Navoiy o‘zi qurdirgan madrasa talabalariga stipendiya berganmi?
Alisher Navoiy nafaqat buyuk ijodi, balki buyuk saxovatpeshaligi bilan ham tarixda nom qoldirgan.
U otasidan qolgan meros hamda davlat amaldori sifatida o‘ziga ajratilgan yerlardan keladigan daromad hisobidan Xurosonda uch yuz yetmishta xayriya muassasasi qurdirgan. Uning ana shunday ezgu ishlaridan biri Hirot shahridagi Injil anhori bo‘yida bunyod ettirgan Ixlosiya madrasasidir.
Navoiyning o‘zi qurdirgan binolarga shoirona chiroyli nomlar qo‘ydirish odati bo‘lgan. Ixlosiya madrasasining nomi maktabdosh do‘sti Sulton Husayn Boyqaroga bo‘lgan ixlosini, minnatdorchiligini bildirgan.
Ixlosiya madrasasida turli mamlakatlardan kelgan tolibi ilmlar ta’lim olishgan. O‘qitish tanlov asosida olib borilib, har oylik tanlovda bo‘sh talabalar tushirib qoldirilgan, o‘qishni faqat kuchlilari davom ettirgan.
G‘iyosiddin Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarida qayd etilishicha, hijriy 906-yil (milodiy 1500/1501-yilda), ya’ni asar yozilayotgan vaqtda yuksak bilimga ega bo‘lgan olimlardan to‘rt nafari ushbu tabarruk maskanda dars berish sharafiga muyassar bo‘lishgan. Muallifning so‘zlariga ko‘ra ular quyidagilar: mudarris, adabiyotshunos olim Amir Burhoniddin Atoulloh Nishopuriy, Qozi Ixtiyoriddin Hasan Turbatiy, Amir Murtoz, Mavlono fasih ul-millat va-d-din (millat va dinning so‘zga usta notig‘i) Muhammad Nizomiy.
Xondamir ushbu asarda mazkur ilm dargohi haqida quyidagilarni ham qayd etgan: “Ayniqsa, yigirma yil oldin bino etilgan Ixlosiya madrasasi va Xalosiya xonaqohi qurilganidan buyon to shu kun [milodiy 1500/1501-yil]ga qadar ushbu ikki tabarruk maskanga dunyoning turli mamlakatlari va burchaklaridan bir necha ming talaba kelib, qisqa vaqt ichida o‘z bilimlarini takomillashtirishga muvaffaq bo‘ldilar hamda [ushbu ilm maskanlari haqqiga] duolar qilib va olqishlar aytib, o‘z yurtlariga qaytib ketdilar. Ushbu jamoatga mansub bo‘lgan kishilardan ko‘pchiligi hozirgi kunda shavkatli Hirot shahrida mudarrislik lavozimida faoliyat ko‘rsatish sharafiga muyassardirlar”.
Masalan, musiqa nazariyotchisi, bastakor, sozanda va shoir Zaynulobiddin Husayniy (yashagan davri taxminan 1463–1519-yillar) Hirotdagi mazkur Ixlosiya madrasasida riyoziyot (matematika), falsafa, musiqa nazariyasi va badi' ilmi(she’riyat)dan tahsil olgan. Unga musiqadan Xoja Abdulloh Marvarid, badi' ilmidan Alisher Navoiy ustodlik qilishgan.
Navoiy talabalarning moddiy ehtiyojini ta’minlab turishga ham alohida ahamiyat qaratgan. Masjid va madrasaga ajratilgan yerlardan keladigan daromad evaziga talabalarga nafaqa, ishchilarga maosh, kundalik oziq-ovqat, kiyim-kechak berilgan. Manbalarda qayd etilishicha, Ixlosiya madrasasi mudarrislarining har biriga bir yilda bir ming ikki yuz oltin va yigirma to‘rt yuklik zaxira; yigirma ikki talabaning har biriga, tahsil darajasiga ko‘ra, o‘n ikki oltindan yigirma to‘rt oltingacha oylik (stipendiya) va ayricha zaxira (oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqalar) berilgan.
Tarixchi va publitsist Umid Bekmuhammadning qayd etishicha, Alisher Navoiy bunyod ettirgan har bir madrasa talabalari uchun yuzta po‘stin, yuzta to‘n, yuzta chakmon, yuzta ko‘ylak, yuzta to‘nbon (cholvor), yuz juft kovush ulashardi. Shu kabi ularning uy-ro‘zg‘or anjomlari – kigiz, palos, bo‘yra, yoritqich shamlar uchun to‘rt yuz oltin pul sarflangan.
Bundan tashqari, Navoiy qish faslida yanada ko‘proq saxovat ko‘rsatib, har kuni yigirma botmon non, uch tangalik go‘sht, agar go‘sht topilmasa, go‘ja oshi pishirtirib berardi. Bularning barchasidan Navoiy qurdirgan madrasalardan biri sifatida Ixlosiya madrasasiga ham ulush ajratilgan. Mazkur madrasaning talabalari ham Navoiy tortiq etgan chalpag-u holvalardan tanovul qilganlar. Demak, ushbu madrasadagi talabalarning oziq-ovqat va kiyim-kechak topish tashvishi bo‘lmagan. Talabalar madrasa hujrasidagi uy-ro‘zg‘or anjomlaridan tortib tunda dars qilishlari uchun yoritqich shamlargacha ta’minlangan.
Yana bir jihatga ahamiyat qaratish lozimki, qish faslida qor yog‘sa yoki tevarak-atrofdagi ariqlar balchiq va qum bilan to‘lib ketsa, tozalash ishlariga talabalar emas, farrosh xodimlar jalb etilgan yoki mardikor yollangan. Talabalarni darsdan qoldirib jamoat ishlariga jalb etish ma’n qilingan. Bundan shuni anglash mumkinki, Navoiy bunyod ettirgan madrasalarda, jumladan, Ixlosiya madrasasida ham talabalarning chuqur bilimga ega bo‘lishlari, ularning fikr-u xayollari faqat bilim olishda bo‘lishiga qattiq amal qilingan.
Xulosa qilib aytganda, Navoiy o‘zi asos solgan barcha madrasalar singari Ixlosiyaning moddiy-texnik bazasidan tortib, unda ta’lim beradigan mudarrislar, tahsil oluvchi ilmi toliblarning ahvolidan doimo boxabar bo‘lib turgan. Ularni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan rag‘batlantirib borgan.
Shahnoza RUSTAMOVA, Narpay tuman Xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi, Xalq ta’limi a’lochisi