Qipchoq shevalarini bilamizmi?
O‘zbek tili uch lahjaga bo‘linishi haqida birlamchi ma’lumot maktab darsliklarida beriladi. Filologiya fakultetlarida bu lahjalarning o‘ziga xos jihatlari, tarqalish geografiyasi chuqurroq o‘rgatiladi. Lekin ba’zan hatto filologlar ham o‘zbek dialektologiyasi masalasida eskirgan fikrlarni aytishiga guvoh bo‘laman. Menimcha, buning sababi shundaki, o‘zbek dialektlarini o‘rganish borasida keng miqyosli tadqiqotlar o‘tkazilmayapti, sovet davrida to‘plangan materialga, yozilgan darsliklarga tayanish davom etmoqda.
Dialektologiya (sheva tadqiqotlari) — tilshunoslikning muhim yo‘nalishi. U shunchaki nazariy ma’lumot taqdim etadigan, ko‘pchilik nazdidagi amaliy foydasi yo‘q soha emas. Dialektologiya, birinchidan, adabiy tilni boyitish, til tarixini va xalq madaniyatini o‘rganish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ikkinchidan, u sotsiolingvistika bilan uzviy bog‘liq: jamiyatda adabiy til va sheva munosabatlarini o‘rganishga, ular atrofida yuzaga kelayotgan ijtimoiy munosabatlarni tushunishga yordam beradi. Bir misol keltiraman.
O‘zbek tilining qipchoq shevalari orasida “j”lovchilari bor (hamma qipchoq shevalari “j”laydi degan, keng tarqalgan fikr haqiqatga mos kelmaydi). Ba’zi hududlarda “j”lovchi sheva egalarini kamsitish, masxaralash holatlari uchraydi. Bu — dolzarb ijtimoiy masala. Dialektologiya bu kabi masalalarni ochib beradi va ular hal etilishiga turtki bo‘ladi. Dialektologiya barcha shevalar go‘zalligini va o‘zaro tengligini namoyish qiladi. Shunday qilib, u muhim amaliy vazifani bajaradi.
O‘zbekistonda dialektologik tadqiqotlar o‘tkazish zarurati kun sayin oshib bormoqda. Bunda sovet davridagidek ekspeditsiyalar o‘tkazib, nazariy material to‘plash bilangina cheklanib qolish kerak emas. Albatta, buning ham o‘z o‘rni bor — qaysi hududlarda qanday shevalar tarqalgani, bu shevalar qanday so‘z boyligiga egaligini bilish foydali. Lekin zamonaviy, amaliy dialektologik tadqiqotlar ham o‘tkazish lozim. Ular shevalar tarixini, ijtimoiy va madaniy hayotdagi o‘rnini ko‘rsatib beradi.
Quyida o‘zbek tilining qipchoq shevalari misolida o‘zbek dialektologiyasining ayrim masalalarini ko‘rib chiqamiz.
Qipchoq shevalari qachon shakllangan?
O‘zbek tilining uch lahjasi turkiy tillarning uchta katta tarmog‘i bilan bog‘liq: qarluq-chigil (yoki uyg‘ur), qipchoq va o‘g‘uz. Bu tillarda gapiruvchi qabilalar taxminan ming yil oldin bir-biridan ajralib chiqqan. XVI asrdan so‘ng, o‘zbek xonliklari davrida shu xonliklar hududida mavjud bo‘lgan qarluq, qipchoq va o‘g‘uz tillari qaytadan yagona til kontiniumi (o‘zaro yaqin shevalar jamlanmasi) bo‘lib birlashgan. Ularni birlashtiruvchi kuch, siyosiy chegaralardan tashqari, Navoiy tili — chig‘atoy yozma me’yori bo‘lgan.
Bu uch lahjaga mansub shevalar qachondan boshlab bu hududlarda tarqalgani borasida har xil qarashlar bor, lekin keng miqyosli tadqiqotlar o‘tkazilmagan hisob. Bugungi tilshunoslikda qipchoq shevalarining Movarounnahrga kirib kelishi XVI asr, Shayboniyxon bilan bog‘liq degan fikr hukmron.
Shayboniyxon hamda uning davomchilari bilan kirib kelgan qabilalarni e’tirof etgan holda, bu hududlarda qipchoqcha gapiruvchi qabilalar oldindan bo‘lganini tan olish kerak. Bu masalani aniq hal etish uchun, albatta, tadqiqotlar zarur. Hozir esa bir-ikkita diqqatga sazovor faktni keltiraman.
Xorazmda hukm surgan Anushteginiylar sulolasi Saljuqiylardan ajralib chiqish maqsadida Mang‘ishloq yarimorolida istiqomat qiluvchi qang‘li-qipchoqlar bilan ittifoq tuzadi. Turkman-qipchoq ittifoqi natijasida Xorazm siyosiy mustaqillikka erishadi va hatto qisqa muddat musulmon Sharqining eng yirik davlatlaridan biriga aylanadi. Shu jarayonda qipchoqlar katta miqdorda Xorazmga va Movarounnahrga joylashadi. Ular Xorazm davlatining harbiy elitasi sifatida mo‘g‘ullarga qarshi janglarda qatnashadi. Masalan, O‘tror hokimi Inolchiq, Xo‘jand hokimi Temur Malik qang‘li-qipchoqlardan edi. Ular xorazmshoh Muhammadning onasi — Turkon xotunning qarindoshlari edi. Turkon xotunning yana bir qarindoshi — Tog‘ayxon Samarqandda 30 ming kishilik qipchoq qo‘shini bilan Chingizxonni kutib oladi.
O‘zaro urush tugagach, qipchoqlarning katta qismi Yevropaga va Kavkazga qochib ketadi, qolganlari esa mo‘g‘ullar bilan siyosiy birlikni tashkil etadi. Bu siyosiy birlikda qipchoqlarning madaniy, siyosiy o‘rni va soni qanchalik salmoqli bo‘lganini bir narsadan bilsa bo‘ladi — Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘jiga tegishli ulus bo‘lmish Oltin O‘rda davlatidagi deyarli barcha qabilalar qipchoq tilida gapira boshlaydi, qipchoq yozma adabiy tili shakllanadi.
Bu davrda Movarounnahr, Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Xorazmning janubi Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoy va uning avlodlariga tegishli ulus edi. Chig‘atoy ulusida qarluq me’yori asosiy tilga aylanadi. Lekin bu yerda ham qipchoq tili ma’lum ta’sirga ega edi. Misollarga o‘tsak.
Mashhur shoh, munajjim va tarixchi Mirzo Ulug‘bek o‘zining “To‘rt ulus tarixi” kitobida Jo‘jining vafoti haqida hikoya qilar ekan, unga bog‘liq bir rivoyatni keltiradi. Unga ko‘ra, Jo‘ji Chingizxonning sevimli farzandi bo‘lgani bois hech kim buyuk xoqonning oldiga kirib, shumxabarni yetkazishga jur’at etmaydi. Shunda amirlardan Ulug‘ Jarchi Chingizxonga jir (xalqona qo‘shiq) bilan murojaat qiladi. “To‘rt ulus tarixi” fors tilida yozilganiga qaramay, jir turkiycha, qipchoq shevasida keltirilgan:
Tengiz boshdan bulg‘ondi, kim tindiruro, xonim?
Terak tubtan jig‘ildi, kim tirg‘uzuro, xonim?
Chingizxon javob beradi:
Tengiz boshdan bulg‘onsa, tindurur ulim Jo‘chidir,
Terak tubtan jig‘ilsa, tirg‘uzur ulim Jo‘chidir.
Jir aytishish uzoq davom etadi, Ulug‘ Jarchining ko‘ziga yosh keladi. Shunda Chingizxon bir shumxabar borligini payqab, unga murojaat etadi:
Ko‘zing yoshin chungur turli liq-liq to‘ldi bo‘lg‘aymi?
Jiring ko‘ngil urkutur, Jo‘chi o‘ldi bo‘lg‘aymi?
Ulug‘ Jarchi javob qiladi:
So‘ylamakka erkim yo‘q, sen so‘ylading, o xonim,
O‘z yarlig‘liq ozarg‘a javobdi o‘ylading, o xonim.
Bu qatralar o‘zbek xalq og‘zaki ijodi ruhiyatiga va uslubiga naqadar yaqinligi bilan diqqatga sazovor. Ushbu noyob satrlarga tayanib, Shayboniyxondan ancha oldin ham Chig‘atoy ulusida qipchoq tili ma’lum bo‘lganini aytish mumkin. Navoiy asarlarida ham qipchoqcha so‘zlar uchrashi bu fikrga qo‘shimcha dalil bo‘ladi.
Qipchoq shevalarining tarqalish geografiyasi
Qipchoq shevalari asosan Surxondaryo va Qashqadaryoda tarqalgan degan qarash juda mashhur. Toshkent va Farg‘ona vodiysi qipchoq shevalaridan xoli hudud deb qaraladi. Bunday qarash nafaqat xalq orasida, balki filologlar orasida ham uchrab turadi. Vaholanki, qipchoq shevalari O‘zbekistonning hamma mintaqalarida bor.
Aslida bu masala o‘z vaqtida ba’zi tilshunoslar tomonidan yaxshi o‘rganilgan, lekin ularning tadqiqotlari bugun unutilganday, ularga kam murojaat qilishadi. Taniqli o‘zbek tilshunosi, qipchoq shevalarining eng yirik tadqiqotchisi Xudoyberdi Doniyorov 70-yillardayoq qipchoq shevalarining tarqalish geografiyasini juda to‘g‘ri tavsiflab bergan edi. Quyida uning tavsifini o‘z kuzatishlarim bilan omixtalashtirib, qipchoq shevalari qayerlarda qayd etilganini sanab o‘taman.
Qipchoq tilli aholining asosiy qismi sobiq Buxoro amirligi hududida istiqomat qiladi. Surxondaryo viloyatining barcha tumanlarida qipchoq shevalari yoyilgan; ular Termiz, Denov, Boysun, Sariosiyo va Uzundan boshqa barcha tumanlarda ko‘pchilikni tashkil etadi. Qashqadaryoning ham barcha hududlarida qipchoq tilli aholini uchratish mumkin. Hatto Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘ singari qarluq tilli tumanlarning chekka qishloqlarida ham qipchoq shevalari saqlanmoqda.
Samarqand viloyati ham qipchoq shevalari zonasiga kiradi. Urgut, Pastdarg‘om, Tayloq, Narpay, Kattaqo‘rg‘on kabi tumanlarda qipchoq shevalari qarluq shevalari bilan qo‘shnichilik qilsa, Jomboy, Bulung‘ur, Payariq, Ishtixon, Qo‘shrabot, Nurobod, Paxtachi kabi tumanlar deyarli to‘liq qipchoq shevalarida gapiradi. Jizzax, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida ham qipchoq tilli aholi ko‘pchilikdir.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida, Toshkent viloyatining Piskent, Ohangaron, Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Parkent tumanlarida qipchoq shevalari qayd etilgan.
Sobiq Qo‘qon xonligi hududlariga keladigan bo‘lsak, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa, Uchko‘prik, O‘zbekiston, Bag‘dod, Buvayda, Dang‘ara, Beshariq, Furqat, Namanganning Pop, Norin, Uychi, Andijonning Baliqchi, Shahrixon kabi tumanlarida ko‘p sonli qipchoq tilli aholi yashaydi.
Sobiq Xiva xonligining shimoliy hududlari qadimda Oltin O‘rda tarkibida bo‘lgan va azaldan qipchoq tilli ko‘chmanchilar istiqomat qiluvchi makon hisoblangan. Xorazmda juda qadimiy va o‘ziga xos qipchoq shevalarini uchratishimiz mumkin. Viloyatning Gurlan, Yangibozor tumanlari aholisining asosiy qismi mana shunday shevalarda gapiradi. Xiva, Qo‘shko‘pir, Hazorasp, Bog‘ot kabi tumanlarda ham juda ko‘p qishloqlarda qipchoq shevalarida so‘zlashuvchi aholi istiqomat qiladi. Qoraqalpog‘iston o‘zbek shevalarining asosiy qismi ham shu guruhga kiradi.
Bu tur shevalar Turkmanistonda (asosan Lebap viloyatida), Tojikistonda (asosan Xatlon viloyatida), Afg‘onistonda (asosan Bog‘lon, Badaxshon, Tahor, Qunduz ulusvollarini — viloyatlarini qamrab oluvchi Qatag‘on mintaqasida), oz miqdorda Janubiy Qozog‘istonda va Janubiy Qirg‘izistonda tarqalgan.
Qipchoq tilli o‘zbeklarning etnogenezdagi o‘rni
Yuqoridagi tavsifning o‘ziyoq qipchoq shevalari naqadar keng yoyilganini va o‘zbek xalqining juda katta qismini qamrab olishini ko‘rsatib turibdi. Ularning salmoqli ulushi XVI–XIX asrlarda shaharlarga ko‘chib o‘tib, o‘troqlashib, qarluq va o‘g‘uz shevalariga o‘tib ketganini inobatga olsak, qipchoq tilli o‘zbeklar o‘tmishda ulkan jamoat bo‘lgani anglashiladi.
Afsus, o‘zbek tarixchiligida bu faktni nazardan qochirib, XVI–XIX asrlarda Dashti Qipchoqdan kirib kelgan aholining o‘zbek xalqi etnogenezidagi rolini past baholash tendensiyasi mavjud. 1940-yillarda rus tarixchisi Yakubovskiy ilgari surgan nuqtayi nazarga ko‘ra, Dashti Qipchoqdan kirib kelgan, o‘zini o‘zbek deb atagan qipchoq tilli nufus mahalliy aholiga nisbatan juda kam bo‘lgan, o‘zbek etnogeneziga hech qanday ta’sir o‘tkazmagan va shunchaki bu yerda azaldan yashab kelgan xalqqa o‘z nomini bergan xolos. Bu nazariyani bugun ham ba’zi tarixchilar takrorlaydi. Lekin bugungi dialektologik vaziyat ham, XVI–XIX asr yozma manbalari ham qipchoq tilli aholi juda ko‘p bo‘lganini isbotlab turibdi. Nega unda haligacha Yakubovskiyning nuqtayi nazaridan voz kechilmayapti?
Fikrimcha, ba’zi tarixchi va ziyolilarda “o‘zimizni Shayboniyxon o‘zbeklari bilan bog‘lasak, undan oldingi tarixga da’vogarlik qila olmaymiz”, degan qo‘rquv bor. Avvalo, tarixiy haqiqat bu kabi qo‘rquvlar tufayli buzilmasligi kerakligini ta’kidlab o‘tay. Ikkinchidan, har qanday zamonaviy xalq o‘tmishdagi bir qancha etnik guruhlardan tarkib topadi. Ulardan birini haqiqiy ajdod deb tanlab olish, boshqasining ahamiyatini tushirish o‘tmish avlodlarga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi.
T. Sultonovning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1510-yilda Movarounnahrda joylashgan o‘zbeklarning adadi 240 mingdan 360 minggacha bo‘lgan. Undan so‘ng yana 250 yil davomida o‘n minglab ko‘chmanchilar tinimsiz ravishda Xivaga, Buxoroga va Qo‘qonga kirib kelgan. Buxoro amirligi aholisi 1822-yilda 2 478 000 kishini tashkil etganini, shulardan 1,5 millioni o‘zbeklar bo‘lganini inobatga olsak (rus diplomati Yegor Meyendorf ma’lumotlari), ularning asosiy qismi Shayboniyxon o‘zbeklari avlodi bo‘lganini tushunish qiyin emas: 1510- va 1822-yillar orasidagi 312 yil ichida 240–360 minglik dastlabki qipchoq tilli aholi hamda ulardan so‘ng tashrif buyurgan o‘n minglab ko‘chmanchi bir necha barobar ko‘paygan bo‘lishi kerak edi. Xiva va Qo‘qonda ham ular oz bo‘lmagan. Bugungi o‘zbek etnosi mana shu ko‘chmanchi o‘zbeklarning mahalliy chig‘atoylar va boshqa kichikroq guruhlar bilan qo‘shiluvidan shakllangan. O‘zbek etnogenezi borasidagi bu qarash Yakubovskiydan oldingi Rossiya imperiyasi sharqshunosligida asosiy hisoblangan. Hozirgi kunda ayrim o‘zbek tarixchilari yuqoridagi raqamlarni e’tiborga olayotgani, qipchoq tilli qabilalarning ahamiyatini e’tirof etayotgani quvonarli hol.
Qarluq, qipchoq, o‘g‘uz — bir ildiz
O‘zbek fanida uchrab turadigan yana bir yondashuv bor: ular chig‘atoylar va o‘zbeklarni ikki alohida, bir-biriga begona xalq deb biladi, Shayboniyxonning yurishini esa bosqinchilik sifatida baholaydi. Vaholanki, u paytlarda bugungi etnos, millat tushunchalari bo‘lmagan, qabilalar tez-tez u siyosiy birlashmadan bunisiga o‘tib turgan va bir-birini begona deb bilmagan. XV–XVI asrlar chig‘atoylari va o‘zbeklari bir-biridan uzoq bo‘lmagan: ularning kelib chiqishi umumiy edi, tili va madaniyati yaqin edi, ayrim qabilalar chig‘atoylardan o‘zbeklarga, o‘zbeklardan chig‘atoylarga o‘tib turardi.
Fikrimcha, o‘zbek etnogeneziga mana shunday yondashish ko‘p muammoli masalalarni hal etadi. Shayboniyxon va Bobur o‘rtasidagi siyosiy kurashni bir yurtga bosqinchi kirib kelishi emas, turkiy qabilalarning besh yuz yil davom etgan o‘zaro resurs talashuvining davomi sifatida talqin etsak, tarixiy haqiqatga yaqinroq bo‘ladi, nazarimda. U davr odamlari bugungiday fikrlamagan, bugungiday qat’iy belgilangan siyosiy chegaralar ham bo‘lmagan, shu bois u hududdan bu hududga o‘tish, bir-biridan hudud tortib olish, yangi hududlarga joylashish normal holat bo‘lgan. Turkiy qabilalar yagona madaniy muhitda mavjud bo‘lgan va bir-biri bilan qarindoshligini yaxshi anglagan. Buni Navoiy ham o‘z she’rlarida ko‘p ta’kidlaydi, barcha turklarni bir deb biladi:
Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur.
Navoiy Chig‘atoy ulusi mansubi bo‘lsa-da, Oltin O‘rdada istiqomat qilgan o‘zbeklarni “o‘ziniki” deb bilgan:
Shoh-u toj-u xil’atekim men tamosho qilg‘ali,
O‘zbegim boshida qalpoq, egnida shirdog‘i bas.
Shularni e’tiborga olib, o‘tmish turkiy elatlarining o‘zaro qarindoshligi va yaqinligi masalasini ko‘rib chiqish kerak deb o‘ylayman.
Eldor ASANOV