Moturidiyshunos olimlar dunyoda analogi bo‘lmagan xalqaro ilmiy hay’at tuzdi
Yurtimiz qadimdan ilmu ma’rifat, madaniyat, tamaddun o‘chog‘i bo‘lgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqa ko‘plab mutafakkir allomalar nomi nafaqat islom, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida yuksak o‘rin tutadi. Xususan, X asrda “Imom al-Xuda” — hidoyat yo‘lining Imomi nomi bilan shuhrat qozongan alloma Abu Mansur Moturidiy asos solingan Moturidiylik ta’limoti islom olamida bugungi kunda ham mashhur.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot Markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori olamshumul voqea bo‘ldi. Zero, yangi Markaz taraqqiyotning yangi bosqichida ma’naviy-ma’rifiy yuksalish va Uchinchi Renessansga poydevor bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Ya’ni, markazining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari, dunyo tan olgan olim va mutaxassislar bilan hamkorlikni mustahkamlash orqali Imom Moturidiy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur tadqiq etgan holda globallashuv davri tahdidlariga munosib qarshi kurashish maqsadida Markaz qoshida Xalqaro ilmiy hay’ati tuzildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’atining dastlabki majlisi o‘tkazildi.
“ZOOM” platformasi orqali onlayn tarzda tashkil etilgan hay’at yig‘ilishini O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov kirish so‘zi bilan ocharkan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’atining faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
– “Imom al-Xuda” va “Imom al-mutakallimin” kabi sharafli nomlar bilan ulug‘langan Imom Moturidiy va uning ta’limoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilarni behad qutlab, Xalqaro ilmiy hay’at a’zolarini samimiy muborakbod etaman, – deydi o‘z so‘zida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov. – Bugungi globallashgan, g‘oyaviy va mafkuraviy qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan davrda asrlar osha sinovdan o‘tib kelayotgan ta’limot atrofida jipslashish musulmonlar o‘rtasidagi inoqlik, hamfikrlilikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan Xalqaro ilmiy hay’at oldida dolzarb vazifa va masalalar turibdi.
O‘z navbatida ta’kidlash lozimki, Xalqaro ilmiy hay’ati tarkibi yigirmadan ziyod mahalliy va xalqaro miqyosdagi olimlardan tashkil topgan bo‘lib, unga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Islom olami uyushmasi ta’sis majlisi a’zosi, Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi Usmonxon Alimov rais hisoblanadi.
Nufuzli anjumanda Istanbul 29-may universiteti professori Yusuf Shavqi Yavuz, Islom aqidasi va falsafasi professori Said ibn Abdullatif Fuda, Rossiya islom universiteti rektori, akademik Rafik Muxametshin, Butunjahon bosniyaliklar kongressi prezidenti, falsafa fanlari doktori Mustafa Cherich, Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti professori Hamza Bakriy, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchisi Ahmad Sa’d Damanxuriy, Malayziya islom ilmlari universiteti professori Kamaluddin Merjuni kabi nufuzli xorijlik olimlar, davlat va jamoat arboblari, Misr, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Afg‘oniston, Malayziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi 50 dan ziyod jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchi-mutaxassislar hamda Markaz ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Ilm mashvaratida Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan istiqboldagi rejalar, islom olamida mo‘tadil ta’limotni keng targ‘ib qilish, shu jumladan, moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi, Markaz faoliyatini xalqaro miqyosda tashkil etish uchun jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, mutaxassislar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, xususan, xorijiy grantlarni Markaz faoliyatiga jalb etish, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya nizomining muhokamasi, Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning asl va elektron nusxalarini Markaz kutubxonasida jamlash va ularning elektron platformasini yaratish kabi muhim masalalar hamda kelgusida Markaz tomonidan amalga oshiriladigan tadqiqotlar rejasi muhokama qilindi.
– Markaz faoliyatini xalqaro miqyosda tashkil etish uchun jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, mutaxassislari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, jumladan, xorijiy grantlarni jalb qilish zimmamizda turgan asosiy vazifalardan biridir, – deydi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov. – Markaz faoliyatining tashkil topganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, islom olamidagi yirik ilmiy-tadqiqot muassasalari, olim-mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish borasida ko‘plab muloqotlar amalga oshirildi.
Darhaqiqat, o‘tgan qisqa davr mobaynida Markaz mutaxassislari tomonidan Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asari 29 ju’zi o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilindi. “Tafsir” kitobining 27 hamda 28 ju’zlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari davom etyapti. Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi movarounnahrlik allomalar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan 10 dan ziyod xalqchil risolalar tayyorlanmoqda. Anjumanda Misrning al-Azhar universiteti doktori, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi Ahmad Sa’d Damanhuri ham so‘zga chiqib, Moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning asl va elektron nusxalarini Markaz kutubxonasida jamlash va ularning elektron platformasini yaratish tashabbusi sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan olimlar va mutaxassislar uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.Shuningdek, bugungi kunga qadar moturidiylik ta’limotiga oid mingdan (1000) ziyod arab, turk, nemis va ingliz tillardagi qo‘lyozma va zamonaviy nashrlar aniqlangani ishtirokchilar tomonidan yuksak baholandi.Anjuman davomida O‘zbekistonning tashabbusi bilan moturidiyshunos olimlarning xalqaro miqyosda yagona ilmiy Hay’at doirasida birlashuvi hozirgi kunga qadar dunyoda analogi bo‘lmagan tashabbus sifatida yuksak baholandi. Imom Moturidiy ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro jamoatchilikka yetkazish sharafli hamda mas’uliyatli vazifa ekanligi alohida ta’kidlandi. Xalqaro hay’at a’zolari kelgusida o‘zaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, hay’at yig‘ilishini doimiy tarzda o‘tkazishga kelishib olishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati