Milliy yozuvimiz bormi?
Ona tilimiz – milliy madaniyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Bugun axborot va innovatsion texnologiyalar asrida yashayotganligimiz bois, tilimizning betakror jozibasi, ta’sir kuchini, uning cheksiz ifoda imkoniyatlarini har lahzada his qilib turamiz. Darvoqe, til – insonning aqliy va ruhiy faoliyatini nutq orqali ifoda etuvchi voqelik. Xo‘sh, ana shunday buyuk ijtimoiy hodisa hisoblangan til negizida paydo bo‘lgan yozuvning asrimizdagi madaniy va ma’naviy taraqqiyotga, umuman dunyo tamadduniga qanday aloqa-ahamiyati bor?
Asrlar voqeligini bir-biriga yetkazadigan, qolaversa, boy o‘tmish merosimizni keyingi avlodlarga eltadigan birdan-bir vosita bu – imlo ekanligini his qilyapmizmi?
Jannatmonand O‘zbekistonimizni dunyoga tanitayotgan buyuk allomalarimizning beqiyos, boy ilmiy-adabiy merosi bizgacha qanday yetib kelganligini-chi?...
Millatimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati va taraqqiyot omillari yozilgan bitiklar arab alifbosi asosidagi eski o‘zbek yozuvida. Bu yozuv “sirlari”ni anglamasdan, imlo xususiyatlarini o‘zlashtirmasdan turib, xalqimizning uzoq asrlik tarixi, madaniyati, ilmiy izlanishlarini teran o‘rganish mumkin emas. Hozirgi yosh avlod umumiy o‘rta ta’limdan so‘ng qaysi mutaxassislikni egallashi yoki ishlashidan qat’i nazar, o‘z xalqi va uning madaniyati, tarixi haqida muayyan ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Bu to‘g‘ridagi haqiqiy, to‘laqonli bilim va ma’lumotlarni faqat arab alifbosi asosidagi eski o‘zbek yozuvidagi manbalardan olish mumkin.
Ayniqsa, insoniyat olamida ilohiy dastur hisoblangan Qur’oni karimning arab imlosida ekanligi buyuk voqelikdir. Shuningdek, asrlar davomida ilmning barcha jabhalariga taalluqli bo‘lgan asarlar, hatto ilk ma’naviy-ilmiy izlanishlar ham qo‘lyozmalarda aks etgan. Shu bois qadim qo‘lyozmalar olis tarix va jamiyat taraqqiyot bosqichlari haqida ma’lumot beruvchi bebaho manba hisoblanadi.
Tarixdan ma’lumki, o‘tgan asrning 30-yillarigacha millatimizning barcha ma’naviy merosi, ilmiy izlanishlari arab alifbosida bitilgan. Biroq 1927-1928- yillarda lotin alifbosiga o‘tish siyosati amalga oshirildi. Shu davrda xalqimiz madaniyatini tanitish deyarli ko‘zga tashlanmadi. Lekin bu yozuv ham uzoqqa bormadi. Ko‘p o‘tmay qadimgi slavyan alifbosiga asoslangan kirill yozuvi joriy qilindi. Katta bir millatning yozuvi shu tariqa aql bovar qilmas darajada tez o‘zgartirildi. Xalqimiz o‘tmish tarixini, san’at va madaniyatini, nodir asarlarini o‘qishda qiynaldi. Ma’lum ma’noda ma’naviy, to‘g‘rirog‘i imloviy qashshoqlik o‘zligimizni yo‘qotayozdi. Ma’naviy va madaniy turmush tarzida taqlid kuchaydi.
Ollohga beadad shukrlar bo‘lsinki, o‘tgan asr oxirida yana o‘zligimiz sari qayta harakat boshlandi. Hamma sohada bo‘lgani kabi ma’naviy hayotimizda ham ulkan burilish yasaldi. Fikrimizcha, millatimizning boy madaniy merosini o‘zida mujassam etgan, uning asl mazmunini to‘laligicha ko‘tarib bugungacha yetkazib kelgan alifbomizni qadrlash va uni tadqiq qilish fursati allaqachon kelgan.
Modomiki, so‘z arab imlosi haqida borar ekan, ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, ilgarilari arablarda barcha asarlar og‘izdan-og‘izga o‘tib, yod olish bilan tarqalgan. Yozuvga unchalik ehtiyoj bo‘lmaganligi sabab ularda yodlash qobiliyati va xotira muhofazasi juda kuchli bo‘lgan. Makka yaqinidagi bozorlarda har yili so‘z san’ati, she’r musoboqalari o‘tkazilgan. Atrofdagilar bir marta eshitganda she’r va qasidalarni yoddan ayta olganlar.
Insoniylikning har bo‘g‘inida ulug‘ muallim hisoblangan Rasululloh(S.A.V.) payg‘ambarliklari davrida atroflariga vahiy kotiblarni jalb qilganliklari tarixdan ma’lum. Garchi ilohiy kalom Payg‘ambarimiz(S.A.V.)ga Jabroil alayhissalomdan nutq orqali yetkazilgan bo‘lsa-da, uning to‘la-to‘kis bayoni eshitilgandek o‘zgarishsiz bizgacha yozuv orqali yetib keldi. Uzoq yillar davomida rivoji ko‘zga yaqqol tashlangan arab yozuvi so‘zlarning eng go‘zali, oliy sha’ni bo‘lmish Qur’oni karim mazmunlarini o‘ziga sig‘dira oldi. Buni qarangki, o‘n to‘rt asrdan ziyod vaqt o‘tsa hamki, shu imlo tufayli uning ma’nolari benuqson o‘quvchiga yetkazilmoqda.
Bugungi kunda dunyo olimlarini, hatto boshqa din vakillari peshvolarini ham hayratga solgan Qur’oni karimning boshqa tilda emas, aynan arab tilida nozil qilinganligi, qolaversa, Rasululloh- (S.A.V.)ning vahiy ko‘chiruvchi kotib mirzolari ham bo‘lganligi arab tili va yozuvining naqadar ahamiyatli ekanligi, uni qadrlash va o‘rganishga dalolat qilmaydimi?
Muammoning ikkinchi jihati shuki, dunyoda hech bir millat tilida uning yozuvi san’at darajasiga ko‘tarilmagan. Aslida Qur’on yozuvi Olloh taoloning bizga berilgan cheksiz inoyatidir. Shu bois bu yozuv nafis san’at turi sifatida Sharq mamlakatlari madaniyatining o‘ziga xos yo‘nalishiga aylangan. Arab tili imlosida xattotlikning nasx, nasta’liq, devoniy, suls, riq’a, shikaste kabi xat turlari borligi ham fikrimizning yorqin dalilidir. Vaholanki, undan oldin amalda bo‘lgan uyg‘ur, o‘rxun-enasoy va xorazmiy, so‘g‘d yozuvlari iste’moldan chiqib ketgan. Biroq arab alifbosidagi bu yozuv uzoq o‘tmish merosimizni hamda madaniyatimizning eng nozik qirralarini ham o‘zida mujassam eta olgan. O‘tmishimizni, bugun bilan yashayotgan asrimizni ertasi bilan bog‘lab turadigan yagona manba bu – yozuvdir. O‘zbek zaminida tug‘ilib millatimiz madaniyatini jahonga tanitgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ibn Sino, Forobiy, Ulug‘bek, shuningdek, nazm sultoni Alisher Navoiy, Amir Temur, yana sanab ado etib bo‘lmas umumbashar fani va madaniyati yorqin yulduzlarining ilmiy-adabiy meroslari aynan ana shu yozuvda bizgacha yetib kelgan.
Bugungi kunda bu yozuv juda ko‘p Sharq mamlakatlarida davlat tili va imlosi sifatida amalda tatbiq etilmoqda va o‘rganilmoqda. Shunday ekan, xalqimiz orasida ham bu yozuvga e’tiborni kuchaytirib imloni o‘rganishga ahamiyat berish zarur.
Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy o‘quv muassasalaridagina faqat arab tili va xattotlik darslari mavjud. Bu ham barmoq bilan sanarli darajada.
Darvoqe, o‘quvchilar o‘rtasida arab tili va imlosiga qiziquvchilar ko‘p. Ayniqsa, xattotlik san’atiga. Chunki chiroyli yozuv hayrat-la ko‘zni quvontiradi. Husnixat bilan yozilgan qo‘lyozmalar hamisha qadrlanadi.
Millatimiz ilm-fan, madaniyati, taraqqiyoti bosqichida yozuvimiz ham bor ekanki, u arab imlosidagi o‘zbek yozuvi deb e’tirof etilyapti. Taajjubki, o‘tgan asrda bu imlodagi savodxonlikka yetarli e’tibor berilmaganligi bois, yozuvimiz “eskirdi”. Natijada milliy imlomiz “eski o‘zbek yozuvi” deb nomlandi.
Aslida ilm-fan fidoyilarini, madaniyat va san’at namoyandalarini qoniqtirgan imloni arab alifbosi asosida o‘zbek yozuvi deb atash to‘g‘riroq bo‘ladi.
O‘tgan asrning 90-yillarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida arab alifbosini o‘rganish bo‘yicha eski o‘zbek yozuvi fan sifatida kiritilgan edi. Biroq ta’lim tizimi rahbarlaridan kimlarningdir “jonkuyarligi” bilan bu fan o‘quv dasturidan qisqa fursatda olib tashlandi. Agar davom etganida edi, hozirgacha bu sohada qancha nafis san’at ijodkorlari, yetuk mutaxassislar yetishib chiqqan bo‘lar edi. Afsuski, bunga hech kim e’tibor bermadi.
Endi esa nadomatdan ko‘ra kech bo‘lsa-da, amaliy ishga o‘tishni, bu sohada ham kattaroq qadam tashlash lozimligini ta’kidlash joiz. Respublikamizda hech bo‘lmaganda tayanch maktablar negizida arab tili va xattotlik darslarini kiritish maqsadga muvofiq.
Mahmud QAHHOROV, Kitob tumanidagi 55-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi