Asl bilimim miyamda qoldi
Men Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi Navbahor mahallasida tug‘ilib voyaga yetganman. Shu hududdagi o‘rta maktabda va kollejda ta’lim oldim. Keyinchalik Jizzax davlat pedagogika institutining Boshlang‘ich ta’lim va sport tarbiyaviy ishi yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. 2014-yilda Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldim. O‘qish davomida “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini milliy tarbiyalashning pedagogik asoslari” mavzusida tadqiqot olib borib, ko‘plab maqola hamda tezislar, 2 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma nashr qildirdim. 2015-yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga magistratura bosqichiga imtiyoz asosida o‘qishga kirdim. 2018-yildan boshlab 13.00.01 ya’ni Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi yo‘nalishida tayanch doktoranturada o‘qiy boshladim. Tadqiqot mavzuyim (“Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini innovatsion yondashuv asosida milliy ruhda tarbiyalashning pedagogik asoslarini takomillashtirish”) doirasida izchil izlanishlar olib bordim, milliy tarbiya, milliy tarbiyalash va innovatsion yondashuv masalalarini atroflicha tahlil qildim, yangi metodikalar ishlab chiqdim, respublikamizning turli hududlaridagi 9 ta maktabda olib borgan tajriba-sinov ishlarimda 1516 ta respondent ishtirok etdi.
Tarix barchamizga ustoz. O‘tmishdagi hukmdorlarning islohotlariga nazar soladigan bo‘lsak, qaysiki, ilm-fanga, ma’rifatga e’tiborini kuchaytirgan bo‘lsa, shu yurtda farovonlik, tinchlik hukm surgan, xalqi to‘kin-sochinlikda yashagan. So‘zimni boshlaganimda hayolingizga kelgan fikr to‘g‘ri. Men tug‘ilgan joy Sirdaro suv ombori toshqinidan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri. Yaratganning qudrati bilan men va barcha yaqinlarim sog‘-salomatmiz.
Yaqinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryoga tashrifi chog‘ida o‘tkazgan uchrashuvda mahallaning yosh-u qarisi yig‘ildi. Muhtaram yurtboshimiz 1-may kuni viloyatimizda yuz bergan ofat haqida so‘zlaganlarida ayni xalqimizning dilidan o‘tgan tashvishlari, yechimini kutayotgan barcha savollarga eng maqbul javoblarini aytib o‘tdilar. Mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini berdilar. Shundan so‘ng muhtaram yurtboshimiz Navbahorliklar bilan suhbatlashdilar, mahalladoshlarimning fikr-mulohazalarini dardlarini tingladilar, navbat menga kelganida hayajonim dilimdan tilimga ko‘chdi. O‘zimni tanishtirib, yuz bergan falokat vaqtida ko‘nglimdan o‘tgan kechinmalar, toshqindan xabar topganimda avvalo, ona sifatida farzandimni havfsiz joyga ko‘chirishni o‘ylaganim va shu bilan birga yosh tadqiqotchi sifatida necha yillik ilmiy tadqiqotlarim natijalari uyda qolganidan havotirlanganim, toshqin qaytgach, uyga borganimizda mehnatlarim, hali nashrga berilmagan maqolalarim va o‘tkazgan tajriba-sinovlarim natijalarini loyga qorishib yotganligini so‘zlayotganimda beixtiyor ko‘zimga yosh keldi. Axir yurtboshimizning o‘zlari ilm qilishni igna bilan quduq qazishga tenglashtirganlari va ayni damda ko‘nglimdan o‘tganlarini olim sifatida his qila olishlarini aytdim.
Lekin eng asosiysi jonimiz omon qolganligi, mehnatlarim suvda qolgan bo‘lsa-da, asl bilim, tadqiqotimning g‘oyasi miyamda ekanligi, hali yosh va kuchli ekanim, bizga bildirilgan yuksak ishonchdan kuch, olib yurtimizda olimlarga yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanib ilmiy ishimni davom ettirishga, ilm-fan rivoji uchun xizmat qiladigan yangi metodika va texnologiyalar ishlab chiqib ilmiy farazimni asoslashga va’da berdim. Shu daqiqalarda hayotimda unutilmas voqea yuz berdi, muhtaram yurtboshimizning o‘zlari menga doktorlik unvonini berdilar, hayajondan tilimga so‘z kelmadi.
Prezident sifatida odilona siyosatlari, otalarcha g‘amxo‘rliklari va olim sifatida ilg‘or fikrlashlari, bag‘rikengliklari qalbimda yuksak minnatdorchilik hislarini uyg‘otdi. Shunday sinovli kunlarda boshimizga tushgan kulfatlarni yengish uchun iqtisodiyot, ekologiya, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi muammolarni bartaraf etishda amalga oshirayotgan islohotlari bilan bir vaqtning o‘zida ilm-fandagi kichik bir yo‘qotishga ham ma’suliyat bilan yondashganliklari, ta’limni rivojlantirishga bo‘lgan e’tiborlari olimlarga bo‘lgan mehrlarining ifodasi ekanligini his qildim.
Favqulodda bu mukofot nafaqat men uchun, balki olimlar, ilm qilaman degan barcha tadqiqotchilarni o‘z maqsadlari yo‘lida ishonch bilan dadil qadam bosishiga zamin bo‘ldi. Bildirilgan yuksak e’tibor va ishonch menga yanada ko‘proq ma’suliyat yuklaydi. Ilmiy ishim doirasida izlanishlarimni davom ettirib, ilmiy yangiligini uzluksiz ta’limning keyingi bosqichlariga ham tatbiq etib, ta’limda sifat ko‘rsatkichlarini oshirish orqali muhtaram Yurtboshimizning bildirgan ishonchni oqlashga va’da beraman.
Kamolaxon ABRORXONOVA, falsafa fanlari doktori