Alisher Navoiyning otasi G‘iyosiddin “Kichkina”mi?
Alisher Navoiy butun turkiy xalqlarning mumtoz shoiri va donishmand davlat arbobidir. Uning turkiy dostonlari majmuasi butun dunyoga mashhur va “Xamsa” mazkur janrda yaratilgan turkiy tildagi birinchi asar hisoblanadi. Shu orqali Navoiy chig‘atoy tili(eski o‘zbek tili)da ham fors-tojik adabiyoti bilan teng darajada turuvchi asar yaratish mumkinligini isbotlagan. Ulug‘ mutafakkirning bir devonidan tashqari barcha asari turkiy tilda yozilgan.
Tarixiy manbalar va tazkiralarda keltirilishicha, shoirning kelib chiqishi baxshilarga borib taqaladi (Bu yerda “baxshi” atamasi qo‘shiq kuylovchi, oqin ma’nosida bo‘lmay, davlat lavozimlaridan biri nazarda tutilmoqda). Navoiyning otasi va bobokalonlari temuriylar saroyida baxshi, ya’ni ma’muriy binolar qurilishini nazorat qiluvchi hamda muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarni yozib boruvchi solnomachi sifatida nufuzli vazifalarda faoliyat ko‘rsatgan. Otasini “Kichkina baxshi”(G‘iyosiddin kichkina) deyishgan, u saroyda amaldor bo‘lgan. G‘iyosiddin Kichkinaning ota-bobolari ham temuriylar saroyida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.
Masalan, Navoiyning bobosi Amir Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayx mirzoning emikdoshi(ko‘kaldosh) bo‘lgan va ulg‘aygach ham uning doimiy xizmatida bo‘lgan. Umarshayx mirzo o‘limidan keyin u Temurning kenja o‘g‘li Shohrux mirzo xizmatiga o‘tkazilgan. Uning o‘g‘li G‘iyosiddin bahodir (Navoiyning otasi) esa Shohruxning nabirasi Abulqosim Boburning eng ishonchli beklaridan biri bo‘lgan. Jasurligi, mardligi va harbiy soha uddaburoni bo‘lganligi uchun G‘iyosiddinni “bahodir” deb atashgan. Lekin uning “G‘iyosiddin Kichkina” yoki “Kichkina bahodir” nomlari bilan atalganligi eng ko‘p tarqalgan ma’lumotdir. Unga berilgan “Kichkina” laqabi jussasiga emas, balki yoshiga nisbat.
G‘iyosiddinning “kichkina” ta’rifi ko‘kaldoshi bilan bir xil nomga ega bo‘lganligi tufaylidir. Ya’ni, u Amir Temurning nevarasi G‘iyosiddin Mansur(u Umarshayx mirzoning kichik o‘g‘li edi)ning ko‘kaldoshi bo‘lgan, shahzoda bilan birga o‘sgan, ularni bir-birlaridan farqlash uchun G‘iyosiddin Mansur mirzodan yosh jihatdan biroz kichik bo‘lganligi uchun G‘iyosiddin bahodirni (Navoiyning otasini) “kichkina” deb sifatlaganlar. Davlatshoh Samarqandiyning bergan ma’lumotlari tahlil qilinganda, G‘iyosiddin Kichkina savlatli va pahlavon kishi bo‘lgan. Uning yengilmas bahodirligi va temuriylar saltanatining eng sodiq va uzoq yillik amaldorlaridan bo‘lganligi haqida ma’lumotlar bor.
Laylo ZAMONOVA, Sirg‘ali tumanidagi 6-IDUM o‘qituvchisi