Boburshunoslik ilmidagi chin va yolg‘onlar
Ayrim buyuklarning ilmdagi qismati juda ajoyib bo‘ladi. Bobur Andijonda tug‘ilib o‘sdi. Boburshunoslik esa garchi O‘zbekistonda XXI asrning dastlabki o‘n yilligida uzil-kesil shakllangan bo‘lsa-da, o‘zga mintaqalarda, ko‘proq G‘arb mamlakatlarida XVII–XIX asrlarda rivojlandi.
Uning bo‘lasi — xolavachchasi taniqli o‘rta asr tarixchisi Muhammad Haydar mirzo Ayoziy hozirgi Tojikistonning O‘ratepa (Istravshan) shahrida dunyoga keldi. Hayotining o‘n to‘qqiz yili Uyg‘uristonda, o‘n sakkiz yili esa Hindistonda kechdi. U hozir “Qozoq tarixshunosligining Gerodotidir” (Abdusattor Derbisali, filologiya fanlari doktori, professor). Qozog‘iston Respublikasida Muhammad Haydar mirzo nomidagi universitet (Toroz shahrida), ko‘cha va maktablar, Muhammad Haydar mirzo hayoti va ijodini o‘rganish markazi (Torozda) mavjud. Qozog‘istonda Muhammad Haydar mirzo haqida yuzga yaqin monografiya va risolalar, mingga yaqin maqola yozilgan.
Bu hodisalar Bobur va Muhammad Haydar mirzo baxti va saodatidir. Ulug‘larni har bir xalq olimlari ulug‘lab kitoblar yozar ekanlar, unga tan berib, o‘zlashtirar ekanlar qandlarini ursin!
Biz o‘zbeklar ham Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarini rus tiliga birinchi bo‘lib o‘girdik (1996-yil). “Jahonnoma” dostonini birinchi marta nashr ettirdik(1999). O‘zbek tiliga ham o‘girdik(2010). Uyg‘ur tilida ham nashr ettirdik(2011). Bobur nomli xalqaro jamoat fondi “Muhammad Haydar mirzoning jahon madaniyati tarixidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazdi va unda o‘ndan ziyod mamlakatdan olimlar qatnashdi. Anjumanga taqdim etilgan maqola va ma’ruzalar to‘plami o‘zbek va ingliz tilida nashr etildi.
Biz boburshunoslikdagi haqiqat va yolg‘on ma’lumotlarga ilmiy jamoatchilik diqqatini jalb etmoqchimiz. Avvalo, “Boburnoma”dagi ayrim matnlarga aniqlik kiritishga harakat qilamiz.
Boburning mashhur toshbitigi qachon yozilgan?
“Boburnoma”da muallifning o‘zi qayd etgan toshbitik yozilishi tarixi hijriy 906-yil voqealarida berilgan. Matn tabdili:
Obburdondan quyiroqda bir chashma bo‘lib, bu chashma tepasida bir mozor turibdi. Ushbu chashmadan yuqorisi Maschoga qarashli. Quyisi Palg‘arga taalluqlidir. Ushbu chashma boshida uning yoqasidagi toshga bu uch baytni o‘yib yozdim:
Shunidamki, Jamshedi farruxsirisht,
Ba sarchashmaye bar sange navisht:
“Bar in chashma chun mo base dam zadand,
Biraftand to chashm barham zadand.
Giriftem olam bo mardi-yu zo‘r,
Va lekin naburdem bo xud ba go‘r”.
(Mazmuni:
Eshitganim borki, Jamshiddek nomdor
Bosh buloq toshiga yozdirdi yodgor:
“Bu buloq boshida ko‘plar tin oldi,
Ko‘z yumib-ochguncha yitdi — yo‘qoldi.
Mardlig-u zo‘rlik-la olamni oldik,
Lekin qabristonga quruq yo‘l soldik”).
Bu tog‘li maskanda toshga o‘yib bayt va nasrlar bitish odatdir.
Ushbu ma’lumot milodiy 1502-yilga to‘g‘ri keladi. Sa’diy Sheroziyning “Bo‘ston” asaridan olingan mazkur uch baytning oldingi ikki bayti Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Amir Temurning Ulug‘ Tog‘dagi toshbitigi haqidagi ma’lumotlar sahifasida keltirilganini tarixchilar yaxshi biladi. Biz bu gapni Sohibqiron Amir Temur va Bobur toshbitiklaridagi aloqadorlikka ishora qilish uchun ataylab eslatdik, xolos.
Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiya 2009-yilning sentabr-oktabr oylarida Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston yo‘nalishidagi safari payti Obburdon kentida bo‘lib, Zahiriddin Muhammad Bobur qadamjolari va uning toshbitiklarini izlash, topish va o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Jumladan, Obburdonning Shamtich qishlog‘ining “Durust” qabristonidan Boburning toshdagi dastxatini topishga ham muvaffaq bo‘lishdi. Toshbitikdagi Bobur yozuvlari:
Kofiro, mardumshikoro, yak zamon ohistatar,
Ki ohui bechoraro tobi tiri turxon nest. 907
Va kotibning qaydi:
In kitoboi mirat Boburxon. Xalladalloh mulkahu va sultonahu.
Mazmuni:
“Ey kofir, ey odam ovchisi! Bir lahza shoshma. Sho‘rlik ohu turk o‘qiga bardosh berolmaydi.
Bu amirim Boburxonning bitiklaridir. Uning mamlakati va sultonligini Alloh abadiy qilsin”.
Ekspeditsiya a’zolarining ko‘p izlanishlaridan so‘ng Boburga taalluqli yana to‘rtta toshbitik 1953-yilda tarixchi Ahror Muxtorov va uning akasi Mirhaydar tomonidan poytaxtga olib ketilgani haqida ma’lumot olib, Dushanbedagi Tojikiston xalqlari qadimiy san’ati muzeyi(arxeologiya muzeyi)dagi bitiktoshlarni o‘rganishga muvaffaq bo‘ldilar.
Biz uchun muhimi mashhur Bobur toshbitigi edi. Uni turli tomonlardan rasmga oldik va o‘rganib, hayratda qoldik. Toshbitik ostidagi tarixiy sana “Boburnoma”dagidek 907 (1502)-yil emas, balki 917(1512)-yil edi!
Ushbu tarixiy sanadagi farq ko‘p narsalarni qayta ko‘rib chiqishimizni taqozo etadi:
birinchidan: Bobur qo‘li bilan yozilgan toshdagi ma’lumot kitobdagidan o‘n yil farq qilmoqda. Qaysi biri haqiqat? Kitobdagi sanami yoki toshdagisi? Har holda, mantiq va haqiqat tosh tarixiy sanasiga yon bosadi. Chunki toshda Bobur dastxati, kitob esa boshqa kotib dastxatidir.
ikkinchidan: ko‘p boburshunoslar bilib bilmay “Boburnoma”ni Bobur taxtga chiqqan yilidan boshlab kundalik tarzida yozib borgan, degan noto‘g‘ri fikrlarini ilmiy ma’lumot sifatida yozganlar. Buni ushbu toshdagi sana rad etmoqda. Chunki “Boburnoma” 1525-yildan yozila boshlangan. Muallif 8 yildan keyin yozayotgan asarida toshbitik sanasini ko‘rsatishda o‘n yilga yanglishgan. Balki “Boburnoma” yozilayotgan vaqtdagi kuchli jala payti shamol uning varaqlarini to‘zg‘itganda sahifalar nuqsonli yig‘ilgandir…
“Boburnoma”ning Hindistonda yozilganiga yana bir aniq dalil borki, asarning “Farg‘ona” qismida ham ko‘plab masofa va vaqt tushunchalari istilohlari hindchadir…
Bobur Muhammad Haydarni qayerga jo‘natgan?
Endi “Boburnoma”dagi yana bir ma’lumotni eslaylik. Bobur Muhammad Haydar mirzoni Kobulga Qal’ayi Zafardan chaqirtirib olib, uch-to‘rt yil tarbiyalaydi. Samarqandni uchinchi marta olganida Boburning jiyani, Haydar mirzoning pochchasi Sulton Saidxon iltimosiga ko‘ra xolavachchasi Muhammad Haydar mirzoni (agar asarga ishonsak) Koshg‘arga jo‘natadi.
Aslida-chi?
1512-yilda Said Muhammad boshchiligidagi mo‘g‘ullar Andijondan dasht o‘zbeklari — shayboniylarni quvib, Boburni Andijonga taklif qiladi. Bobur Andijonni Sulton Saidxonga bag‘ishlab, xon qilib yuborgan edi… Ubaydullaxon Turkistonga qochib kelganida uning xotini Habiba Sulton xonim (Muhammad Haydarning onasi) ko‘chada qolgan edi. Said Muhammad (xonimning amakisi) uni topib, Andijonga olib borib, Sulton Saidxonga nikohlab bergan edi.
Habiba Sulton xonimning iltimosiga ko‘ra Sulton Saidxon Muhammad Haydarni Andijonga chaqirtirib olgan edi.
Ana shu fakt ham Boburning Muhammad Haydarni “Koshg‘arga jo‘natgani” haqidagi ma’lumotning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi hamda “Boburnoma”ning kundaliklar holida har yili yozilmagani, balki Hindistonda yozilganining dalilidir. Chunki asar Haydar mirzo jo‘nab ketganidan 14 yil keyin yozilgan…
Chunki Muhammad Haydar Samarqanddan Andijonga kelib (1512), ikki yildan so‘ng Sulton Saidxon bilan 1514-yilda Koshg‘arga harbiy yurishga jo‘nagan edi…
Yangi shahri O‘trormi?
Endi kotiblar aybi bilan sodir etilgan ilmiy va faktik nuqsonlarni mushohada etamiz. “Boburnoma”ning ilmda o‘rganilgan va dunyoning 24 tiliga tarjima qilingan nusxalarining barchasida Yangi shahri O‘tror sifatida qayd etilgan. Asar ilmiy matnida ham (Eyji Mano), O‘zbekistondagi Porso Shamsiyev nashrlari va tabdillarida ham (V.Rahmonov va K.Mullaxo‘jayeva), ruscha tarjimasida ham (M.A. Salve)…
Gap shundaki, Muhammad Haydar mirzoning “Tarixi Rashidiy” asarida
Yangi shahri Toroz shahrining keyingi nomi ekanligi aniq aytilgan. Bobur kichik xon — Sulton Ahmadxonni Saryomda kutib olgan ekan, uning yonidagi Yangi shahri(Toroz)ni bilmasligi mumkin emas. Va “Boburnoma” nusxalaridagi yuqoridagi ma’lumotlarning xatoligi kotiblar tufaylidir.
Bu haqiqatni torozliklar va barcha tarixchilar yaxshi biladi. Biroq birorta “Boburnoma” qo‘lyozmalari va tarjimalarida biz bu haqiqatni bilolmagan edik. 2017-yili Bobur nomli xalqaro jamoat fondi “Zahiriddin Muhammad Boburning jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazdi va unda o‘ndan ortiq xorijiy mamlakatdan olimlar qatnashdi. Fond rayosati taklifiga ko‘ra, Bokudagi Bobur xalqaro jamoat fondi bo‘limi mudiri, professor Almas xonim Binnatova fondga AQShning Baltimor shtatidagi Baltimor shahrining Volter muzeyida saqlanayotgan “Boburnoma”ning bir nusxasini taqdim etdi.
Fond rayosati bu nusxa bilan tanishdi. Juda ko‘plab “Boburnoma”dagi kotiblar nuqsonlarini bartaraf etish mumkinligini shu qo‘lyozma ko‘rsatdi. Chunonchi, asarning Baltimor nusxasida “Boburnoma”dagi “O‘tror” so‘zi o‘rnida Yangi shahri izohida “Torozkent” deb aniq yozib qo‘yilgan.
Samarqandning ikkinchi marta olinishi kimning ruhiy homiyligida bo‘lgan?
“Boburnoma”ning ilmiy matni va nashrlari hamda tarjimalarida Boburning Samarqandni ikkinchi marta olishi Xoja Ubaydulloh Ahrorning ruhiy madadi tufayli sodir bo‘lgani qayd etilgan:
To‘qqiz yuz oltinchi (1500-1501) yil voqealari
No‘yon ko‘kaldosh dediki: “O‘n to‘rt kunda olgaymiz”. Tangri to‘g‘ri keltirdi: roppa-rosa 14 kundayoq Samarqandni oldik.
O‘sha fursatda ajoyib tush ko‘rdim. Tush ko‘rsam, hazrati Xoja Ubaydulloh kelmishlar, men istiqbollariga chiqibman. Xoja kelib o‘tirdilar. Xojaning oldilariga biroz odmiroq dasturxon solishibdi. Bu sababdan hazratga biroz malol kelganmish. Mullo Bobo men sari boqib ishora qiladi. Men ham imo-ishora bilan dedimki, bu ishda mening aybim yo‘q. Dasturxon soluvchi xato qilibdi. Xoja buni fahmlab bu uzrni qabul qildilar. O‘rinlaridan turdilar. Uzatib chiqdim. Ushbu uyning dahlizida o‘ng qo‘limdan yo chap qo‘limdan tutib shunday ko‘tardilarki, bir oyog‘im yerdan uzildi. Turkiy — o‘zbek tilida dedilarki: “Shayx Muslihiddin berdi”. O‘sha bir necha kundayoq Samarqandni oldim.
“Boburnoma”ning Baltimor nusxasida esa Xoja Ubaydulloh Ahrorning so‘zlari quyidagichadir:
— Shayx Muslihiddin berdi.
Ma’lumki, bu yurishga Bobur Xo‘janddan jo‘nagan va u shahardagi mashhur avliyo — Shayx Muslihiddin maqbarasi hozir ham avvalgidek mashhurdir. Boburning tushiga ko‘ra Samarqandning ikkinchi marta olinishida Shayx Muslihiddin Xo‘jandiy ruhoniyati madadkor bo‘lgan ekan…
Vahob RAHMONOV, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi