Ma’rifat ulashganlar mudom barhayot
2020-yil qanchalik sinovli kelmasin, unda ko‘ngilga nur, ezgulik ulashuvchi nedir yaxshiliklar, savobli amallar, xayrli tashabbuslar ham oz bo‘lgani yo‘q.
O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy singari ma’rifatparvar bobolarimiz “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga munosib ko‘rilgani ular xotirasiga bo‘lgan cheksiz hurmat, xalq ma’rifati yo‘lida umrini ayamagan, jonini fido qilgan bobolarimizning ezgu amallarining yorqin va yuksak e’tirofi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.
Qiziq, asosan istiqlol yillaridagina ularning ezgu amallari haqida baralla aytila boshlangani boisdanmi, ko‘pchilikda bu aziz siymolar faqat tarixga oid kitoblar sahifalaridan joy olgan shaxslardek tasavvur uyg‘otar edi. Mustabid tuzum zug‘umi ma’rifatparvar bobolarimizning aqalli odamga o‘xshab eng so‘nggi makonda qo‘nim topishiga ham imkon bermaganiga doir tarixiy ma’lumotlar yuraklarni sirqiratmay qolmaydi. Nega, nima uchun? Tarixchi olimlarimiz buning sababini ma’rifatparvar bobolarimiz xalqimizni manqurtlikdan, istilochilarning zulmidan mudom ogoh etib kelgani, odamlar, ayniqsa, yoshlarni ilmga, demakki, nurga, ziyoga, ma’rifatga chorlagani, atrofga teran nigoh, uyg‘oq vijdon bilan qarashga undaganida, deb biladi.
Suratlari, ezgu amallari endilikda kitoblaru muzeylarda uchraydigan bu zotlarni tarix sahifalarida qolib ketgan, desak, qattiq yanglishgan bo‘lamiz. Ularning avlodlari bugungi kunda mamlakatimiz ilm-fani, ma’naviyati, madaniyati va san’ati sohasining eng oldingi saflarida faoliyat olib borayotgan ilg‘or, fidoyi ijodkor ziyoli vakillaridir.
2020-yilning dekabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi katta tantana bilan nishonlandi. Mamlakatimizning barcha ta’lim maskanlari, adabiy davralarda ulug‘ ma’rifatparvar bobomizning tavallud sanasi keng nishonlandi. Xalq dardida yashab ijod etgan bu ulug‘ zotning tavalludiga 2021-yil yanvarida 146 yil to‘ldi. Ayrim manbalarda uning sanasi bilan bog‘liq kunni 20-yanvar, boshqalarida esa 19 yanvar, deb keltirilgan. Ehtimol, bu ham mustamlaka tuzumining Behbudiydek ulug‘ zotning tarjimai holiga yanada chalkashlik, mavhumliklar kiritish yo‘lidagi intilishi bo‘lsa, ne ajab.
Manbalarga ko‘ra, taniqli dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875-yil Samarqandda tug‘ilgan. Mutaxassislar Behbudiyni ota tomonidan Yassaviy avlodidan ekanini ta’kidlaydi. U 18 yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, mufti darajasiga ko‘tariladi. Behbudiy haj safari chog‘ida Arabiston, Misr, Turkiyada bo‘ladi. Sayohat davomida yangi maktab ochish fikri uning qalbida tobora mustahkamlanib bordi.
Tarixchilarning aytishicha, ulug‘ mutafakkir Samarqand yaqinidagi qishloqlarda ma’rifatparvar ziyolilar bilan hamkorlikda yangi maktab ochishga muvaffaq bo‘ladi. Yangicha yo‘nalishdagi maktablar tabiiyki, yangicha darsliklarni ham talab etardi. Ustoz Behbudiyning yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishishdek niyati amalga oshib, «Savod chiqarish kitobi», «Aholi geografiyasiga kirish», «Qisqacha umumiy geografiya», «Bolalar xati», «Amaliyoti islom», «Tarixi islom» kabi kitoblar chop ettiradi. Keyinchalik yangicha usuldagi maktab faoliyatini o‘z hovlisida olib boradi.
Behbudiy 1911-yilda «Padarkush» dramasini yozdi. Bu birinchi o‘zbek dramasi edi. Bu tashabbus milliy teatr san’atimizda keyinchalik yangi-yangi sahna asarlarining yaratilishiga turtki berdi. Ulug‘ mutafakkir bobomizning faoliyati milliy jurnalistika bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Behbudiy «Samarqand» gazetasini chiqaradi. Gazeta o‘zbek va tojik tillarida, haftada 2 marta chop etildi. 45-soni chiqqach, moddiy tanqislik tufayli nashr to‘xtagan ekan. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, u «Oyna» jurnali chiqara boshladi. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqaldi.
Tadqiqotchilarning aytishicha, o‘tmishda yashagan ajdodlarimizni o‘rganish jarayonida Mahmudxo‘ja Behbudiy shaxsiyatiga kelganda qomusiy aql egasi, insonparvar shaxs ekani alohida e’tirof etiladi. Alloma tarix fanini insonning kamol topishi, jamiyatni boshqarishda bu fanning o‘rni beqiyosligini ta’kidlaydi. Behbudiyning jamiyat rivoji va taraqqiyotida tarix fani qanday o‘rin tutishi kerak, degan qarashga bo‘lgan munosabati ilmiy maqolalarida o‘z aksini topadi. Behbudiy tarix va jug‘rofiyaning muhimligi, bu ikki fanning jadid maktablarida kecha yoki bugun kashf etilmagani, balki jamiyat hayotida qadimdan mavjud bo‘lganini isbotlaydi. Tabiiy va ijtimoiy fanlarni “aqlli ilmlar”, deb nomlangan umumiy tushuncha ostida birlashtiradi. Inson xalqlar, mamlakat, islom tarixini bilmay turib, oddiy musulmon fuqarosidan tortib, davlat arbobi, ruhoniy, olim va fuzalo bo‘la olishi aslo mumkin emas, deb yozib qoldiradi.
Behbudiyning taraqqiyparvar g‘oya va qarashlari, ezgu intilishlari bugun ham dolzarbligicha qolmoqda. Bu jihatlar uning haq-huquqlariga insonning o‘zigina qalqon bo‘la olishi, bir emas, bir necha xorijiy tillarni bilmog‘i, mudom o‘zligini, milliy ildizlardan olislamagan holda yashamog‘i kerakligiga oid qimmatli fikrlarida ham o‘z ifodasini topgani bilan ahamiyatlidir.
Ma’rifatparvar bobomizning yubiley sanasiga bag‘ishlangan tadbirda uning evarasi Shohruh Behbudiyning hayajondan g‘oyat entikkanlari, katta bobosining ezgu ishlari bugun Prezidentimiz, ilmiy jamoatchilik, yozuvchi va shoirlarning, butun xalqimizning e’tiborida, e’zozida ekanidan to‘lqinlanib so‘zlagani hanuz ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at, ilm-fanga ko‘rsatilayotgan e’tibor, shiddatli islohotlar odimlari Behbudiy orzu qilgan g‘oyalarning amaliy tasdig‘i ekaniga chin dildan ishonch hosil qilaman. Ha, ma’rifatparvar bobolarimiz yurtimizdagi hayotbaxsh g‘oyalar ijobatida hamon barhayotdir!
Nazokat USMONOVA
O‘zA