Qur’oni karimda suv va uning mo‘jizasi haqida
Hanuzgacha yer yuzidagi suv, uning qanday qilib Yerdek quyoshga yaqin sayyorada paydo bo‘lgani olimlar uchun katta jumboq hisoblanadi. Gershel teleskopi orqali koinotni o‘rganayotgan astronomlar kometalarning birida yerdagiga o‘xshash suv mavjudligini qayd etishadi. Bugungi kungacha ma’lum bo‘lgan gipotezaga ko‘ra, Yer paydo bo‘lganida yetarlicha quruq bo‘lgan, Quyoshga yaqin joylashgani uchun havodagi suv bug‘ining muzga aylanib, yosh sayyoraning tarkibiy qismiga aylanishi imkonsiz edi. Shu bois Yer yuzining uchdan ikki qismini qoplab olgan ummonlar Yer paydo bo‘lganidan keyinroq yuzaga kelgan deb hisoblanadi.
Olimlar koinotdagi turli kometa va meteoritlarda joylashgan muz tarkiblarini o‘rganib, uning Yer sayyorasi ummonlaridagi suvning tarkibiga juda o‘xshash ekanligini aniqladilar. Shunga ko‘ra, dunyo olimlari Yer sayyorasiga suvning osmondan meteorit va kometalar orqali keltirilganini taxmin qilishadi.
Mana shu joyda, Olloh taoloning Qur’oni karimda zikr qilgan: “Biz osmondan o‘lchov ila suv tushirib, uni yerga joylashtirdik. Albatta, Biz uni ketkazishga ham qodirdirmiz” degan oyatini eslamaslikning iloji yo‘q (“Mo‘minun” surasi, 18-oyat).
Darhaqiqat, Olloh taoloning o‘zi qup-quruq tuproqdan bo‘lgan Yerni o‘z manziliga joylashtirdi. Osmondan o‘lchov bilan suv tushirib, uni Yerga joylashtirdi. Agar istasa, uni ketkazishga ham qodirdir. “Aytinglar-chi, agar suvlaringiz yerga singib ketsa, sizlarga kim osongina topiladigan suvni keltiradi?” (“Mulk” surasi, 30-oyat).
Suvning nafaqat Yer yuzasida paydo bo‘lishi, balki tiriklikning ham suvdan paydo bo‘lgani haqidagi nazariya Yerda hayotning paydo bo‘lishi haqidagi nazariyalar ichida eng mashhuri va eng ishonchlirog‘i hisoblanadi.
Endi Qur’oni karimning quyidagi oyatiga e’tibor beramiz: “Kufr kеltirganlar osmonlar-u yer bitishgan bo‘lgan ekanini, bas, Biz ularni ochganimizni va suvdan har bir tirik narsani qilganimizni bilmaydilarmi? Iymon kеltirmaydilarmi?” (“Anbiyo” surasi, 30-oyat).
Ilm-fan anchagina rivojlanib olgachgina, hujayraning asosiy qismi sanalgan sitoplazmaning 80 foizi suvdan iborat ekani bizga ma’lum bo‘ldi. So‘nggi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ko‘p organizmlar 50–90 foiz atrofida suvdan tarkib topgan ekan, shuningdek, har bir tirik jon yashash uchun suvga o‘ta muhtoj ekani ham ma’lum narsa. Bundan 14 asr ilgari insoniyatga har bir tirik narsa suvdan yaratilgani ma’lummidi? Ustiga ustak, har doim suv taqchil bo‘lib kelgan arab sahrolarida yashagan kishining shunchalik darajadagi “topqirligi”ni qanday izohlash mumkin?
Quyidagi oyat jonzotlarning suvdan yaratilganiga dalolatdir:
“Olloh hamma jonivorni suvdan yaratdi” (“Nur” surasi, 45-oyat).
Quyidagi oyat esa insonlarning ham suvdan yaratilganiga ishoradir:
“U suvdan bashar yaratgan va uni nasl-nasab, quda-anda qilib qo‘ygan Zotdir. Robbing qodir bo‘lgan Zotdir” (“Furqon” surasi, 54-oyat).
Barcha tiriklikning yaralishi suv bilan bog‘liq ekanligini ayni vaqtda biologiyaning turli sohalarida faoliyat olib borayotgan, Yerda hayot qanday paydo bo‘lgan, degan savol ustida bosh qotirayotgan barcha olimlar hayot suvda, yerdagi dastlabki okeanda paydo bo‘lganini aytib kelishmoqda. Bu haqida esa Qur’oni karimda takror va takror qayd etilgani, ushbu kitob Ollohning kitobi ekanligiga yana bir dalil hisobalandi. Bunda esa albatta fikr yurituvchilar uchun ulkan hikmat borligini ko‘ramiz.
Mamlakat BOYMATOVA, Uchko‘prik tumanidagi 2-IDUMIning biologiya fani o‘qituvchisi
Elyor NURDINOV, Janubiy Koreyadagi Chungnam milliy universiteti talabasi