Ilmga talabgorlar nega kam?
Ilmiy faoliyatni katta aqliy va jismoniy mehnat, deya ta’riflash mumkin. Yaqin o‘tmishda shunday avlod, ilm namoyandalari shakllandiki, ular ilmiy ishlari, tadqiqotlar, ishlanmalarni kutubxonalarda o‘tirib bajaradigan bo‘lishdi. Amaliyot bo‘lmasa, o‘zi o‘rganayotgan obyektni ko‘rmasa, bilmasa bu ilm emas, tadqiqot ham emas.
Deylik, yosh olim yoki talaba diplom ishini biror o‘simlik (yoki hayvon) ustida olib boryapti. Uni ekishi mumkin, sug‘oradi, o‘g‘it beradi, parvarish qiladi. Unda kechayotgan har bir jarayonni qayd etib boradi, natijalarni tahlil qiladi, boshqa olimlarning xulosalari bilan solishtiradi. O‘zi bajarayotgan ish haqida ustozlari va do‘stlari bilan o‘rtoqlashadi, ularning fikrlarini o‘rganadi. Bu juda qiziq jarayon. U, shuningdek, bu ishi bilan boshqalarni ham ilhomlantirishi mumkin.
Samarqand veterinariya meditsinasi institutida bir an’anani shakllantirdik. Talabalar, magistrlar, doktorantlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqot ishlari bo‘yicha seminar-treninglar tashkil qilina boshlandi. Seminar-treninglarni katta olimlar, professorlar va sohada ma’lum nufuzga ega mutaxassislar emas, endigina ilm olamiga kirib kelayotgan talaba-yoshlar, bo‘lg‘usi olimlar o‘tkaza boshladi. Asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik va chorvachilikning turli sohalarida yoshlar o‘zlari o‘rganayotgan yuqumli va yuqumsiz kasalliklarni mahalliy sharoitlarda o‘rganadi, tadqiqot natijalarini ommaga namoyish qiladilar va bu jarayon ularning kelgusidagi tadqiqotlari uchun ham juda foydali bo‘lishi mumkin.
Ayrim yoshlar ilmiy ish qilishni o‘ta mashaqqatli va foydasiz, deb hisoblaydi. Ko‘proq pul topish, mashina olish va “nufuzli joyda” ishlashni istaydi. “Biznes” o‘ziga jalb qiladi. Tezda pul topib, tezda o‘z hayotini izga tushirib olsa bas.
Ilm haqiqatan mashaqqatli yo‘l, unda kishiga bilimdan tashqari sabr-qanoat ham kerak.
Bizda ko‘pincha ilmiy ish qilinadi, lekin u “stol ustida”, chang bosib, e’tiborsiz qolib ketadi. Demak, zamon talablari asosida o‘z ishimizni targ‘ib
qilish, aniqrog‘i, uni “reklama” qilishni ham o‘rganishimiz
kerak. Dunyo olimlari bilan solishtirganda, bizda ishimizni ommaga namoyish qilish madaniyati yetishmayotganini tan olish kerak. Shuning uchun ham xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilamiz. Ularga o‘rgatadiganlarimiz ham bor, albatta, o‘rganadiganlarimiz ham yetarli. Hamkorlikdagi qo‘shma loyihalar, ilmiy ishlar, tadqiqotlar, konferensiyalar va seminar-treninglardan ham ko‘p foydali jihatlarni o‘rganishimiz mumkin.
Amalga oshirayotgan ilmiy ishlarimizni xalqaro jurnallarda imkon darajasida ko‘rsata olmayapmiz. Bu ham aslida bizning xatomiz. Ishni bajargach, uning targ‘ibotini ham qila bilishimiz kerak. Afsuski, buni hech qayerda o‘rgatishmaydi. Bu ham bir ilm.
Agar e’tibor bersangiz, biotexnologiya va veterinariya ayni kunda o‘ta zamonaviy, trenddagi kasblar va eng yuqori haq to‘lanadigan sohalar sirasiga kiradi. Bizda kimyo, biologiya, fizika, matematika fanlari o‘qitiladi, shu sohada tadqiqotlar olib boriladi.
Intiluvchan kishilar o‘z loyihalarini amalga oshirishlari uchun hukumatdan tashqari yana xorijiy grant dasturlaridan ham foydalanishlari mumkin.
SamVMI professor o‘qituvchilari amaliy, innovatsion, startap va fundamental loyihalarda ishtirok etishmoqda. Jumladan, joriy yilda Respublika Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilgan 40 dan ortiq loyihalarimiz orasidan, umumiy qiymati 10 milliard so‘m atrofidagi 5 ta loyiha ayni kunda moliyalashtirilmoqda. Bu degani, ilmiy-tadqiqot ishlarimizni davlat moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshiramiz. Bu birgina hukumat ko‘magida amalga oshirilayotgan ishlar. Xorijiy grant loyihalarimiz ham bor, albatta. Jumladan, agrar sohani o‘rganishda nazariy ta’limdan amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limga o‘tishni nazarda tutadigan TOPAS loyihasida (umumiy qiymati 91 ming yevro) hamda O‘zbekistonda veterinariya tarmog‘ining tarkibiy ta’limi bo‘yicha (umumiy qiymati 168 ming dollardan ortiq) BUZNET loyihalarida ishtirok etmoqdamiz.
Bu misollarni nega keltirdik? Demak, bugun ilmiy ish qilish uchun shart-sharoitlar yetarli. Hammasi yoshlarining sa’y-harakat va intilishlariga bog‘liq.
Ta’kidlaganimizdek, ayni kunda oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiya sohasi eng dolzarb, global sohalar bo‘lib, ushbu yo‘nalish bo‘yicha SamVMI yosh olimlari, talaba,
magistr va doktorantlar turli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. K.Akramov, S.Suvonov, G‘.Kamoliddinov va boshqalar tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlar bugungi kun uchun juda ahamiyatli va muhimdir.
Ilmiy faoliyat talabaga nima berishi mumkin? Albatta, kishi o‘z oldiga maqsad qo‘yganda, unga eltadigan yo‘llar haqida ham bosh qotiradi. Deylik, yoshlar kurs ishini bajaradi, diplom himoya qiladi, amaliyotlarda ishtirok etadi. O‘zlari o‘rganayotgan obyektning noma’lum tomonlarini bilishga bo‘lgan intilish va iroda kuchi uni
ilmiy ish qilishga undaydi. Aslida, diplom himoyasi ham kichik
ilmiy ish. Kelgusida u ana shu ilmiy faoliyatni davom etitirishi kerak.
Bugun OTMlarning bakalavriat bosqichini bitirayotgan yoshlarning 10 yoki 20 foizigina magistratura bosqichida o‘qishni istaydi. Bakalavriatdan
keyingi bosqichda o‘zi kim, qaysi mavzuda ilmiy-tadqiqot olib
borishi ma’lum bo‘lib bora-
veradi. Magistraturani bitirayotgan yoshlarning ham 10 yoki 15 foizi doktoranturada qolishadi. Biz ana shu foizlarni ko‘tarishga intilishimiz kerak. Chunki ilmga talabgorlar qancha ko‘p bo‘lsa, ular orasida, ilmiy tilda aytganda, “tabiiy tanlanish” haqqoniy bo‘ladi. O‘qishni davom ettirish uchun ba’zilarda moliyaviy imkoniyat yetishmaydi, ba’zilarning oilaviy sharoiti bo‘lmaydi va yana turli moneliklar.
Bugun zamon o‘zgardi. Ilmga talabgorlar ham, uni amalga oshiradiganlar ham bor. Ilmiy ish qilishni ortga surmaslik va jamiyatdagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish kerak. Vaqt kutib turmaydi.
Xudoynazar YUNUSOV,
biologiya fanlari doktori, professor,
SamVMI rektori