Baxtiqaro “ng”
Har bir til tovushlardan iborat va ular birikib o‘sha tilning nutq tizimi, so‘z va gaplarni hosil qiladi. Tovushlar barcha tillarda mavjud bo‘lsa-da, ular milliy bo‘yoqqa ham ega. Yaratgan har bir millat vakiliga o‘ziga xos nutq organlarini ato etganki, ona tilimizda alohida mavqega ega bo‘lgan tovush bor.
Bu hosil bo‘lish o‘rniga ko‘ra til orqa, ovoz va shovqinning ishtirokiga ko‘ra sonor (ovozdor) bo‘lgan NG tovushidir. U hozirgacha qo‘llanib kelayotgan kirill
alifbosi va shu kunda qisman amalda bo‘lgan lotin yozuvida ikki belgi, n va g bilan yozib kelinmoqda. Bunday yozish bir tovush – bir belgi prinsipiga zid bo‘lishidan tashqari, ushbu tovush buzuq talaffuz qilinishiga sabab bo‘lmoqda va uning keyingi taqdiri xavf ostida qolmoqda. Ayrim boshlovchilar, estrada xonandalarimiz “keling”, “yuring” kabi so‘zlarni “kelin-g”, “yurin-g” tarzida noto‘g‘ri ayta boshladi. Bu tovushning buzuq talaffuz qilinishi tilimizning nafosatiga soya tashlay boshladi.
Yaqinda “Yangi alifbo loyihasi” e’lon qilingan edi. Mazkur loyihada Sh, Ch harflari muammosi to‘g‘ri hal etilgan. Umuman, bu loyiha bo‘yicha qizg‘in bahslar bo‘ldi. Lekin to‘g‘risini aytganda ba’zi o‘rinli, muhim fikrlarni to‘liq aytishga vaqt yetishmadi.
Shuning uchun ham “Yangi alifbo loyihasi” muhokamasini yana bir muddatga cho‘zishga qaror qilinganligini ma’qullaymiz.
Biz quyida yangi loyihaning asosiy kamchiliklaridan biri bo‘lgan ng tovushi uchun yaxlit bir harf belgilanmagani haqida fikr yuritamiz.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 1929- va 1993-yillardagi lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbolarida ng tovushi uchun yaxlit bir harf olingan edi. Bundan tashqari, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur, qoraqalpoq, boshqird, tatar singari turkiy tillar alifbolarida mazkur tovush yaxlit bir harf bilan berilgan.
Ba’zilar ng tovushi bir harf bilan ifodalanmaganining asosiy sababi kirildan lotinga transliteratsiya
qilishda menga , senga kabi ng tarzidagi holatlarni tarjimon lingvistik dasturlar farqlay olmaydi hamda tong , bong so‘zlaridagi kabi ng tarzida transliteratsiya qiladi, qabilida tushuntiradilar. Bunday muammo ng tovushi bitta yaxlit harf bilan belgilangan turkiy xalqlarda yo‘q-ku? Qolaversa, bizningcha sen va men olmoshlariga -ga qo‘shimchasi qo‘shilsa, n va g tovushlari qo‘shilib ng tovushiga aylanadi. Bu holatni mumtoz adiblarimiz, jumladan Navoiyda ham kuzatish mumkin.
Ta’kidlash lozimki, ushbu fonemani ng shaklida ikki harf bilan ifodalaganda, o‘quvchilar, talabalar va ba’zi yurtdoshlarimiz nutqida jiddiy xatolar tez-tez uchrab turibdi. Masalan, oling , qoling , yozing , bizning singari so‘zlardagi ng ni bitta tovush sifatida emas, balki mazkur so‘zlardagi n va g larni alohida-alohida tovush sifatida talaffuz qilinmoqda. Ayniqsa II (shaxs hurmat shakli - ngiz ga bir g orttirilib talaffuz etilmoqda: kitobinggiz , hayotinggiz , sog‘lig‘inggiz kabi.
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasining asosiy maqsadlaridan biri harfiy birikmalarni “bir tovush – bir harf” tamoyiliga ko‘ra ifodalashdir. Shunga muvofiq ng fonemasini ifodalash uchun harfli birikma o‘rniga yaxlit bir harf olinishi lozim.
So‘zimiz avvalida ushbu go‘zal tovushimizni baxtiqaro dedik. Chunki u haligacha o‘ziga mos bir belgi ololmay arosatda qolmoqda. Lekin uning ham bir kun kelib baxti ochilishi kerak-ku. Bu istiqlol davrida, yangi O‘zbekiston sharoitida ro‘y bermasa, qachon ro‘y beradi? Ona tilimizning nuqssiz go‘zalligi barchamizning orzumiz emasmi?
Suvon MELI, filologiya fanlari doktori