Tarix so‘qmoqlarida… (Andrey Kubatin bilan suhbat)
Tarix — millatning o‘zligini tanitadi. Undan ayri xalqning kelajagi ham tanazzulga yuz tutishi tabiiy. Ming shukr bebaho, boy, buyuk va faxrlansa arziguvlik o‘tmishimiz bor. Bizni olis tarix bilan bog‘lab turuvchi ko‘prik, albatta, tarixchi olimlardir. Bugun O‘zbekiston Fanlar akademiyasi milliy arxeyologiya markazi ilmiy xodimi, monografiyalar va yuzdan ortiq ilmiy maqolalar muallifi, turkolog Andrey Kubatin bilan suhbatlashdik.
— Andrey og‘a, barchamiz bolalikda tezroq katta bo‘lishni istaymiz. Devordagi chiziqlar-da istagimizga mos yuqorilab boraveradi… keyin esa sog‘inamiz! Keling, suhbatimiz avvalida bolalik chog‘laringizni xotirlaylik. Eskilar bilib aytadi: “Bo‘ladigan bola boshdan ma’lum”. Sizda tarixga muhabbat qanday shakllandi?
— Ajdodlarim orasida tarixchi o‘tganmi, yo‘qmi, bilmayman. Tarixga muhabbat uchqunlari bolaligimda har aytgan so‘zi hikmat bo‘lgan buvimning suhbatlari orqali qalbimdan joy olgan. U biz nevaralarini atrofiga yig‘ib boshidan kechirganlari: quloqlashtirish, qatag‘on davri, Ikkinchi jahon urushi haqida so‘zlab berar, yaqin o‘tmish manzaralari uning ajin bosgan, yillar iz qoldirgan yuzlarida, mungli ko‘zlarida jonlanardi. Keyin maktabga bordik. 5-sinfda tarix darslari boshlangach, chin ma’noda men uning ichiga sho‘ng‘ib ketdim.
— Ochig‘ini aytsam, rus tilida gapirishga qiynalaman. Ismingizni eshitganimda sizni rus tilida gapiradi, suhbatlashish ancha qiyin kechsa kerak, deb o‘ylagandim, o‘zimcha. Hozir ko‘rib turibmanki, siz o‘zbekchani mendan ko‘ra ravonroq gapiryapsiz. Holbuki, faqat rus tili bilan cheklangan taqdiringizda ham sizga hamma yo‘llar ochiq edi-ku. O‘zbek tiliga mehr qo‘yishingizga nima sabab bo‘lgan?
— Bolaligimdan beri o‘zbekcha gapiraman. Shu yurt tuprog‘ida tug‘ilib o‘sdim. Qo‘ni-qo‘shnilar, do‘stlarim o‘zbek edi. Oilamiz uchun ham o‘zbek tili ona tilimiz kabidir. Bobolardan qolgan urf-odatlar, tarix, madaniyat hamma-hammasi tilda mujassam bo‘ladi. Millatni ham millat qilib turuvchi unsur tildir. Tilni yaxshi bilish, uni asrab-avaylash har bir odamning vatani oldidagi asosiy burchi. Bu hayratlanarli emas.
Undan tashqari, yaxshi tarixchi bo‘lish uchun ham kamida ikkita sharqiy, ikkita g‘arbiy tilni mukammal bilish zarur. Sohaga oid dunyoda bo‘layotgan yangiliklardan boxabar bo‘lmay turib, biror natijaga erishish mushkul. Tariximizga oid boshqa tillarda yozilgan juda ko‘plab manbalar mavjud. Qaysi tilda bo‘lmasin ularni o‘rganish, imkon bo‘lsa o‘zbek tiliga tarjima qilib, xalqimizni undan boxabar qilish har bir tarixchining vazifasi hisoblanadi. Baholi qudrat o‘zim ham shunga harakat qilyapman. Shu kungacha 20 ga yaqin tilni o‘rgandim. Bu izlanishlarimda juda asqotadi.
— Do‘stlarim orasida har xil tangalarni yig‘ib yuradiganlari ko‘p. Ular uchun bu bir hobbi. Sizning magistrlik ishingiz numizmatika, ya’ni tangalarni o‘rganish bo‘lgan ekan. Tarix tilsimlarini ochish uchun boshqa yirikroq arxeologik materiallar ham bor-ku. Nima uchun siz olis o‘tmishga aynan tangalar orqali qarashni istadingiz?
— Eski tangalarga ham bolaligimdan qiziqaman. Numizmatika tarixni o‘rganishdagi asosiy fan hisoblanmasa-da, unga oid materiallarda boshqa tarixiy manbalarda aks etmagan yozuvlar va ma’lumotlar uchraydi. Ostonada ishlab yurgan kezlarim uch nusxasigina bizgacha yetib kelgan, dunyo olimlari sirini ocholmagan kuban yozuvidagi tangalar haqida eshitgandim. Qardosh olimlardan biri o‘sha tangalarning bir nusxasini menga keltirib berdi. Tinimsiz izlanish natijasida ustozim, professor G‘aybulla Boboyorov ikkimiz nihoyat uni o‘qishga muyassar bo‘ldik. Qiziq tomoni shundaki, o‘sha tanga o‘z tariximizga oid — O‘zbekxonning tangasi bo‘lib chiqdi. U orqali o‘sha davrning ochilmagan qirralari bizga ma’lum bo‘ldi.
— Siz G‘arbiy Turk xoqonligi haqida bir qancha izlanishlar olib borgan ekansiz. Turk xoqonligi, ayniqsa Xun davri maktab darsliklarida yetarlicha ochib berilmagan. Buning sababi nima?
— Bizda tarix ko‘pincha kelib chiqish jihatidan emas, hududga bog‘lab o‘rganiladi. Tarixga bunday nazarda qarash xato. Chunki ota-bobolarimiz yashagan hududlar hozirgi davlatimiz hududidan bir necha barobar katta ekanini esdan chiqarmasligimiz kerak.
Masalan, siz tilga olgan Osiyo Xun davlati juda katta hududni o‘z ichiga olgan birinchi turkiy imperiya hisoblanadi. Barcha turkiy xalqlarning kelib chiqishi, tili o‘sha davrga chambarchas bog‘liq. Turkiy dunyoni, madaniyatni, tarixni o‘zbeksiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ilmiy izlanishlar olib borishga hukumatimiz katta e’tibor qaratyapti. Bu davrlarga oid bir qancha ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan. Ammo yangiliklarni darsliklarga kiritish masalasi ancha oqsayapti. Masalan, izlanishlar natijasida Toshkent g‘arbiy Turk xoqonligining markazi ekanligi isbotlangan. Buni chet el olimlari ham tasdiqlagan. Biroq bu ma’lumotlarni ham darsliklarda uchratmaysiz. Sohadagi yangiliklar darsliklarga albatta kiritilishi kerak.
— Shaybonixon va Bobur. Bu nomlarni eshitganimiz chog‘ tasavvurimizda ikki xil qiyofa gavdalanadi. Biri salbiy, biri ijobiy. Holbuki, ikkisi-da tariximizda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shaxslar.
Ikkisi-da bizning ajdodimiz. Ular haqida o‘ylarkanman, tariximizga bir tomonlama yondashmayapmizmi, degan savol tug‘iladi.
— Tarixchining vazifasi baho berish emas, u tarixiy voqealarni haqqoniy tasvirlab berishi kerak. Hazrat Navoiyning ko‘rlar haqidagi bir hikoyati bor. Unda uchta ko‘rni filning yoniga olib borishadi. Biri filning xartumidan, bir qulog‘idan, biri oyog‘idan ushlab ko‘radi va o‘z bilganlaricha tasavvur qiladi. Tarixni o‘rganish ham shunga o‘xshab ketadi. Ularning tasavvurlari birlashsagina haqiqatga aylanadi.
Shayboniyxon yaxshi sarkarda bo‘lish bilan bir qatorda o‘z davrining ilmli kishisi ham edi. Yaxshigina she’riy devon tuzgan, bir qancha g‘azallarini o‘qiganman. Ammo nashr qilinmagan. Bir biri bilan qirpichoq bo‘layotgan temuriylarning urushlariga chek qo‘yib, butun Markaziy Osiyoda o‘zbek degan nomni mustahkamlagan shaxsga yetarlicha e’tibor bermaslik yaxshi emas. Bobur va Shayboniyxonni bir biriga qarshi qo‘yishadi. Agar bunga bir turkiy sulolaning ikkinchisi bilan almashinuvi deb baho bersak, hech narsa yo‘qotmaymiz. Aslida ham shunday emasmi?!
— Maktab. Tarix darsida xonliklar mavzusi boshlanishi bilan qora bo‘yoq chaplab tashlangan kartina ko‘z oldimga kelar edi. Nahotki, katta hududlarga, nufuzga, buyuk o‘tmishga ega bo‘lgan xonliklar salkam to‘rt asr qorong‘ilikda yashagan bo‘lsa?
— Bu davrlar tarixi sovet davrida yozilgan kitoblar, ilmiy ishlardan yaqin-yaqingacha ko‘chirib kelindi. Tarixni o‘rganishda hali hamon ular chizib bergan chiziqdan chiqqanimizcha yo‘q. Xonliklar davriga nisbatan qarash hozir ancha o‘zgargan, ammo ta’kidlaganimizdek, ilmiy izlanishlar o‘z vaqtida dasliklarga kiritilmayapti. Sovet davri qoliplaridan qutulsakkina, o‘z tariximizni haqqoniy yorita olamiz.
Undan tashqari, bizda shunday buyuk tarixiy shaxslar, arboblar borki, hatto ba’zilarining nomini ham bilmaymiz. Ammo ular tarixda o‘z zalvoriga ega bo‘lgan shaxslar. Yaqin o‘tmishga qaraylik, Qo‘qon xonligining asoschisi Shohruxbiy. U qurgan davlatni so‘nggi o‘zbek imperiyasi desak ham yanglishmagan bo‘lamiz. Yoki Amir Temurdan so‘ng yirik davlat qurgan Abdullaxon II, Yana To‘ng yabg‘u xoqon…
sanasak adog‘iga yetmaymiz. Sovet davrida qoldirilgan figuralardan tashqari ham bizda buyuk arboblar kam bo‘lmagan. Haykal qo‘yishga arzirlik tarixiy shaxslar nomi bilan hech bo‘lmaganda bir ko‘chani atasak haqimiz ketib qolmaydi-ku!
— Bolaligimizdan Jumong bo‘lamiz, Uilyam Uvols bo‘lamiz deb ulg‘aydik. Bizning tariximizda arzirli qahramonlar kammi? Qachongacha kelajak avlod o‘zga millatning tarixiy shaxslariga havas qilib katta bo‘ladi?
— Bu juda og‘riqli savol. Telekanallarimizda koreys tarixi seriallari deyarli har kun efirga uzatiladi. Ko‘pchiligimiz hatto zarur yumushlarimizdan voz kechib tomosha qilamiz. Haqiqatan, yaxshi ishlangan. Qizig‘i shundaki, Koreya tarixida yarimoroldan tashqarida hududiga ega bo‘lgan yagona davlat Goguryo, xolos. Xan davridan boshlab, to 1895-yilgacha Koreya yarimoroli Xitoyning mustamlakasi bo‘lgan. Tarixida arzirli, pichoqqa ilinadigan qahramon bo‘lmasa-da olayotgan filimlarini ko‘ring. Masalan, biz qayta-qayta tomosha qilgan “Saroy javohiri” serialini olaylik. Koreysshunoslar bilan uchrashganimda aytishdiki, Tangem haqida yarim qog‘ozga yaqin ma’lumot yetib kelgan ekan, xolos. Bizda kino qilishga arziydigan tarixiy voqea va qahramonlarni istagancha topishingiz mumkin. Hatto butun dunyo taniydigan buyuk Ibn Sino haqida ham tuzukroq kino yo‘q.
Yoshlarda tarixga, tilga, vatanga bo‘lgan muhabbatni shakllantirishda tarixiy kinolarning o‘rni katta. Oxirgi paytlarda bizda ham yaxshi tarixiy filmlar ishlanyapti. Ko‘rib xursand bo‘laman. Buni yana davom ettirish kerak.
Tarixiy voqea-hodisalarni o‘rganib biz tarixchilar ilmiy maqolalar, ilmiy kitoblar, monagrafiyalar yozamiz. Ammo ularni sohaga oid odamlargina o‘qiydi. Agar u tarixiy-badiiy asarga, kino-serialga, sahna asariga aylansa, ko‘pchilikka yetib boradi. Masalan, Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” asarlarini olaylik. O‘qishingiz bilan o‘sha davr ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Sizga ilmiy- tadqiqotlardan ko‘ra ko‘proq ta’sir qiladi. Filmlar qatori tarixiy-badiiy asarlar ham ko‘proq yaratilishi kerak.
—Turmush o‘rtog‘ingiz Feruza opa ham tarixchi olima ekan. Demak, ikki olim bir turmush qozonida qaynay olar ekan-da?
— Har holda, uyga bir kilo go‘sht o‘rniga bitta yaxshi kitob ko‘tarib kelsam, xafa bo‘lmaydi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, eng muhimi, bir-birini tushunish. Olima bilan birga yashash ko‘p qulayliklarni yaratadi, albatta. Bilmaganlarimizni bir-birimiz to‘ldiramiz. Yangi g‘oyalar tug‘ilganda, biror tadqiqotga qo‘l urganda tekin maslahatchim yonimda.
— Ismlarga e’tibor beraman. Ko‘pchiligimizning ismimiz arabiy-forsiy so‘zlar. Lug‘at titkilab ma’nosini topishga tirishamiz. O‘zagi sof turkiy, o‘zbekcha ismlar kamayib boryapti. Siz o‘g‘lingizga Elbarsxon deb ism qo‘yibsiz. Buning sababi nima?
— Farzandiga Messi, Ronaldu, Jeki Chan… deb ism qo‘yganlar ham uchrab turadi. Ayrimlar qo‘ygan ismlari ma’nosini ham tushunmaydi. Bir tomondan bolaning qay nom bilan atalishi-da taqdiriga daxldor bo‘ladi. Qulog‘imga chalingan ba’zi ismlarni XVIII–XIX asr tarixiy manbalarida umuman uchratmayman. Bunaqa ismlarni qayerdan olar ekan bular, hayronman. Sof turkiy, o‘zbekcha ismlar qo‘ygan ma’qul albatta. Bolada go‘dakligidan o‘z tiliga, tarixiga, ota-bobolariga hurmat shakllanadi. Ism o‘zlikni anglatadi. Buyuk bobolariga o‘xshasin deb niyat qilib, o‘g‘limning ismini Elbarsxon qo‘ydim.
— Farzandingiz o‘zingiz kabi tarixchi bo‘lishini xohlaysizmi?
— Bolani kasbga majburlash noto‘g‘ri. Uni qiziqishidan kelib chiqib yo‘naltirish kerak. Ota-onalar farzandlarini o‘zlariga o‘xshatishni istaydi. Kimdir prokuror bo‘lsa, bolasi prokuror, o‘qituvchi bo‘lsa o‘qituvchi…
O‘zi istamagan kasbga ming yo‘naltiring, suyang, baribir foydasiz. Cho‘pon bo‘lgan taqdirda ham kasbini sevishi kerak. Kasbini sevgan odam unga xiyonat qilmaydi. Agar hamma kasbini yaxshi ko‘rsa va unga vijdonan yondashsa, poraxo‘rlik kabi illatlardan butun insoniyat xalos bo‘lgan bo‘larmidi!
Yoshlar hamma narsaga tez erishishga harakat qiladi. Ular mehnatsiz, mashaqqatsiz marraga yetish mushkulligini ertaroq tushunib yetishi kerak. Hozir imkon katta. Ilmiy izlanish qilmoqchimisiz, marhamat. Davlat o‘z hisobidan chet ellarga jo‘natyapti. Avvallari tashkilotchillar hamma xarajatlarni qoplab, taklifnoma yuborgan taqdirda ham ruxsat ololmay borolmagan paytlarimiz bo‘lgan.
Millatimiz, dinimizdan qat’i nazar, shu yurtning farzandimiz. Uning oldida burchimiz bor. Har birimiz o‘rgangan bilimimiz bilan yurtimiz rivojiga hissa qo‘shishimiz kerak!
— Kelajakdagi maqsadlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
— Yaqinda ayrim sabablarga ko‘ra kechikib qolgan nomzodlik ishimni yoqlayman. Turkiy unvonlar haqida ilmiy ish qilganman. Kitob bo‘lib ham chiqdi. Endi esa dunyoda juda kam tadqiqotlar olib borilgan Xuroson turklari tili, madaniyati va tarixini o‘rganmoqchiman. Ular ham bizning bir bo‘lagimiz. Ko‘pchiligi temuriylar avlodimiz deyishadi. Mushtarak hudud. Hazrat Navoiyga katta ehtirom ko‘rsatishadi. Bularni o‘rganish o‘zbek millati oldidagi ma’naviy burchim deb o‘ylayman!
Humoyun QUVONDIQOV suhbatlashdi.