Millat oynasi
2019-yil 21-oktabrda Prezidentimiz o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida: “Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir”, deb ta’kidlagan edi.
Ana shu bog‘liqlikni tilimizdagi o‘z so‘zlarimiz ko‘rsatib turganligini 80 mingdan ortiq o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlar, shevada qo‘llanadigan so‘zlar, tarixiy atamalarni o‘z ichiga olgan yangi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” misolida ko‘rishimiz mumkin. Lug‘atdan nafaqat o‘zbek tili leksik sathiga kirib kelayotgan o‘zlashmalar, balki mental xususiyatlarimizni o‘zida jamlagan tarixiy so‘zlar ham o‘rin olganligi kitobxonlarni o‘zbek madaniyati tomon yaqinlashtiradi. 3 ming nusxada chop etilgan ushbu lug‘atning yana bir afzal jihati shundaki, izohli lug‘atning mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan, yangi turdagi lug‘atlar bilan boyitish imkoni bo‘lishi nazarda tutilgan. Muxtasar qilganda, o‘zbek tili necha ming yillik boy tarixga ega ekanligini ushbu lug‘at anglatib turibdi.
Shu sohaning kichik bir vakili sifatida zamonlar osha necha-necha taloto‘plardan omon chiqib, sayqallanib kelgan ona tilimiz bag‘ridagi durdona so‘zlarni o‘zida jamlagan yangi izohli lug‘atimizni ko‘rib, quvonchga to‘ldim. Yangi izohli lug‘at barchamizga muborak bo‘lsin!
Umida YUSUPOVA, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 3-bosqich talabasi