Boburning “Hind sori” yuzlanishi: sabab, qiyos, tahlil
Movarounnahr tarixida o‘chmas iz qoldirgan, Afg‘oniston va Hindiston tarixida esa bir necha asrga tatigulik burilish yasagan, bu mamlakatlar xalqlarining madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida katta o‘zgarish qilgan buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, mumtoz ijodkor Zahiriddin Muhammad Bobur podshohi g‘oziy hind sarzaminida Boburiylar saltanatiga asos soldi.
Hindistonda Bobur tamal toshini qo‘ygan davlat tarixi haqida bugungi kun tarixchilari va tadqiqotchilari tomonidan fikr bildirilar ekan, Boburning nega aynan Hindistondek noqulay va ayni vaqtda murakkab (noqulay atalishiga sabab, iqlimining Turkistondan tubdan farqlanishi; murakkabligiga sabab hind millatining etnologiyasi va dinidagi ko‘ptarmoqlilik) hududni tanlagani qiyin bir savolni o‘rtaga tashlaydi: “Nega aynan Hindiston?”.
Ushbu masala yuzasidan mamlakatimiz hamda dunyoning turli olimlari turlicha farazlarni ilgari surgan. Masalan, taniqli o‘zbek olimi N.Nizomiddinov o‘zining “Buyuk Boburiylar tarixi” kitobida ma’lumot berishicha, Boburshohning aynan Hindistonni tanlashiga quyidagi uch omil sabab bo‘lgan:
1. Temuriylar inqirozidan keyingi umumiy beqarorlik. Ya’ni, Shayboniyxon bosqini natijasida sulolada avjiga chiqqan feodal-siyosiy inqiroz.
2. Temuriylarning sobiq saltanat o‘rnida davlat qurish yo‘lidagi urinishi. Odatda barcha podshohzodalarning fe’l-atvorida bo‘lganidek, Boburning ham qalbida buyuk markazlashgan davlat qurishdek orzu jo‘sh urgan edi.
4. Hindistonda qotib qolgan diniy aqidalar va ijtimoiy turmush. Bu holatni Hindiston Respublikasining birinchi Bosh vaziri Javoharla’l Neru shunday ta’riflaydi: “Ahvol yana shu boisdan yomonlashgan ediki, qotib qolgan diniy aqidalar va o‘ta biqiqlik turmushning asosini tashkil qilib, taraqqiyotni to‘xtatib qo‘ygan edi”.
Yuqoridagi masala yuzasidan hind tarixchi olimi L.Sharma ham fikr bildirib, shunday deydi: “Shayboniylar va eroniylar o‘zaro urushda bir-birlarini yenga olmagach, ulardan hech biri Kobuldagi Boburni bezovta qila olmaydi”. Demak, uning fikricha, Safaviylar va Shayboniylar o‘rtasidagi Xuroson uchun kurash hamda tomonlarning hech biri bu kurashda yaqqol g‘olib emasligi, natijada Kobulning bezovta etilmasligi, uzoq yillik tayyorgarlikdan keyin siyosiy jihatdan tarqoq Hindistonni zabt etishga Boburda katta imkoniyatni vujudga keltirgan. Xuddi shu masala yuzasidan ingliz sharqshunosi Denison Ross esa, Boburda Hindistonni zabt qilish orzusi “Kobuldagi soliq yig‘ish jarayoni muvaffaqiyatsiz kechishi” ortidan shakllangan deydi. Ya’ni, Afg‘on tuprog‘idan yetarli darajada mablag‘ topilmagach, Bobur noiloj azaliy va afsonaviy boyliklar maskani Hindistonni mo‘ljal ostiga olgan. Rus muarrixlaridan K.Antonova ham yuqoridagi masala yuzasidan fikr berib, quyidagilarni aytgan: “Bobur bu yurishdan (Hindiston) qaytgudek bo‘lsa, uncha katta bo‘lmagan hududning kichik bir hokimi bo‘lib qolishini yaxshi bilar edi”. Geografik jihatdan chor tomoni tog‘lar qurshovidagi Kobul, balkim, chin ma’noda buyuk orzular jo bo‘lgan yurakka torlik qilgandir, ehtimol.
Shunday qilib “Nega aynan Hindiston?” savoliga har turli javoblar iddao qilingan bir pallada, o‘zbek olimasi, akademik S.Azimjonova ortiqcha isbot talab qilmaydigan yo‘l tutgan va “Boburnoma”dan quyidagi ma’lumotlarni taqdim etgan: “Bu so‘zlar orag‘a tushtikim, o‘zbak va Shayboqxondek yot el va qari dushman jami’ Temurbekning avlodining iligidagi viloyatqa mutasarrif bo‘ldilar. Turk va chig‘atoydin har go‘sha va kanorda kim qolib edilar, ba’zi rag‘bat bila, ba’zi qahr bila o‘zbakka payvasta bo‘ldilar. Bir men Kobulda qolib edim. Dushman bisyor qaviy, biz ko‘p zaif, ne maslahat qilmoqqa ehtimol, ne muqovamat qilmoqqa majol. Muncha quvvat va qudrat. O‘zumizga bir yer fikrini qilg‘uluqdur va bu miqdor bafurja fursatta qaviy dushmandin yiroqroq ayrilg‘uluqtur, yo Badaxshon jonibi, yo Hinduston sori jazm qilmoq kerak”.
Chindan-da, Bobur Mirzo 1504-yildan e’tiboran Kobul viloyatini boshqarar ekan, to 1512-yilgi G‘ijduvon mag‘lubiyatini boshidan o‘tkazmagunigacha Movarounnahrdan umidini uzmaydi, ammo 1512-yil noyabr oyida shayboniyzodalarning bergan kuchli zarbasi ortidan endi u bir umr taqdirga tan berishga majbur bo‘ladi. Fikrimizcha, hammasi aynan 1512-yilgi mag‘lubiyatdan keyin boshlangan. Shu o‘rinda yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, “Nega aynan Hindiston?” savoliga shaxsiy fikrlarimizni ham berib ketsak:
Birinchidan, oxirgi vaqtlarda shayboniyzodalar Ko‘chkinchixon hamda Ubaydulloxonlar zamonida Buxoro xonligi harbiy jihatdan bir qadar o‘zini tiklaydiki, Kobuldek kichik viloyatda faoliyat boshlagan Bobur ularga qarshi harbiy qudratni shakllantira olishi mahol edi.
Ikkinchidan, Movarounnahr uchun qayta Erondan yordam olishga Boburning o‘zida istak topilmagan bo‘lishi mumkin. Sababi, birinchi bor qizilboshlardan olingan yordam, sunniy mazhabidagi Movarounnahr aholisining nazarida katta diniy xatolik, ta’bir joiz bo‘lsa, sunniylikdan chiqish deya qabul qilingan edi (Ayni vaqtda, G‘ijduvon mag‘lubiyatiga xalqning qo‘llovi bo‘lmaganligi ham katta ta’sir etgan edi). Shu bois xalq Bobur boshchiligidagi shia boshqaruvidan ko‘ra, sunniy boshqaruvidagi dashtliklarni a’lo deb bildi. Qolaversa, bu vaqtlarda Eronning o‘zi ham qiyin ahvolda edi, boisi 1514-yili Usmoniy turklar sultoni Sulton Salim I Ismoil Safaviyni o‘zaro jangda mag‘lubiyatga uchratadiki, natijada Safaviylar davlati ham murakkab vaziyatni boshidan o‘tkazar edi. Bundan tashqari, Bobur bilardiki, agar vaziyatni shu holicha qoldirsa, vaqti kelib, o‘zining g‘arbiy qo‘shnisi Eron Safaviylari baribir Kobul tuprog‘idan umidvor bo‘lishadi.
To‘rtinchidan, o‘sha vaqtlarda Hindistonda feodal tarqoqlik mavjud bo‘lib, jami besh nafar musulmon podshoh hamda ikki g‘ayridin hukmdor saltanat talashar, ayni vaqtda ularning hammasi o‘zaro qizg‘in dushmanlik kayfiyatida edi. Bu haqida Bobur mirzoning o‘zi quyidagi ma’lumotlarni yozib qoldirgan: “Rano Sango kofir agarchi biz Kobulda ekanda elchi kelib edikim, podshoh ul tarafdin Dehli navohisiga kelsalar, men bu soridin Ogra ustiga yuriymen”. Demak, Rajputlar sardori Boburning Hindistonga kirishidan manfaatdor bo‘lgan hamda unga ittifoqchilik qo‘lini cho‘zgan edi. Bundan tashqari, o‘sha vaqtlarda Dehli atrofida hukm surayotgan Lo‘diylar sulolasida ham ichki kelishmovchiliklar bisyor ediki, oxirgi vaqtlarda hukmdor tomonidan imtiyozlardan bekor qilingan Davlatxon va Olamxon Lo‘diy ham Bobur bilan aloqa o‘rnatib, uni Ibrohim Lo‘diyga qarshi da’vat etgan edi.
Shu tariqa yuqoridagi keltirilgan omillarning hammasi birlashgan holda buyuk fotih Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistondek murakkab hudud uchun tavakkal etishiga rag‘bat bergan edi. Ha, chin ma’noda tavakkal qilishga. Boisi, manbalarga tayansak, Bobur Hindistonning o‘sha vaqtdagi harbiy-siyosiy ahvolini qay darajada bilmasin, mushohada etmasin, baribir dushman kuchlari yetarli miqdorda ustun edi. Qolaversa, hayotning achchiq zarbalari ortidan orttirilgan kuchli tajriba, goh unchalik nazarga tushmaydigan shahzoda, goh mag‘lub sarboz, goh g‘olib sarkarda ko‘rinishidagi Bobur Mirzoga bu safar buyuk g‘alabani in’om qildi. Hamda dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan saltanat shakllandi.
Bahromjon XUDOYBERDIYEV, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘qituvchisi