Navoiy nasrining ozarboyjonlik mudaqqiqi
Doktor Almaz Ulviy xonimning “Alisher Navoiyning asri va nasri (ilmiy-filologik va diniy-tasavvufiy asarlari)” mavzusidagi tadqiqotiga taqriz
Qudratli qalami bilan turkiy tilli xalqlarning nafaqat badiiy adabiyoti, balki qalbi xazinasi va ruhoniy dunyosini yakqalam qilgan, betimsol nazm-u nasri bilan boyitgan buyuk mutafakkir Nizomiddin Mir Alisher Navoiy ijodiga bo‘lgan qiziqish yillar sayin emas, asrlar o‘tgan sayin yanada ortib bormoqda.
Daho so‘z san’atkori o‘zining “nazirayi benaziri”da Ozarboyjon xalqining buyuk shoiri Shayx Nizomiy Ganjaviyni adabiyot ahlining piri komili deb oltin taxt uzra tasvirlashi bilanoq, bu xalqqa, uning o‘zga tilga ham singib ketgan go‘zal tabiatiga, uning axiylariga bo‘lgan muhabbatini qalbiga chuqur singdirgan edi. O‘zi esa o‘z asridan boshlaboq Kichik Osiyoga devonlari vositasida tashrif buyura boshladi va bu jarayon bardavom bo‘ldi. Bugungi kunda Doktor Almazxonim Ulviyning “Alisher Navoiyning asri va nasri (ilmiy-filologik va diniy-tasavvufiy asarlari)” nomli tadqiqoti (Boku: “Ilm va tahsil”, 2020) Hazrat Navoiyning Ozarboyjonga yangi tashriflari uchun sabab bo‘ldi. Bu tashrifning ancha samarali bo‘lishi tadqiqotning nomidanoq ma’lum bo‘lmoqda.
Navoiyshunoslik fani mutaxassislar va ilmiy tadqiqotchilar oldiga shu davr va shu jamiyat kishisi ma’naviy ehtiyojlaridan kelib chiqib muayyan vazifalarni qo‘yadi. Ushbu vazifalar o‘z navbatida bu fan taraqqiyotining o‘ziga xos bosqichlari, tadrijiy takomili uchun asos bo‘la oladi. Xususan, o‘zbek adabiyotshunosligida mutafakkir ijodkor asarlarini aniq muammoli masalalar nuqtayi nazaridan izchil o‘rganish tajribasi bor bo‘lsa-da, uning hozirgi davr jahon fani uslubiy yo‘nalishlari, mezonlari, talablari darajasidagi taraqqiyot bosqichi uchun ozarboyjonlik olima tadqiqoti misolidagi asarlar nihoyatda zarur. Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganishga bo‘lgan munosabat keyingi chorak asr davomida yangi xolisona ilmiy tamoyillar negizida, mafkuraviy qoliplardan xoli tarzda, yangi ilmiy yondashuvlar bilan davom etmoqda. Shu nuqtayi nazardan ulug‘ shoir nasriy merosi mavzulari va masalalari ko‘lami, uning zamonasi va zamondoshlari hayoti bilan bog‘liq bitiklari tahlil etilgan mazkur tadqiqot fanimizning qiziqarli sahifalarini tashkil etishi tabiiy. Qiziqarli jihati shundaki, Navoiy nasrining mavzu-mundarijasi, shu mavzu va mazmun yo‘nalishi hamda uslubida turkiy tilli adabiyotda yuzaga kelgan yangi janrlar va adabiy tamoyillar badiiy nasrning tadrijiy rivoji uchun xizmat qildi. Bu adabiy hodisaning qay tariqa yuzaga kelganligi, qay tarzda kechgani, qanday namoyon bo‘lganligi, xususiyatlari va bugungi kun uchun qanchalik muhim yoki ahamiyatsiz ekanligi masalalari Almazxonim Ulviyning fundamental tadqiqotida atroflicha yoritib berilgan.
Olima izlanishlarini Navoiy asrida ham, hozirgi kunda ham insoniyat jamiyati uchun doimiy dolzarb muammolardan biri bo‘lmish barkamol inson timsolining badiiy talqini sohasiga yo‘naltiradi va bu masalani mutafakkir adibning nasriy asarlari izchil tahlili orqali keng ko‘lamda amalga oshiradi. Binobarin, tadqiqot mavzusi ham, muallif keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda bir qator dunyo olimlari va izlanuvchilarini qiziqtirayotgan muammolar umumlashtirilib shakllantirilgan.
Tadqiqotda Navoiy nasri uslubi va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari masalalari bo‘yicha barcha o‘zbek va ozarboyjon olimlari tomonidan o‘rganilgan va o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalar imkon doirasida qamrab olingan, ularga doir kuzatuvlar ilmiy asoslangan, konseptual xulosa yaratilib, shunga ko‘ra taklif va tavsiyalar ham ishlab chiqilgan. Olima tadqiq etilishi ko‘zda tutilgan masalalarga jiddiy ilmiy munosabat bildiradi. U asarining avvalgi sahifalaridayoq tadqiqoti oldiga qo‘yilgan masalalarning zaruratini belgilovchi omillarni qayd etadi. Ilmiy masalalar tahliliga kirishar ekan, Alisher Navoiy hazratlarining ilmiy, tarixiy, adabiy, manoqibiy va diniy-tasavvufiy asarlari zaminida turgan asosiy muammo – inson ma’rifiy kamoloti tasviri masalasiga e’tibor qaratadi.
Olima mutafakkirning “Majolis un-nafois” va “Nasoyim ul-muhabbat” tazkiralarida, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” kabi manoqibiy asarlarida Navoiy asri ma’rifiy ilmi va madaniyati kamolotini o‘z shaxsiyatida namoyon etgan ulug‘ shoirlar, she’rshunoslar, “ahli ta’b”, avliyoulloh, piru ustozlari, do‘st-u yorlari badiiy timsoli talqinini kuzatadi va ilmiy tahlil etadi.
Muallif mutafakkir adibning turli mavzu va janrlardagi nasriy asarlari badiiy o‘ziga xosliklari va estetik qiyofasi ranginligini prototiplarning muallifga bo‘lgan munosabatida deb biladi. Chunonchi, Hazrati Jomiy muallifga pir va ustoz maqomida, Sulton Husayn Boyqaro samimiy do‘st, hammaslak, ijodiy hamkor sifatida, Shayxim Suhayliy ulug‘ shoirning “forsiydisoru turkiyshior yoru azizi” bo‘lib, Xoja Ahrori Vali va Xoja Fazlulloh Abullaysiy Samarqandiy “farzandim” deya e’zozlab, Sayid Hasan Ardasher shoirning otaxoni va muqavviyi rutbasida, Pahlavon Muhammad esa do‘st, musohib, muhib, taqdiri o‘xshash bir inson mavqeyida edilar.
Asarda lingvopoetik tahlil ham mavjud bo‘lib, ramziy-istioraviy iboralarning ma’no qatlamlari, mohiyati yorqin ochilgan.
O‘z ijodida turkiy xalqlar adabiyoti yutuqlarini mujassamlashtirgan, asrining adabiy va madaniy hayoti rivojiga hissa qo‘shgan mutafakkir adib Alisher Navoiy nasriy merosidagi har bir badiiy obrazning ijtimoiy-axloqiy mohiyati tadqiqotda teran tahlillar orqali yoritilgan.
Olimaning Navoiy nasriga xos bo‘lgan badiiy xususiyatlarni tadqiq etish, ularning ma’no, kompozitsiya, obraz va tasvirdagi transformatsiyalashuv prinsiplarining sabablarini ochib berish, bu tur va undagi janrlarning badiiy adabiyot va adabiyotshunoslikda tutgan o‘rni va ahamiyatini belgilash kabi masalalarga e’tibor qaratishi ham asarning muvaffaqiyatlaridan sanaladi.
Asarning o‘quvchida katta qiziqish uyg‘otadigan qismi Navoiyning diniy va tasavvufiy ijodiy merosining ma’rifiy nuqtayi nazardan tahlillaridir.
Tadqiqotning navoiyshunoslik fani rivojida tutadigan asosiy xizmati shunda ko‘rinadiki, unda Alisher Navoiy davri va zamondoshlari fonida adibning nasriy ilmiy va ma’rifiy asarlari tahlili asosida uzoq turkiy tilli adabiyot tarixida mavjud bo‘lgan adabiy tur takomilga yetishi, Hazrat Navoiyning bu sohada ham reformatorligi, turkona, xalqona uslubning sharq klassik uslublari doirasidagi taraqqiyotini ko‘rsatuvchi adabiyotshunos olimligi va o‘zbek mumtoz nasrida yangi janrlar ijodkori sifatida namoyon bo‘lishi diqqat markaziga chiqariladi. Bu mavzudagi tahlillarida olima akademik Azizxon Qayumov va Jannatxonim Nagiyeva tadqiqotlariga tayanib ish ko‘radi.
Asar tarkibi mukammal ishlangan, shoir shaxsi, hasb-u holi, davri, ijodiy merosi, uning ozarboyjon olimlari tomonidan o‘rganilishi, har bir fasldan keyin ma’rifiy va didaktik baytlar, she’riy parchalarning keltirilishi, bibliografiya, turli mavzulardagi ko‘rsatkichlar zamonaviy ilmiy tadqiqotchilik talablarini to‘la aks ettiradi. Bu asar Hazrat Alisher
Navoiy biografiyasi, davri va nasriy ijodiy merosi bilan yaqindan tanish bo‘lmagan o‘quvchida ham biror savol qoldirmaydi, deb o‘ylaymiz.
Tadqiqot yuzasidan ayrim mulohazalarimiz ham bor. Shoir biografiyasiga doir sahifalarda muallif Som Mirzoning “Navoiyning otasi Abusaid mirzo saroyida vazir lavozimida bo‘lgan”, degan noto‘g‘ri fikrlariga, Navoiyning otasi Husayn Boyqaroning otasi bilan emukdosh bo‘lgan kabi noaniq gaplarga izoh bermaydi. Hazrat Navoiyning bobolari temuriy shahzoda Umarshayx mirzo bilan emikdosh bo‘lgan. Shuningdek, Navoiy hazratlarining Samarqand safari bilan bog‘liq ba’zi tarixiy ma’lumotlarda ham noaniqliklar mavjud.
Xullas, yuragiga Navoiy hazratlarining mehri tushgan olima Almazxonim Ulviyning ushbu katta tadqiqoti mukammal ilmiy-akademik uslubda, ravon va maroqli ifoda tarzida yozilgan. Asar katta hajmdagi ilmiy materialni qamrab olganligi, maxsus o‘rganilmagan adabiy manbalar tahliliga bag‘ishlanganligi va nazariy xulosalarga boyligi bilan navoiyshunoslik fanining keyingi rivoji uchun xizmat qiladi, degan fikrdaman. Shu yil fevral oyida Boku shahrida kitobning Ozarboyjon Fanlar akademiyasi Nizomiy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti, ikki davlat elchixonalari xodimlari, turkiy tilli davlatlarning nufuzli olimlari ishtirokida taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda ishtirok etgan yirik navoiyshunos olimlar kitobni eng yuksak mukofotlarga munosib asar, deya baholadilar. Darhaqiqat, bu tadqiqot nafaqat ozarboyjonlik mutaxassislar va muxlislar, balki barcha turkiy tilli xalqlar e’tiboriga taqdim etilishi lozim bo‘lgan ma’naviy boylik bo‘lib qoladi.
Dilorom SALOHIY, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi