“Facebook”mi yoki “feysbuk”? Yangi imlo lug‘atlariga ehtiyoj bor!
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan o‘zbek tilining tashqi va ichki imkoniyatlar asosida boyish jarayoni jadallashdi. Bunda tashqi manba asosida boyish yetakchilik qiladi, albatta. Yaqin yillarda so‘z boyligimizdan o‘rin olishga ulgurgan o‘nlab so‘zlar(jumladan, messenjer, pandemiya, epidemiya, akkaunt, avatarka, veb-sahifa, dayjest, xeshteg, vebinar, instagram, innovatsiya, menejer, brifing, bloger va b.) borki, xalqimiz uchun yangi-yangi izohli va imlo lug‘atlariga ehtiyoj tug‘dirmoqda. Zero, bu kabi so‘zlarning muayyan bir grafik shaklini ko‘rsatib turuvchi manba(lug‘at)ning yo‘qligi ularning imlosida har xillik yuzaga kelishiga, natijada chalkashliklar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi tabiiy. Mazkur holat to‘ldirilgan yangi imlo lug‘ati yaratilishi va keng jamoatchilikka tarqatilishining allaqachon mavridi kelganligini ko‘rsatadi.
Ta’lim jarayonida o‘quvchilar so‘z boyligini yangi so‘zlar(neologizmlar) bilan boyitishda imlosi nisbatan murakkabroq bo‘lgan yuqoridagi kabi so‘zlarga vaqti-vaqti bilan to‘xtalish(saylanma diktantlar olish) ehtiyoji borligini ham biz pedagoglar unutmasligimiz kerak, albatta.
Imlosi nisbatan murakkab so‘zlar etimologiyasiga ko‘ra arabiy va forsiy birliklar doirasida ham kuzatiladi. Talaffuzi va imlosi nomuvofiq bo‘lgan suiiste’mol, istehzoomuz, sa’y-harakat, ohanrabo, xatti-harakat, tatbiq, afv, dasturulamal kabi so‘zlar borki, bular imlosi nafaqat maktab o‘quvchilari, balki talaba-yoshlar uchun ham qiyinchilik tug‘dirishi savodxonlik diktantlari olish jarayonida seziladi. Nazarimizda, bu kabi imlosi murakkab ba’zi so‘zlarni to‘ldirilgan, yangilangan, yangi avlod imlo lug‘atlarida talaffuziga ko‘ra qoidalashtirish lozim(Masalan, “olijanob” so‘zi yangi imlo lug‘atida “oliyjanob” tarzida, ya’ni bitta “y” orttirilib berilgani kabi). Xuddi shuningdek, suiiste’mol, istehzoomuz kabilarni suiste’mol, istehzomuz shaklida(qo‘sh unlining biridan voz kechgan holda) berish maqsadli.
Aslida, ko‘pgina davlatlar imlo va talaffuzida bo‘lgani kabi shu xalq kishilari, ularning
talaffuzi me’yorlari bilan hisoblashilsa, foydadan xoli bo‘lmas edi.
Ma’lumki, imlo qoidalari to‘g‘risidagi qaror 1995-yil 24-avgustda tasdiqlangan. Endi chorak asr davomida fan-texnika qay darajada rivojlanganini, natijada lug‘at qatlamimizga qanchadan-qancha yangi atamalar, so‘zlar kirib kelganini tasavvur qilib ko‘ring! Biroq shu davrda lug‘at qatlamimizdan o‘rin egallagan so‘zlarning imlosi (orfografiyasi), talaffuzi(orfoepiyasi) haqida, mana, 26 yil o‘tibdiki, gap-so‘z yo‘q. Davr bilan bog‘liq neologizmlar imlosi haqida hech kim aniq fikr aytolmaydi, chunki davr talabiga mos, mukammal imlo lug‘ati mavjud emas. Bugungi kunda faol qatlam so‘zlariga aylanib ulgurgan bir guruh o‘zlashma so‘zlar borki, kim qanday xohlasa, o‘shanday yozib yuribdi. Yo‘l bo‘yi e’lon va reklamalardagi xatolar ko‘p aytiladi. Lekin yangi so‘zlarning imlosini belgilab ko‘rsatuvchi manba — lug‘at qachon nashr bo‘ladi, degan savol ko‘plarni qiziqtiradi, albatta. Hech bo‘lmaganda, neologizmlar(yangi so‘zlar)ning imlosiga oid cho‘ntak lug‘atchalari bo‘lganda ham ayrim savollar o‘z yechimini topgan bo‘lar edi. Masalan, mobil ilovalar, dasturlar imlosida murakkabliklar kuzatiladi. Facebook yozamizmi yo o‘zimizga moslab feysbukmi? WhatsApp yozamizmi yo vatsapp? Twitter yozamizmi yo tvitter? Bu so‘zlar qo‘shtirnoqda yozilishi kerakmi-yo‘qmi? Windows so‘zi-chi? Alifbomizda “w” grafik belgisi mavjud emasligini inobatga olib, vindovs tarzida yozish kerak bo‘ladimi shunda? Xo‘p, shunday ekan, mazkur holatni, ya’ni tarkibida “w” harfi mavjud o‘zlashmalarni “v” harfi bilan yozish lozim, degan qoida mavjudmi? Shakliy yozuvga tayanib Mac yozamizmi yo o‘zlashtirib Mak yozamizmi? Google yoziladimi yo Gugl? Veb-sayt, veb sayt yoki vebsaytmi? Qaysi shakl to‘g‘ri? Bu so‘zning uchala varianti ham qo‘llanmoqda.
Hozirgi paytda o‘ta yangilik belgisiga ega webinar, startup, copywriter kabilarning imlosi qay tarzda bo‘lishi kerakligini kim ayta oladi va qaysi manbaga tayanib aytadi?! Bular asliday(shakliy yozuv mezoniga ko‘ra) yoziladimi yo o‘zimizning alifboga moslashtiramizmi? Savollar anchagina. Bu kabi so‘zlarning yozilishini me’yorga solishimiz, bunga befarq bo‘lmasligimiz kerak. Toki qaysi biri to‘g‘ri deb adashib yurmaylik. Qisqa qilib aytganda, chiqishi rejalashtirilgan yangi avlod imlo lug‘atlarini hozirgi zamon talablariga moslab takomillashtirishimiz va to‘ldirishimiz
kerakki, natijada bu kabi kamchilik va kemtikliklarning oldi olinar edi.
Nafaqat nisbatan kam qo‘llanuvchi ruscha-baynalmilal so‘zlar, balki kundalik hayotda tez-tez duch kelinadigan bir guruh so‘zlar(jumladan: asqatmoq, qat’i nazar, mug‘ambir, sa’y-harakat, jangovar, tamagir, monelik, tole, suiqasd, tashviqot, muvaffaqiyat, taqiqlamoq, taassurot, taajjub, taalluqli, bo‘ysunmoq, ulgurmoq, zaxira, daxl…) borki, yangi avlod imlo lug‘ati so‘ngida “Imlosi murakkab so‘zlar” tarzida qayta belgilansa, lug‘at foydalanuvchilariga bir qadar qulaylik yaratilar edi.
Yana bir og‘riqli masala, ya’ni ommaviy axborot vositalarida imlo masalasi bilan bog‘liq kamchiliklar ham borki, qo‘l siltab ketib bo‘lmaydi. Ma’lumki, davriy nashrlarning har bir soni mashaqqatli mehnat evaziga bunyod bo‘ladi. Talaba yoshlar orasida ham gazetachilik faoliyatiga qiziquvchilar ko‘p topiladi. Biroq ayrim gazetalarda(xususan, mahalliy gazetalarda) kuzatiladigan imloviy, uslubiy xatoliklar talabalar tomonidan aytilsa, “Ustoz, nega gazetalarda xatoliklar ko‘p uchraydi?” qabilida e’tiroz bildirilsa, dil xira tortadi. Gazeta ishining mashaqqati, bu borada ulug‘ ustozlarga nisbatan hurmat, e’tiqod nuqtayi nazaridan “Ha endi, bitta xato o‘tib qolibdi-da”, deya so‘z qotish bilan cheklanamiz. Afsuski, ijtimoiy tarmoq, sayt va kanallardagi imloga e’tibor masalasi bosma ommaviy axborot vositalarinikidan bir necha barobar yomon. Biroq bularning birortasi — bosma axborot vositasiga talab kamaygani ham, ijtimoiy tarmoq chegara bilmasligi ham ona tilimizga befarq munosabatda bo‘lishga bahona bo‘la olmaydi. Mazkur fikrlarni, shubhasiz, kundan kunga ko‘payib borayotgan ayrim telekanallar faoliyatiga nisbatan ham aytish mumkin.
Savodxonlikning birinchi sharti imlo va u bilan bog‘liq masalalar bo‘lar ekan, bu yumushlardan tolmaslik, tilimizning sayqali, takomili uchun doimo harakatda bo‘lish har bir tilparvar, xalqparvar fuqaroning vijdon ishi sanalishini izohlashga hojat yo‘q.
To‘lqin ASADOV,
BuxDU “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi dotsenti, f.f.n.,
Nigina BAKIROVA,
BuxDU Filologiya fakulteti
4-bosqich talabasi