O‘zbekistonda “1 million dasturchi” loyihasi amalga oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida joriy yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berildi hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tub burilish qilish, mazkur soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda “1 million dasturchi” loyihasini amalga oshirish kabi muhim vazifalar belgilab berildi.
Mazkur vazifalarni samarali bajarish, mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish hamda raqamli iqtisodiyotni shakllantirishda talaba-yoshlarimizning chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash juda muhim hisoblanadi.
Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot butun dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining qiyofasi va tuzilishini o‘zgartirmoqda. Ushbu jarayonda ba’zi kasblar qisqaryapti, yangilari paydo bo‘lmoqda. Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotga o‘tish aholining xarid qobiliyatini, tovar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirmoqda. Ichki tarmoqlararo raqobat kuchaymoqda, bozorlar kengaymoqda, ayrim mamlakatlarda tarmoqlarning raqobatbardoshligi oshyapti, bu esa dunyo bozori rivojlanishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada raqamli iqtisodiyotning texnologiyalarini faol ravishda qo‘llayotgan yirik kompaniya va tashkilotlar juda yuqori o‘sish samaradorligiga erishmoqda.
McKinseyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiyotini raqamlashtirishning potensial iqtisodiy samarasi yalpi ichki mahsulotni 2025-yilga qadar 4–8,9 trln rublga oshiradi.
Bundan tashqari, 2025-yilga kelib dunyoda raqamli iqtisodiyotning ulushi 23 trln AQSh dollariga yetadi. Uning jahon YIMdagi ulushi hozirgi 17,1 foizdan 24,3 foizga o‘sadi, bulutli texnologiyalardan foydalanuvchi korxonalar soni 58 %ga, sun’iy intellekt — 86 %, raqamli katta hajmdagi ma’lumotlar — 80 %ga oshadi. Tarmoq standartlari: 5G standartidagi uyali tarmoqlarning ma’lumot almashish tezligi 20 Gbit/s ga yetadi, bu 4G standart tarmoqlaridan 4 barobar yuqori ko‘rsatkichdir.
Mamlakatimiz Prezidenti ta’kidlaganidek, “raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo‘ladi. Shu bois, “raqamli iqtisodiyot”ga faol o‘tish — kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Bunda 1 mln zamonaviy dasturchi-kadrlarni respublikamizning oliy ta’lim muassasalari (xorijiy yetuk mutaxassislarni jalb etgan holda) tayyorlashlari zarur. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi ham.
Raqamli iqtisodiyotning quyidagi 14 ta kompleks innovatsion texnologiyalari mavjud:
• katta hajmli ma’lumotlar bilan ishlash texnologiyalari — BIG DATA;
• sun’iy intellekt — Artificial Intellect;
• neyrotexnologiyalar;
• kvant texnologiyalari;
• buyumlar interneti – Internet of Things;
• robototexnika va sensorika;
• raqamli elektron platformalar;
• bulutli texnologiyalar — Cloud Technologies;
• mobil texnologiyalar;
• virtual va qo‘shimcha reallik texnologiyalari (VR, AR);
• kraudsorsing va kraudfonding texnologiyalari;
• blokcheyn texnologiyalari;
• kriptovalyutalar va ICO texnologiyalari;
• 3D-texnologiyalar.
Mazkur texnologiyalarni samarali ishlata bilishni o‘rgatish uchun oliy ta’lim muassasalari o‘z mutaxassisliklarini 60 %ga yangilashi zarur. Xususan, raqamli iqtisodiyotga to‘laqonli ravishda o‘tish uchun mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida quyidagi 26 yo‘nalishda zamonaviy mutaxassislar tayyorlashni (ayniqsa, 1 mln dasturchini) yo‘lga qo‘yish zarur:
1. Yuqori darajadagi dasturlash tillarida ishlay oladigan dasturchilar.
2. Elektron platformalar va ekotizimlar bo‘yicha mutaxassislar.
3. AR (qo‘shimcha reallik) va VR (virtual reallik) bo‘yicha mutaxassislar.
4. Moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar.
5. Digital Banking mutaxassislari.
6. Ijtimoiy tarmoqlarda ishlash bo‘yicha mutaxassislar.
7. Bilimlar bazalari bo‘yicha mutaxassislar.
8. Ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha muhandislar.
9. Turli sohalardagi raqamli transformatsiya bo‘yicha mutaxassislar.
10. Bulutli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar.
11. Masofaviy ta’lim bo‘yicha mutaxassislar.
12. Ma’lumotlar bazalari administratorlari.
13. Raqamli logistika bo‘yicha mutaxassislar.
14. Raqamli fazodagi marketologlar.
15. Aqlli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar.
16. Big Data bo‘yicha mutaxassislar.
17. Digital Analitika bo‘yicha mutaxassislar.
18. Buyumlar internetining arxitektori.
19. Taqsimlangan ma’lumotlar bazalari bo‘yicha mutaxassislar.
20. Virtual muhit dizaynerlari — VR-arxitektorlar.
21. Ovozli interfeyslar dizayneri.
22. Buyumlar interneti interfeysi dizaynerlari.
23. Robototexnika muhandislari.
24. Ma’lumotlar bilan ishlaydigan mutaxassislar.
25. Informatsion texnologiyalar bo‘yicha yuristlar.
26. Kompyuter lingvistikasi bo‘yicha mutaxassislar.
1 mln dasturchi tayyorlash uchun ta’limda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar
Singapur tajribasi: Singapur “iqtisodiy mo‘jizasi” muallifi Li Kuan Yudan “Qanday qilib mittigina davlatda mo‘jiza yarata oldingiz?” deb so‘rashganida, u shunday javob bergan ekan: “Davlat budjetini ta’limga yo‘naltirdim. Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga ko‘tardim. Davlatdagi eng katta mo‘jizalarni qilgan insonlar — bu muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan kamtar avlodni yetishtirib berdi. Buning uchun ulardan minnatdormiz”.
Singapur tajribasiga asosan O‘zbekistonda amalga oshiriladigan islohotlar:
• maktablarda matematikaga qobiliyati yuqori bo‘lgan o‘quvchilarni ajratib olish (1–4-sinflar);
• qobiliyatni rivojlantirish modelini joriy etish;
• turli xil tanlovlarni o‘tkazib qobiliyati bor o‘quvchilarni rag‘batlantirish (masalan, sportchilarga o‘xshab);
• dasturchi tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida o‘qishga qabul qilishni ko‘paytirish;
• barcha dasturchilarni dunyodagi yangi dasturlarni o‘zida mujassam etgan komyuterlar (noutbuklar) bilan ta’minlash;
• Prezident maktablarini dasturchilar tayyorlashga yo‘naltirish;
• Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universitetining filiallari va fakultetlarini viloyatlarda ko‘paytirish va mazkur oliy ta’lim muassasalarida davlat granti bo‘yicha qabul kvotalarini, shuningdek, professor-o‘qituvchilarning ish xaqi va talabalarning stipendiyalarini keskin oshirish;
• o‘quv jarayonida korrupsiyaning oldini olish maqsadida oraliq va yakuniy nazoratlarni 2-kursdan boshlab abituriyentlar qabul sinovini o‘tkazuvchi test markazida o‘tkazish (Qozog‘iston tajribasi) yoki Yevropa Ittifoqi (YI) tajribasiga muvofiq barcha imtihonlarni yozma ravishda olib, shifrlab boshqa OTMlarga bir oy ichida sinchiklab tekshirishga yuborish (masalan, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish va xalqaro Vestminster universitetlari);
• yakuniy natijalar bo‘yicha talaba va professor-o‘qituvchilarning faoliyatini tahlil qilish va tegishli choralar ko‘rish;
• o‘quv dasturlari va darsliklarni yaratishda AQSh va YIning eng yangi dasturlaridan foydalanish;
• talabalar, magistrantlar va tadqiqotchilarni Amazon, Apple, Alibaba, IBM va boshqa gigant kompaniyalar faoliyatini tahlil qilishga yo‘naltirish va mazkur kompaniyalarda ishlashga tayyorlash;
• tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarga raqamli iqtisodiyotning 15 ta texnologiyasini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha dissertatsiya ishi mavzularini biriktirish va ularga yetarlicha sharoit yaratib berish;
• tadqiqotchilarning dissertatsiya ishlari mavzusining boblari va paragraflarini magistratura va bakalavriat bosqichi talabalariga kurs ishi sifatida biriktirish;
• “Zamonaviy dasturlash ochiq universitetlari”ni tashkil etib, 6 oylik va 1 yillik qisqa kurslarda masofadan dasturchilar tayyorlash (Hindiston va Xitoy tajribasi);
• dasturchilarni uch kategoriyaga bo‘lib tayyorlash maqsadga muvofiq hisoblanadi:
1) ilmiy izlanuvchi va yangi dastur yaratuvchilar;
2) barcha tarmoq va sohalarda mavjud bo‘lgan raqamli iqtisodiyot texnologiyalari va internet tizimlari ishini yurituvchilar;
3) iste’molchilarning raqamli savodxonligini oshiruvchilar;
• ta’limda xarajatlarni “faol” va “passiv”ga bo‘lish. Bugungi kunda ta’limga berilayotgan xarajatlarning 50–60 %i qurilish ishlariga ajratilmoqda (Al-Xorazmiy, Beruniylar davrida bugungidek hashamatli o‘quv binolari va sport majmualari bo‘lmagan).
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, bildirilgan fikr-mulohazalar O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyot dasturini hayotga tatbiq qilish, mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotning institutlari va infratuzilmasini yaratish, respublikaning barcha tarmoqlarini qamrab oluvchi informatsion jamiyat tashkil qilish uchun kerakli bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, global miqyosda va global bozorlarda respublikamizning raqobatbardoshliligini oshirish, yangi texnologiyalar yaratishga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy to‘siqlarni yangi normativ-huquqiy baza yaratish yordamida to‘liq bartaraf qilish, raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish, shu jumladan, tarmoqlar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, texnik va dasturiy ta’minotning zamon talablariga mos ravishda rivojlanishi, ta’lim tizimining har tomonlama rivojlanishi va yangilanishini ta’minlashga, shuningdek, mamlakatdagi turli kompaniya, firma va davlat korxonalarining hamda biznesning rivojlanishiga puxta asos yaratilishiga hamda raqamli iqtisodiyot sohasida ko‘plab tashkilotlar vujudga kelishiga munosib hissa qo‘shadi.
Saidahror G‘ULOMOV, Davlat Statistika qo‘mitasi qoshidagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti kafedra mudiri, O‘zR FA akademigi, i.f.d., professor
Munis ABDULLAYEV, “Iqtisodiyotda axborot texnologiyalari” kafedrasi mudiri v.v.b. i.f.f.d. (PhD)