“Fikr qudrati”ga tayangan umr
Tahrir san’atining professional mutaxassisi, munaqqid, jurnalist, pedagog Mahmud Sa’diyning “Fikr qudrati” kitobi nashr etildi. “Ta’lim-media” nashriyoti tomonidan chop etilgan kitobda Mahmud Sa’diyning uzoq yillik mehnatlaridan bir shingili jam bo‘lgan.
Xususan, tahrir, jurnalist va muharrirlik ishi haqidagi yombi fikrlardan iborat maqolalar, ma’naviy hayotimiz darg‘alari bilan suhbatlar, ustozning yosh shogirdlari ijodiga bergan baholari va “Oq yo‘l”lari hamda tarjimalari o‘rin olgan. Kitob “Muharrir va muallif”, “Adabiyot va adabiy tanqid”, “Adabiy gurunglar”, “Publitsistika”, “Oq yo‘l va so‘zboshilar”, “Tarjimalar” kabi bo‘limlardan tarkib topgan.
“Tahrir ishiga o‘rgangan odam uchun bu ish hayotining mazmuniga aylanib qoladi. Odam havodan nafas olmasa turolmaganidek, siz ham xatoni ko‘rsangiz tuzatgingiz kelaveradi”, deyiladi “Tahrir san’ati” maqolasida. Ustoz kimlardir pisand qilmagan ishlar jurnalistikaning, adabiyotning asosi ekanini ta’kidlar ekan, “…shu ishni men qilmasam, boshqa hech kim qilmaydi, ehtimol, qilolmas ham”, deydi. Kitobni o‘qir ekansiz, chetdan qaraganda ijodning qora mehnati bo‘lib tuyulgan ish katta mahorat talab qilishini, kishiga zavq bag‘ishlashini sezib borasiz. Shu ishga butun umrini sarflagan insonning hayoti nurli bo‘lib ko‘zga ko‘rinadi. “Janob muallif” maqolasida Mahmud Sa’diyning mualliflar bilan ishlash mahorati sirlari muharrirlikka da’vogarlar uchun ochiladi. “Men bilgan haqiqatlar” nomli maqolada munaqqidning insonlik martabasi, ijod va vijdon, millatning bugungi ahvoli haqidagi achchiq haqiqatlari bilan yuzma-yuz kelasiz.
Ustoz mustahkam e’tiqodi, haqiqatni aytish payida bo‘lishi, o‘ylaganini hayiqmay ayta olishi, biror asarga baho berishda vijdonan yondashishi bilan adabiy jamoatchilik orasida katta hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lgandi. Butun ongli faoliyatini adabiyot va haqiqat targ‘ibotiga, yosh iste’dodlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga bag‘ishlagan ustoz “Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallari, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Ma’rifat” gazetalarida jurnalistlik va muharrirlik qildi, keyinchalik O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yoshlarga saboq berdi. Ustoz tavalludining yetmish yilligiga bag‘ishlab chop etilgan “Qadr” kitobida safdoshlari, hamkasblari va shogirdlari uning xizmatlarini e’tirof etar ekan, “Akademik Qo‘shjonovning “ustoz”i”, “tahrir san’atining so‘nggi mogikanlaridan”, “tahrir san’atining piri” degan baholar shunchaki emasligini tushunib yetasiz.
Suhrob ZIYO