Kim bo‘lmoqchisan, bolakay?
Yozgi ta’til kunlari maktablarda tushlikka qadar oromgoh shaklida tashkil etilgan to‘garak mashg‘ulotlarida pedagogik-psixologik o‘yin usullaridan foydalanib turish lozim. Masalan, “Kasb tanlash” mashqida diafilm, buklet, albom, kasb-hunarga doir adabiyot va qo‘llanmalar ko‘rgazmasi uchun zarur jihozlarni tayyorlab olamiz.
O‘quvchilar ikki guruhga bo‘linib, kasb-hunarni ulug‘lovchi she’rlar, aforizm va o‘zbek xalq maqollaridan namunalarni yoddan aytishadi.
1-bola: Duradgorman, duradgor
Har bir joyda men darkor.
Ko‘rsam randa, taxtani
Turolmasman hech bekor.
2-bola:
Menda yo‘q sira tinim,
“Taq-tuq”. Ishda ko‘p unum.
Uyga zarur eshik-rom,
Ishlab olaman orom.
3-bola: Men tadbirkor bo‘laman,
Ishim o‘ylab qilaman.
Xorijiy davlatlar-la
Raqobat ham qilaman.
O‘qituvchi “Usta” va “Tadbirkor” guruhlarini baholab, g‘olib bo‘lgan guruhni e’lon qiladi.
O‘qituvchi barcha bolalarga quyidagi anketa savollarini tarqatadi:
1. Kim bo‘lmoqchisan?
2. Ota-onangning kasb-kori senga yoqadimi?
3. Qaysi mashg‘ulotlar kasb bilan bog‘lab olib boriladi?
4. Qaysi pedagog va tarbiyachi senga yoqadi? Nima uchun?
5. Sevimli mashg‘uloting (hobbing)?
6. Qaysi to‘garaklarga qatnashasan?
7. Kasb-hunar tanlashingda kutubxonaning roli bormi? Kompyuterning-chi?
8. Kasbni ulug‘lovchi qanday filmlarni bilasan? Badiiy kitoblarni-chi?
9. O‘quv dargohida kasb egalari bilan uchrashuvlar bo‘lib turadimi?
O‘quvchi anketa savollariga javob berar ekan, o‘z ismi va familiyasini ko‘rsatmaydi. Bu esa, erkin fikrlash, tortinmasdan ro‘yirost javob berish imkonini tug‘diradi. Javoblar tayyor bo‘lgunga qadar magnitofon orqali yoqimli kuy (“Non nashidasi”) eshittiriladi. Shundan so‘ng anketa javoblari e’lon qilinadi.
Dilrabo SAYDULLAYEVA,
G‘allaorol tumanidagi
42-maktabning amaliyotchi psixologi