Moturidiya ta’limotini o‘rganish bugun ham ahamiyatli
3-5-mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan olimlar, diniy ulamolar ishtirok etmoqda. Muxbirimiz anjuman qatnashchilarining fikrlari bilan qiziqdi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Ahmad Tamim, Ukraina bosh imom xatibi, muftiysi:
– Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjumanda ishtirok etish men uchun ulkan sharaf.
Samarqandning Moturid qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan bu buyuk imom hadis va fiqh ilmining ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan. Imom Moturidiy nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun islom olamida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgan diniy arboblardan hisoblanadi. Chunki, alloma yashagan davrda, islom dinida turli guruh va firqalar soni ko‘payib ketganligi sababli ko‘plab ixtiloflar kelib chiqqan. Ana shunday vaziyatda Imom Moturidiy islom dinning asl mohiyatini ochib berish, sof islomiy aqidani saqlab qolish borasida beqiyos ishlarni amalga oshirgan.
Bu ilmiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish bugungi kun uchun ham muhim ahamiyat kasb etib, mazkur konferensiya bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Ramil ADIGAMOV, Qozon islom universiteti arab tili kafedrasi mudiri:
– 20 yildan buyon aqida ta’limoti bilan shug‘ullanaman. Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-tavhid” asarini rus tiliga tarjima qilib, bu ulug‘ zotning ilmiy qarashlari, merosi bilan yaqindan tanishganman. Shu bois hech ikkilanmay aytishim mumkinki, Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limotini o‘rganishga bag‘ishlangan bunday xalqaro konferensiyaning tashkil etilishi muqaddas islom dini sofligini ta’minlash, uni turli aqida va qarashlardan asrashda muhim ahamiyatga ega. Shu bois ayni paytda islom olami ulamolarida mazkur anjumanga qiziqish juda katta.
O‘ylaymanki, buyuk mutakallim kamolga yetgan zaminda o‘tkazilayotgan ushbu konferensiya Imom Moturidiy ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganishga, moturidiya ta’limotining buzg‘unchi oqimlarga qarshi kurashishdagi ahamiyatini ochib berishga, bu borada biz olimlarning tajriba almashishimizga xizmat qiladi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati