sovet davriga kelibgina o‘zbeklar chinakamiga ozodlikka erishdi, millat o‘laroq rivojlandi.
Bugun ahvol qanaqa?
Bugungi o‘zbek tarixi — sovet tarixining aynan o‘zi. Bir-ikkita kichik o‘zgarishni aytmasa. Mana o‘zgargan paradigmalar:
— xonlar, sultonlar yomon bo‘lgan, lekin Temur va Temuriylar yaxshi bo‘lgan;
— sovet davri ham aslida o‘zbeklar ozodlikka chiqqan davr emasdi, balki Rossiya imperiyasi mustamlakachiligining davomi edi;
— faqat mustaqillik davriga kelibgina o‘zbeklar chinakamiga ozodlikka erishdi, millat o‘laroq rivojlandi.
“Xotira urushlari” holatida bu paradigmalar qanchalik o‘rinli?
O‘zbekiston SSR tarixi SSSR realligiga va mafkurasiga moslab yozilgan edi. Bugungi kunda bu tarix na yosh avlodni milliy mafkura ta’sirida tarbiyalay oladi, na o‘tmishning obyektiv kartinasini ko‘rsata oladi. Aksincha, ko‘plab tutash nuqtalar qo‘shni davlatlar bilan “xotira urushlari”ini keltirib chiqarishi mumkin.
Boz ustiga, sovet davrida o‘zbek tarixiga juda selektiv munosabatda bo‘lingan: kerakli tarixiy shaxslar, davrlar va voqealar saralab olingan, ular asosiga butun tarix qurilgan. Aslida muhim tarixiy rol o‘ynagan ko‘plab shaxslar, xalqlar, davrlar unutilgan.
Unutilganlarni eslash, ularga haqqoniy baho berish o‘zbek tarixchiligining axloqiy burchidir. Eng kamida tarix deideologizatsiyasi (mafkuradan xoli qilish), degeroizatsiyasi (qahramonlashtirishni to‘xtatish), o‘tmishda buyuk hodisotlar qatorida qora sahifalar ham borligini tan olish lozim. Qayta ko‘rib chiqilgan tarix odamlarning o‘tmishiga va buguniga munosabatini o‘zgartirib yuboradi. Mana shu impuls o‘zbek jamiyatidagi tub o‘zgarishlarga, qayta tiklanishga sabab bo‘lishi mumkin. Germaniya buning misoli.
Eldor ASANOV