Suratdagi xotira
Oxirgi paytlar suratlarga qarab qolyapman. Ularga termula-termula o‘zimcha chuqur ma’no o‘qiy boshlaganim va hatto, olamni yaxshiroq tushunayotganim haqida avvalgi maqolalarimda yozgandim. Bir suratdan yaralgan ilhom tufayli “Tarix bo‘laklari bugunimizni shakllantiradi” nomli maqola yozilgan edi. Unda aytilgan fikrlar, ya’ni xotira qatlamlari, o‘tmish plastlari va ularning madaniyatimizda aks etishi haqidagi mulohazalarning davomi o‘laroq “Bobolar dasturxoni” maqolasi paydo bo‘ldi.
Lekin suratga oshuftaligim bu bilan yakunlanmadi. Bir paytlar o‘ysiz tushib tashlagan suratlarimni titkilab chiqdim, yaxshilab o‘rgandim, har biriga uzoq tikildim. Tikilganim sayin o‘tmishga kirib borganday his qilaman o‘zimni. Yangi ma’no topaman.
Ammo o‘quvchimni suratlarga mahliyoligim bilan-u, bu izlanish chog‘ida tuygan hissiyotlarim bilan aldab qo‘ymoqchi emasman. Aslida mulohazalarim o‘zimni va o‘tgan kunlarimni qayta kashf etish bilan cheklanmadi. Umuman fotografiya fenomeni, uning siyosiy, ijtimoiy va madaniy ahamiyati haqida o‘ylab qoldim. Foto nimaga xizmat qiladi? U xotiralarimizni rostdan aks ettiradimi yoki shunchaki aldaydimi?
Fotosurat qo‘lda chizilgan rasmdan aniqroqmi?
Fotosurat qo‘lda chizilgan rasmning o‘rnini egallaganiga ko‘p bo‘ldi. Bir zamonlar salkam mo‘jiza hisoblangan fotosurat bugun kundalik hayotimizning bir qismiga aylanib qoldi: qo‘limizda telefon bor, telefonda kamera bor, bu kamera yordamida xohlagan paytimiz o‘nlab, yuzlab suratlar tushirishimiz mumkin. 20–30 yil muqaddam tashkilot, shahar yoki davlatning fotoarxivini jamlash, oilaviy fotoalbomlar saqlash ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, hozir har birimizning telefonimizda, planshetimizda yoki noutbukimizda butun hayotimizni, ishimizni, oilaviy hayotimizni aks ettiradigan, o‘n minglab suratlardan iborat arxiv mavjud. Bu suratlarning kattagina qismini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib ham boramiz, ya’ni xususiyni ommaviyga aylantiramiz.
Shunday qilib, fotosurat video va yozma matn qatori insoniyat xotirasining asosiy tashuvchisidan biriga aylanib qoldi. Butun xotiralarimiz unda jam. Odamlarninggina emas, jamiyatning, davlatning ham rasmiy “xotira”si bo‘ladiki, u ham suratlarda saqlab boriladi. Kengroq olsak, butun insoniyatning fotografik xotirasi mavjud: insoniyatning yangi tarixini fotosuratlarda aks ettirish mumkin.
Odatda surat matndan ko‘ra aniqroq, autentikroq xotira tashuvchisi hisoblanadi. Umumiy fikrga ko‘ra, suratni aldab bo‘lmaydi — u real hayotni o‘ziday aks ettiradi, fotoshop aralashsagina surat soxtalashishi mumkin. Bu jihatdan u nafaqat yozma matndan, balki o‘tmishdoshi, ajdodi – qo‘lda chizilgan rasmdan ustun hisoblanadi. Aslida ham shundaymi?
Bir qarashda fotografiya texnikasi xotiralarimizni boricha qotirib qo‘yishga mo‘ljallangandek, bizni borimizcha ko‘rsatadigandek. Lekin fotosurat biz o‘ylaganchalik haqqoniy axborot tashuvchisi emas. U ham reallikni buzib ko‘rsatadi. Mening argumentlarim:
— suratga tushish odatiy hol bo‘lib qolgandan so‘ng unga maxsus tayyorgarlik ko‘rish ham urf bo‘lib qoldi: qizlar yasan-tusan qilib oladi, yuzni kichikroq va chiroyli qilib ko‘rsatadigan rakursni tanlaydi; kiyimga, turmakka, yuz ifodasiga e’tibor qaratiladi;
— surat hayotimizni, turmush tarzimizni boricha ko‘rsatmaydi, balki biz xohlagan narsani ko‘rsatadi: odatda hayotimizning faqat eng baxtli, esda qoladigan lahzalarini suratga muhrlab qo‘yishga intilamiz; sayohatlar, ziyofatlar, oilaviy tadbirlar, tug‘ilgan kun-u to‘ylar obyektivlarimizning asosiy nishoniga aylanadi; lekin salbiy xotiralarni muhrlamaslikka urinamiz, masalan, motam marosimlaridan suratlar odatda umuman olinmaydi; ya’ni surat hayotimizni to‘la akslantirmaydi, balki xotiramizni, tariximizni konstrukt qiladi, uni o‘zimiz xohlaganday eslashimizga zamin yaratadi, bizning xohishimizni namoyish etadi;
— qolaversa, suratga olishda ham yondashuv, nuqtayi nazar farqlanadi; bitta shaxsni, bitta manzarani uch kishi uch xil suratga oladi, har xil jihatlarga urg‘u beradi, har xil rakurs tanlaydi; natijada bitta voqea aks etgan uchta suratdan har xil ma’no uqish mumkin.
Shunday ekan, fotografiyani obyektiv haqiqat sifatida qabul qilish kerak emas. Matnda reallikni buzish nisbatan oson: matn muallifi, umuman olganda, istagan narsasini yozib tashlashi mumkin, tanqidiy mushohadaga ega bo‘lmagan o‘quvchi uning har bir so‘zini haqiqat o‘laroq qabul qilishi ham mumkin. Bunday holatlarning oldini olish yoki kamaytirish matnshunoslik (tekstologiya) sohasining vazifasidir. Matnshunos matnni o‘rganib, tahlil qilib, guruchni kurmakdan ajratib berishi lozim. Aslida suratda ham reallikni buzish, boshqacharoq qilib aks ettirish mumkin. Suratni ham tahlil qilib, guruchni kurmakdan ajratishni o‘rganish tahliliy dunyoqarashni o‘stirishda yordam beradi.
Obyektivda — inson, jamiyat, davlat
Fotosuratning bu xususiyatlari, bir tarafdan, uning obyektiv xotira tashuvchisi sifatida ko‘rilishini murakkablashtiradi; baxtli kunlarini, sayohatlarini suratga muhrlayotgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi, restoranda dugonalari bilan o‘tirishini-yu navbatdagi shopingini va go‘zallik saloniga safarini suratga tushirayotgan qiz o‘zi bilmagan holda xotirasini konstrukt qiladi, uni pazl misoli o‘zi xohlaganday qilib teradi, yomon xotirani itqitib, yaxshisini saqlab qo‘yadi. To‘g‘ri, miyada ikki turdagi xotira ham qoladi, lekin yaxshirog‘i artikulatsiya qilinishi, quvonch va baxtga urg‘u berilishi pirovardida baxtli hayot kechirilganining illyuziyasini yaratadi. Urush-janjallar, qiyinchiliklar, muvaffaqiyatsizliklar unutiladi, yoki zaiflashib, baxt, muvaffaqiyat va quvonch oldida kichikroq, arzimasroq ko‘rinadi. Shunday qilib, fotografiya muhim ijtimoiy, madaniy va ma’naviy vazifa bajaradi: odam o‘z o‘tmishi, hayotini o‘z qo‘li bilan xotirasida qaytadan qurib chiqadi va, mohir yozuvchi singari, uning sujetini va yakunini o‘zi belgilaydi; mutlaq ko‘pchilik xeppi-endga ishqiboz bo‘lgani bois oxir-oqibat ko‘pchilik o‘zini baxtli taqdir egasi deb hisoblay boshlaydi.
Ikkinchi tarafdan, kengroq miqyosda olib qaraganda, odamlarni birlashtiruvchi turli ijtimoiy maydonlarda (oiladan boshlab davlatgacha) fotografiya kollektiv xotirani saqlash, shakllantirish, umumiy mafkura, umumiy manfaatlar, umumiy kayfiyatlarni namoyish etish quroliga aylanadi. Ba’zan bu ish ongsiz ravishda amalga oshirilsa, ba’zida, ayniqsa, davlat, shahar singari siyosiy ko‘lamlarda ongli, sistematik olib boriladi. Kollektiv xotira maxsus shakllantiriladi va jamiyatda umumiylik yaratish, umumiy paradigmalarni miyalarga singdirishga xizmat qiladi.
Buni amalga oshirishda shablonlarga, paradigmalarga, ideologizmlarga murojaat etishadi odatda.
“Qimirlamay turing, suratga olyapmiz”
Chiroyli va sifatli suratga tushishning birinchi sharti bo‘lgan mana shu “qimirlamay turish”ning o‘ziyoq suratning haqqoniyligini, realligini buzadi. Real hayotda biz to‘xtab, qimirlamay turmaymiz odatda. Doimiy harakatdamiz. Darvoqe, suratga dinamik, ya’ni harakatda tushganimizda ham aslida harakatni imitatsiya qilamiz — suratga dinamikada tushish uchun biror sun’iy pozada turamiz. Eng kamida yonimizda kimdir bizni suratga olayotganini bilib, shunga yarasha o‘zimizni boshqacharoq tutamiz.
Mana shunday sun’iy pozalar, sun’iy harakatlar, sun’iy vaziyatlarga asoslangan butun boshli fotojanrlar borki, ular shaxsiy suratlardan tortib ijtimoiy suratlargacha bo‘lgan korpusni qamrab oladi. Sun’iy harakatlar, shablonlar, an’anaviy pozalar, vaziyatlar bir-birini takrorlaydi. O‘zimiz bilmagan holda atrofdagilarga taqlid qilib, barchaning shaxsiy fotoarxivida takrorlanadigan janrlarga murojaat etamiz. Keling, ba’zi janrlarni eslaylik.
— bolalikda, to‘ylarda, muhim uchrashuvlarda ko‘pchilik bir yerga yig‘ilib, obyektivga to‘g‘ri qarab suratga tushadi;
— o‘tirish, uchrashuv, ziyofatlarda dasturxon atrofini to‘ldirib o‘tirgan do‘stlar yuzida tabassum bilan kameraga to‘g‘ri qarab suratga tushadi;
— armiyada qasamyod qabul qilish, nikoh roziligini imzolash, biror muhim mukofotni qabul qilib olish singari voqealarda endi odatda kameraga qaramay, dinamikada tushiladi.
Kengroq miqyosga o‘tsak:
— davlat amaldorlari minbarda turib, stol atrofida to‘plangan mulozimlariga gapirayotganida, muhim siyosiy uchrashuvlarda an’anaviy poza va ko‘rinishlarda suratga tushadi; ish stolida o‘tirib, kameraga to‘g‘ri qarab, yuzida tabassum bilan suratga tushadi; deyarli har doim kostyum-shimda;
— mamlakatdagi jarayonlarni aks ettiruvchi suratlar — yangi qurilgan binolar, zavodlarda ishlayotgan, albatta kulib turgan ishchilar (sovet davridan qolgan paradigma — hamma albatta kulib turishi lozim), maktab bitiruvchilari, bayram tantanalari va h.k.
Ko‘rib turibmizki, shaxsiy darajada ham, davlat miqyosida ham ma’lum priyomlar, texnologiyalar doimiy takrorlanadi va muayyan manzarani yaratadi. Bu manzara deyarli barcha odam uchun umumiy bo‘ladi (davlat miqyosida farq yaqqolroq ko‘zga tashlanishi mumkin). Ya’ni odam har qancha o‘ziga xos, betakror bo‘lmasin, baribir atrofdagilarga taqlid qiladi hamda baxtli hayot haqida shakllangan nuqtayi nazari asosida o‘z xotiralarini tartibga solishga intiladi. Agar detallarga e’tibor qaratmay, faqat janrlar va shablonlarga urg‘u bersangiz, ko‘pchilikning suratdagi xotirasi bir-biriga juda o‘xshashligini payqaysiz.
“Men” va “fotoMen”
Rus olimi Sergey Abashin o‘z ilmiy faoliyatidagi qiziq holatni aytib beradi: u 1995-yili Tojikistondagi Oshoba qishlog‘ida ishlaganida o‘ziga g‘alati, notabiiy, ekzotik tuyulgan, olis moskvalik olimga notanish bo‘lgan holatlarni suratga olgan. Masalan, o‘zi turgan uy bekasi non yopganini suratga olgan, lekin aslida bu uyda non kamdan-kam tandirda yopilgan. Shu tariqa suratlarga qaraganda Moskvaga umuman o‘xshamaydigan an’anaviy o‘zbekona qishloq manzarasi gavdalangan. Qishloqdagi shifoxona, maktab, klub singari sovet odamiga tanish obyektlar esa fotoarxivdan o‘rin olmagan.
2010-yilda inson va olim sifatida ancha ulg‘aygan Abashin zamonaviy raqamli fotoapparat bilan qurollanib, yana Oshobaga borgan va bu safar ekzotikadan voz kechib, zamonaviy obyektlarni fotonishonga olgan. U maktablar, do‘konlar, selsovet binosi, urush qurbonlari yodgorligi, Kalinin haykali, nasoslar, qishloq dalalari, klub va boshqa narslarni suratga olgan. Qizig‘i shundaki, oradan 25 yil o‘tib, 1995-yilda moskvalik etnografga tanish va odatiy bo‘lgan bu obyektlarning o‘zi ekzotikaga, sovet davri qoldiqlariga aylanib qolgan edi.
Bu ajoyib voqea surat aslida qay darajada aldamchi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Hatto atrofimizni emas, o‘zimizni suratga olganda ham beixtiyor reallikdan qochamiz, o‘zimizni aslidagidan baxtliroq, chiroyliroq va quvnoqroq ko‘rsatishga intilamiz.
Lekin bundan fototexnologiya salbiy hodisa ekan degan xulosa qilish kerak emas. U eng kamida bizning dunyoqarashimizni, hayotdan kutilmalarimizni aks ettiradi. Axir suratga tushganingizda o‘zingizni obyektiv tarzda ko‘rsatmaysiz, balki qanday bo‘lishni istashingizni ko‘rsatasiz. Shunday ekan, fotoarxivingiz dunyoqarashingiz, hayotingiz, xohishingiz, orzularingiz, armonlaringizdan darak beradi. U sizni boshqalarga tanitadi. Mutlaq obyektiv “Men”ingizni emas, “fotoMen”ingizni. Lekin siz kimsiz o‘zi? Bu savolga aniq javobni bilasizmi? Menimcha, yo‘q. Hech kim o‘zining kimligini oxirigacha bilmaydi va umrining oxirigacha bu savolga javob qidiradi, o‘zini, mohiyatini qidiradi. Bu qidiruvlarni yaxshiroq tushunish uchun suratlarga murojaat etiladi. Lekin aniq javob yuzaga chiqmaydi. Chunki mutlaq haqiqatning o‘zi yo‘q. Mutlaq “Men”ning o‘zi yo‘q. Inson o‘zgaruvchan, doimo o‘zgarib, o‘sib, rivojlanib boradi (eng optimistik variantda). Shunday ekan, suratlar bir kishini boshqalarga qysidir bir qiyofada tanitadi. Bu qiyofada mutlaq obyektiv haqiqat bo‘lmagani bilan yolg‘on ham emas, balki kimningdir ma’lum zamon va makondagi ahvoli, ruhiyati va orzu-umidlari in’ikosidir.
* * *
Betartib mulohazalarimdan zerikmay, maqola oxiriga yetib kelgan bo‘lsangiz, yana besh daqiqa ajratib, quyidagi suratlarga e’tibor qaratishingizni so‘rayman. Bu suratlarni men olganman. Umuman boshqa maqsadda, shunchaki atrofimda o‘zimga go‘zal tuyulgan tabiat manzaralarini eslab qolish uchun tushiriligan bu suratlar keyinchalik men uchun yangi ma’no kasb etdi va o‘zimni tushunishimga yordam berdi. Sizdan bu suratlarga biroz tikilib turishni so‘rayman. Buning natijasida yo men haqimda ma’lum tushuncha shakllanadi, yoki bo‘lmasa o‘zingiz uchun biror xulosa, taassurot, hissiyot olasiz. So‘ng bu haqda menga yoki boshqa birovga hikoya qilib bering, shoyad dunyoni tushunishingizda, dunyoqarashingizda biror diqqatga sazovor o‘zgarish ro‘y bersa.
Eldor ASANOV