Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosiga press-tur uyushtirildi
Toshkent shahri Olmazor tumani Talabalar shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosida OAV vakillari, jurnalistlar va blogerlar uchun press-tur bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilgan edi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni jahon ilm-fani yutuqlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar asosida jadal rivojlantirish ushbu vazirlikning vazifalari etib belgilangandi.
O‘sha yili vazirlik uchun Talabalar shaharchasidan joy tanlanib, ilg‘or ilm-fan yutuqlarini mujassam etgan, olimlar, tadqiqotchilar ishlashi uchun zamonaviy muhitga ega bino qurishga kirishilgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 2-dekabr va o‘tgan yil 24-mayda bunyodkorlik ishlarining borishi bilan tanishib, ushbu vazirlik olimlarning ilmiy salohiyati birlashadigan, innovatsion g‘oyalar startaplarga aylanib, iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etiladigan innovatsion xab bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan edi.
Shu asosda bunyodkorlik ishlari eng zamonaviy arxitektura talablari asosida amalga oshirildi. Natijada Innovatsion rivojlanish vazirligining me’moriy jihatdan ko‘rkam binosi qad rostladi.
Vazirlik binosi yerto‘la qavati bilan birga 6 qavatdan iborat bo‘lib, atrofida innovatsion bog‘ barpo qilingan.
1-qavatda ko‘rgazmalar zali, amfiteatr, yosh ixtirochilar xonasi, axborot bo‘limi, zamonaviy kutubxona, qahvaxona, bolalar xonasi, fuqarolar qabulxonasi tashkil qilingan.
2-qavatda Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy amaliy markazi, shuningdek robototexnika va mexatronika, uchuvchisiz parvoz etuvchi qurilmalar, sanoat sohasidagi internet buyumlari, 5G yangi avlod tarmoqlari bo‘yicha 4 ta yangi zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilingan.
3-qavatda Ilmiy-texnik axborot markazi, O‘zMU huzuridagi Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi, “Innovatsiyalar va boshqaruvda yechimlar” laboratoriyasi, 12 ta startap xonasi tashkil qilingan.
4- va 5-qavatlarda vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun xonalar hamda 170 o‘rinli majlislar zali, 2 ta 60 o‘rinli tadbirlar zallari va 3 ta uchrashuv xonalari mavjud.
Binoning yerto‘la qavatida aerokosmik tadqiqotlar va 3D prototiplashtirish bo‘yicha 2 ta yangi o‘quv laboratoriyalari, xodimlar uchun trenajor va tibbiy xizmat ko‘rsatish xonalari tashkil qilingan.
Innovatsion bog‘ning maydoni 1,7 ga bo‘lib, unda 24 turdagi manzarali daraxtlar va gullar, favvora, yozgi amfiteatr va 2 ta innovatsion loyihalar va texnologiyalarni taqdimot qilish maydonchalari mavjud.
Interfaol ko‘rgazma zali – “Showroom” yetakchi xorijiy va mahalliy kompaniyalarda ishlab chiqarilayotgan innovatsion mahsulotlar, startap loyihalar to‘g‘risida ma’lumot beradi. U turli sohalardagi 37 ta loyihani qamrab oluvchi 8 ta blokdan iborat.
Bu yerda robototexnika, texnologiyalar transferiga tegishli va Yoshlar akademiyasi a’zolarining loyihalari, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvidagi innovatsiyalar namoyish etiladi, “aqlli” bank faoliyat ko‘rsatadi.
Masalan, robototexnika burchagida yetakchi xorijiy kompaniyalarning robotlari joylashtirilgan. Bu yerga keluvchilar robotlarni yasashi yoki boshqarib ko‘rishi mumkin. Sohani chuqurroq o‘rganish istagida bo‘lganlar o‘rganishlarini ikkinchi qavatdagi robototexnika o‘quv-tadqiqot laboratoriyasida davom ettiradi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga oid texnologiyalar transferi bo‘limida yuqori texnologiyalar, “nou-xaular”, kundalik hayotda qo‘llanadigan innovatsion jihozlar bilan tanishish mumkin.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Isroilning “Maya International” kompaniyasi bilan sun’iy yo‘ldosh orqali quvurlardan suv sizishini aniqlaydigan texnologiya, Polshaning “Novol Asia” qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda poliefir shpatlyovka va poliefir yelim ishlab chiqarish texnologiyasi transferini amalga oshirildi. Ko‘rgazmada Malayziyaning “Cy Rewards” kompaniyasi bilan hamkorlikda joriy etilayotgan arzon uylar qurish texnologiyasi ham namoyish etilgan. Bu texnologiyaning afzalligi 2-3 qavatli uylarni qisqa vaqtda qurish imkonini beradi. Bunda bir kvadrat metr uyning tan narxi uch yuz dollar bo‘ladi.