Alifbomizdan "s" sirg‘alib kyetmasin
ALIFBOMIZDAN "S" SIRG‘ALIB KYeTMASIN
kunlarda bir guruh tilshunos olimlar va jurnalistlar tomonidan lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosidagi ayrim harflarni o‘zgartirish harakati davom etmoqda.
Ular bu faoliyatlariga prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning alifboni takomillashtirish haqida olimlarga bergan topshiriqlarini asos qilib ko‘rsatishmoqda. To‘g‘ri, prezidentimiz alifboni takomillashtirishga ko‘rsatma bergan. Ammo, harflarni o‘zgartiringlar, demagan bo‘lsalar kerak. Chunki bu alifbo mana, qariyb 30 yildirki, xalqimizga benuqson xizmat qilib kelmoqda. Balki unda qanaqadir juz’iy kamchiliklar bordir. Bu tabiiy holat. Nega desangiz, dunyodagi birorta yozuv tamoman mukammal emas. Masalan, ingliz tilida 44 ta tovush mavjud. Ana shu tovushlar 26 ta harf va bitta tutuq belgisi bilan ifodalanadi. Nemis alfavitida esa bitta "ch" tovushi to‘rtta: "t, s, c, h" harflar bilan ifodalansa, "sh" tovushi esa uchta "s, c, h" harflari bilan yoziladi. Boshqa xalqlar alifbosida ham shu xildagi harf birikmalari uchraydi. Ammo, negadir, ular alifbolarini isloh qilishga oshiqmayaptilar. Bizning fikrimizcha, alifbo qulayligi bilan emas, balki tildagi barcha zarur tovushlarni ifodalashi bilan qadrli. Shunday bo‘lmaganida, xitoylar, yaponlar va koreyslar allaqachon yozuvlarini noqulay deya o‘zgartirishardi.
Hozirgi yozuvimiz yana shunisi bilan ham qadrliki, u judayam universal. Xalqaro standartdagi istalgan kompyuter, notbuk, planshet va boshqa turdagi gadjetlar klaviaturasi bilan bemalol yozaversa bo‘ladi.
Qolaversa, keyingi 30 yil davomida xalqimizning butun bir avlodi shu yozuvga o‘rgandi, ko‘nikdi. Buning ustiga yangi yozuvimiz butun dunyoga tarqalib ulgurdi. Ishonch hosil qilish uchun istalgan uyali telefon apparatining o‘zbek tilidagi versiyasini ochib ko‘rishingiz mumkin. Endi ularni yana qaytadan chalasavod qilib, chalkashtirish mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan hol deb o‘ylayman.
Men, mana 45 yildirki, ta’lim sohasida ishlab kelaman. Biroq shu yillar davomida birorta o‘qituvchi, o‘quvchi, muharrir yoki noshir tomonidan alifbomizga nisbatan arzirli tanqidiy fikr eshitmadim. Shu bois bo‘lsa kerak, pedagog xodimlarimiz va yoshlarimizning aksariyat ko‘pchiligi harflarning o‘zgartirilishiga qarshi. Bunga aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib, to‘liq ishonch hosil qilindi. "kun.uz" internet nashrida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, BMT ning O‘bekistondagi global loyihasi va Oliy Majlisning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi o‘tkazgan so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning 76 foizi harflar o‘zgarishiga qarshi ovoz bergan.
Men bu yerda alifbo islohoti xalqimiz ma’naviyati va davlatimiz iqtisodiyotiga qancha zarar keltirishi haqida to‘xtalmayman. Bu borada tegishli mutasaddi mutaxassislar o‘z so‘zlarini aytganlari ma’qul deb o‘ylayman.
Alifbomizni chinakam takomillashtirish masalasiga kelsak, eski krill yozuvida bo‘lgan bitta kamchilik yangi lotincha yozuvimizga ham ko‘chib o‘tgan. U ham bo‘lsa, sirg‘aluvchi "j" tovushini ifodalaydigan alohida harf yo‘q. Men shu tovushni ifodalash uchun alifbomizga yetishmay turgan "s" harfi bilan to‘ldirishni taklif qilaman. Ilm-fan va internetda keng qo‘llanadigan "w" harfi ham kiritilsa, milliy yozuvimiz yanada bekamu ko‘st bo‘lardi.
Xudoyberdi KOMILOV,
oliy toifali pedagog,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.