Niyatlarimizga gard yuqtirmasak Hazrat Navoiy duolari ijobat bo‘lg‘ay
Ustozlar o‘gitida hikmat bor, deyishadi. Zotan, tajriba va ilmga asoslangan so‘zlar doimo o‘z tasdig‘ini topadi, hayot haqiqatlarini anglashda yordam beradi.
Ustozim Olimjon Davlatov: “Siz biror navoiyshunosning behurmat bo‘lganini ko‘rdingizmi? Yoxud hazrat Navoiy ijodini o‘rganib, o‘rgatgan inson axloqi, odobi, salobatida qusur topganmisiz?” — deb so‘radi. Men o‘ylab ko‘rib: “Yo‘q, navoiyshunoslar adabiyot ahli ichida ham, ijtimoiy hayotda ham hamisha hurmatga sazovor insonlar ekan”, dedim. Olimjon akam: “Shu misolning o‘ziyoq Alisher Navoiy hazratlarining ijodini o‘rganish, Navoiy g‘oyalari bilan yashash, hayotga tatbiq etish hamda boshqalarga yetkazish insonni izzatga, hurmatga yetaklashini bildiradi”, degan edi.
Alisher Navoiydan ta’lim bergan ustozim Abdumurod Tilavov bir kuni: “Ulug‘larga hurmat ko‘rsating. Ulug‘larning xizmatini qiling, Olloh yo‘lingizni ochadi”, deb nasihat qildi. U kishi ulug‘lar deganida Ollohga yaqin bo‘lgan valiy zotlarni, xususan, Alisher Navoiy hazratlarini nazarda tutgan edi. Dorilfununda o‘qib yurganimda ilmiy rahbarim va Alisher Navoiy olamiga olib kirgan muallimam Dilnavoz Yusupova: “Hazrat Navoiyga nisbatan ehtiromingiz, muhabbatingiz sizni hurmat qilishlarining asosiy sababidir. Navoiyshunosning axloqi, madaniyati va ma’rifati boshqa soha mutaxassislari, olimlariga nisbatan biroz bo‘lsa-da, yuksakligiga atrofga nazar solib guvoh bo‘lishingiz mumkin”, deya ta’kidlardi.
Ko‘pchiligimiz Alisher Navoiy ijodi mohiyatini to‘la anglamaymiz, ul zotning muazzam asarlari qoshida ojizlik his etamiz. Bu o‘ta tabiiy. Chunki chuqur ilm, mustahkam taqvo, Haqqa bo‘lgan bemisl muhabbat, hayotbaxsh hikmat, ulkan tajriba va noyob iste’dod hosilasi o‘laroq qog‘ozga tushgan bitiklarni tushunish, anglash, his etish uchun muayyan tayyorgarlikka ehtiyoj bo‘lishi hammamizga ma’lum haqiqatdir. Biroq ko‘pchiligimiz ichki tuyg‘u, anglanmas sezimlarimiz bilan Alisher Navoiyga beixtiyor hurmat ko‘rsatamiz. Ul zotning ismini eshitsak, qalbimizda shuursiz bir talpinish zohir bo‘ladi. Nima uchun? Buning siri nimada? Gap shundaki, Alisher Navoiy hazratlari o‘z asarlarini Ollohga bog‘langan holda qog‘ozga tushirgan, shuningdek, uni o‘qigan, izzat qilgan, kitob qilib ko‘chirgan va elga yetkazgan insonlar uchun duo yo‘llagan. Masalan, “Hayratul abror” dostonidan olingan ushbu parchaga diqqat qarating:
Kim o‘qusa, yo qilur ersa savod,
Ruhum agar qilsa duo birla shod,
Tengri ishin kom-u murod aylasun,
Ruhini jannat aro shod aylasun.
Ko‘rinib turibdiki, ulug‘ mutafakkir o‘z dostonini o‘qib yo kitob sifatida ko‘chirib (qilur ersa savod – kitob qilib ko‘chirish ma’nosida kelmoqda), muallifning ruhiga Qur’on tilovati ila savob bag‘ishlagan insonning haqiga ikki yo‘nalishda duo yubormoqda: Alloh bunday insonning hamma ishini o‘nglasin, murodiga yetkazsin va jannatda ruhini shod qilsin!
“Farhod va Shirin”da Alisher Navoiy rahmatullohi alayh o‘z asarlarini buzib talqin qiluvchi va behurmatlik ko‘rsatuvchilardan noroziligini aytib, aziz tutganlar izzatga erishishlarini Ollohdan so‘raydi:
Ani sindurg‘on elni qil shikasta,
Xujasta ko‘rgan elni tut xujasta.
Bu duolarning ijobatini ustozlarimning nasihatlari zamirida ko‘rdim. Qolaversa, tarixning o‘zi buni tasdiqlab turibdi. Boshqaruv shakllari yoxud siyosiy maqsadlar, sulolalar o‘zgarishi ham Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning ijodiy merosi qiymatiga putur yetkaza olmagan, balki har bir zamonda shoirlar, mutafakkirlar ul zotni o‘zlari uchun ma’naviy yo‘lboshchi o‘laroq taniganlar. Xususan, XIX asr Qo‘qon va Xiva adabiy muhitida xon va amirlar ham Alisher Navoiy rahmatullohi alayhga yuksak ehtirom ko‘rsatganlar. Qo‘qon xoni Amir Umarxon (1810–1822) Turkiya sultoniga “Xazoyinul maoniy” kulliyotini yuksak san’at darajasida kitobat qildirib yuborgan.
Buyuk mutafakkir “Saddi Iskandariy” dostonida yozadi:
Manga davlat ilgi bo‘lub rahnamun,
Chu bu panjag‘a qildi zo‘r ozmun.
Mazmuni:
“Bu panjada zo‘r imtihon borligi uchun davlat (qo‘li) menga yo‘lboshchi bo‘ldi”.
Panjadan murod — xamsadir. Alisher Navoiy rahmatullohi alayh xamsa yozishga kirishar ekan, bu “zo‘r ozmun” — katta imtihon bo‘lganligini ta’kidlaydi. “Xamsa” — besh doston, ya’ni bir panjaning beshta barmog‘i kabidir, xamsa yozmoq shu panjaga panja urib, kuch sinashmoqdir. Nizomiy va Xusrav Dehlaviylar panjasiga qo‘l urgan Alisher Navoiy rahmatullohi alayh bu ishning og‘ir imtihonligini aytar ekan, Sulton Husayn boshqargan temuriylar davlati o‘zining rahnamosi, yo‘lboshchisi bo‘lganligini e’tirof etmoqda. Sulton Husayn hamisha Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning ijodi bilan jiddiy qiziqqan, ulkan hurmat ko‘rsatgan, ba’zan mutafakkirning she’rlarini tahrirdan ham o‘tkazgan. Davlatning eng yuksak maqomlarida bo‘lgan Alisher Navoiy rahmatullohi alayhga vafotidan keyin ham ana shu maqomda e’tibor va ehtirom ko‘rsatib kelindi. Xususan, kuni kecha Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi.
Qaror mohiyatan tom ma’noda tarixiy bo‘lib, bu millatimiz ma’naviyati, ruhoniy dunyosi va taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatishi kerak. Chunki Alisher Navoiy rahmatullohi alayh ijodini mukammal, to‘g‘ri, xolis o‘rganish butun jamiyatga bugun va istiqbolda xayrli natijalarni qo‘lga kiritish imkonini bera oladi.
Qarorda belgilangan vazifalar o‘ta muhim va kechiktirib bo‘lmasdir. Xususan, Alisher Navoiy asarlarining yer yuzi bo‘ylab tarqalgan qo‘lyozmalarining faksimil nusxalarini yig‘ish, mutafakkir asarlari uchun sharhlar tayyorlashdek jiddiy ishlar qatori 8-bandda aks etgan quyidagi topshiriqqa alohida e’tibor qaratmoqchiman:
“Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz o‘qitish konsepsiyasini ishlab chiqsin hamda 2021/2022-o‘quv yilidan barcha ta’lim muassasalarida shu asosda o‘qitishni yo‘lga qo‘ysin”.
Alisher Navoiy rahmatullohi alayhni o‘zbek xalqiga yaqinlashtirish, ul zotning asarlaridagi g‘oyalarini aslicha yetkazib berish va ruhiy tarbiya olishda aynan mazkur band benihoya muhim o‘rin tutadi, deb o‘ylayman. Aslida, nazarimda, qarorda aks etgan topshiriqlarning ichida bajarilishi nisbatan ulkanroq mas’uliyat talab qiladigan vazifa shudir. Chunki Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning asarlarini uzluksiz barcha ta’lim muassasalarida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish kechiktirib bo‘lmaydigan ish hamda navoiyshunoslar bilan birga o‘qitish (pedagog) mutaxassislari zimmasidagi katta mas’uliyat hisoblanadi. Hozir oldimizda quyidagi savollar turibdi:
Alisher Navoiy asarlarini nechanchi sinfdan boshlab o‘qitamiz?
O‘qitish uchun qaysi sinfda qaysi asarlarini tanlashimiz kerak?
O‘qitishda qanday uslublardan foydalanish kerak?
Alisher Navoiy asarlarini o‘qitadigan o‘qituvchi qanday saviya, ko‘nikmaga ega bo‘lishi lozim?
Bu masalada takliflarim bor.
Hozirgi kunda Alisher Navoiy asarlaridan parchalar 1-sinfdan boshlab berib boriladi. Uzluksiz o‘qitishni esa 5-sinfdan boshlagan ma’qul. Bola 5-sinfda 11 yosh bo‘ladi hamda u jismoniy va ruhiy jihatdan shakllanishning faol bosqichiga o‘ta boshlaydi. Bu davrda uning ongida oila, jamiyat va atrofdagi voqealar xususida yondashuvlar shakllanadi. Ayni shu davrdan Alisher Navoiy asarlarini o‘qitib borish uning uchun og‘irlik qilmaydi, tugal shakllanishi uchun ko‘maklashadi.
Alisher Navoiyning “Mahbubul qulub” asarini 5-, 6-, 7-sinflarda uzluksiz ravishda o‘qitish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman. Bu darslarni haftaning uch kuniga bo‘lib joylashtirish lozim. Dastlabki bir dars bevosita “Mahbubul qulub”dan bo‘lsa, bir dars Navoiy she’riyatiga, bir dars Navoiy asarlaridagi rivoyatlarga bag‘ishlanishi kerak. Alisher Navoiy she’riyatidagi ta’limiy she’rlar (”Nazmul javohir”, “Arbain” ruboiylari)ni, dostonlarida kelgan hikoyatlarni o‘qish, tahlil qilish bolaning ongi mutafakkir asarlarini kelajakda to‘la o‘qib tushunishi uchun xizmat qiladi.
8-, 9-sinfda “Muhokamatul lug‘atayn” va “Sirojil muslimin”, 10-11-sinfda esa “Hayratul abror” asarlari o‘qitilishi maqsadga muvofiq. Mazkur asarlarni o‘zlashtirishning o‘zi Alisher Navoiyning boshqa asarlarini o‘qish, tushunish va his qilishda poydevor vazifasini o‘taydi. Dorilfununlarda nomutaxassis sohalar uchun to‘rt yillik ta’lim davomida “Saddi Iskandariy” va “Lisonut tayr” asarlari uchun ham haftada bir akademik soat ajratishni tavsiya qilamiz.
Alisher Navoiy asarlarini o‘qitishda har darsda bola o‘zi o‘rganayotgan matn ichidagi kamida beshta yangi so‘zni o‘qib, o‘rganib, ma’nosini tushunishi kerak. Demak, har darsda lug‘at mashg‘uloti bo‘lishi shart. Har darsda Navoiy qalamiga mansub bitta jumlani tushunish va tushuntirish uchun vaqt ajratilishi kerak. Bu uslub Alisher Navoiy tilini o‘zlashtirishga yo‘l ochadi. Chunki bizning oldimizda ikki muhim vazifa bor: Alisher Navoiy tilini o‘rganish va Navoiy g‘oyalarini tushunish. Biz ilgari surayotgan uslub aynan shu maqsadni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.
Alisher Navoiy asarlarini o‘qitadigan mutaxassislar uchun pandemiya sharoitidan kelib chiqib, kamida uch oylik masofaviy o‘qish tashkil qilish lozim. Bu masofaviy ta’limda maktablarda, dorilfununlarda Alisher Navoiy asarlarini o‘qitish uslublari o‘rgatiladi, chunki har qanday adabiyot muallimi Alisher Navoiy asarlarini dabdurustdan o‘qitib keta olmasligi hammamizga kunday ravshan.
Bu mening Alisher Navoiy asarlarini ta’lim muassasalarida uzluksiz o‘qitishga doir takliflarimning umumlashma shaklidir. Mutaxassislar, ziyolilar, shoir va yozuvchilarimiz ham bu takliflarga tanqidiy yondashishlari, mulohazalarini bayon etishlarini kutib qolamiz.
Shuningdek, qarorda aks etgan 5-raqamli topshiriqlar tarkibida kelgan “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2020-yil dekabrga qadar Navoiy ijodiy merosining sharhini yaratish ishlarini yakuniga yetkazsin” vazifasi juda ulkan mas’uliyatdir. Navoiy asarlarining sharhi soha mutaxassislari uchun ham zalvorli vazifalardandir. Bu masalada Abduqodir Hayitmetov, Aziz Qayumov, Botir Valixo‘jayev, Najmiddin Komilov, Muslihiddin Muhiddinov, Shuhrat Sirojiddinov, Sodirxon Erkinov, Aftondil Erkinov, Olimjon Davlatov kabi o‘nlab zabardast navoiyshunos olimlarning maktablari bor. Biroq Navoiy ijodiy merosini tugal sharhlash muammosi hamon dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Buyuk mutafakkirning “Xamsa”, “Xazoyinul maoniy” asarlaridan tashqari tarixiy, ilmiy yo‘nalishdagi risolalari ham keng yoki muxtasar sharhga muhtoj. Mavjud tajribalarga tayangan holda sharhlashning ilmiy metodlarini, mezonlarini ishlab chiqish, ishni tizimli ravishda olib borish navoiyshunoslarni kutib turgan mashaqqatli, zahmatli o‘ta muhim va sharafli ishlardandir. Bugunning talablaridan kelib chiqib, sharhlar faqat yozma shaklda emas, video va ovozli uslublarda tayyorlanib, internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi lozim. Bunda mutaxassislarimiz Alisher Navoiy asarlarining zamondoshlarimiz hayotidagi ma’naviy va dolzarb ahamiyatini anglatib, uni sodda, tushunarli yo‘llarda yetkazish haqida bosh qotirishlari zarur.
Umuman olganda, Prezidentimizning Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash haqidagi qarori eng muhim masalalarni qamrab olish bilan birga navoiyshunoslar va sohaga aloqador mutaxassislar oldigan ulkan vazifalarni qo‘ydi, zimmadagi mas’uliyatini eslatdi va yirik loyihalarga rag‘batlantirdi, desak, xato bo‘lmaydi.
Alisher Navoiy rahmatullohi alayh “Layli va Majnun” dostonida yozadi:
Yo Rab, bu raqamki, bo‘ldi marqum,
Har kim o‘qimoqdin etsa ma’lum,
Har ne o‘qur, taammul etsa,
Degan g‘arazim taxayyul etsa,
Ayb istamak o‘lmasa murodi,
Ber borcha hunar sori kushodi.
Mazmuni:
“Yo Rabbim! Bu raqam — “Layli va Majnun” dostonini yozdim, kim uni o‘qib, o‘ziga ilm hosil etsa, o‘qiganlariga amal qilsa, mening o‘ylagan maqsadimni tushunsa, anglasa, undan biror ayb izlash murodi bo‘lmasa, uning barcha hunariga — go‘zal amallariga yordam ber!”
Bu Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning xayr duosidir. Ul zotning merosini o‘qib, o‘rganib, manfaatlansak, niyatlarimizga gard yuqtirmasak, bu ishning avvalida turgan, qo‘llab-quvvatlagan barcha, shuningdek, unda ishtirok etgan insonlar haqiga hazrat Alisher Navoiy qilgan bu duo ijobat bo‘lishiga qalbimizda komil ishonch bor.
Akrom MALIK