Jannat ichidagi do‘zax
TUSH BASHORATI
2015-yili Bobur nomli Xalqaro jamoat fondi raisi — Zokirjon Mashrabov rahbarligida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi buyurtmasi asosida Alisher Navoiy maqbarasiga o‘rnatiladigan G‘ozg‘on marmaridan tayyorlangan sag‘ana toshlarini Hirotga olib borgan edik. Odatdagidek, Musallo maydoniga kiraverishda o‘ng qo‘ldagi Alisher Navoiy qabr-maqbarasini ziyorat qilib, so‘ngra chap tomondagi Shohrux mirzoga atab qurilib, Gavharshodbegim maqbarasi nomida shuhrat qozongan salobatli me’moriy obidaga ham kirib, bu yerdagi beshta qabrda yotgan ajdodlarimiz ruhi poklariga duoyi fotiha qildik.
Ushbu koshona degulik mahobatli obida ichida kutubxona ham bo‘lib, bir necha yuz kitoblar taxlanib turardi. Kitoblarga ko‘z yugurtirib, havasim kelib, bu kutubxona vazir Gavharshodbegim maqbarasidan ko‘ra, Alisher Navoiy maqbarasiga ko‘proq yarashardi, degan fikrni ko‘nglimdan kechirdim.
Ekspeditsiya a’zolari yo‘l hordig‘ini Hirot viloyati hokimi villasida chiqarib, Afg‘oniston tuprog‘ida, dahomiz Alisher Navoiyning asosiy umri kechgan shaharda uyquga bosh qo‘ydik. Mening bu galgi borishim ikkinchisi edi.
Tush ko‘ryapman: o‘sha men ko‘rgan kutubxona Alisher Navoiy maqbarasida emish. Xursand bo‘lib, kitoblar yoniga borsam, Alisher Navoiyning O‘zbekistonda nashr etilgan “To‘la asarlari to‘plami”ning qip-qizil jildlari ham biram chiroyli saf tortganki!
Havas bilan ularning biriga — 7-jildga qo‘l cho‘zdim va olib quvona-quvona betochar sahifalarga boqqanimda xuddi teleekrandagidek yozuvchilar kattalashib ko‘zimga tashlandi: nashrga tayyorlovchilar: Ibrohim Haqqul, Sayfiddin Rafiddinov. Mas’ul muharrir: Sayfiddin Rafiddinov.
Eh-he, mashhur navoiyshunos bir vazifada, Sayfiddin Rafiddinov –— ikki vazifada: ham sherik nashrga tayyorlovchi, ham mas’ul muharrir! Iye, O‘zbekistonda bularga mas’ul muharrirlik qiladigan olim topilmasmikan?
Nihoyat kitobning “Layli va Majnun” yozuvli sahifasini o‘girib, matnga qaramoqchi bo‘lsam... Xoh ishoning, xoh ishonmang, bir katta chayon zaharli nayzasini gajak qilib, o‘rmalab sahifa ustida yura boshladi. Qo‘rqqanimdan kitobni yerga tashlab yubordim va o‘sha zahoti o‘z alahsirashimdan uyg‘onib ketdim. “Lohavla valo quvvata illo-billoh aliyul azim!” dedim-u, ko‘zimni ochib xonaga alangladim. Xonadoshim mast shirin uyquda. Axir Hirotda, Hirotdamiz.
Bu tush birovga aytiladigan sir emasdi. Hirotda olti kun bo‘lib, sag‘anani Alisher Navoiy maqbarasi ichiga kiritib o‘rnatdik. Maqbara atrofini ikki ming tup manzarali daraxt va gullar ekib ko‘kalamzorlashtirdik. Daho maqbarasiga olib boradigan yo‘laklarda dekorativ chiroqlar o‘rnatilgan ustunchalar saf tortishdi.
Sag‘ana toshida Qur’on oyatlari va Alisher Navoiyning quyidagi bayti sangtarosh usta Tohir Rahimov tomonidan arab yozuvida o‘zbek va fors tillarida o‘yib bitilgan edi:
Bu gulshan ichra chu yo‘qtur baqo gulig‘a sabot,
Ajab saodat erur qolsa yaxshilik bila ot.
Asliyatida “qolsa” so‘zi o‘rnida, “chiqsa” so‘zi bor edi. Islom universiteti mutaxassislari shunday nusxani beribdilar. Bu ham bo‘laveradi-yu, lekin bu holatda baytdagi muammo san’ati yo‘qqa chiqqan. Biroq insof bilan mulohaza qilinsa, sag‘ana uchun “qolsa” so‘zi muvofiqroq ekanini ham andisha qildim.
O‘zbekistonga qaytiboq Navoiy kulliyotining kirill yozuvidagi o‘sha 7-jildini sinchiklab o‘qiy boshladim. Bu jildda nuqson bo‘lmasligiga amin edim. Chunki ushbu jildni nashrga tayyorlagan I.Haqqul aslida boshqa olimning arab yozuvidan nashrga tayyorlab G‘afur G‘ulom nashriyotida ikki marotaba (2006, 2009) chop ettirgan sahih nusxasini o‘zlashtirib olgan edi. Nahotki u kishi matnni buzsa... men bunga ishonmasdim.
Taassufki, Sayfiddin Rafiddinovning tahrir qo‘llari yuzlab marotaba nusxaga tekkan ekan! Kitobning 36-sahifasidan men tushimda ko‘rgan kaltakesakday chayon o‘rmalab chiqdi. Quyidagi baytda Islomning asosiy ilmi — fiqh ilmi Navoiy kitobida, Navoiy tilidan “jin ilmi” deya talqin qilingan edi:
Olam aro ilm ilmi dindur,
Jin ilmi fiqh erur yaqindur.
“Yaqin” so‘zining lug‘ati: aniq, muqarrar demakdir. Bayt mazmuni:
Olamdagi haqiqiy ilm din ilmidir,
Jin ilmi fiqh ekanligi aniqdir.
Bu baytni navoiyshunos Ibrohim Haqqul yozmoqda va tasavvufshunos Sayfiddin Rafiddinov tasdiqlab, mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olmoqda.
Bu nusxa korrekturasini musahhih ham, nashrga tayyorlovchi ham, mas’ul muharrir ham o‘qimaganligi aniq emasmi? Savol tug‘iladi: o‘n yildan buyon biror olim shu baytni o‘qimaganmi? O‘qigan bo‘lsa nega miq etmaydi?
Islom universiteti professor-o‘qituvchilari ham bu kitobni o‘qimaganlarmi? Din nazorati vakillari-chi? O‘sha bayt mazmuniga rozimilar? Nega bu kitob hanuzgacha man etilmagan? Ushbu bayt Navoiy o‘n jildligi kulliyotida tasodifiymi? Yo‘q, menimcha, qonuniy va ataylab qilingan ustomonlikdir.
Agar bunday ma’naviy xurujlar tizimli bo‘lmaganda bu holatni tasodifga yo‘ya qolardim. Mana, navbatdagi jildni ko‘raylik: 6-jildning nashrga tayyorlovchisi: Ibrohim Haqqul (Navoiy tasavvufidan doktorlik ishini yoqlab, qirq yildan buyon Navoiy nonini yeb kelayotgan olim) o‘z botil e’tiqodini nashrga tayyorlovchi sifatida tantana qildirgan. Uningcha (aniqrog‘i bu gapni u Navoiyga to‘nkagan!) tasavvuf sulukiga kirgan va namoz niyoz qilgan kishi ko‘r bo‘larmish:
Torqucha ganjina asrorliq,
Ko‘r qilibon soliki atvorliq.
(6-jild, “Hayrat ul-abror”, 65-bet.)
Bo‘lmadi ul narsada chun kashfi roz,
Ko‘r qilib izhori sujudu niyoz.
(6-jild, 65-bet).
Birinchi bayt:
Haqiqat sirlari xazinasini topguncha [tasavvuf] sulukiga kirganlar ko‘r bo‘ladilar.
Ikkinchi bayt mazmuni:
U narsada sir kashf bo‘lmadi. Chunki sajda va xudoga yolborishlar uni ko‘r qildi.
Navoiy ijodiga nisbatan bo‘hton bo‘lgan ushbu baytlarni ilmiy tanqidiy matndan ko‘chirib ko‘ramiz.
Topqucha ganjinayi asrorliq,
Ko‘p qilibon soliki atvorliq.
Mazmuni: Haqiqat sirlarini topguncha tasavvuf yo‘lida ancha riyozatlar tortilgan.
Bo‘lmadi ul narsada chu kashfi roz,
Ko‘p qilib izhori sujudu niyoz.
Olloh Taoloni makkorlikda ayblashgacha borgan nashrga tayyorlovchi Qodirjon Ergashev va mas’ul muharrir Ibrohim Haqqul quyidagi baytni o‘qiganmikanlar? Agar o‘qigan bo‘lsalar, to‘g‘ri ko‘chirmaganliklari va mazmunini uqmaganliklarini e’tirof etarmikanlar: “Tarixi muluki Ajam”dan:
Ani qildi Haq makri aylab sitez,
Siyosat qilichi bila rez-rez.
(“To‘la asarlar to‘plami” 8-jild, 606-bet).
Mazmuni: Olloh g‘azablanib makrni ishga solib, uni siyosat qilichi bilan mayda-mayda qilib tashladi.
Endi o‘sha baytni asliyatdagi arab yozuvidan hijjalab ko‘chirib ko‘ramiz:
Ani qildi Haq magar aylab sitez,
Siyosat qilichi bila rez-rez.
Ajab dunyo! Xalqaro Bobur jamoat fondi rayosati a’zolari Hirotga borib, Alisher Navoiy qabr-maqbarasini obod qiladilar. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining mashhur navoiyshunoslari esa, bilsa hazil, bilmasa chin yo‘sinida Navoiy asarlariga o‘t qo‘yadilar. Biz sovet zamonida “SSSR qisqartirma so‘zini “Sasigan sabzini sotganga rahmat” deya o‘quvchiligimizda maktab direktori shapalog‘ini yeganmiz. Bugun navoiyshunoslar elga va jahonga ichi to‘la qurt qovunni sotmoqdalar. Bularni kim jazolaydi?!
SIYOSIY SO‘QIRLIK TANTANASI
“Akademiya navoiyshunoslari kitob o‘qiydilarmi?” deb savol qo‘ysak, chin dildan o‘zimiz “ha” deymiz.
“Akademiya navoiyshunoslari o‘zlari nashrga tayyorlagan kitoblar korrekturasini o‘qiydilarmi? Kitob bosmaxonaga ketishi oldidan-chi?” degan savol berilsa, biz “yo‘q” deb javob beramiz.
“Isbot! Dalil!” deb navoiyshunoslar ayuhannos solishlarini ham bilamiz. Javobimizga quyidagi holatlar yuz foiz dalil bo‘la oladi:
1999-yili biz millat va davlatimiz faxri Sohibqiron Amir Temur tavalludining 663 yilligini tantanali nishonlaganmiz. Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti navoiyshunoslari esa 1999-yili chop etilgan Alisher Navoiy “Mukammal asarlar to‘plami”ning 15-jildida Amir Temurni zolim bosqinchi deb e’lon qilganlar:
“Nasimiy Temurning istilochilik siyosatiga va istibdodiga qarshi kurashga da’vat qiluvchi, ya’ni tariqat-hurufiylikni qabul qilgan va uni faol targ‘ib tashviq etgan”. (Alisher Navoiy, “Mukammal asarlar to‘plami”, 15-jild, 226-bet.)
Ushbu siyosiy so‘qirlikni Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti 2011-yili: Alisher Navoiy “To‘la asarlar to‘plami”ning 10-jildida yana takrorladi. O‘sha 1999-yilgi nashrdagi gap aynan takror e’lon qilindi: kirill yozuvida yozilgan: “Nasimiy Temurning istilochilik siyosatiga va istibdodiga qarshi kurashga da’vat qiluvchi tariqat-hurufizmni qabul qilgan va uni faol targ‘ib-tashviq etgan”. (“To‘la asarlar to‘plami”, 10-jild, 630-bet).
Holbuki, bundagi har ikki fikr: Sohibqiron Amir Temur va Imodiddin Nasimiyga nisbatan bo‘htondan boshqa narsa emas.
Navoiyshunosning “Sohibqiron Amir Temur”ni mensimay “Temur” deyishi, unga istilochilik va istibdodchi tamg‘asini bosishi siyosiy so‘qirlik emasmi?! Korrekturani nashrga tayyorlovchi va izohlar muallifi o‘qisa, shunday mag‘zava Sohibqironga ag‘darilarmidi?!
Vahob RAHMONOV, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi