Darslik tuzgan (yozgan) dotsentlar
Sobiq SSSRning qiziq-qiziq odatlari bor edi. Shulardan biri olimlarga “O‘QITUVCHI” (dotsent) degan unvon berish. Fan atamalarining asosiy qismi qadimiy o‘lik lotin tilidan olingandi, toki bu atamalar ma’no jihatidan turlicha talqinlarga sabab bo‘lmasin, deb. Masalan, ustoz-shogirdlik tushunchasi tarixan bor bo‘lishiga qaramasdan USTOZ unvoni (professor) faqat fanda katta ixtirolar qilgan, falon fanning ichida biror o‘z yo‘nalishini ochgan kishilargagina berilardi.
Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida olim-u o‘qituvchi, talabalarning bir-biriga “ustoz” iborasi bilan murojaat qilishlari keng urf bo‘lmoqda. Agar bu iborani yaqin o‘tmishga taqqoslasak, demak hammamiz “professor” ekanmiz.
Bu-ku o‘tmish, jahon ilmiy muhitidagi bugungi ahvolimiz qanday, nimalarga ishonib, nimalarni tan olmoqdamiz? Kimlarga “o‘qituvchi” va kimlarga “ustoz” unvonini bermoqdamiz va bu unvonlarni nima uchun markazlashgan birgina OAK (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2016-yil 3-iyunda 2793-son bilan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016-yil 28-apreldagi 224/8-son qarori) va uning Ilovasiga asosan berishi kerak?!
Mazkur yo‘nalishdagi qarorlar deyarli har yili o‘zgarib borgan va bu o‘zgarishlar Adliya vazirligi 2016-yili ro‘yxatga olgan Nizomda qanday qilib o‘z aksini topganligi bizga qorong‘iligicha qolmoqda.
Amaldagi bu chalkash qarorlar va bu qarorlar asosida 2016-yili tasdiqlangan unvonlar berish Nizomi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan, ammo 2017-yili ham o‘zgarishlar kiritilgan Nizom doirasida qanday qilib “o‘qituvchi, dotsent”, “ustoz, professor” unvoni olish mumkinligi haqida bosh qotirib ko‘raylik-chi.
Aytaylik, siz ilmiy unvon olishga o‘zingizni “talabgor” sezdingiz, demak, albatta ushbu Nizom bilan tanishishingiz lozim bo‘ladi. Aks holda bu nizomni “o‘zicha” o‘qib tushungan bir “oq yoqa” sizga aql o‘rgata boshlashi tayin. Axir siz “o‘qituvchi” yoki “ustoz” unvonini olmoqchisiz, demak, o‘zingizni o‘sha “oq yoqa”dan ustun tutyapsiz. Ammo shoshilmang, baribir ularning to‘g‘anog‘iga tushasiz.
Masalan, Nizom bo‘yicha ular sizni birinchi o‘rinda “IMTIHON” topshirishga yuboradi. Qizig‘i shundaki, imtihonni Nizom bo‘yicha faqat gumanitar fanlar vakillari topshiradi va tabiiy, texnik va boshqa fan vakillari bunday imtihon topshirishi negadir (aslida ularning shunday imtihon topshirishlari mantiqqa yaqinroq bo‘lar edi) ko‘zda tutilmagan. Tag‘in, Nizomning 10-bandiga ko‘ra, aslida o‘zi yo‘q “Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish hamda ijtimoiy rivojlanishning ilmiy asoslari va amaliy yo‘nalishlari” FANIDAN, O‘zbekiston Mehnat kodeksining talablariga zid ravishda imtihon topshirishingiz SHART.
Qizig‘i shundaki, imtihon, uning ichki qoidalari ham markazlashtirilgan (balki ataylab) va bir yilda ikki marotabagina alohida tayinlangan shaxslar tomonidan olinadi-da, natijasi Nizomning 8-4-bandiga asosan O‘N KUN ichida (talabgorning imtihongacha va imtihondan keyingi harakatlariga qarab) e’lon qilinadi.
“O‘qituvchi va ustoz” unvoniga talabgor Nizomning 10-bandiga asosan albatta DARSLIK va qo‘llanmalar yozgan bo‘lishi kerak hamda bu DARSLIK va qo‘llanmalar OTMning kengashlaridan o‘tib vazirlik tomonidan "pedagogik amaliyotda foydalanishga tavsiya etilgan bo‘lishi kerak".
Joriy yil boshida mana shunday TAVSIYA qilingan darsliklardan birini ko‘rib (“Jahon etnologiyasi” “ustoz” prof. v.b. T. Salimov tomonidan bitilgan) o‘zbek tili va o‘zbek fanlaridan birining ahvolini ko‘rib bir tomondan asabim junbushga kelsa, ikkinchi tomondan yig‘lab yuborayin dedim.
Azizlar, savol tug‘iladi, har bir “talabgor” “o‘qituvchi va ustoz” unvonini olish uchun DARSLIK yozaversa, hammualliflikda yozilgan bo‘lsa IKKITA darslik yozishi kerak bo‘lsa, darsliklar soni o‘qituvchi va ustozlar soniga nisbatan proporsional ravishda, ba’zilarini aytmaganda, “savodsizlikka” qarab o‘saversa, kelgusida yoshlarimizning “qaysi darslikni o‘qisam “odam bo‘laman”, deb arosatda qolmasligiga kim kafolat beradi?
Nizomning yana bir qiziq bandi bor. Biz dunyo ilmiy hamjamiyatiga intilib turgan bir payti ushbu hujjatga asosan chet el ILMIY UNVONLARI bizning davlatimizda INOBATGA OLINMAYDI, ya’ni nostrifikatsiya qilinmaydi, deb yozib qo‘yilgan.
Yaqinda bir o‘zbek qizi uzoq okean ortida ishlab yurib o‘ta nufuzli bir universitet professori bo‘ldi. Xalqimiz qancha quvondi. Attang, rasmiy OAK bu unvonni “tan olmas ekan”, bekor quvonibmiz.
Shu asnoda yana bir qiziq savol tug‘iladi, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy OO‘Ylarda ishlayotgan “ustoz-u o‘qituvchilar” qanday maqomda yoshlarimizga ilm berayapti ekan? Axir biz Stenford yoki Sorbon oliy dargohlari bergan unvonlarni tan olmasak qay yo‘sinda jahon ilmiy hamjamiyatiga qo‘shilamiz?
Nizomning o‘ta qiziq bandlaridan yana biri bu har bir “talabgor” unvon olish uchun albatta “grant”larda qatnashgan bo‘lishi shart. Endi misol uchun qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari tayyorlaydigan ilmiy dargohda falsafadan dars berib kelayotgan talabgorning o‘z ish faoliyatida qanday grantda qatnashishini faraz qila olasizmi? Biz faraz qilolmadik, demak bu “talabgor”ga “o‘qituvchi va ustoz” unvonlariga bu ilmiy dargohdan ketmasa yo‘l yo‘q (Pandemiya payti qayoqqa ham ketsin?). Shunday talablardan yana biri bu “talabgor”ning albatta 5 yoki ba’zi hollarda o‘n nafar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha shogird tayyorlashi. Axir agronom bo‘laman degan biror talaba falsafadan ilmiy ish yozishi saratonda yomg‘ir yoqqanday gap-ku!
Yana bir qiziq holat. Ilgari ilmiy maqolalarni e’lon qilishda O‘ZIMIZNING OAK tomonidan ro‘yxatga olingan nashrlar obro‘si baland qo‘yilardi. Hozir nimagadir faqatgina chet el nashrlarida e’lon qilingan ilmiy maqolalar yuqori sanalmoqda. Buni bir tomondan yaxshi deb qabul qilish mumkin, ammo “Skopus”ga o‘xshash nashrlarni eslasak ensamiz qotadi. Chunki bunday manbalar TIJORAT nashrlari bo‘lib, “BIR” dollar bersangiz “xohlagan” maqolangizni, xohlagan paytingiz “shartta” bosib jahonga “E'LON” qilib yuboradi.
Mana shu joyda misol tariqasida, yuqorida tilga olingan, balkim aynan mana shu talablar doirasida yozilgan bir “darslik” ahvolini biroz tahlil qilamiz.
“Jahon xalqlari etnologiyasi”. Kitob muallifi T. U. Salimov.
Kitobning mas’ul muharriri tarix fanlari doktori R. H. Sulaymonov, taqrizchilar tarix fanlari doktori V. M. Ubaydullayeva va, eng qizig‘i, ikkinchi taqrizchi A. D. Bababekova tarix fakulteti o‘qituvchisi.
Yuqoridagi NIZOM nuqtayi nazari bilan qaraganda qanday qilib bunday “oliy” darslikka oddiy o‘qituvchi tahrirchi va taqrizchi bo‘ldi ekan?
Xalqlar, el-u elatlar psixologiyasi, Beruniy bobomizdan qolgan odat bo‘lsa kerak, barchamizga doimo qiziq tuyulgan va bu tabiiy hol. Chunki biz kimni yaxshi bilsak o‘sha bilan aloqa qilishimiz yengil bo‘ladi. Bu borada albatta etnopsixologiya fanidan oldin etnologiya fani bilan qiziqishimiz kerak, shundagina har birimiz yon atrofimizda, jahonda qanday xalqlar yashaydi, ularning hayoti va turmush tarzi qanday, degan savollarga javob olamiz, shundan keyingina ularning psixologik xususiyatlari bilan qiziqamiz va ularni mana shu nuqtayi nazar orqali o‘rganamiz. Masalan, men aslida etnopsixolog bo‘lganim uchun tabiiy holda etnologiya fani va bu fan yo‘nalishidagi yangiliklardan ham xabar olib turishim tabiiy holdir.
O‘zbekistonda etnopsixologlar qancha kam bo‘lsa etnologlar ham shunchalik kam. Shuning uchun etnologiya va etnopsixologiya fanlari yo‘nalishidagi har bir yangilik bu ikki fan sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan kishilar nazaridan chetda qolmaydi. Xuddi shunday holat kamina bilan ham yuz berdi. 2019-yil oxirlarida “Jahon xalqlari etnologiyasi” kitobi chiqqanligi haqida xabar o‘qidim. Ancha vaqtdan beri bu kitob bilan tanishishni mo‘ljallab yurganimga qaramasdan bu kitob 2020-yil boshlarida qo‘limga tushdi. Qizig‘i shundaki, kitobni qo‘limga oldim-da, butun umidlari puchga chiqqan o‘smirday kapalagim uchdi. Kitob muallifi ushbu kitobning chiqarilishiga, boshdan aytib qo‘yay, o‘ta sovuqqonlik bilan qaragan.
Qo‘llanmaning “chiroyli” manzaralari “So‘zboshi”dan boshlanadi. So‘zboshining ikkinchi xatboshisini tushunishga harakat qildim: “Mazkur o‘quv qo‘llanma “Jahon etnologiyasi” fanidan 5120400-Arxeologiya ta’lim yo‘nalishi uchun mo‘ljallangan bo‘lib tarix fakultetining “Arxeologiya” kafedrasi prof. v.b. T. U. Salimov tomonidan ISHLAB ChIQILGAN (bitilgan, yozilgan emas). ”Jahon etnologiyasi” fani o‘quv qo‘llanmasi yaratishda Etakchi xorijiy (“xorijiy” so‘zidan keyin yana olti qator ingliz tilida nimalardir deyilgan, ammo jumla tamomlanmagan. Jumlaning davomida bitikchi nima demoqchi bo‘lgani bizga qorong‘u).
Qo‘llanma nimagadir ta’lim yo‘nalishi uchun mo‘ljallangan, shu yo‘nalishda ta’lim olayotgan talabalarga mo‘ljallanmagan. Jumlada tilga olinmoqchi bo‘lingan kishi biz kutganday yetakchi emas nimagadir Etakchiga aylanib qolgan. Bilmadik, bu kitobdagi qaysi bir qabila yetakchisi o‘z urf-odatlari bo‘yicha ETAKCHILIK ham qilar, balki.
Ana endi kitobning “Kirish” qismini o‘qishga kirishamiz. Birinchi sahifaning yarmigacha CHIDAB o‘qidik va bu yarim sahifada 12 xatodan keyin ikkilanib turganimizda “AQSh amerikaliklari” so‘zlaridan keyin kitobni nariga surishga to‘g‘ri keldi.
Kitobni ko‘p marotaba o‘qishga urindik, chiday olmadik. Hatto to‘g‘ri kelgan sahifalarini ochib o‘qishga ham urindik, ammo iloji bo‘lmadi.
Bu kitob 2019-yili Toshkent shahrida “VNESHINVESTPROM” nashriyotida mas’ul muharrir S. Hoshimov, musahhih H. Zakirova, sahifalovchi A.Hidoyatov tomonidan nashrga tayyorlangan.
Kitob mazmuni, boshqa kamchiliklari, va ayniqsa uslubiy xatolari ustida gap yuritishga o‘rin topolmadik. Chunki kitobdagi “AQSh amerikaliklari”, “Kavuvzorti xalqlari”, 290-betdagi “Ukrainlar nomi”, toponim “ukraina”dan olingan”, degan iboralar bizni ruhiy tang holatlarga olib keldi.
Kitobdan ichakuzdi misollarni ko‘plab keltirsa bo‘ladi. Shulardan bir nechasi: 103-bet: qadimiy UROL tillari (yangi ibora, muallifning “topilmasi” bo‘lsa kerak.) 103-bet ikkinchi xatboshidan ko‘chirma so‘zlar: “MASADASO‘NGGI”, “SKIFXORULARI”, “Eradan avvalgi 9 — 8 asrlarda birinchi davlatlar Baqtriya va “Kattaxorazmlar” bo‘lgan”.
Ko‘rinib turibdiki, Nizom talablariga qarab “O‘qituvchi, dotsent”, “Ustoz, professor” olishga uringan “talabgorlar” nimalarni o‘ylab topmaydi, deysiz. Agar shu yo‘nalishda ketsak oliy ta’lim tizimimiz yoshlarga “Qaysi darslikni o‘qitish kerakligi” bo‘yicha dissertatsiyalar yozishga tavsiyalar bera boshlaydi. Bu tavsiyalar-ku bir “ilmiy dissertatsiya qatlarida qolar”, ammo Oliy ta’lim tizimi butkul ishdan chiqib ketishi tayin. Axir har yili yuz yoki ikki yuz “ilmiy talabgorlar” dotsent, professorlikni olishga talabgor bo‘lsa shuncha DARSLIK yozilishi shart-ku axir.
Bu unvonlarni olish uchun Mehnat kodeksiga zid IMTIHON topshirishlar va bu imtihonlar orqasidan poraxo‘rlikning rivojlanishi to‘g‘risida alohida bir dissertatsiya, yaxshisi “DARSLIK” yozsa bo‘ladi. Bundan tashqari, “grantlar”ga olinadigan qalbaki “ma’lumotnomalar”, Texnika universiteti bitiruvchisining falsafadan magistrlik ilmiy ish yozishini kutish va boshqa “TOPINDILARIMIZ” albatta kelajakda bizni dunyoga mashhur qilishi tayin.
Mahmud YO‘LDOSHEV,
psixologiya fanlari nomzodi,
ataylab darslik tuzmagan,
yozmagan “dotsent”