Navoiy hikmatlari ma’naviy madad bo‘lishini istab
(“Hayrat ul-abror”ning muxtasar sharhi uchun yozilgan so‘zboshi)
Hazrat Alisher Navoiyning zamondoshlari o‘z kitoblarida ulug‘ mutafakkir shoir va davlat arbobining xalq ichida mashhur bo‘lgan bir necha unvonlarini sanab o‘tadilar. Jumladan, Davlatshoh Samarqandiy o‘z tazkirasida shoirni Nizomuddin Amir Alisher deb tanishtiradi. Sulton Husayn Boyqaro ham ul zotni “Hazrati sultonning yaqin kishisi, qudratli saltanat ustuni, mamlakat tayanchi, haq va haqiqat va din nizomi” degan unvonlar bilan ulug‘lagan. “Nizom” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “tartib” demakdir.
Insonga nisbat berilganda “namuna” ma’nosini beradi. Hazrat Navoiy Qur’oni karim ko‘rsatmalari va Rasuli Akram (s.a.v.) sunnatlariga haddi a’lo darajasida rioya qilgan Buyuk Taqvo sohibi edi. Ul zotning hayot yo‘li buyuk so‘fiylar ham havas qilgudek haqiqiy Oshiq yo‘li edi. Hazratning xulq-atvoridan ibrat olmoq, fazilatlarini o‘zlashtirmoq, u kishining pand-u nasihatlariga amal qilmoq, e’tiqod va a’mollarini o‘ziga nizom qilib olmoq sharaf hisoblangan. Al-haq, ul zot e’tiqodu iymonda komil, ilm-u ma’rifatda yagonayi davron edilar. Shuning uchun ham hazrat Mir Alisher Navoiy Nizomuddin, ya’ni Dinning nizomi deb ulug‘langan.
Ul zotning “Hayrat ul-abror” asari boshqa asarlari kabi ayni insonni kamol toptirishga qaratilgan jiddiy asardir. Unda hazratning chuqur ilmi, mutafakkir sifatidagi keng va chuqur tahlili, chin musulmon va taqvo sohibi sifatidagi ma’sum qalbi kechinmalari, valiylarga xos mushohadalari, donishmandona o‘gitlari o‘z ifodasini topgan. Bu doston “Xamsa”ning boshqa dostonlariga ochqich vazifasini o‘taydi. Kimki “Hayrat ul-abror”ni tushunib o‘qisa va ma’nosini uqsa, keyingi dostonlardagi syujet va obrazlar hadisi sharifdagi “al-majozu qantaratu-l-haqiqa” lafziga muvofiq Alloh haqiqati va Koinot nizomi sharhiga borib taqalishini anglaydi.
... Mir Alisher Navoiy “Xamsa”sini tugatib, Sulton Husayn Boyqaroga keltirganda sulton debdilar:
– Ancha vaqtdan beri siz bilan o‘rtamizda bir gap borki, shuni bugun hal etmagimiz darkor.
Gap shunda ediki, Husayn Boyqaro hamisha Amir Alisherni o‘z piri deb e’lon qilishni istar, ammo amiri kabir esa:“Alloh, Alloh! Nima deyapsiz, biz muridmiz, siz esa hammaga pir!” derdi.
Xullas, bu gal ham biroz tortishgandek bo‘lishdi. Oxiri sulton so‘radi: “Xo‘b, pir kim-u murid kim?” Hazrat Navoiy dedilar: “Murid shuki, pirning murodi nima bo‘lsa, muridning ham murodi shu bo‘lishi kerak!” Shunda podshoh oq otni keltirishlarini buyurdi... Mirzo dedi: “Demak, siz murid-u men pir bo‘ladigan bo‘lsam, mening xohish-murodim shuki, mana shu otga minasiz va men otning jilovini tutib, oldingizda yuraman. Saroy a’yonlari oldida noiloj ahvolda qolgan Navoiyning otga minishdan o‘zga chorasi qolmadi...”
Bu naql Hazrat Navoiyning kichik zamondoshi Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’” asaridan. Husayn Boyqaroning ulug‘ shoirga munosabati o‘z tilidan ham bayon etilgan. Sultonning Navoiy ta’rifidagi risolasi “Hayrat ul-abror” bilan birga ko‘chirilgan alohida qo‘lyozma nusxa holida bizgacha yetib kelgan. Balki uni Sultonning o‘zi buyurtirgandir. Bu muhim emas. Muhimi, Sulton “Hayrat ul-abror”ni o‘qib Navoiyning Alloh Haqiqati, Koinot qonuniyatlari, Inson fenomeni masalalarida valiylarga xos daqiqlik bilan fikr yuritganidan hayajonga tushadi va ta’rifiga til ojiz so‘z boyligi hamda ifoda uslubiga ega bo‘lgan tengsiz mutafakkir shoir qarshisida turganini anglab yetadi. Uning g‘oyat mutaassir bo‘lganini quyidagi e’tirofidan ham bilsa bo‘ladi: “...va lekin ma’oniy abkoriga bu kunga qadar hech kishi turkona libos kiydurmagan...Va al-haq, chun bu humoyun fursatta va bu ro‘zafzun davlatta “Xamsa” panjasiga ilig urdi-yu aning itmomiga jild kelturdi.... aning afsonalari ranginlig‘in-u abyoti sehroyinlig‘in va tarokibi matonatinu ma’oniysi latofatin mutolaa qilgan kishi bilgay-yu mulohaza qilgan kishi fahm etgay”. Haq gap. Keyingi asrlarda ham har kimki Navoiy “Xamsa”sini o‘qir ekan, uning botiniy ma’nolari ustida mulohaza yuritgan, chuqur izlangan. Chuqurlashgan sari uning talqinlari insonni g‘ayb olamiga yetaklovchi yo‘llarga olib chiqar, inson idroki ojiz bo‘lgan sarhadlar haqiqatini so‘ylagandek, o‘z vujudi va Mutlaq vujud o‘rtasidagi munosabatlarga javob topgandek bo‘lar, inson amallari, xulq-u atvori, inson kamoloti qazovu qadar jodasida iroda erkinligiga bo‘ysundirilganini tushunib yetishiga sabab bo‘lgan. 1832-yilda noma’lum kotib tomonidan ko‘chirilgan Navoiy “Xamsa”si so‘ngida shunday misralar yozib qoldirilgan:
Navoiyki, ul jomei sirru jahr...
Aning har so‘zidur muammo misol,
Ango yetmagandin xirad nutqi lol.
Jahon ganji har baytidadur nihon,
Ki har ganjidadur nihon bir jahon...
“Hayrat ul-abror” yurtimizda bir necha bor chop qilingan. Ustoz navoiyshunoslar tomonidan nasriy bayoni ham nashr etilgan. Ularda asarning g‘oyaviy mazmun-mohiyati tarbiyaviy jihatlarini hisobga olib zohiriy sharhlangan. Biroq baytlarning qa’rida yashirin yotgan g‘ayb sir-sinoatlari sharhi hali amalga oshirilmagan edi. Akrom Malik ushbu asarning yangi sharhiga kirishib, ulug‘ navoiyshunos olimlarimiz uchun armon bo‘lib qolgan muhim bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qilgan.
“Hayrat ul-abror” asari tom ma’noda ilohiyot mavzusida bitilgan bo‘lib, unda Yaratuvchi ilmi va qudrati hamda komil inson e’tiqodi haqida so‘z boradi. Birinchi bobda “Bismillah” ta’rifida Yaratuvchi qudrati, ikkinchi bobda Allohning yaratuvchilik ilmi mohiyati vasf etiladi. Uning yaratiqlari hikmati to‘g‘risida mulohaza yuritiladi. “Hayrat ul-abror” dostonining uchinchi bobida Allohning yakkaligi, azaliy va abadiyligi, koinotning yaralishidan maqsad, insonning mukarram etilgani va buning sabablari haqida so‘ylanadi.
“Hayrat ul-abror”ning navbatdagi to‘rt bobi munojot janrida bitilgan bo‘lib, biz ularda mutafakkirning tavhid, iymon, olam intihosi va insoniyat qazovu qadari haqidagi Navoiyning ilohiyotga doir mulohazalari bilan tanishamiz. “Hayrat ul-abror” dostonidagi keyingi besh bob na’t yo‘nalishida bo‘lib, ularda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning dunyoga kelishi sabablari hamda Islomiyat oldidagi buyuk xizmatlari aks ettiriladi.
Shorih yozadi: “So‘nggi payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi va sallamning yuborilishlari insoniyat uchun eng ulkan saodat edi. Ul zot odamzod changakda qolgan fikratini ozodlikka chiqarib, tuman va zulmat ichidagi qalblarni nur va yog‘du ila najot yo‘liga chorladilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam insoniyat tarixida beqiyos, Odam bolasiga berilishi mumkin bo‘lgan barcha olijanob xislatlarning sohibi edilar. Hazrat Alisher Navoiy masalaga shu nuqtadan turib yondashadi – koinotdan avvalroq Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamning nurlari yaratilgani haqida so‘zlagach, ul zotning bolalik holatlarini navras niholga qiyoslaydi. Navras nihol – go‘daklik, o‘sish-ulg‘ayishning istiorasidir. Bu nihol qirq yilgacha qiyg‘os gulladi. Gullari hayo va adabdan iborat edi. Qirq yoshida bu nihol baquvvat bir daraxtga aylandi, u daraxtda nubuvvat – payg‘ambarlik mevasi bitdi. Ya’ni Rasuli akram (s.a.v.) ayni kamolotga yetganlarida Alloh O‘z farishtasi Jabroil alayhissalomni yo‘llab, ul zotning payg‘ambar ekanlarini o‘zlariga vahiy qildi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir daraxt kabi o‘sdilarki, shoxlari Arshga yetdi – koinotning chegarasida o‘suvchi Sidratul muntaho deb nomlangan daraxtdan ham yuksaldi, soyalari esa rahmat o‘laroq ikki olamni o‘z bag‘riga oldi. Bu tamsilning zamirida Rasuli akram (s.a.v.)ni olamlarga rahmat bo‘lib kelgan payg‘ambar ekanliklari ta’kidlanmoqda. Shuningdek, me’roj kechasi falaklarga ko‘tarilishlari bilan bog‘liq mo‘jizaga ishora ham mavjud”.
Mazkur kitob “Hayrat ul-abror”dostonining muxtasar sharhi, matn, nasriy bayon va lug‘atni o‘z ichiga oladi. Shorihning diniy bilimlari va dunyoviy tafakkuri Hazrat Navoiyning mukammal sog‘lom e’tiqodi qirralarini kashf etish, ma’nolar olamiga chuqur kirib borish va ilohiyot masalalarida Navoiy anglagan Haqiqatlarni his etish imkonini bergan. Shorih Qur’oni karim oyatlari, sharif hadislar va buyuk mutafakkirlarimizning bitiklaridan iqtiboslar keltirish orqali Hazrat baytlari zamiridagi ma’nolarni tasdiqlashda ancha mahorat ko‘rsatgan.
Islom ilmiy merosi tadqiqotchilariga yaxshi ma’lumki, hech bir sharh mutlaq yakunga da’vo qilmaydi. Sharhlar tadqiqotdan tadqiqotga o‘tib mukammallashib boraveradi. Akrom Malik sharhi ham bundan mustasno emas. “Hayrat ul-abror”ning to‘liq sharhlash ishlari endi boshlanayotir.
Akrom Malik navoiyshunoslikka “Hayrat ul-abror” sharhi bilan kirib kelmoqda. Hazrat Navoiy hikmatlari ma’naviy madad bo‘lishini istab, yosh olimimizning keyingi bosqichdagi izlanishlariga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. “Hayrat ul-abror” asari sharhining birinchi kitobi o‘quvchilarga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.
Shuhrat SIROJIDDINOV, Adabiyot bo‘yicha 1-darajali Davlat mukofoti laureati, filologiya fanlari doktori, professor