Ranglar jilosi
Hayotimizni ranglar o‘rab turibdi. Atrofimizni, butun olamni ranglarda ko‘ramiz. Ko‘k osmonga, yashil o‘tloqqa, qizil, sariq, oq, qora mashinalarga shu qadar o‘rganib qolganmizki, rang aslida optik diapazondagi elektromagnit nurlarining subyektiv talqini ekanini unutib qo‘yamiz. Rang — bu ko‘zimiz ilg‘aydigan yorug‘lik to‘lqinlari, uni uzun-qisqaligiga qarab har xil ko‘ramiz.
Ranglarning qanday shakllanishi-yu, ko‘zimiz uni qanday ko‘rishi borasidagi nazariy tafsilotlarga to‘xtalib o‘tirmayman. Boshqa masalaga to‘xtalmoqchiman.
Rang faqatgina fizik hodisa emas. U insoniyat madaniy kapitalining ajralmas qismi hamdir. Ranglar odamlarni o‘rab turgan olamning muhim qismi, unga o‘zgachalik baxsh etadigan xususiyatdir. Shu bois odamlar ko‘p narsalar, buyumlar, joylar, shaxslarni ranglar bilan uyg‘unlikda tasavvur qiladi; qop-qora osmonni yoki binafsharang suvni tasavvur qilolmaysiz. Odamlar buyumlarni va joylarnigina emas, ma’naviy tushunchalarni ham ranglarga bog‘laydi. Qo‘shiqlar, ertaklar, tuyg‘ularni ranglarga bog‘laydi. Oq rang poklik, qora rang yovuzlik, tundlik, yashil yangi boshlanmalar, yoshlik kabi assotsiatsiyalarga ega. Demak, rang ayni paytda madaniy konsept hamdir; u insoniyatning madaniyatini ma’lum darajada aks ettiradi, turli madaniy tushunchalar bilan, his-tuyg‘u va qarashlar bilan bog‘lanadi.
Turli xalqlarda ranglar har xil tarkibga va ma’noga ega. Har bir xalq ranglarni anglashning o‘z yo‘lini bosib o‘tgan. Bu holat ko‘p omillarga bog‘liq. Xalqlar turli geografik muhitda yashaydi, kundalik hayotida turli ranglarga to‘qnash keladi. Bundan tashqari, ular har xil siyosiy-tarixiy yo‘lni bosib o‘tadi. Bu omillar xalqlarning madaniyatida ham aks etadi — atrof-muhitga qarab, tarixiy jarayonlarga qarab madaniy meros vujudga keladi. O‘ziga xos madaniyat shakllantirgan xalqning rang haqidagi tushunchalari ham geografiya, o‘tmish va madaniyat bilan bog‘liq ravishda o‘ziga xos bo‘ladi.
O‘tmish xalqlarining madaniyatini, atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini tushunishda ranglarni anglash ham muhim o‘rin tutadi. Qadimda muayyan xalq qaysi ranglarni bilgan? Bu ranglarni qanday tushunchalar bilan bog‘lagan? Bu ranglar uning madaniyatida qanday aks etgan?
Bu kabi savollarga madaniyatshunoslik, folklor va psixologiya javob beradi. Shuning uchun mavzuni ochib berishni madaniyatshunoslarga, folklorshunoslarga qoldiramiz. Tilshunos sifatida ayni masalaga biroz boshqacha yondashaman: ranglarni ifodalovchi so‘zlarning kelib chiqishi o‘tmish avlodlari ranglarni qanday tushungani va nima bilan bog‘laganini ko‘rsatadi. Keling, shu nuqtadan qarab, eng qadimiy turk bobo tilidagi ranglarni tahlil qilaylik. Oldinroq “Bobolar dasturxoni” maqolasida qadimgi turklarning oziq-ovqat ratsionini tilshunoslik qurollari yordamida qayta tiklagan edik. Qadimgi turklar qaysi ranglarni bilganini, ularni nima bilan bog‘laganini ham tiklab ko‘raylik. Balki bu bizga o‘tmishni biroz yaxshiroq tushunishga yordam berar.
Rang
“Rang” so‘zi, ma’lumki, fors tilidan o‘zlashgan. Qolaversa, ko‘pgina ranglarning nomi ham forscha: “zangori”, “binafsha”, “gulob”, “qirmizi”, “jigarrang”, “pushti”, “siyohrang”, “moviy” (arabcha o‘zak); “kulrang”ning birinchi komponenti — “kul” tub so‘z bo‘lsa-da, birikma strukturasiga ko‘ra u keyingi zamonda, fors madaniyati ta’siri chog‘ida paydo bo‘lgani ko‘rinib turibdi.
Yuqoridagi ro‘yxat tahlili natijasida bir qancha xulosalar qilishimiz mumkin. Birinchidan, turkiy xalqlar musulmon olamiga kirib kelib, musulmon madaniyatini qabul qilganidan so‘ng fors tili va madaniyati ularga kuchli ta’sir ko‘rsatgani yaxshi ma’lum bo‘lgan fakt. Lekin musulmon madaniyati turklarning ranglar palitrasini, ular biladigan va atrofida ko‘radigan ranglarni o‘zgartirgani ko‘rinib turibdi.
Yangi geografik va madaniy muhitga kelgan, yangi xalqlar bilan qo‘shnichilikda yashay boshlagan, yangi tillarni, madaniyatlarni ko‘rgan, yangi buyumlarga, binolarga, shaharlarga, obyektlarga duch kelgan, bular ta’sirida yangi madaniy konseptlarni shakllantirishni boshlagan turkiy qabilalarning ranglar jadvali ham o‘zgara boshlagan. Yana boyagi ro‘yxatga qaytamiz. Unga ko‘z yugurtirib, shunga amin bo‘lamizki, ranglarning bari ikkilamchi, ya’ni asosiy ranglarning turli tuslari, ottenkalaridir. Asosiy ranglar esa qadimdan bo‘lgan. Keling, bayonni ularga ko‘chiramiz, axir maqsadimiz eng qadimgi davrni anglash, eng qadimgi ranglarni tiklashdir.
Bo‘y
“Rang” ma’nosini beruvchi so‘z hamma tilda bor. Shunga qaramay, ularni yuz foiz bir-biriga mos tarjima, ekvivalent deb tushunish xato bo‘ladi. Xalqlar, elatlar “rang” tushunchasini turlicha qabul qiladi, har xil ranglarga madaniy va maishiy ahamiyat beradi (qayerdadir qizil rang mashhur, qayerdadir butun afsona-rivoyatlar qora bilan bog‘liq).
Shuning uchun fors tilidan “rang” so‘zi kirib kelganida, u tub turkcha so‘z — bod’ning sinonimiga aylanmadi, uni siqib chiqardi. So‘z bilan birga turkiy xalqlarning rang haqidagi tushunchalari va ranglar ro‘yxati o‘zgardi. Bugun “rang” so‘zi adabiy tilda ham, so‘zlashuv tilida ham yetakchilik qiladi. Uning sof turkcha muqobili bo‘lmish bod esa “bo‘ya” fe’lida, “bo‘yoq” otida saqlanib qolgan (qadimgi turk tilida so‘z o‘rtasi va oxirida keladigan d tovushi y tovushiga o‘tishi — keng tarqalgan fonetik hodisa).
Ko‘hna turklar rangni qanday ataganini bilib oldik — bod (“bo‘y”). Endi ular qanday ranglarni bilganini aniqlaylik.
Bu mavzuga kirishish oldidan bilib qo‘yish lozim bo‘lgan ba’zi ma’lumotlar bor. Tillardagi so‘zlarning juda katta qismi qandaydir boshqa, qadimiyroq o‘zakdan kelib chiqqan. So‘zlarning boshqa so‘zlardan kelib chiqishini etimologiya fani o‘rganadi. Lekin so‘zlarni tahlil qilib, eskiroq o‘zaklarini aniqlab boraversangiz, axiyri bu jarayon bir nuqtada — pratil bosqichida to‘xtaydi. Juda uzoq o‘tmishda, tillar endi shakllanayotganida odamlarda yangi so‘z yasash uchun so‘zning o‘zi bo‘lmagan. Ular so‘zlarni o‘ylab topishga majbur bo‘lgan. Ular tabiat tovushlariga quloq tutib, taqlid so‘zlar yasagan. Odam tuyg‘ularini beixtiyor qandaydir tovushlar yordamida ifoda etadi. Ilk til mualliflari mana shu tovushlardan undov so‘zlarni yasagan. Uchinchi yo‘l — ko‘rib turgan narsa-buyumlariga ularning xususiyatlaridan kelib chiqib nom berishga harakat qilishgan, bunda qanday narsa qanday tovushlar bilan assotsiatsiya uyg‘otishi muhim bo‘lgan.
Xullas, mana shunday yo‘llar bilan ilk so‘zlar, eng qadimgi til yaratilgan. Tilshunoslikning eng murakkab muammolaridan biri bo‘lmish monogenez (hamma tillar bir bobo tildan kelib chiqqan) va poligenez (tillar yagona ajdodga ega emas) nazariyalari o‘rtasidagi bahsni chetga surib turaylik, bizning kontekstda uning ahamiyati yo‘q. Muhimi shundaki, eng eski, eng ibtidoiy tilda ba’zi ranglar ham bo‘lgan: odamlar hayotlarida eng ko‘p duch keladigan ranglariga qadimdanoq nom bergan.
Turkiy tillarda ham mana shunday eng qadimgi ranglar bor. Ularning etimologiyasi yo‘q, ya’ni ular boshqa o‘zakdan kelib chiqmagan. Keyingi bosqichda boshqa o‘zaklardan ham rang nomlari yasala boshlagan.
Asosiy ranglar
Qara — “qora”. Taxminlarga ko‘ra, arxaik davrda turklar bu so‘z bilan bugun biz bilgan tim qora rangni emas, uning barcha ottenkalarini va unga yaqin ranglarni ham ifodalagan. Shu taxminga asoslanib, kulrang ham “qora” so‘zi bilan ifodalangan, ya’ni bu ikkisi bir rangning ikki xil ottenkasi deb tushunilgan, desak bo‘ladi.
Ko‘pchilik turkologlar “qora”ni ilk tilga borib taqaydi va biror etimologiya bermaydi. Yana bir taxminga ko‘ra, arxaik turk tilida qa fe’li bo‘lgan va u “zichlashmoq/zichlashtirmoq”, “bir narsani zichlamoq”, “buyumlarni zichlab joylashtirmoq”, “buyumlarni ustma-ust joylashtirmoq”, “bir uyum narsa bilan biror ish qilmoq” kabi ma’nolarni bergan. Bu gipotezadan kelib chiqsak, qalamaq — “qalamoq”, qat — “qat/qatmoq/qatlamoq”, qar — “qormoq/qorishtirmoq”, qalın — “qalin” kabi so‘zlar “qora” bilan o‘zakdosh bo‘lib chiqadi. Bu fikrda ma’lum asos bor — qora “zich”, “qalin” rangligini bilamiz. Ammo bunday qarash hali to‘liq isbotlanmagani uchun hozircha “qora”ni tub so‘z deb hisoblab turamiz.
Aq — “oq”. Oq ham eng eski rang so‘zlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, u aqmaq — “oqmoq” fe’li bilan bog‘lanadi. “Oq” bilan bog‘liq yana bir so‘z bor: agul — “Oy atrofidagi yorug‘lik halqasi”.
Ürüƞ — “oq, kumush rang, sut rang”. Bu so‘zning kelib chiqishi ma’lum emas — kimdir arxaik, kimdir yasama so‘z deydi. Ma’nosiga kelsak, dastlab bu so‘z bilan metall rangi ifodalangan, keyinchalik “sut rangi” ma’nosi ham kelib chiqqan.
Kök — “ko‘k”. Bu rang turklar uchun qay darajada muhimligini ortiqcha tavsiflab o‘tirish shart bo‘lmasa kerak. Ko‘k — muqaddas rang, muqaddas osmon ramzi, turklarning bayroqlari bo‘yalgan ramziy rang. Ko‘k rangni ko‘hna turklar birinchi navbatda osmon bilan bog‘lashgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, “ko‘k” so‘zi bilan dastlab bugungi moviyga yaqinroq osmon rangi ifodalangan. Keyinchalik uning semantik doirasi kengayib, to‘q ko‘kni ham, boshqa tuslarni ham, hatto yashilni (tabiatning rangini) ham angalata boshlagan. Bu bosqichda turkiy xalqlar ko‘k, moviy va yashilni bitta rang sifatida qabul qilgan.
Yuqoridagi ma’lumotlar asosida “ko‘k” arxaik tilga borib taqaluvchi so‘z desak bo‘ladi. Uning etimologiyasini topish harakatlari natija bermagani ham bunga qo‘shimcha dalil bo‘la oladi.
Yaşıl/yäşil — “yashil”. Bu so‘zning o‘zagi yas — “yosh, navqiron”dir; u ham qızıl so‘zida ko‘rganimiz +ıl qo‘shimchasi yordamida yasalgan. Eng arxaik tilda tabiat rangini “ko‘k” ifodalagan bo‘lsa (boshqa ranglar qatorida), keyinchalik uning o‘rniga “yashil” so‘zi ishlatila boshlagan.
Al — “ol, qizil”. Bu so‘z bilan ham, yuqoridagilarida bo‘lganidek, qizilning barcha tuslarini anglatgan bo‘lsa kerak. So‘zning dastlabki kelib chiqishi esa qon bilan bog‘liq deb taxmin qilinadi: inson qonining rangi turklar bilan ilk qizil rang bo‘lgan. Al tomirdan oqayotgan (yoki yaradan chiqayotgan) qonning harakatiga taqlidan yasalgan so‘z bo‘lsa kerak.
Ala — “ola” so‘zi ham shu o‘zakka borib taqalishi mumkin.
Qızıl/qırıl — “qizil”. Hozirda aksariyat turkiy tillarda “ol”ni siqib chiqargan bu so‘z qız — “qizimoq” fe’lidan kelib chiqqan. Shunga ko‘ra, dastlab “qizil” deb olov, keyinroq oltin rangi atalgani taxmin qilinadi.
Sarığ — “sariq”. Bu so‘zning o‘zagi – sar, +ığ esa qo‘shimcha (u “cho‘ziq”, “buzuq”, “qiyshiq” so‘zlarida ham qayd etilgan). Sar so‘zini ba’zi tadqiqotchilar eroniy tillardagi “oltin”, “sariq” ma’nosini beruvchi o‘zaklar bilan bog‘laydi (masalan, forscha “zar” — “oltin”, “zard” — “sariq”). Boshqa taxminlarga ko‘ra, sar deb Quyosh aytilgan bo‘lishi mumkin. “Quyosh” ma’nosidagi shunga yaqin so‘zlar dunyoning juda ko‘p tillarida, masalan, hind-yevropa tillarida bor (masalan, ruscha “solnse”).
Boz/bor – “bo‘z”. Bu so‘z bilan dastlab yerning, tuproqning rangi ifodalangan.
Yağız/yağır — “qo‘ng‘ir”. Yuqoridagi rangning ochroq tusi. Fors tilida shunga yaqin rang-tuslarni ifodalovchi “malla”, “saman” kabi so‘zlar turkiy tillarda rang ma’nosini anglatuvchi mustaqil so‘zlarga aylana olmagan.
Bu ikki so‘zga yaqin ma’noni beruvchi qoƞur — “qo‘ng‘ir”ni ham unutmaylik. Uni tilshunoslar keyingi davrda boshqa o‘zakdan yasalgan so‘z hisoblaydi va xususan, qoƞuz — “qo‘ng‘iz” so‘zi bilan bog‘laydi.
Bugungi kun
Bu so‘zlarning deyarli hammasi tilimizda saqlangan va faol ishlatiladi. Lekin, shu bilan birga, ularning semantikasi biroz o‘zgarganini ta’kidlamay ilojimiz yo‘q: biz bugun “ol” deganda ajdodlar nazarda tutgan “ol”ni tushunmaymiz; “qizil”ning, “sariq”ning, “bo‘z”ning ma’nolari bir qadar o‘zgargan. Bu — normal holat. Zamona zayli bilan so‘zlar va ularning ma’nolari o‘zgarib boradi. Bu insoniyat taraqqiyotini, o‘zgarishlarni aks ettiradi.
Hozirgi kunda biz biladigan, ko‘radigan ranglar va tuslar yanayam ko‘paygan. Ularni ifodalovchi so‘zlar shakllanmoqda. O‘rta asrlarda yangi ranglarni ifodalash uchun fors tiliga murojaat etilgan bo‘lsa, bugun rus tiliga ko‘proq murojaat qilinyapti. So‘zlashuv tilida ranglarni ifodalovchi mana shunday yangi so‘zlarni eshitib qolamiz — “kashtanovûy/kashtan rangi”, “bejevûy”, “baklajanovûy/baqlajon” va hokazo. Bu so‘zlar hozircha rus tiliga mansub deb hisoblanadi, ya’ni, amalda keng ishlatilsa-da, o‘zbek tilining lug‘at boyligi hisoblanmaydi. Ular “o‘z” so‘zlarimiz sifatida qabul qilinadimi (bir paytlar “zangori”, “pushti”, “binafsha”, “moviy” kabilar qabul qilinganidek)? Yoki o‘rniga tub o‘zaklarga tayangan yangi so‘zlar ishlab chiqiladimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.
Eldor ASANOV