So‘z – to‘rt sadafning gavhari
“Hayrat ul-abror” o‘n to‘rtinchi bobi sharhi
“Hayrat ul-abror”ning muqaddima boblari Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning ijod va so‘z masalasidagi tamoyillarini ham aks ettiradi. Xususan, o‘rganayotganimiz o‘n to‘rtinchi bob ana shunday xususiyatga ega.
So‘z ta’rifiga bag‘ishlangan bob quyidagi masalalarni qamrab olgan:
1) so‘zning koinotdagi, inson hayotidagi, ilohiy haqiqatlarni yetkazishdagi,
jamiyatdagi o‘rni;
2) bayonda so‘zning qo‘llanish uslublari;
3) so‘zning qadrini oshiradigan xususiyatlar.
Sarlavhada shoir inson vujudini osmonga qiyoslaydi. Bu osmonni yoritib turgan yulduz – so‘zdir.
Insonning zoti ma’dan kabi. Ma’dan o‘zida turli qimmatbaho toshlarni mujassam etadi. Inson zotining ma’danidagi javohir – so‘z.
Sharq nujum ilmida aytiladiki, osmonda yulduzlar baxt va baxtsizlik yulduzlari degan ikki turga bo‘linadi. Buni Alisher Navoiy “kavkabi sa’d” va “kavkabi nahs” deb ataydi. Koinotda aylanib yurgan baxt yulduzlari bir fursatda bir-biriga yaqinlashar emish. Bu yaqinlashuvning nomi “qiron”. Qiron onlarida tug‘ilgan insonlar “sohibqiron” deb atalib, ular ko‘pchilikka nasib etmagan fazilatlar, tug‘ma salohiyat sohibi bo‘ladi, degan qarashlar uchraydi. Umuman, qiron vaqtida Allohning yozgan taqdiriga muvofiq Yer yuzida xayrli ishlar sodir bo‘lishiga ishonilgan. Alisher Navoiy rahmatullohi alayh ana shu tasavvurlarni istiora o‘laroq qo‘llab, inson vujudi osmonidagi yulduzlar – go‘zal so‘zlarning yaqinlashuvini samodagi baxt yulduzlarining qiron holatiga qiyoslaydi. Qiron fursatida xayrli ishlar yuz bergani kabi go‘zal so‘zlarning bir sahifaga jamlanishi ham chiroyli manzara hosil qiladi. Yoki qimmatbaho durlar, javohirlarni bir joyga yig‘ish dilni xushnud qilganidek, dilbar so‘zlarni o‘zaro muvofiq bayon etishning ham xosiyati bor. Bu misollarga suyansak, nazmning nasrdan ustun jihatlari ko‘rinadi.
Alisher Navoiy matnlarini o‘qishda bir nuqtaga diqqat qaratish kerak. Matnning ichida shoir “savol – javob” yoki “jumboq – yechim” uslubini qo‘llaydi. Matn ichida biz ikki insonni ko‘ramiz: biri savol beruvchi, ikkinchisi javob aytuvchi. Savol biz tushungan va odatlangan ma’noda so‘roq ko‘rinishida kelmaydi, balki bir aniq muammo, masala o‘rtaga qo‘yiladi, biz buni “savol” yoki “jumboq” deb shartli atadik; so‘ng mazkur masala, muammo hal qilinadi, biz buni “javob” yoki “echim” deb shartli nomladik.
Alisher Navoiy matnlarining zamirida o‘ziga xos “suhbat” bor. Bu suhbat “mutakallim” (so‘zlovchi) va “muxotob” (xitob qilinuvchi) o‘rtasida kechadi. Ta’kidlaganimiz – “savol”, “jumboq”, “muammo”, “masala” mutakallim tomonidan tashlanadi. Muxotob esa unga ham naqliy, ham aqliy dalillar keltirib, yechim beradi, o‘z javobini, o‘z nuqtasini ma’lum qiladi. Eng qizig‘i, bu suhbatda Alisher Navoiy – matnni yozayotgan muallif uchinchi shaxs (g‘oyib) o‘laroq chetda turadi, suhbatga aralashmaydi, biroq matnning o‘rtasida yoxud oxirida “Ey Navoiy”, “Navoiy” shaklidagi murojaat asnosida u paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, mutrib, soqiy, mug‘anniyga ham xitoblar mavjudki, bu xitoblar bevosita muallif, ya’ni Alisher Navoiyga tegishli ekanligini kuzatish mumkin.
O‘qiyotganimiz bobda qo‘yilgan birinchi masala – So‘zning mohiyati, so‘z nima ekanligi bilan bog‘liq.
Alisher Navoiy nazdida, so‘z – bir gavhar. Lekin bu gavharni saqlaydigan biror sadaf yo‘q. Chunki gavharning Vatani – sadafdir. Balki So‘z to‘rt sadafning gavhari – havo, o‘t, suv va tuproqning ham qutichasi, yetti qavat osmon yulduzlari joylashgan burj. Buni qanday tushunish kerak? Alloh taolo Ko‘ngilni yaratdi. Ko‘ngil Allohning yaratiqlari bilan tanisharkan, koinotga nazar soldi. Ko‘rdiki, koinot – bir gulshan, bu gulshanda esa minglab toza gullar barq urib ochilgan. Biroq avval bu gulshan ham, gullar ham yo‘q edi. Ular qanday paydo bo‘ldi?
Dastlab, Azal tog‘idan bir nasim esdi. “Azal tog‘i” bir istiloh bo‘lib, u Allohning azaliylik sifatiga ishoradir. Esgan “nasim” Allohning irodasini bildiradi.
Bu nasimning xususiyati shu ediki, u o‘zidan gul sochardi. Gulning bargi va nastarin aynan ana shu nasimning bir nishoni. Hikmat egalari Azal tog‘idan esgan nasim ochgan ikki yaproqni yonma-yon qo‘yganlarida uning ﮎ – “kof” va ﻥ – “nun” ekanligini bildilar. Bu ikki harfni birgalikda o‘qisak, ﻜﻥ – “kun”, ya’ni Allohning “Bo‘l!” degan amri ekanligi oydinlashadi. Butun olam Allohning birgina “Bo‘l” buyrug‘ini ifodalagan ﻜﻥ – “kun” amri ijrosi o‘laroq yaraldi. Demak, bu dunyoda neki mavjud bo‘lsa, hammasi ﻜﻥ – “kun”ning farzandlaridir. Masalan, “muqayyad” – zanjirband bo‘lib, o‘z erkidan ayrilgan odamlarmi, ozod bo‘lib, hur va erkin yashayotganlarmi – hammasi ﻜﻥ – “kun”ning bolalari, xolos.
Koinot ﻜﻥ – “kun”ning bolasi bo‘lsa, koinot ichidagi hamma yaratiq – odamzoddan tortib qumursqagacha koinotning “farzandi”dir. Shu tariqa, ﻜﻥ – “kun”ning bolalaridan adadsiz avlod tarqaldi. Xususan, inson ham koinot ichida yaratildiki, u ﻜﻥ – “kun”ning bolasiga bir bola maqomidadir. Lekin Odamga so‘zlash ne’mati ato etildi, shu tariqa so‘z insondan tug‘ilgan bir “farzand”ga o‘xshab qoldi. ﻜﻥ – “kun”ning o‘zi so‘z edi, bu holda u ham volidga – ota-onaga, ham valad – bolaga aylandi. Shunday ekan, so‘zni qanday ta’riflash mumkin? Chunki so‘z so‘z bilan vasf etiladi. So‘zni boshqacha vasf qilish mumkinmi?!
Bu Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning “so‘zning tarixi” haqidagi qarashlaridir. Mazkur qarashlar ta’kidlab o‘tganimiz – matn ichidagi shartli “muxotob” tomonidan bayon qilingan. Demak, buyuk mutafakkir so‘zni, avvalo, Alloh bilan bog‘layapti. Allohning “al-Mutakallim” – so‘zlovchi sifati eslanib, insonlarga bu sifat ne’mat o‘laroq berilgani aytilyapti.
Biroq Allohning so‘zlashi insonlar so‘zlagani kabi emas, Alloh O‘ziga, O‘z oliyligi, O‘z zotiga xos so‘zlaydi, u insonlar kabi harfga, tovushga muhtoj emas. Keyingi masala bevosita ushbu nuqtalar bilan bog‘liq.
So‘z – jon kabi. Ruh bu jonning qolipi, tanasi. Ruhning ichida jon bo‘lgani kabi tanasida joni bor inson so‘zga talabgordir, so‘zlashga, so‘z tinglashga ehtiyojmand. So‘z ko‘ngillar ichidagi javhar, og‘izlardagi gavhardir. Tilni po‘lat xanjarga qiyoslasak, xanjarni ishlatish uchun, albatta, dasta kerak. Bu dastaning bezagi, ziynati bo‘lmish injular so‘zlardir.
Koinot gulshanidagi lolaning bargi – til. Lolaning yuziga tomgan qatra kabi tildagi tomchi ham dur kabi so‘zdir. So‘z o‘likni tiriltiradi – so‘z bilan inson iymonga keladi. So‘z bilan inson tanidagi ruh halok bo‘ladi – so‘z bilan odam iymondan chiqadi. So‘z shundayki, u bilan o‘liklarni tiriltirgan Iso alayhissalom “jonbaxsh” degan laqab oldi. Shohning so‘zi yo adolatga, yo zulmga sabab bo‘ladi, lekin shoh so‘zini bajargan jallod tuhmatga qoladi, ya’ni so‘z shu qadar muhim.
Kofirlar tomonidan olovga uloqtirilgan Ibrohim Xalilulloh alayhissalom ham “La ilaha illalloh” kalimasini aytib, shu haqiqatda sobit turgani uchun o‘tga kirdi. Eng ulug‘ farishta Jabroil alayhissalom esa Allohning so‘zini “ko‘tarib yuruvchi” bo‘ldi.
Alisher Navoiy rahmatullohi alayh so‘zning ahamiyati, uning vazifalarini shu tariqa tushuntirgach, anglashiladiki, so‘z 1) inson ruhiyatidagi holatlarni yuzaga chiqaradigan bir vosita; 2) so‘z
jamiyatdagi munosabatlarni, boshqaruvni olib borishda muhim qurol; 3) so‘z Allohning tavhidini ifodalagan mo‘jizadir.
Uchinchi masala so‘zning inson kamolotidagi ahamiyati haqida bo‘lib, mutafakkir bunda bir tamsil keltiradi. Tasavvur eting: go‘zallikda tengsiz bo‘lgan bir parivash biror so‘z aytmasa, gapirmasa, uning chiroyli suvrati devordan farqsizdir. Biroq husni qamar (oy) bilan bahslashmasa-da, labi la’l kabi yondirmasa-da, tannozlikni, so‘z o‘yinlarini, araz va yolvorishni mukammal bajaradigan sanam, shubhasiz, har qanday insoning aqlini oladi. Agar bu so‘zga ustalik husn bilan vobasta bo‘lsa, albatta, olamga o‘t soladi. Mazkur tasvirlar – go‘zal bir “sanam” istilohi mohiyatan orif insonga ishoradir. Chunki oddiy so‘zamol va chiroyli bir qiz Alisher Navoiy aytganidek, “bani Odamga” va “bari olamga” o‘t sola olmaydi, kuydirmaydi. Odamlarni kuydirib, aqlidan ayiruvchilar – haqiqatlarni bayon qilguvchi fasih nutq sohiblaridir. Alisher Navoiy ta’kidlayaptiki, ilmu hikmat sohibida go‘zal nutq, fikrini yetkazish salohiyati bo‘lmasa, unda joziba, manfaat bo‘lmaydi.
To‘rtinchi muammo so‘zning zamiridagi dard, mung bilan bog‘liq bo‘lib, Alisher Navoiy o‘z she’rlarining g‘oyasi, mohiyati haqida ham to‘xtalgan. Mutafakkir bazmni tasvirlaydi. Bazmda mutrib – kuylovchi dostonlar aytadi. Biroq u naqsh (ijro turi) va amalda (ohang turi) har qancha hunarini ko‘rsatmasin, “ahli uqul” – aql ahliga bu yoqmaydi, ular buni xush ko‘rmaydilar. Basharti, bu kuylar ko‘payib ketsa, hammaga malol keladi. Lekin shunday majlislarda Navoiy g‘azalidan o‘qilsa, u g‘azal lafzlari otashdan darak beradi; bazmda o‘tirganlarning g‘avg‘osini, ya’ni ularga qarab chinakam mung, haqiqiy dard sababli yoqani yirtib, o‘zni halok qilish qanday bo‘lishini ko‘rish mumkin. Demakki, so‘zning qalbga yetib borishi, insonlarni ta’sirlantirib, ichki dunyosini larzaga solishi uchun uning mohiyatida mutlaq haqiqatlarga tayangan Dard, Mung bo‘lishi talab etiladi.
So‘z haqidagi bobning asosiy – so‘nggi yo‘nalishi nazm, nasr va ma’no to‘g‘risida bo‘lib, unda mutafakkirning so‘z qo‘llash uslubi bilan aloqador muhim tamaliy jihatlarini o‘rganamiz.
Alisher Navoiy rahmatullohi alayh so‘zning nasri nazmi alohida xususiyatlarga ega ekanligini ta’kidlaydi. So‘zning yolg‘oni e’tiborga arzimasligini aytib, nazmni donolar yuqori ko‘rishlarini eslatgan holda quyidagi tamsillar bilan o‘z fikrini yanada ravshanlashtiradi:
1) tishlar o‘z o‘rnida tursa – manzum, go‘zal (nazm), lekin sochilsa (nasr), qiymati yo‘qoladi;
2) gullar, daraxtlar bog‘ ichida tartib bilan ekiladi (nazm) va go‘zallik, qadr kasb etadi, lekin agar ular tog‘da bo‘lsa, o‘tin qatoriga kiradi (nasr);
3) Robbi G‘afur – kechirguvchi bo‘lgan Alloh insonlarni ham zohiran bir tafovutli yaratgan, masalan, shoh bir bazm tuzsa, unda hamma o‘z maqomida o‘tirsa, bu – nizom deyiladi (nazm), lekin may aqlni olib, shoh yoniga xizmatkorni chaqirsa, qul bek bilan tortishsa, bu bazmda halovat bo‘lishi mumkin emas (nasr);
4) shatranj (shaxmat) donalarini bir joyga to‘ksangiz (nasr), u shunchaki, yog‘och parchalari, xolos; lekin agar u donalar ikki safdan terilsa, she’rning ikki matla’siga o‘xshab to‘rt misra ko‘rinishga keladi; ma’lumki, matla’ – g‘azalning dastlabki ikki baytidir; bu saflarning ichida turfa muammolar paydo bo‘ladi; shoir bu o‘rinda muammo janridagi she’rga ishora qilgan – muammo shunday she’rki, uning ichiga biror insonning ismi yashiriladi, she’r o‘qiyotgan inson muammoni yechish sirlarini bilsa, unga berkitilgan ismni topishi mumkin, shu kabi fikri saog‘lom inson shatranjni mahorat bilan o‘ynasa (nazm), muammoni yechib, ismni topgandek, g‘olib bo‘ladi, lekin parishon holda bo‘lsa (nasr), mot bo‘ladi – yutqazadi; demak, nazmning zamiridagi ma’noni anglash uchun inson sahih fikrli – to‘g‘ri va sog‘lom fikrli bo‘lishi lozim ekan;
5) she’rni varaqqa ko‘chirgach, uni bir muqovaga tikish uchun sheroza deb atalgan ipakdan (ipdan) foydalanilgan; varaqlarning sheroza bilan tikilishi uni gulga o‘xshatadi (nazm), lekin varaqlar sochilsa (nasr), barglari sochilib, xazon bo‘lgan gulga aylanadi;
Keltirilgan besh tamsil vositasida ma’lum etilyaptiki, so‘zni nazmda – aniq qoidalar bilan taqdim qilish fazilatdir, nazmda inson aqlini ojiz qoldirishdek bir xususiyat bor. Alisher Navoiy aytadiki, Qur’on – Allohning kalomida ham so‘zlarning qo‘llanishida aniq qonuniyat – nazm bor, ilohiy kalom betartib bir shaklda bo‘lmasligi aniq haqiqatdir; bu qonuniyatlar o‘rganilishi natijasida keyinchalik ilmi adab, ilmi lug‘at, ilmi sarf kabi fanlarga asos solindi.
So‘zni nazm bilan bayon etish – qofiya, radif, vazn kabi tartiblarga amal qilishni taqozo qiladi. Lekin nazmning shakli naqadar go‘zal bo‘lmasin, ma’nodan mahrum bo‘lsa, u xush ko‘rilmaydi, ahli ma’no uni qabul qilmaydi. Nazmning surati go‘zal, mohiyatida esa chuqur ma’no bo‘lishi shart.
Alisher Navoiy rahmatullohi alayh shu o‘rinda Allohga murojaat qilib, shunday so‘zlar xalqning – odamlarning qalbiga yoqimli bo‘lishini so‘rar ekan, o‘zi ham ana shunday so‘zlar aytishga orzumand bo‘lib, duo yo‘llaydi.
Akrom MALIK