“Tole’”yi baland “Boburnoma”ning “parol”i
So‘zlar ham tirik organizmga o‘xshaydi: tug‘iladi, turli sarguzashtlarni boshidan kechiradi, ba’zan vaqt o‘tgan sari tanib bo‘lmas darajada o‘zgaradi, bir tildan ikkinchisiga ko‘chadi, o‘ladi, xotiraga aylanadi va hokazo. Ba’zan bir so‘z bosib o‘tgan yo‘lda butun insoniyat tarixini kuzatish mumkin. Quyida buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida qo‘llanilgan ikki so‘z haqida biroz mulohaza yuritmoqchimiz.
“Boburnoma”da “parol” so‘zining muqobili bor
“Parol” so‘zi elektron pochta paydo bo‘lgandan keyin, ayniqsa, ommalashib ketdi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da unga bunday izoh berilgan: “PAROL — harbiy xizmatda yoki yashirin tashkilotlarda o‘z kishilarini tanish uchun uchrashganda aytiladigan va oldindan belgilab qo‘yiladigan shartli maxfiy so‘z”. Ammo hozirgi fransuz tilida “parol” so‘zi mazkur ma’nolarda qo‘llanilmaydi. To‘g‘ri, “parol”ning bosh ma’nosi “so‘z”, ammo biz tushungan “so‘z” ma’nosida fransuz tilida “mot” kalimasi ishlatiladi. Agar fransuzga“elektron pochtangizning parolini yozing”, desangiz tushunmaydi. Bu ma’noda fransuz tilida inglizcha “password” kabi “mot de passe” (“o‘tish so‘zi”) qo‘llaniladi (hozirgi fransuz tilida “parole” so‘zi: (biror marosimda) so‘z olish, so‘zga chiqish (prendre la parole); va’da, so‘z berish; qo‘shiq matni kabi ma’nolarda ishlatiladi).
Fransuzchani endi o‘rgana boshlaganimda “parole” fransuzcha “parler” (“so‘zlamoq”) fe’lidan yasalgan, deb o‘ylardim. Ular bir o‘zakdan bo‘lishi mumkin, ammo fransuz tilining izohli lug‘atlari “Le Petit Robert” va “Larousse”ni varaqlab, bu so‘zning ildizi lotin tilida qo‘llanilgan “parabola” so‘ziga taqalishini bildim. Lotin tilida “parabola” dastlab Injildagi diniy, majoziy (allegorik) hikoyalarga nisbatan ishlatilgan.
Ammo bu diniy atamani oddiy xalq o‘z tiliga moslab “paraula” shaklida talaffuz etgan, keyinchalik “paraula” “so‘z” ma’nosida italyan tiliga “parola”, fransuz tiliga “parole” shakllarida ko‘chgan.
Ammo “para-” — “yonida”, “yonma-yon”, “tashqarisida” kabi ma’nolarni bildiruvchi old qo‘shimcha ishtirokida yasalgan so‘zlar lotin tiliga yunonchadan o‘tgan (misol uchun: “parallel”, “parapsixologiya”). “Parabola”ning yunon tilidagi shakli “paravolí” (“παραβολή”) bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi ikki narsani o‘zaro “qiyoslash”, “solishtirish”dir. Shuningdek, bu atama “mazojiy (allegorik) hikoya”, “masal” ma’nolarida muqaddas kitoblardagi hikoyalarga nisbatan ham ishlatilgan.
Ammo “majoziy hikoya” ma’nosi “paravolí”ning o‘zak ma’nosidan anglashilmaydi, demak bu ma’no atamaga keyinchalik boshqa tildan yuklangan.
Ma’lumki, Qur’oni karimdan oldingi muqaddas kitoblar ibroniy tilida nozil bo‘lgan, mazkur kitoblardagi majoziy hikoyalarga nisbatan ibroniy tilida “mashal” so‘zi ishlatilgan, o‘z navbatida, “mashal” yunon tiliga “majoziy hikoya” ma’nosida “paravolí” so‘zi bilan tarjima qilingan.
Ayni paytda, yahudiy, arab va boshqa somiy xalqlarning (semit xalqlarining) tillari, ayniqsa, yahudiy va arab tillari bir-biriga yaqin. Masalan, ko‘plab so‘zlarni yahudiylar “sh” tovushi orqali, arablar “s” orqali talaffuz etadi, ya’ni “yil” — arab tilida “sana”, yahudiylarda “shona”; “bosh” — arab tilida “ra’s”, yahudiycha “ra’sh”; arabcha “salom” — yahudiylarda “shalom” singari. Shu kabi yahudiycha “mashal”ning arabcha shakli “masal”dir. “Masal” o‘zbek tilida ham faol, ya’ni biz ham uni “majoziy hikoya” ma’nosida qo‘llaymiz. Shunday qilib, yahudiycha “mashal” dastlab yunon tiliga “paravolí” deb tarjima qilingan, “paravolí” esa lotin tiliga “parabola” bo‘lib o‘tgan, “parabola” xalq tilida “paraula” deb talaffuz etilgan,“paraula”dan esa italyancha “parola”, fransuzcha “parole” so‘zlari paydo bo‘lgan va bu so‘z rus tiliga “parol” shaklida ko‘chganligining guvohi bo‘ldik.
Biz esa “parol”ni “shartli maxfiy so‘z” ma’nosida bilamiz, uning yuqorida keltirilgan etimologiyasi, asliyatdagi ma’nolari bizga begona. Xo‘sh, “shartli maxfiy so‘z” ma’nosini bildiruvchi “parol” so‘zining sof o‘zbekcha muqobilini topish mumkinmi? Shunga da’vogar bir so‘zni “Boburnoma” asaridan o‘qishimiz mumkin:
“Bu kayfiyat mundoq ekandurkim, Ayyub Bekchikning tumanidin bir necha mo‘g‘ul O‘shdin bizdin ayrilib qazoqliqqa Andijonning girdig‘a kelgan ekandurlar. Bizning cherikning g‘avg‘osin eshitib, inchkalik bila ilgarrak kelib o‘rondashurlar (ta’kid bizniki — A.H.). Bu o‘ron ikki nav’ bo‘lur: ulkim, har qavmning o‘roni bor, nechukkim, ba’zi qavmning o‘roni “durdona”dur va ba’zining “to‘qboy”, ba’zining “lulu”; yana bir tamom cherikka ish mahalida ikki lafzni o‘ron qo‘yarlarkim, ish vaqtida uchrashqonda, biri bir lafzni aytqonda, yana biri ul ma’hud (ahdlashilgan — A.H.) lafzni aytqay, to bu tariq bila ul yog‘iydin ayrilg‘ay va o‘z kishisini yotdin farq qilg‘ay” (“Boburnoma”. 2002. 92-bet).
Ya’ni ushbu o‘rinda Bobur Markaziy Osiyoda mo‘g‘ul qavmlari o‘rtasida Chingizxondan keyin ham uning harbiy an’analari davom ettirilgani haqida gapiradi. Boburga ko‘ra, “o‘ron” — ikki tomon o‘rtasida kelishib olingan, “ahdlashilgan”, “shartli maxfiy so‘z”. “O‘ron ikki xil bo‘ladi, — deydi Bobur, — birinchisi, har bir qavmning, urug‘ning o‘z maxfiy so‘zi bo‘ladi. Ikkinchisi, ish, ya’ni jang yoki ziddiyat mahali askarlar o‘rtasida “maxfiy so‘z” kelishib olinadi va o‘z odamini dushmandan farqlash uchun o‘sha so‘z aytiladi”.
E’tibor qilinsa, Boburning “o‘ron” so‘ziga bergan mazkur izohi hamda “parol” so‘ziga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da keltirilgan sharh deyarli bir xil. Ya’ni ikkalasi ham: “o‘z kishilarini tanish uchun uchrashganda aytiladigan va oldindan belgilab qo‘yiladigan shartli maxfiy so‘z”, deb izohlangan.
“O‘ron” — “o‘z”, “o‘zimizniki” ma’nolaridagi mo‘g‘ulcha “o‘r”, “o‘rov” so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin, ammo bu so‘zni turkiylarga begona deb bo‘lmaydi. Mirzo Ulug‘bek “To‘rt ulus tarixi”da mo‘g‘ul tili ilgari turkiy tilga yaqin edi, deb yozadi. Qolaversa, turkiy xalqlarda azaldan har bir qabilaning o‘z belgisi bo‘lgan. Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘otit turk”da yigirma ikki o‘g‘uz urug‘ining “har birining maxsus belgilari, tamg‘alari” bo‘lganligini yozadi (1-tom, 89-bet). Chingizxon o‘rdasining aksariyat qismini esa turkiy qabilalar tashkil etgan. Demak, bu so‘z Oltin O‘rdaga daxldor turkiy qavmlar, xususan, 92 o‘zbek urug‘iga ham tanish bo‘lgan, deyish mumkin.
O‘zbek xalq dostonlarida “o‘ron” emas, “o‘rol” so‘zi ko‘p uchraydi. Xususan, “Malikayi Ayyor” kitobidan olingan ushbu iqtibosdagi kabi: “Shunda devlar Avazga qarab: — O‘, jiyanim! “Yo‘l bo‘lsin” — gapning o‘roli bo‘ladi, sizlarga yo‘l bo‘lsin, — dedi”. Yoki Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan yozib olingan “Ravshan” dostonidan: “O‘zbekka “yo‘l bo‘lsin” degan so‘z gapning o‘roli bo‘ladi”. Yoki Tog‘ay Muroddan: “Gapning o‘roli keldi, aytayin...” (“Otamdan qolgan dalalar”). Guvohi bo‘lganimizdek, keltirilgan hamma misollarda “o‘rol” “gap”ning sifati bo‘lib kelyapti. Lug‘atda: “o‘rol — gap yoki nutqning boshi, boshlanish, muqaddima”, deb izohlangan. Yuqorida biz “parol” so‘zini mushohada etganda “parabola” xalq tiliga “paraula” shaklida ko‘chganligining guvohi bo‘ldik. “O‘ron” va “o‘rol”da ham shunday hodisa sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi…”
Bobur asarlarini o‘qiganda ular dilga yaqinligi, samimiyati bilan ham kishini o‘ziga jalb etadi. Xususan, quyidagi ruboiy besh asr o‘tib ham xuddi kechagina qulog‘imizga aytilganday:
Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim — xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yub, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?!
Ushbu misralarda bugungi o‘quvchi uchun tushunarsiz so‘z yo‘q, ammo “tole’ yo‘qligi”ni qanday izohlash mumkin? Shoir barcha omadsizliklarining sababchisi faqat bir narsa — tolesizlik ekanligidan shikoyat qilyapti, go‘yoki “tole’ yo‘qligi” tarozining bir pallasida, boshqa barcha tafsilotlar ikkinchi pallasida. Nega Bobur bu yerda aynan “tole’” so‘zini qo‘llagan, uni “baxt”, “omad”, “taqdir” yoki boshqa so‘z bilan almashtirish mumkinmi?
“Tole’” so‘zi asli arabcha, “chiqayotgan”, “ko‘tarilayotgan” kabi ma’nolarni bildiradi. U “tala’a”(طلع) o‘zagining masdari. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “tole’” so‘zi “omad”, “baxt” deb izohlangan. Ammo “tala’a” fe’lining biror bobida (arab nahvida fe’l boblari degan hodisa mavjud) “omad” yoki “baxt”ga yaqin ma’no ko‘rmadik. Buning sababi, “tole’” so‘zi aslida lotincha “assendent” atamasining arabcha tabdilidir. Lotincha “assendo” fe’li ham “tala’a” singari “ko‘tarilish”, “chiqish” kabi ma’nolarni bildiradi.
Islom olamining uyg‘onishi, ilm-fan borasida yuksak cho‘qqilarga erishilgan Abbosiylar davrida juda ko‘p ilmiy asarlar lotin, yunon, sanskrit va boshqa tillardan arab tiliga o‘girildi. Shu jumladan, Batlimus- (Ptolemey)ning “Al-Majistiy” va boshqa asarlari ham. “Al-Majistiy” — astronomiyaga oid qomusiy asar. Batlimusning boshqa asari — “Tetrabiblos” astrologiyaga oid. Ya’ni o‘sha davrda shu kabi ilmiy asarlar bilan birga ko‘pgina ilmiy atamalar ham arab tiliga tarjima qilingan. Shu bilan birga, ilm-fan, xususan, falakiyot ilmlari Islom olami olimlari tomonidan yanada rivojlantirildi va o‘z navbatida, Nadir (Nazir),
Zenit (samtur-ra’s), aldabiran kabi yuzlab asli arabiy, forsiy bo‘lgan atama va ismlar bilan bu ilmlar boyitildi.
“Assendent” deb — ilmi nujum (astrologiya) va ilmi hay’at(astronomiya)da – epliptika chizig‘ining sharqiy ufq (kunchiqar) bilan kesishgan nuqtasiga nisbatan aytiladi. “Tole’” atamasi ham dastlab falakiyotchi olimlar tomonidan faqat shu ma’noda qo‘llanilgan. Astrologiyada “assendent”, ya’ni “tole’” nuqtasi muhim hisoblanadi. Inson tug‘ilgan soniyada kunchiqarda qaysi burj bo‘lganligi, qaysi sayyora kunchiqardan ko‘tarilayotganligi yoki boshqacharoq aytsak, tulu’ etayotganligiga qarab munajjimlar uning fe’l-atvori, tashqi ko‘rinishi haqida ma’lumot bera oladi. Ilmi nujumga ko‘ra, inson taqdiri, birinchi navbatda, u tug‘ilgan soniyada toleyida, ya’ni kunchiqarda qaysi burj, qaysi sayyora bo‘lganligiga bog‘liq.
Shu bois “toleyi porloq”, “toleyi kulgan” kabi iboralar mavjud. “Tole’” so‘zining “baxt”, “omad”, “taqdir”, “qismat” kabi so‘zlardan farqi — u mutlaqo ilmi nujumga oid tushunchadir. “Istarasi (setorasi, ya’ni yulduzi) issiq”, “yulduzi issiq” kabi iboralar ham shu ma’nolarda.
O‘tmishda ilm ahli, adib-u shoirlarning aksariyati ushbu ilmlardan muayyan darajada xabardor bo‘lishgan. Xususan, Sharafiddin Ali Yazdiy ilmi nujumga oid risola ham yozgan, “Zafarnoma”da bu ilmga oid atamalar juda ko‘p qo‘llaniladi. Navoiy dostonlarining ba’zi boblarini falakiyotga oid atamalarni bilmay turib tushunib bo‘lmaydi. Shu kabi Bobur ham “tole’” so‘zining tub ma’nosini to‘la his qilgan holda uni qo‘llagan.
Abduvohid HAYIT