Tarix bo‘laklari bugunimizni shakllantiradi
Yangi yil kunlari ota shahrimga bordim. Qor aralash loy ko‘chalarda kezinib yurganimda, ming marta ko‘z oldimda turgan bir manzaraga birinchi marotaba boshqacha qaradim. O‘zimcha fanga bosh suqib, har yerdan tizimlilik, ilmiy tahlil, ilmiy xulosa qidirib o‘rganib qolibman, shekilli, oddiy ko‘cha manzarasini tahlil g‘alviridan o‘tkazdim. Bu tahlilni sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
E’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lganim birinchi narsa — buzilib ketgan asfalt ko‘cha. “Yo‘llarimiz yomon”, “yo‘llarga e’tibor yo‘q”, deb tanqid qilmoqchimasman. Shunchaki, inson yo‘llar qurib boradi, tabiat bu yo‘llarni buzib boradi, demoqchiman. Inson har qancha yo‘l qurmasin, o‘zidan iz qoldirmasin, bu izlar sekinlik bilan tabiat tomonidan yo‘q qilib boriladi.
Suratning chap tomonida sovet davrida o‘tkazilgan elektr simlari va konteyner turibdi. Sovet davri izlari kompozitsiyaning bir tomonida — chapda joylashib qolgani qiziq. O‘ng tomonda — bugungi kun izlari, yangi qurilayotgan binolar, yangi mashina va eski traktor qoldig‘i. Eng yuqorida tabiatning buyukligiga ishora qilganday sochi oq Allayoron cho‘qqisi qad ko‘tarib turibdi. Markazda tabiatdan ham, tarix izlaridan ham kichik odamlar elas-elas ko‘zga tashlanadi.
Yuqoridagi tavsifim biroz badiiylashib ketdi. Lekin aslida bunda ozroq ilmiy tahlil bor: bitta rasmda bugunimizdan bir lavha aks etyapti va bu aks etgan bugunimiz bir necha tarixiy plastlardan iborat: sovet davriga oid traktor, simyog‘och, mustaqillik davriga oid mashina va binolar.
E’tibor berib qarasangiz, butun hayotimiz tarixiy xotira siniqlari qurshovida kechadi. Deylik, poytaxt Toshkent ko‘chalarida aylansangiz, XVI asrga oid madrasa, keyingi asrlarda qad ko‘targan Chorsu bozori, sovet davrida bunyod etilgan ko‘p qavatli uylar, “Chorsu” mehmonxonasi, mustaqillik davri yodgorligi bo‘lmish masjid bir joyda uymalanib turganini ko‘rasiz. Shunday qilib, biz yashab turgan shaharlar, qishloqlar tarixiy plastlardan iborat: zamonlar o‘zgaradi, lekin eski davrlarga oid binolar saqlanib qoladi, biz ulardan foydalanishda davom etamiz, o‘tmishning bir bo‘lagida yashayotganimizga, ishlayotganimizga e’tibor ham bermaymiz. Aslida, tarix biz o‘ylagandan ko‘ra bizga yaqinroq.
* * *
Gapni juda uzoqdan boshladim. Aytmoqchi bo‘lganim — tarix butun hayotimizda, ham atrofimizni o‘rab turgan moddiy predmetlarda, ham ma’naviy madaniyatimizda aks etadi. Binolarni gaplashib oldik. Endi ongga e’tibor qaratsak.
Tug‘ilganimizda ongimiz oq qog‘ozdan toza bo‘ladi. Hayotimiz davomida bu bo‘shliqni to‘ldirib, bilim olib, ko‘nikmalarni, madaniy amaliyotlarni shakllantirib boramiz. Shu bilimlar hisobidan shaxsiyatimiz, xarakterimiz, dunyoqarashimiz shakllanadi. Bu, o‘z navbatida, kasbiy faoliyatimiz, odamlar bilan munosabatimizda aks etadi.
Yana o‘zimdan misol keltiraman. Maktabga 90-yillarning boshida borganman. Sovet davlati qulagan, lekin O‘zbekiston hali o‘z mafkurasini ishlab chiqmagan, darsliklarini chop etmagan, ta’lim tizimini isloh qilmagan (ya’ni butun mamlakat o‘tmish bilan yashayotgan) payt. To‘rtinchi sinfgacha sovet darsliklari asosida o‘qitilganmiz. Leninni, Stalinni buyuk deb o‘qitishgan. Ora-orada Amir Temur yoki Mirzo Ulug‘bek haqida dars o‘tilardi — u payti hali kitoblar kamligi uchun o‘qituvchi gazetalardan o‘qib berardi. Shunday qilib, bir paytning o‘zida ikki davrning mafkurasi miyamizga quyilgan. To‘g‘ri, keyinchalik ulg‘ayib, guruchni kurmakdan ajratib, o‘z xulosalarimni qilganman. Lekin tarixiy plastlar faqat tarix darsidagina aks etmaydi: kiygan kiyimimiz, yegan ovqatimiz, gapirgan gapimizda o‘tmish bilan yuzlashamiz.
Ongimizdagi o‘tmish plastlarini aniqlashtirib olishimiz, nima qayerdan ildizlanishini yaxshilab tushunib olishimiz zarur, deb o‘ylayman. Buni bilmasak, aslida, bobolar merosi bo‘lmagan narsaga ham “bobolar merosi, uni saqlashimiz kerak” deb yopishib olamiz. Ba’zan ildizlar biz o‘ylaganday teran bo‘lmasa-chi? Uzoq o‘tmishga borib taqaluvchi qadriyat deb o‘ylaganimiz kecha qaysidir amaldorning injiqligi tufayli paydo bo‘lgan bo‘lsa-chi? Keling, bir-ikkita shunaqa misolni ko‘rib chiqamiz.
Osh va shakarob
Osh — o‘zbekning eng sevimli taomi. Nima yeyishni bilmaganda osh yeymiz. Har hafta hech yo‘q bir marta uyda osh qilamiz.
Osh juda uzoq o‘tmishga borib taqaladigan taom hisoblanadi. Ko‘pchilik uchun u milliylik, milliy oshxona, milliy qadriyatlar ramziga aylanib qolgan. Lekin oshning ko‘pgina retseptlari oxirgi 60–70 yilda sovet davri oshpazlari tomonidan ishlab chiqilgan. Oddiygina shakarob (achchiq-chuchuk)ni olaylik. U ham sovet davrida paydo bo‘lgan gazak (bunday xulosaga kelishimizga sabab — undan oldin pomidor yo‘q edi). Bugun biz oshni shakarobsiz tasavvur qilolmaymiz. O‘tmishda esa osh usiz yeyilgan.
Paxta gulli piyola
Milliylik bilan assotsiatsiya uyg‘otadigan yana bir atribut — paxta guli tushirilgan choynak-piyola. Bu choynak-piyola dizayni o‘tgan asrning 60-yillarida ishlab chiqilgan.
60-yillarda musulmon davlatlarida o‘ziga xos uyg‘onish boshlangan. Diniy va milliy o‘zlikni aniqlash, qadriyatlarni tiklash harakati avj olgan. Bu harakat O‘rta Osiyo respublikalariga ham yoyilishidan cho‘chigan sovet rahbariyati “musulmonchilik” va “milliylik”ning “o‘ziga xos va o‘ziga mos” yo‘lini ishlab chiqishga bel bog‘lagan. Bu ishlanmalar natijasi o‘laroq Samarqandda mana shu choynak-piyola dizayni ishlab chiqilgan: u ham musulmon madaniyati naqshlarini eslatar, ham O‘zbekistonning milliy boyligi hisoblanmish paxtani aks ettirar edi.
Muqanna, Manguberdi, Temur Malik va boshqalar
SSSRgacha bo‘lgan an’anaviy musulmon tarixchiligida o‘tmish islomiy qadriyatlar prizmasi orqali tushunilgan. Bu matnlarni o‘qisangiz, “buyuk bobolar”, “milliy ozodlik harakati”, “milliy qadriyatlar” kabi tushunchalarni uchratmaysiz. O‘tmish tarixchilari musulmon olamiga bir butun deb qaragan va arab, turk, fors, mo‘g‘ul — barini yagona madaniy muhitda ko‘rgan. Millatlarga bo‘linish, o‘tmish xalqlarini “buyuk ajdodlar” deyish bo‘lmagan. Ajdodlik konkret odam uchun konkret shajara asosida aniqlangan.
1920-yillarida O‘zbekiston SSR tashkil topgach, aynan shu geografik hududga oid tarixiy faktlar olinib, shu asosda “milliy tarix” ishlab chiqilgan. Bu tarixga kiritilgan shaxslar “Boshqa omillar, deylik, o‘zbeklar O‘zbekistondan tashqarida yashashi yoki ayrim ajdod qabilalar boshqa geografik mintaqadan kelgani e’tiborga olinmagan.
40-yillarda yana jiddiy o‘zgarishlar bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi boshlangan edi. Xalqni g‘alabaga ilhomlantirish uchun o‘tmishdan qahramonlar qidirilgan. Tarixiy raqiblardan Chingizxon tanlangan: u ham Gitler singari beshafqat va qudratli edi. Chingizxon bosqini va unga qarshi kurashgan qahramonlar haqidagi kitoblar aynan shu davrda yozilgani bejiz emas: Vasiliy Yanning “Chingizxon” (1939), “Botu” (1942) romanlari, Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasi (1944), Mirkarim Osimning “O‘tror” qissasi (1941), Sadriddin Ayniyning “Qahramoni xalqi tojik Temur Malik” kitobi (1944). Boshqa sanalarga e’tibor qaratsangiz, o‘tmishdagi “milliy ozodlik kurashi” haqidagi asarlar bevosita Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘lanib yozilganini ko‘rasiz. Deylik, Hamid Olimjonning “Muqanna” dramasi. O‘tmish qahramonlari shu tariqa qo‘lyozmalardan olib chiqilib, bugungi kun odamlarining onglariga singdirildi. Buning aslida yomon tarafi yo‘q — ajdodlarni eslash xayrli ish. Lekin bunga zamona kontekstida qaraydigan bo‘lsak, bu qahramonlarning shaxsiyatiga ham “qalam tekkan”ini aytish joiz. Zamona zayli bilan uzoq o‘tmishda o‘tib ketgan, boylik talashgan odamlar “ulug‘ vatanparvar”, chinakam fidoyilar “xalq dushmani” bo‘lib ketdi. Bunday “tahrir” tarixga bo‘lgan munosabatimizga, uni qanday tushunishimizga ta’sir ko‘rsatadi, demakki, o‘tmishga xolis baho berishga to‘sqinlik qiladi.
* * *
Har kuni sevib ichadigan ichimligimiz — choy O‘rta Osiyoga XVII asrda kirib kelgan. Navoiy, Temur, Ulug‘bek choy ichishmagan. Ya’ni u bizga XVII–XVIII asr madaniy plastidan meros. Bundan qadimiyroq va yangiroq taomlar bugungi dasturxonimizni bezab turadi — ming yildan beri pishiriladigan non, bir necha asr oldin paydo bo‘lgan taomlar sovet davri oshxonasi bilan qorishib ketadi. Aqlimizda ham plastlar bor — uzoq o‘tmishdan qolgan madaniy ko‘nikmalar (masalan, “assalomu alaykum” deb so‘rashish) SSSR (ko‘p qavatli uylarda yashash, “yevropacha” kiyinish) va mustaqillik madaniyati (to‘ylarda love story qo‘yish) bilan qorishib, bugungi madaniy qiyofamizni hosil qiladi. Vaqti kelib bu ko‘nikmalarning ayrimlari ildizidan uzilib, “azaliy” odat sifatida qabul qilina boshlansa, ajablanmayman. “Qadriyatlar urushi” kelib chiqmasligi uchun tarixiy plastlarni ajratib olish, yaxshi farqlash lozim.
Bugunimiz esa, aslida, tarix bo‘laklaridan iborat. Bugunimiz tarixga o‘ylaganimizdan ko‘ra yaqinroq, bog‘liqroq: har kuni o‘tmish bo‘laklari bo‘lmish binolarda o‘tirib, o‘tmish bo‘laklari bo‘lmish fikrlarni aqlimizdan o‘tkazamiz. Bugun o‘tmishdan shakllanadi.
Eldor ASANOV