“Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi: istiqboldagi rejalar” mavzusida xalqaro onlayn anjuman tashkil etildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi: istiqboldagi rejalar” mavzusida xalqaro onlayn anjuman tashkil etildi.
Unda o‘zbekistonlik hamda Misr, Marokash, Iordaniya, Turkiya, Pokiston, Germaniya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Afg‘oniston, Malayziya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Mavritaniya, Tunis, Hindiston, Bruney va Avstriya kabi mamlakatlardan 50 dan olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov, al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Toyyib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom olami xalqaro tashkiloti (ISESCO) bosh direktori doktor Salim al-Malik, Al-Azhar islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyad, Turkiyaning Diyonat ishlari boshqarmasi raisi professor Ali Erbash, Ibn Xaldun universiteti prezidenti professor Rajab Shenturk kabi nufuzli olim, davlat va jamoat arboblari tabrik so‘zlari bilan ishtirok etib, Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro jamoatchilikka targ‘ib qilish sharafli hamda mas’uliyatli vazifa ekani aytib o‘tildi. Hamda yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar va sa’y-harakatlar yuksak baholandi.
Anjuman ishtirokchilari shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda namoyon bo‘layotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurash jarayonida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda axborot va tajriba almashinuvi juda muhimligi aytildi. Hech kimga sir emaski, bugungi kunda muqaddas dinimizni niqob qilib, o‘z qabih niyatlarini amalga oshirmoqchi bo’layotgan har xil aqidaparast guruhlar ko’paymoqda. Ular maqsadlariga yetish uchun, hech nimadan tap tortmasligi, butun dunyoga ma’naviy va moddiy zarar yetkazayotgani butun insoniyatni o‘ylantirmoqda.
Anjuman yakunida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom olami xalqaro tashkiloti (ISESCO) bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun anglashuv memorondumi imzolandi. Bu memorandumning imzolanishi ikki tomonning istiqboli va rivoji uchun juda ahamiyatlidir.
Mana shunday shiddatli bir paytda islom olami Imom Moturidiyning ilmiy merosini targ‘ib qiladigan shunday ilmiy markazga ehtiyoj sezayotganligi, O‘zbekiston bu sohada katta tajribaga egaligi alohida qayd etildi. O‘zbekiston tajribasini amalda qo‘llash kerakligi ta’kidlandi.
Zikrilla MAMATOV, O‘zJOKU talabasi