RAQAMLI SAVODXONLIK – KIBEROLAMDA YO‘LKO‘RSATKICH
RAQAMLI SAVODXONLIK –
KIBEROLAMDA YO‘LKO‘RSATKICH
Zamonaviy bolaning ikkita olami bor: real va kiber. Bizga parallel kiberolamda bolalarga bir qator yangi xavflar tahdid solmoqda. Bu shaxsiy ma’lumotlarning daxlsizligiga putur yetishi bilan bog‘liq overshering – o‘zi haqida juda ko‘p axborotlar, hatto uy manzili, telefon raqami kabi shaxsiy ma’lumotlarni berish istagi, kiberbulling – yomon niyatli kimsalar tomonidan raqamli texnologiyalar orqali ta’qib qilish, kibergruming – o‘smirlarning intim xarakterdagi suratlarini qo‘lga kiritish va bu orqali shantaj qilish, haqiqiy dunyoni platforma sifatida ishlatadigan o‘yin elementlarini o‘zida mujassamlashtirgan muqobil reallikdagi o‘yinlar va boshqa kiberfiribgarliklar bo‘lishi mumkin.
Bolaning kiberolamda o‘tkazayotgan vaqti oshib borayotgani ta’lim tizimi zimmasiga bir qator yangi vazifalarni yuklamoqda. Jumladan, pedagoglar bolalarni axboriy olamga tayyorlash, unda xavfsiz harakatlanishi uchun raqamli savodxonlik ko‘nikmasini shakllantirishga mas’ul. Muammoli tomoni internetdagi xavflardan himoyalash deganda ko‘pchilik haligacha ma’naviy-mafkuraviy jihatlarni tushunadi. Vaholanki, kiberxavfsizlik axborotlarni mazmuniga ko‘ra saralab olishga xizmat qiluvchi yuksak ma’naviyatdan o‘zgacharoq tushuncha, u ko‘proq texnik jarayonlarga tegishli. Raqamli savodxonlik raqamli instrumentlardan foydalanish, raqamli identifikatsiya nimaligini tushunish, raqamli huquq to‘g‘risida bilish, sun’iy intellekt texnologiyalari bilan bog‘liq xavflarni baholash, raqamli kommunikatsiya malakasini rivojlantirish, raqamli salomatlik bo‘yicha malakaga ega bo‘lish, raqamli xavfsizlik va himoya instrumentlarini qo‘llash kabi ko‘nikmalarni nazarda tutadi.
Agar bu kompetensiyalarni yanada aniqlashtiradigan bo‘lsak, raqamli malakalar quyidagi ko‘rinishlarda o‘zini namoyon etadi:
– litsenziya va sertifikatga ega operatsion tizim va dasturlardan foydalanish;
– dasturiy ta’minot va operatsion tizimlarni eng so‘nggi versiyalariga ko‘ra yangilash;
– antivirus dasturlaridan foydalanish;
– ishonchli parollardan foydalanish;
– parolni o‘zgartirganda hisobgaolish yozuvlari uchun katta va kichik harflar, raqamlar, maxsus belgilar va minimal uzunligi 8 belgidan iborat parollar yaratish;
– parol asosidagi autentifikatsiyani kuchaytirish – ma’mur akkaunti, xizmat ko‘rsatuvchi provayderning veb-saytidagi shaxsiy kabineti va serverdagi hisobga olish yozuvlari (akkaunt) uchun murakkab va takrorlanmaydigan paroldan foydalanish;
– ikki faktorli autentifikatsiyani sozlash;
– kirishga urinishlar soniga cheklov qo‘yish;
– noma’lum odamlardan kelgan pochta xabarlarini ochmaslik, havolalarga kirmaslik;
– jamoat joylarida himoyalanmagan Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanmaslik (Man-in-the-Middle, ya’ni muloqotda o‘rtada uchinchi odam bo‘lishi mumkin);
– kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun zararli dasturlarni qidirish, o‘chirib tashlash va ulardan himoya qilish funksiyalariga ega xavfsizlik plagin (sayt yoki dasturning qo‘shimcha funksiyasi)larni qo‘llash;
– muntazam ravishda ma’lumotlar bazasi, fayllar, pochta va hokazolarni zaxiralash ishlarini amalga oshirish;
– shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlash;
– elektron hamyon xavfsizligini ta’minlash, hisob va karta raqami ma’lumotlarini begonalarga bermaslik;
– tarmoqda mualliflik huquqi masalasini tushunish va bu boradagi huquqiy me’yorlarga amal qilish;
– netiketga amal qilish;
– raqamli ijodkorlik.
Bular qatoriga axborotlarni faktcheking qiluvchi platformalardan, mediamahsulotlar haqiqiyligi, media mahsulotning ilk manbasini aniqlovchi dastur va xizmatlardan foydalana olish kabilar ham kiritiladi.
Boshlang‘ich sinfdan tortib, bitiruvchi sinf o‘quvchilarigacha yoshi va mediaiste’moli o‘ziga xosligini inobatga olgan holda fanlar mazmunida, turli tadbir va to‘garaklarda raqamli olam, undagi xavflar, global tarmoqning foydali xususiyatlari haqida ma’lumotlar berilishi kerak. Nisbatan murakkab va spetsifik bo‘lgan bu qoidalarni bolalarga o‘rgatish ma’lumotlarni sodda va tushunarli tilda, misollar yordamida, o‘yin yoki muammoli ta’lim metodologiyasiga ko‘ra olib borilishi mumkin.
Masalan, boshlang‘ich sinflarda “No‘xatvoy onlayn o‘yinlar yaxshilikka olib bormasligini tushundi”, “Yaxshi kayfiyat siri”(gajetlarga qaram bo‘lmaslik haqida), “Foydali va zararli internet”, “Smartfon do‘stmi, dushmanmi?”, yuqori sinflarda “Mediaqaramlikka qarshimiz”, “Mobil aloqadan qanday qilib salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan foydalanish mumkin?”, “Raqamli axloq” kabi mavzulardagi kiberdarslar o‘tilishi shart. “Odobnoma”, “Tarbiya”, “Ona tili”, “Chet tili”, “Informatika”, “Huquq” darslarida mavzular mazmuniga ko‘ra kiberxavfsizlik qoidalari, netiketga amal qilish, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlash, tanqidiy fikrlash, nafrat tiliga qarshi turish kabilar o‘rgatilib borilishi maqsadga muvofiq.
Kiberxavfsizlik qoidalarini o‘quvchilarga soddaroq tarzda quyidagicha taqdim etishingiz mumkin:
1. Kattalardan so‘rang. Agar siz kiberolamda nimadandir qo‘rqsangiz, nimadir sizga yoqmasa, noma’lum narsalarga duch kelsangiz, albatta, kattalarga murojaat qiling. Biror qiziqarli saytdan ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lsangiz, ijtimoiy tarmoqqa surat yoki ma’lumot joylamoqchi bo‘lsangiz, buni kattalardan bemaslahat amalga oshirmang.
2. Filtrlar o‘rnating. Bu ish ham ota-onangiz ko‘magida amalga oshiriladi. Real dunyoda, ko‘cha-ko‘yda bo‘lgani kabi internetda ham xavflar bor. Agar internetda foydasiz va xavfli axborotlarni to‘sib qoluvchi nazorat dasturlarini o‘rnatsak, brauzerda filtr vazifasini yoqib qo‘ysak, xavfsiz internetdan foydalana olamiz.
3. Shubhali va notanish odamlardan kelgan xabarlar va fayllarni ochmang. Tekinga juda ko‘p qiziqarli narsalarni va’da qilayotgan yoki sizdan yordam so‘rayotgan bo‘lsa ham e’tibor bermang. Bu orqali firibgarlar sizni aldashi mumkin. O‘zingiz mustaqil biror bir faylni internetdan yuklab, uni o‘rnatishga harakat qilmang.
4. Antivirusdan foydalaning. Real olamda ko‘chada turli mikrob, infeksiya va viruslar bo‘lgani kabi kiber-
olamda ham turli zararkunanda dasturlar bor. Ularni antiviruslar aniqlay oladi. Antivirus bizning do‘stimiz. Agar u
biror sayt yoki dasturni xavfli desa, unga quloq soling. Aks holda kompyuter, smartfon kabi qurilmalarimizni zararlab qo‘yishimiz mumkin.
5. Xabar jo‘natmang. Agar sizdan biror musiqa yoki suratni yuklab olish uchun xabar jo‘natishni so‘rasa, buni amalga oshirmang. Bu shaxsiy ma’lumotlaringiz(telefon raqami, pochta)ni qo‘lga kiritish uchun so‘ralgan bo‘lishi mumkin.
6. Notanish kimsalar bilan muloqot qilmang, ularning xabarlariga javob bermang. Agar fotosurat yuborishni so‘rasa, uni bloklang.
7. Shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga bermang. Telefon raqami, uy manzili, maktab va sinf raqami, ota-onalarning ish joyi, ish jadvali, uyda kattalar bo‘lmaydigan vaqt, shuningdek, bank kartasi raqamlari hech qachon boshqa odamlarga berilmasligi kerak.
8. Do‘stlaringiz haqidagi ma’lumotlarni almashmang. Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi nafaqat sizga, balki boshqalarga ham daxldor. Demak, ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlar va sinfdoshlar haqida, qayerda yashashi va o‘qishi, qaysi to‘garaklarga borishi haqida gapirish kerak emas. Agar siz bayram yoki mashg‘ulotdan guruh fotosuratini joylashtirmoqchi bo‘lsangiz, avval uni rasmda tasvirlanganlar bilan muhokama qilishingiz kerak. Ularning ota-onalari fotosurat
internetda e’lon qilinishiga ruxsat bergandan keyin joylansa yanada yaxshi.
9. O‘yinlar uchun pul to‘lamang. Agar onlayn o‘yinlar payti sizga qo‘shimcha imkoniyatlar uchun pul to‘lashni so‘rashsa, karta raqamini kiritmang. Yolg‘onchi va jinoyatchilarning qurboniga aylanmang.
10. Murakkab parollar o‘rnating. Shaxsiy qurilmangizdan tortib, ijtimoiy tarmoqdagi akkauntingizga kirishgacha bo‘lgan parollarning murakkab bo‘lishiga e’tibor qarating. Ism, telefon raqami yoki “12345” – bu ishorali parol emas. Parolda katta va kichik xarflar, sonlar, belgilar bo‘lgani maqsadga muvofiq. Hatto eng murakkab parol ham kamida olti oyda bir marta o‘zgartirilishi kerak. Va siz ularni fotosurat shaklida saqlashingiz tavsiya etiladi.
11. Tarmoqda xushmuomala bo‘ling. Asossiz yoki mantiqsiz xabarlarga, fikri siz bilan mos kelmayotgan odamlarga duch kelsangiz ham qo‘pol bo‘lmasligingiz, odob doirasidan tashqariga chiqmasligingiz, haqorat qilmasligingiz kerak. Agar suhbat yoki muhokama sizga yoqmasa, noutbukni yopishingiz yoki smartfoningizni o‘chirib qo‘yishingiz mumkin. Haqoratlarga haqorat bilan javob berish shart emas.
O‘quv jarayonida Finlandiya tajribasiga ko‘ra, mediata’lim va psixologiyani o‘zida jamlagan “Emotsiyalarni o‘rganish” usulini qo‘llash mumkin. Raqamli savodxonlik inson sifatida dunyoqarashni kengaytirish, o‘z his-tuyg‘ularini tan olish va qabul qilishdan boshlanadi. Bu harakat va munosabatlar sabablarini aniqlashga yordam beradi, turli qarashlarga ochiqlikni ta’minlaydi. Buni aniqlash uchun o‘quvchilarga “O‘zingiznikiga to‘g‘ri kelmaydigan qarashlar yoki fikrlarga duch keladigan vaziyatlarda sizning harakatlaringizni qaysi rang eng yaxshi tavsiflaydi?” degan savol beriladi. Agar qizil yoki ko‘k rang tanlansa, qanday qilib ochiqroq va tolerantroq bo‘lish uchun fikrlash va harakatlanish bo‘yicha tavsiya va vazifalar beriladi. Anglatgan ma’nosiga ko‘ra, boshqa ranglarda ham o‘z ustida ishlash uchun topshiriqlar beriladi. Bunday usul va yondashuvlar qatorida “Raqamli o‘yin – qo‘rqinchli hobbi”, “To‘g‘ri ma’lumotlar asosida iqtisodiyotni o‘rganish”, “O‘z axborot iste’molini kuzatish”, “Siz qanday media iste’molchisiz?”, “Veb tarkibni tanqidiy baholash”, “Soxta yangiliklarni aniqlash” kabilarni ham keltirish mumkin.
Bunday yondashuvga ko‘ra o‘qitilgan o‘quvchilar zamonaviy axborot changalzorida to‘g‘ri yo‘l topa olishadi. Raqamli savodxonlik zamonaviy axborot changalzorida yo‘lko‘rsatkich vazifasini bajaradi.
Sanobar JUMANOVA,
O‘zJOKU katta o‘qituvchisi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa
doktori(PhD)