Nega Xorazmiyda “al”, Zamaxshariyda “az”?
Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi nafaqat milliy tilimuz va adabiyotimiz tarixini, balki o‘tmishda foydalanilgan yozuvlarimizni ham bilishi kerak. Chunki tilimizda o‘zlashib ketgan shunday so‘z va iboralar borki, ularning ma’nosini ba’zan harflar, belgilar vositasida anglaymiz.
Ayniqsa, adabiyot darslarida kitobat san’atini o‘rgatishda, ayrim iboralarni tushuntirishda (“Lom”-“mim” demadi. Kallasida “alif” yo‘q. “Alif” qaddim “dol” bo‘ldi kabi) o‘qituvchi harflarni doskada yozib, sharhlab bersa, o‘quvchilarning ziyrakligi ortadi, tafakkuri o‘sadi. Har bir so‘z va ibora ularning nazaridan сhetda qolmaydigan bo‘ladi. O‘quvchilar ba’zan darsda “Ustoz, bizga ham arab alifbosini o‘rgating”, deyishadi.
To‘garak mashg‘ulotlarim rejalarini o‘quv yili davomida o‘quvchilarning ko‘p beradigan savollari, ularning qiziqishlarini o‘rgangan holda tuzishga harakat qilaman. Shunda ular o‘zlari o‘rganishni istab to‘garakka qatnashadi.
Navbatdagi to‘garak mashg‘ulotlarimdan birida zukko o‘quvchilarimdan biri “Ustoz, nega al-Xorazmiy “al”, az-Zamaxshariy esa “az” qo‘shimchalari bilan aytiladi” deb so‘rab qoldi. Shunda ikkkilanmasdan arab tilidagi aniqlik artikli “al”ning “l”si arab tilidagi tiloldi undoshlari oldida kelsa, assimilyatsiyaga uchrashini, ya’ni bir tovush ikkinchi tovushga ta’sir qilib, keyingi tovush uni o‘ziga o‘xshatishini tushuntirdim. Doskaga allomalar nomini yozib, o‘quvchilardan davom ettirishlarini so‘radim. Ular Al-Beruniy, Al-Xorazmiy, At-Termiziy, As-Saolibiy, Al-Farg‘oniy, Al-Forobiy, Al-Buxoriy, Al-Moturudiy, Az-Zamaxshariy nomlarini yozishdi. O‘zgarishga uchragan holatlarni ko‘rsatishdi. Ularning dunyo ilm-faniga qo‘shgan hissasi haqida ham suhbatlashdik. Bu holatni asarlar nomida ham ko‘rishimiz mumkin. “Devoni lug‘at at-turk”, “Lison ut-tayr”, “Navodir ush-shabob”, “G‘aroyib us-sig‘ar”, “Riyoz ud-davla” va shu kabi asarlar nomlarida ham tovushlar o‘zgarishga uchraganini ko‘ramiz.
Yana bir mashg‘ulotimda Muhammad so‘zining kishi ismlarida “mat” shaklida qisqarganiga to‘xtaldim va ma’nolari bilan tushuntirdim. O‘quvchilarning barchasi ismlar qatorini davom ettirishga kirishishdi. Matjon – Muhammadjon, Matqurbon – Muhammadqurbon, Eshmat – Esh Muhammad (ya’ni Muhammadga yo‘ldosh), Matnazar – Muhammadnazar, Matyoqub – Muhammad Yoqub(ikki payg‘ambarning ismlari), Pirmat, Yormat, Qulmat, Matvafo, Matsafo, Matkarim, Toshmat kabi ismlarni aytdilar. Nega bunday buyuk insonning ismlari qisqarib, ma’nosiz bo‘lib qolganiga ajablandilar, afsuslandilar ham. Shunda o‘quvchilarim qalbiga ma’rifat orqali go‘zallikni, insoniylikni, shu bilan birgalikda, mas’uliyatli bo‘lishni ham singdira olganimdan ko‘nglim taskin topdi.
O‘quvchilik davrimdagi arab va fors tilidan saboq bergan ustozim Ortiqboy Eshjonovdan olgan saboqlarim hayotimda asqotayotganidan g‘ururlandim.
Nargiza RAZZOQOVA, Qo‘shko‘pir tumanidagi 11-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi